Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149091 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 B


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:02:17

Boisi, kommunist uchun g‘oya — birlamchidir, birlamchi!
Shunday ekan, men qaysi g‘oya uchun jon beraman? Shunday aziz jonimni qaysi g‘oya uchun sadaqa etaman? Meni jonim uncha-muncha jonlardan emas. Kimsan — Botir firqani joni! Kommunist Esonovni joni! Ko‘chada qolgan jon yo‘q!»
Botir firqa oyoqlari ostidan bir siqim tuproq oldi. Tuproqni kaftida yoyib ko‘rdi. Ko‘zlari oldiga olib kelib ko‘rdi. Hidlab-hidlab ko‘rdi. Dimog‘ida... yer hidini tuyib-tuyib o‘yladi...
«Mana, odamzotni otasi. Mana, odamzotni onasi. Mana, odamzotni beshigi! Dunyodan necha-necha jamiyatlar o‘tdi — faqat yer qoldi. Necha-necha partiyalar o‘tdi — faqat yer qoldi. Necha-necha siyosatlar o‘tdi — faqat yer qoldi.
Demak, bu dunyoda-da, u dunyoda-da... yerdan boshqasi bekor ekan!
Biz ana shu yerdan yaraldik. Biz ana shu yerdan odam bo‘ldik.
Aytaylik, ona o‘z bolasini tuproq yerga qo‘yib yuboradi. Yalang oyoq qo‘yib yuboradi. Bola yer changitib o‘ynaydi. Holdan toyguncha o‘ynaydi. Madori quriguncha o‘ynaydi... Keyin, ona bolasini yana qaytib o‘z bag‘riga oladi. Ona bolasini yana qaytib o‘z ko‘ksiga bosadi...

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:02:28

Yer ana shu ona misol. Inson ana shu bola misol. Insonni o‘tmishi-da yer, insonni kelajagi-da yer.
Ana, meni-da onam keldi. Onam: kuning qaytdi, deyapti. Ketar vaqting bo‘ldi, deyapti. Kuning to‘ldi, deyapti...
Shunday, ketar vaktim bo‘ldi. Shunday, kunim to‘ldi. Yashashdan mazmun qolmadi. Yashashdan maqsad qolmadi. Boisi, el-yurtga foydam tegmay qoldi. El-yurt xizmatiga yaramay qoldim. El-yurtga yaxshilik qilish qo‘limdan kelmay qoldi. Oqibat, el-yurtga kerak bo‘lmay qoldim. El-yurtga kerak bo‘lmaslik — juda yomon!
Odamzotni ibtidosi-da g‘oyibda bo‘ladi, intihosi-da g‘oyibda bo‘ladi. G’oyibdan yo‘lga chiqib, mana, yana g‘oyibga ketdik.
Endi, fanodan baqoga rixlat etamiz. Endi, ruhimiz tanamizdan ajraladi. Foniy duneda poklanmish ruhimiz farishtalar hamrohligida Olloh taolo makoniga safar etadi. Ruhimiz noklana olmasa — farishtalar tazyiqida azob chekamiz.
Mana, men poklana olmadim. Boisi, qanday poklanishni bilmadim. Shu bois, farishtalar iskanjasida azobdaman!
Hayot misol bir bog‘ bo‘ladi. Bog‘da daraxt mo‘l bo‘ladi. Gul mo‘l bo‘ladi. Ana shu bog‘ni sara muattar guli — odamzot bo‘ladi. Serhosil daraxti — odamzot bo‘ladi. Odamzotda daraxt misol urug‘dan unadi. Niholdan o‘sadi. Daraxt bo‘lib yetiladi. Meva tugadi. El-yurtga meva pishirib beradi. Nihoyat, kuni bitadi. Oyog‘i yerdan uziladi. Boqiylik sari ravona bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:02:38

