Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149157 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 B


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:45:06

—    Tur joyingdan, tur!
Botir firqa oldin bir tizza bo‘ldi. Keyin, ikki tizza bo‘ldi. Kaftlarini yerga tiradi. Ohista qo‘zg‘oldi. Yelkalarini qisib, turdi. G’aribona turdi.
—    Qo‘lingni ko‘tar!
Botir firqa qo‘llarini ohista ko‘tardi. Yelkalari osha qo‘tardi. Boshp uzra ko‘tardi.
—    Qimirlama, otib tashlayman!
Botir firqa qotib qoldi. Raykom To‘raqulovni siymosiga qarab qotdi. Ikki ko‘zi To‘raqulovni siymosida bo‘ldi, bor es-hushi orqa tarafda bo‘ldi.
«Men bu yerda oyat o‘qiyotganimni KGB qaerdan bildi ekan? — dedi. — Aytmoqchi, tosh bitikchi! Padarla’nat tosh bitikchi! Demak, tosh bitikchi KGBni agenti ekan! Tosh bitikchini ejakilab-ejakilab gap kovlashidan bilib edim. Bir gapi bor, deb o‘ylab edim. Aniq, tosh bitikchi KGBni agenti, aniq! Endi nima bo‘ladi?»
—    Pix-pix-pix!
—    Paq-paq-paq!

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:45:19

Botir firqani yonidan birovi chopib o‘tdi. Izidan ikkinchisi quvib o‘tdi.
Birovini boshida harbiy kaska-tovoq bo‘ldi. Birovini boshida harbiy telpak — choynakxalta bo‘ldi. Qo‘llarida miltiq — shoxcho‘p bo‘ldi.
Bolalar... urush-urush o‘ynadi!
Botir firqa... hammomdan chiqmishday yengil bo‘ldi. Botir firqa... yelkasidan bir qop unni tashlamishday yengil bo‘ldi.
Qo‘llarini ohista-ohista tushirdi. Bolalarni ketidan qarab-qarab qoldi.
«Turq-tarovatidan... qayta quruvchi demokratlarni bolasi! — o‘yladi Botir firqa. — Shunday, tana buzoqni turqi tuqqanidan tamg‘a!»
—    T-fu! Itdan bo‘lgan qurbonlikka yaramaslar! — dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:46:33

69


Bir inson tavalludi nishonlanar bo‘lsa... xalq yubilyarni ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi. Yubilyarni xizmatlarini ulug‘laydi. Savob ishlarini barmoq bilan sanab beradi. Yubilyarga... haykal qo‘yadi!
Ana shu zot bandachilik etsa... hayhot, marhum erta ketdi, deydi. Hayhot, marhumni ko‘p ishlari chala qoldi, deydi.
«Bilaman, men haqimda-da shunday deydi, — o‘yladi Botir firqa. — Xo‘sh, qaysi ishim chala qoldi? Uzi, keksalik... bir umrlik mehnat samarasi, demak. Keksalik... bir umrlik azob-uqubat, demak. Keksalik... bir umrlik g‘am-anduh demak. Shu bois, keksa odam... haminqadar e’zozga loyiq. Haminqadar marhamatga loyiq. Boisi, keksa odam... yashamaydi, yashamaydi! Keksa odam... so‘nggi marosimiga hozirlik ko‘radi. Keksa odam... dafn marosimini poylaydi! Dafn marosimini... uzi-kib-uzikib poylaydi...»

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:47:50

70


«Bu safar dangal gaplashaman, — dedi Botir firqa. — O’ziyam, tosh bitikchi bilmagan balo yo‘q ekan. Shundan bir ish chiqadi. Hind choyni ko‘rsa, tag‘in-da ochilib gaplashadi».
Botir firqa tokchadan bir yumaloq hind choy oldi. Kampiriga bildirmay, kostyum cho‘ntakka soldi.
Baxmal shlyapani boshga qo‘ndirdi.
—    Fotihaga borish inson uchun ham qarz, ham farz! — dedi.
—    Fotihali joy bor edimi? Aylanay, rais bovamdan, aylanay...
U xayollar og‘ushida marhumlar shahriga kirib keldi.
Kulba ochiq bo‘ldi. Ammo tosh bitikchi yo‘q bo‘ldi. Vaziyatdan, tosh bitikchi shu tevarakda yurmish bo‘ldi.
Botir firqa tosh bitikchi kelgunicha marhumlar shahrini sayr etdi. Qo‘llarini orqasiga qo‘yib sayr etdi. To‘xtab-to‘xtab sayr etdi. Favqulodda... tosh bitikchini oldidan chiqib qoldi!
Tosh bitikchi bir qabr panjarasini tuzatar bo‘ldi. Panjarani ding-ding urib ko‘rsatdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:48:05

