Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149065 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 B


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 07:53:41

Inson dunyoga keldi, deydilar. Chin, inson dunyoga keladi. Ammo inson dunyoga o‘zi kelmaydi. O’z oyog‘i bilan kelmaydi.
Boisi, inson onasi ko‘kragida yurolmaydi. Oyoqlari bo‘ladi, ammo yurolmaydi. Shu bois — inson onasi ko‘kragidan yorug‘ dunyoga qadam bosib tusholmaydi.
Inson tug‘ilsa: «inga-inga — men keldim», deya ovoz beradi. Insonni birinchi bo‘lib... enaga ko‘tarib oladi! Enaga bag‘riga bosadi. Enaga insonni o‘rab-chirmaydi. Enaga insonni yo‘rgaklaydi.
Enagadan keyin... hamshiralar insonni aylanib-o‘rgiladi. Do‘xtirlar insonni ko‘z qorachig‘iday avaylaydi.
Endi, inson: «dod, dunyodan ketaman», desa-chi?
Birov... oting nima, demaydi! Birov... holing nima, demaydi. Hatto, birov... itmisan-eshakmisan, demaydi!
«Hay, nomard dunyo, nomard dunyo! — dedi Botir firqa. — Dunyo notanti ekan, notanti! Odam dunyoga kelaman desa... Inga-ingani eshitib... quloqlar ding bo‘ladi! Enaga, hamshira, do‘xtirlar quchoq ochib keladi! Odam: «dunyodan ketaman», desa... Biror zot itmisan-eshakmisan, demaydi! Odam... dardini kimga aytishini bilmaydi! Kampirga aytsammikin? Hay-hay, uv-vos solib yig‘laydi! Dunyoni boshiga ko‘taradi! Do‘xtirdan maslahat so‘rasammikin? Yo‘q, chol aynib qolibdi, deydi. Unda, insonni dunyodan kim kuzatib qo‘yadi? Enaga toifa bir zot bormi? Kimga murojaat etsa bo‘ladi? Kimdan maslahat so‘rasa bo‘ladi?»
Botir firqa o‘yladi. Birdan tan-joni iliq-iliq bo‘ldi. Yuz-ko‘zlari yorug‘-yorug‘ bo‘ldi.
U shunday maslahatchini topdi. U shunday enagani topdi:
«Go‘rkov! Qari odamni enagasi — go‘rkov!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:33:39

65


U ulkan darvoza oldida oyoq ildi.
Darvoza o‘ngida turmish toshga cho‘kdi. O’tkinchi-ketkinchilarga qarab o‘tirdi. Birorta tanish-bilish uchratmadi. Ko‘ngli tinch bo‘ldi. Ohista qo‘zg‘oldi.
Temir darvozadan ichkariladi.
Ana shunda, ajab bir sinoatni ko‘rdi: sonsiz qabrlar. Panjara bilan o‘rog‘lik qabrlar. Hovli misol o‘rog‘lik qabrlar. Yalt-yult sag‘analar. Marmar plitalar. Ohanjoma toshlar. Yolg‘izoyoq yo‘llar...
«Shahar, misoli shahar! — dedi Botir firqa. — Bu shahar abadiy uyquda yotadi. Mangu oyoq uzatib yotadi. Bu shahar ko‘zlarini yumib o‘ylaydi. Faqat o‘ylaydi. Ana, odamzotni ibtidosi! Ana, odamzotni intihosi! Odamzotni so‘ngga manzili — bir parchagina yer. Odamzotni so‘nggi makoni — bir siqimgana tuproq. Barcha inson ana shu makonga keladi. Inson qip-yalang‘och keladi. Inson ship-shiydam keladi. Men... hammadan oldin kelaman! O’z oyog‘im bilan kelaman!»
Botir firqa marhumlar shahri oralab yurdi. Marhumlar yo‘lagi bo‘ylab yurdi. Tevarak-boshga ko‘z solib yurdi. Bo‘sh joy... bo‘sh joy topolmadi!
Marhumlar shahri shu qadar seraholi bo‘ldi, shu qadar tig‘iz shahar bo‘ldi!