—    Manavini qarang, otaxon, — dedi. — Shunday temirni mayishtirib ketibdi-ya! Yosh boladan hech balo qolmaydi-ya!
—    Yosh bola, yosh bola-da, — dedi Botir firqa.
—    Boshqa narsa quriganday, shu panjarani mayishtirib olib, qilichbozlik o‘ynaydi-ya! Birovini qulog‘idan cho‘zib, panjara ichidagi qabrni ko‘rsatdim.
Manavi nima, dedim. Anavi suratdagi odamni hovlisi, deydi!  Unda,  birovni hovlisida o‘ynama,  bor, o‘zingni hovlingga o‘yna, dedim.
—    Binoyi qilibsiz, xo‘p binoyi qilibsiz.
Botir firqa shunday deya, panjara oldi skameykaga cho‘kdi.
Tosh bitikchi panjarani tuzatib bo‘ldi. Asbob-anjomlarini xaltaga soldi. Botir firqani yonidan joy oldi. Nafasini rostladi.
—    Ha-a, keling, otaxon? — dedi. — Olamda nima gaplar, endi?
—    Olam tinch-osoyishta. Shu, qayta quruvchilar baqirib-chaqirib yuribdi, xolos.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:50:49

—    Men qayta quruvchilardan qo‘rqmayman, otaxon. Qayta quruvchilar meni ishdan bo‘shatolmaydi. Men ishsiz qolmayman. Chunki odam bor — o‘lim bor. O’lim bor — men bor! O’limni ishi — mensiz bitmaydi.
—    Ishqilib, qayta quruvchilar hammani haydayapti.
—    O’zbek o‘zagini qirqadi, otaxon, o‘zbek o‘zagini qirqadi!
—    Shu bois, ishdan hayda-hayda, shtat qisqarishlar avj olyapti.
—    Men shtat qisqarishlardan ham qo‘rqmayman. Yuzlab ish joylar taqa-taq yopilib qoladi. Ammo... o‘lim ishi taqa-taq yopilmaydi! Dunyoda hamma shtat qisqaradi. Ammo... o‘lim qisqarmaydi! Dunyoda hamma narsa tamom bo‘ladi. Ammo o‘lim tamom bo‘lmaydi! O’lim mangu yashaydi! O’lim barcha tuzumlar uchun abadiydir! Yashasin, o‘lim!
—    Shunday, ishingiz zo‘r, kasbingiz noyob kasb, shunday.
—    Ha-da, ha!. Men noyob odamman, otaxon, noyob! Ish joyim ham noyob. Mana ish joyim — shahrimizda barcha sharoit muhayyo. Shahrimizda... jondan boshqa narsa bor! Shahrimizda faqat... jon yo‘q, jon!

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:53:00

Botir firqa ana shunda maqsadga o‘tar bo‘ldi. Maqsadini aytish uchun so‘z izladi. Partiyaviy so‘z izladi. Ilmiy so‘z izladi. Xalqona so‘z izladi.
Oxiri, meditsina so‘zida bir to‘xtamga keldi.
—    Shu, suitsid... suitsid... — dedi.
—    Kim-kim?
—    Suitsid, deyman...
—    U kim?
—    Suitsid... mana shu shaharga o‘z ixtiyori bilan tashrif buyurish, demak.
—    Ha-a, o‘z joniga o‘zi qasd qilish, deng! Tinchlikmi, otaxon?
—    Tinchlik-tinchlik. Shu, bittasi bor. Shuni hayotida suitsid sodir bo‘lmasa edi, deb qo‘rqaman.
—    Esi joyidami, o‘zi?
—    Joyida, esi joyida. Aql-zakovat bobida... ul zotga teng kam topiladi! Yuksak intellektual, shunday, yuksak intellektual!
—    Unda, nega... haligidaqa holatga tushadi?

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:53:10

Botir firqa... yarasini yordi! Madda olib ketmish yarasini yordi:
—    Odamga alam qilar ekan, uka. Qariyb bir asr mobaynida o‘rtoq Lenin dohiy, dedilar. O’rtoq Lenin ulug‘, dedilar. Shunday deb o‘qitdilar, shunday deb tarbiya berdilar. Endi, birdan... Lenin jallod, Lenin fashist, deb boshladi! Sovet tuzumi bir asr mobaynida hur zamon bo‘lib keldi, to‘kin-sochin zamon bo‘lib keldi. Endi, birdan... Sovet tuzumi qamoqxona, deb boshladi! Sovet tuzumi do‘zax, deb boshladi! Ideal qolmadi, uka, ideal qolmadi! Idealsiz yashab bo‘lmaydi, uka, idealsiz yashab bo‘lmaydi! Idealsiz hayot — hayot emas, uka. Mana, idealsizlik okibati — sovet xalqi bir-birini itday talab boshladi. Sovet xalqi bir-birini jallodday otib boshladi!
—    Tuzum almashyapti, otaxon, tuzum almashyapti. Tuzum almashish davri eng yomon davr emish. Tuzum almashish davri urush davri bilan baravar emish.
—    Ammo-lekin odamga alam qiladi-da, uka. Gazetalarni ochib qaraysiz: urush qatnashchisi yo mehnat veterani qazo qilgan bo‘ladi. Bechoralar, qayta quruvchilarni dag‘dag‘asiga yuraklari bardosh berolmay... olamdan o‘tmoqda!
—    Bo‘laman degan el bir-birini botirim, deydi, bo‘lmayman degan el bir-birini etini yeydi!

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:55:05

—    Buyog‘i qimmatchilik. Go‘sht qimmat, dori-darmon undan-da qimmat. Pensiya pul dori-darmonga yetmaydi. Vaholanki, keksa odam dori-darmon bilan tirik. Pensiya... arpaga upoq bo‘lmaydi! Oqibat, keksalar birin-ketin ketyapti. Gazetani eng so‘nggi chetida — qora ramkaga o‘ralib-o‘ralib ketyapti. Ana o‘sha qora ramkaga o‘rog‘liklar — urush va mehnat veteranlari. Mana shu XX asrni yaratgan zotlar! XX asrni qurgan zotlar! Bu zotlar urushda polk-polk bo‘lib jon berdi. Armiya-armiya bo‘lib jon berdi. Endi esa... bitta-bitta bo‘lib ketyapti! Yakka-yolg‘iz bo‘lib ketyapti! Eni barmoqdaygina ramka ichida ketyapti! To‘rttagina ramka ichida ketyapti! Bechoralarni qetayotganini birov bilyapti, birov bilmay qolyapti. XX asrni yaratgan zotlarni qadri shu bo‘ldimi? Bilsam, ta’ziyanoma berish uchun — gazetaga yaxshigina pul to‘lash kerak ekan. Arpaga upoq bo‘lmas... pensiya qaysi biriga bo‘ladi? Hademay, urush va mehnat veteranlaridan faqat xotira qoladi, xolos. Hali, shu xotira qolsa! Zamon shunday ketsa, XX asrni bino etgan zotlardan xotira-da qolmaydi...
—    O’z joniga o‘zi qasd qiluvchilar yomon odam bo‘lmaydi, deyishadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 00:55:30

—    Bo‘lmasam-chi, uka, bo‘lmasam-chi! Suitsidlar dono odam bo‘ladi, uka, suitsidlar halol odam bo‘ladi! Erazm Rotterdamskiy: faqat mutafakkir zotlargina o‘z joniga o‘zi qasd qila oladi, deb edi!
—    Sovet davrida o‘z joniga o‘zi qasd qilish juda ko‘p bo‘lar edi. Birov o‘zini osar edi, birov o‘zini tomdan tashlar edi. Tag‘in birov yo‘g‘on tomirini kesar edi, uksus ichar edi. Bir inson nima uchun o‘z joniga o‘zi qasd qilgani bilan sovet rahbarlari shug‘ullanmas edi. Shug‘ullansa ham... bechora marhumni o‘zini ayblashar edi.
—    O’zimiz ham... bundan mustasno emasmiz, uka.
—    O’zingiz ham?
—    Beayb parvardigor, deydilar, uka. Sovet davrida... biz kommunizm quramiz, bizda suitsid bo‘lishi mumkin emas, deb keldik. Shu bilan suitsidga barham berdikmi? Aksincha, o‘z joniga qasd qiluvchilar soni yil sayin ko‘paydi. Har yili minglab inson o‘z joniga o‘zi qasd qildi. Biz bu holatni sovet turmush tarziga zid, deb baholadik. Suitsid hollarni bekitib keldik. Mabodo oshkor bo‘lib qolsa, o‘sha suitsidchini... o‘zini aybladik! O’z joniga o‘zi qasd qiluvchilarni... badnom qildik! Chunki eng yaxshi guvoh — o‘lik guvoh, deydilar. Ko‘zi yumuq inson sukut saqlab yotaveradi. Ko‘zi ochiq insonlar esa mazza qilib yashayveradi. Bo‘lmasa, bittagina ko‘zi yumuq inson uchun o‘nlab rahbar hayfsan oladi, partiyadan o‘chadi, ishdan haydaladi. Vaholanki, sovet sud-jamoat kodeksida: «Insonni o‘z joniga qasd qilishiga olib kelganlar besh yil muddatgacha jinoiy javobgarlikka tortiladi», deyilgan. Men haligacha biror rahbarni ana shu modda bilan javobgarlikka tortilganini eslay olmayman.

Qayd etilgan