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:33:54

U marhumlar shahri oralab yurdi-yurdi, bir kulbaga duch keldi. Kulba eshigani qiya ochib qaradi: ichkarida bir odam ustachilik qilib o‘tirdi.
Usta Botir firqaga bosh irg‘adi. Asbob-anjomlarini yoniga qo‘ydi. Botir firqani ichkari taklif etdi. Bir dumaloq kundani qo‘rsatdi.
Botir firqa dumaloq kundaga o‘tirdi. Ustadan hol-ahvol so‘radi.
Usta bosh irg‘ab-bosh irg‘ab javob berdi. Botir firqaga bir piyola choy uzatdi.
Botir firqa kulba ashqol-dashqollarini tomosha etdi. Bosh irg‘ab-irg‘ab tomosha etdi.
 — Xo‘sh, keling-keling? — dedi usta.
—    Shunday... O’tgan-ketganlarni yodga olib deganday? — dedi Botir firqa.
—    Yaxshi, yaxshi. O’tganlarni xotirlash savob ish. Ba’zi birovlar o‘z ota-onasini qabri qaerdaligini bilmaydi. Ana, obod qilib qo‘ydik. Aylanib ko‘rishingiz mumkin.
—    Aylanib ko‘rdim. Xo‘p obod shahar bo‘pti!
—    Qanaqa bo‘pti-qanaqa bo‘pti?
—    Obod shahar bo‘pti!

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:34:06

—    Shahar? Ha, tilingizga bol, tilginangizga bol-a! Shahar qilib qo‘ydik-da, ha, shahar! Ba’zi bir qabristonlarni ko‘rib, odam ham tiriklar sha’niga achinadi, ham marhumlar holiga achinadi. Devorlari nurab tushgan supurib-sidirilmagan, mollar oyoqosti qilgan. O’shanaqa qabristonlarni ko‘rib, odam... o‘lishgayam qo‘rqadi! Odam o‘lishiniyam bilmaydi, qolishiniyam bilmaydi! Ana, bizni shahrimiz — yaraqlaydi! Bizni shahrimizni ko‘rgan odam... o‘lgisi keladi! O’lgan sayin, o‘lgisi keladi! Bizni shahrimizni ko‘rgan odam... tezroq omonatimni topshirib... shu shahardan makon topsam deydi!
—    Rahmat, rahmat...
Botir firqa bosh irg‘adi. Botir firqa duduqlandi.
«Biz ham keladigan bo‘ldik, uka», deyishiga bir bahya qoldi!
Ammo nafasini ichiga yutdi. Gapni boshqa yoqqa burdi. Asl maqsadga o‘tdi:
—    Siz bu shaharda ko‘pdan buyon ishlaysizmi, uka?
—    Shu, yigarma yillar bo‘p qoldi-yov. Nima edi?
—    Haligi... go‘rkov, degich odamlar ham bo‘lar edi?
—    Bor, go‘rkov bor. Go‘rkovni kulbasi mana buyoqda. Shaharni o‘ng burchagida. Biror ish bo‘lsa aytavering, xizmatingizga tayyorman.
—    Siz...

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:34:27

—    Men toshga bitik bituvchiman. Oldin tosh qo‘yuvchi edim. Keyin, mahoratim oshdi. Toshga shakl beruvchi bo‘ldim. Hozir, toshga bitik bituvchi bo‘lib xizmat qilyapman. Oxir-oqibat, shu shaharlik bo‘lib qoldim. Xudoga ming qatla shukur, mencha bo‘lgan ham, bo‘lmagan ham bor.
—    Chin, chin. Toshga bitik bitishni o‘zi bo‘ladimi? Mana shu qabr toshlar tayyor marmarga shakl berilib kilinadimi yo biror-bir qolipga solib tayyorlanadimi?
—    Asl sag‘analar sof marmardan bo‘ladi. Shunchaki sag‘analar tsementdan bo‘ladi. Qum va marmar uvoqlari aralashmasidan bo‘ladi. Barchasi tayyor holga keltirilgach, marmar plitasi yopishtiriladi. Ana undan keyin, marhumni ismi sharifi husnixat bilan o‘yib-o‘yib bitiladi.
—    U-u-u, tashvishi ko‘p ekan!
—    Ha-da! O’lishni... o‘zi bo‘ladimi? O’lishni... chidaganga chiqargan!
—    Chin, o‘lishni o‘zi bo‘lmaydi. Hozir tanqischilik davri. Ashqol-dashqolni qaerdan topyapsiz?
—    Bir inson jon berib keladi-yu... tosh topmaymizmi? Topamiz! Toshlarni marmar zavodidan sotib olamiz. Armatura bilan tsementni duch kelgan qurilish inshootlaridan olib kelamiz. Shag‘al-qum deganlarni ariqlardan olamiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:35:40

—    Shunday qimmatbaho toshlar, sag‘analar, panjaralar... Menimcha, bu nodonlik, manmanlik alomati deb o‘ylayman. Dunyodan o‘tganlar ketidan shon-shuhrat, obro‘ olmokchi bo‘lish, deb o‘ylayman.
—    Endi, manavi besh qo‘l baravar emas, otaxon. Hayotda harom pulini qayoqqa qo‘yishni bilmay yurgan tentaklar ko‘p. Aslida, eskichada... qabr tosh qo‘yish gunoh! Ha, qabr tosh qo‘yish gunoh! Musulmonchilikda qabrni toshlar bilan bostirib qo‘yish man etiladi. Aslida, musulmonchiliqda qabrlar yer bilan bir tekis bo‘lishi kerak. Qabrlar yer bilan baravar bo‘lishi kerak. Payg‘ambarlarimiz ham ana shunday yo‘l-yo‘riq berganlar. Payg‘ambarlarimiz qabrlar ustiga faqat bittagina belgi qo‘yishni buyurganlar. Sababi, Rasululloh alayhissalom Usmon ibn Maz’un qabri boshiga bittagina tosh qo‘yganlar. Bu tosh: «Birodarim qabri qaerdaligini bilishim va boshqa qazo qilgan urug‘larimni ana shu qabr qabatiga olib kelib dafn etishim uchun belgidir», degan. Rasululloh alayhissalomimizni o‘z qabrlari ham yerdan bor-yo‘g‘i bir qarichgana baland, xolos. Shu sababdan ham qabrlar boshiga g‘ishtin binolar qurish, beton ohanjomalar o‘rnatish, suratlar o‘yib solishni aslo buyurmaganlar.
—    Men ham shunday deb o‘ylayman. Qaytanga sovet davrida yaxshi edi.
—    To‘g‘ri, sovet davrida xalq qonunlardan qo‘rqib... kamtarona yashar edi! Sovet xalqi insof bilan ish qilar edi. Sovet xalqi og‘zini katta ochmas edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:35:56

—    Sovet xalqi ko‘p sabr-qanoatli xalq edi. Sovet xalqi bor bo‘lsayam, yo‘q bo‘lsayam... boriga shukur qilar edi! Sovet xalqi qorni och bo‘lsayam... boriga shukur qilar edi! Boisi, sovet tuzumi ko‘p xalqparvar tuzum edi, ko‘p mexr-oqibatli tuzum edi. Sovet tuzumini baynalminalligini aytmaysizmi, baynalminalligini!
—    Lekin sovet davriniyam tashvishlari ko‘p edi. Shu bugungiday esimda: sovet rahbarlari siyosiy taftish uchun kelar edi. Sag‘analardagi: «Xudo rahmat qilsin», «Joyi jannatda bo‘lsin», degan bitiklarni o‘chirtirib tashlar edi. Marmar toshlardagi yarim oy shakllarini o‘ydirtirib tashlar edi. Qabrlarni nom-nishonsiz qoldirganlari kamday, «Yana shunday takrorlasam, jinoiy javobgarlikka tortinglar», degan tilxat yozdirib olardi.
—    Mabodo o‘shalar orasida... men yo‘qmidim?
—    Yo‘q, siz yo‘q edingiz. Bo‘lsangiz, tanir edim. Rahbarlar ham har xil bo‘ladi. Ichida bir... xudo bezorisi bor edi! Xudo yo‘q-xudo yo‘q, deb do‘q urar edi. Mana, xudo bor ekan, bechorani... jinni qilib qo‘yibdi!
—    Jinni? Yo‘g‘-e?

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:36:18

—    Ha-da! Savdoyi bo‘lib, jinnixonada yotgan emish! Familiyasi... ha, familiyang qursin... ha-ha, Rajabov, Rajabov! Padaringga la’nat, bir kelib: «Toshlardagi duoi fotihalarni o‘chir», dedi. Ikki kelib: «Sag‘analardagi bayt-g‘azallarni o‘chir», dedi. Jonga tegib edi! Ana, xudoni o‘zi ko‘rsatdi. Jinni qilib qo‘ydi, jinni!
—    Rajabov... Rajabov... ha, tanish familiya, tanish. Jinni emasdir-e?
—    Endi, psixbolnitsada yotgandan keyin... kim bo‘ladi? Imom-xatib bo‘ladimi? Albatta, jinni bo‘ladi-da!
—    Rajabov, Rajabov...
—    Ana o‘sha: «Barcha qabr toshlar ustida besh qirralik yulduzlar porlab tursin», deya buyruq berib ketar edi. Buyog‘iga nima deysiz?
Botir firqa nafas yutdi. Qilt etib yutindi. Derazadan tashqari qarab oldi. Birdan sergaklandi. Birdan jonlandi.
—    Bizga... besh yulduz yaxshi! — deb yubordi.
—    Xo‘p, siz omonatingizni bemalol topshirib kelavering. Buyog‘ini bizga qo‘yib bering.
—    Nima qilay-nima qilay?
—    Siz oldin omonatingizni berib keling. Buyog‘ini biz boplaymiz!

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:38:50

66


Odamzotni yoshi qaytsa... marosimma-marosim yuradi. Ma’rakama-ma’raka yuradi. Chaqirsa-da boradi, chaqirmasa-da boradi. Orqavoratdan eshitib qolsa-da, boradi. Gap yo‘q, so‘z yo‘q — qo‘li ko‘ksida kirib boradi.
Odamzot martaba-mansabda ekanida... ana shu dargohlarga qo‘y so‘yib chaqirsa-da bormaydi! Odamzot oyog‘i uzangida ekanida... ana shu marosimlarga yalinib-yolvorsa-da bormaydi!
Botir firqa-da ana shunday bo‘ldi.
—    Bir professor qazo qipti, deyishyapti, — dedi kampiri.
—    Xudo rahmat qilsin, nechada ketibdi?
—    Hali payg‘ambar yoshiga yetmagan ekan. Bir balo kasal ekan, deyishdi.
—    Xudo rahmat qilsin. Dard yomon, o‘z vaqtida qaratmasa yomon.
Yonboshlab yotmish Botir firqa qo‘zg‘oldi. Marosim uchun tayyor bo‘ldi. Ko‘chaga yo‘l oldi. .
Marhumni oti nima — ishi bo‘lmadi. Marhum kimi bo‘ladi — ishi bo‘lmadi. So‘rab-surishtirib kirib bordi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:39:03

Hovli to‘la... sonsiz olado‘ppi bo‘ldi! Sonsiz beqasam to‘n bo‘ldi. Sonsiz belbog‘ bo‘ldi.
Hovli qilt etmas sokin bo‘ldi. Pashsha uchmas sokin bo‘ldi. Nafas bilinmas sokin bo‘ldi.
Ushbu sokinlik oti... motam... motam bo‘ldi!
Motamda... ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmas bir tovush kezib yurdi. Quloq bilan eshitib bo‘lmas bir tovush uchib yurdi.
Ushbu tovush... hovli uzra uchdi. Daraxt yaproqlari bo‘ylab uchdi. To‘n-do‘ppilar uzra uchdi. Ma’yus yuzlar aro uchdi. Mungli ko‘zlar aro uchdi. Yoshli yonoqlar aro uchdi.
Ushbu tovush oti... unsiz yig‘i... unsiz yig‘i bo‘ldi!
Botir firqa hovli bo‘sag‘asida manzil oldi. Qo‘l qovushtirib o‘tirdi. Gap-so‘z orasida marhumni bilib oldi.
«Ha-a, institut dekani ekan-da, — deya o‘yladi Botir firqa. — Dekan bozori chaqqon odam bo‘ladi, og‘zi oshdagi odam bo‘ladi. Dekanni qo‘lida butun boshli fakultet bo‘ladi. Ha-a, shu boisdan ham odam tumonot ekan-da».
Tumonot qo‘zg‘oldi: ichkaridan tobut qalqib-qalqib chiqib keldi. Katta ko‘chaga qarab yo‘l oldi.

Qayd etilgan