Yaratganni o‘zi odamzotga jon ato etadi. Jon odamzotni oldin halqumiga kiradi.   Keyin,  ko‘zlariga kiradi. Undan keyin, tanani boshqa joylariga kiradi. Jon eng oxirida odamzotni... oyoqlariga kiradi. Shu boisdan-da, odamzotni joni eng oldin... oyoqdan uziladi. Keyin, tanani boshqa joylaridan jon uziladi.
Odamzot qachon jon byoradi? Qachon ko‘z yumadi? Odamzot ayni kuch-quvvatga to‘lib, jon bermaydi. Odamzot ayni pishib, yetilib ko‘z yummaydi.
Odamzot... jisman ishlab bo‘lib jon beradi. Odamzot... ruhan mehnat qilib bo‘lib ko‘z yumadi. Odamzot... qalban ham jisman horib-tolib jon taslim etadi.
Mana, men qalban qaridim. Men jisman tolidim. Safarim qaridi, safarim qaridi!
Biz... o‘lishdan qo‘rqamiz! O’lik so‘zidan qo‘rqamiz. Tobut so‘zidan qo‘rqamiz. Marhum so‘zidan qo‘rqamiz. Qalbimiz muzlab qoladi. Tilimiz aylanmay qoladi. Boshimiz egilib, yelkalarimiz cho‘kib qoladi. Bir kun emas, bir kun... o‘laman, deya qo‘rqamiz.
Biz... o‘lishni bilmaymiz, o‘lishni bilmaymiz!

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:02:52

Shu bois, ko‘p odam... o‘lishdan qo‘rqqanidan... o‘lib qoladi! Shunday, o‘lishdan qo‘rqqanidan o‘lib qoladi. Uh, ana o‘ldim-mana o‘ldim, deya o‘z o‘limini o‘zi tezlatadi. O’lim dahshatidan qo‘rqib — o‘z jonini apil-tapil topshirib qo‘yadi.
Aslida, tabiiy o‘lim... tong vaqti keladi, tong vaqti! Boisi, odamzot tuni bilan tiniqadi. Tuni bilan huzur oladi. Tuni bilan rohatlanadi.
Nihoyat, tong vaqti so‘nggi bor... iroda bilan entikadi. So‘nggi bor... ozod ham og‘ir entikadi.
Shunday, o‘lim haq, shunday... Shunday ekan, xudo men bechoraga-da rahm etsa edi. Xudo men bandasini-da o‘z rahmatiga olsa edi!
Olmaydi, xudo meni o‘z rahmatiga olmaydi! Xudo meni gapimga... quloq-da solmaydi!
Boisi, men umrimda xudoni otini atamay yashadim. Men umrim mobaynida xudoga tosh otib yashadim. Men umrim davomida xudoga shak keltirib yashadim!
Shunday ekan, xudo meni... itmisan-eshakmisan, demaydi!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:09:34

72


Marhumlar shahri... jimjit bo‘ldi. Jon alomati bo‘lmadi. Hayot nafasi bo‘lmadi.
Marhumlar shahridan... motam nafasi ufurdi.
Tiriklar shahri... hayqirib turdi! Ashula aytib turdi. Xanda otib turdi.
Tiriklar shahridan... palov hidi anqidi. Kabob hidi anqidi.
O’rtada... Botir firqa bo‘ldi. Kommunist Esonov bo‘ldi.
Osmon yiroq, yer qattiq bo‘ldi!
U tiriklar shahriga qarab o‘yladi. U marhumlar shahriga qarab o‘yladi. U osmonga qarab o‘yladi.
«Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi! Bu dunyoda yashab bo‘ladi. Shu boisdan-da, bu dunyo otini hayot, deydi. Hayot — yashash, demak, quyosh — yashash, demak.
U dunyoda... o‘lsa bo‘ldi! U dunyoda quyosh yo‘q.
U dunyoda suv yo‘q. U dunyoda non yo‘q. Shu bois, u dunyoda yaratib bo‘lmaydi. U dunyoda ekin ekib bo‘lmaydi.
U dunyoda... KPSS yo‘q, KPSS yo‘q! U dunyoda sotsializm qurib bo‘lmaydi!. U dunyoda kommunizm qurib bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:09:46

U dunyoda... orden-medal yo‘q, orden-medal yo‘q! Qo‘sha-qo‘sha unvonlar yo‘q.
U dunyoda... gimn aytib bo‘lmaydi! U dunyoda «Internatsional» aytib bo‘lmaydi!
U dunyoda... pensiya bermaydi! U dunyoda pensiya yo‘q!
U dunyoda... kampiri nozik ta’b bilan boqmaydi. Silab-siypalamaydi. Saranjom-sarishtalamaydi.
Shu bois, u dunyoda o‘lsa bo‘ladi! U dunyoda oyoq uzatib yotsa bo‘ladi! Ko‘z yumib yotsa bo‘ladi!
Bu dunyoda esa... yashasa bo‘ladi! Bu dunyo — yashash uchundir! Sen yashaguvchi dunyoga kelding. Sen hayot zavqini totuvchi dunyoga keling. Sen umr gashtini suruvchi dunyoga kelding.
Bu dunyoga keddingmi? Endi yasha! Tishni tishga qo‘yib-qo‘yib yasha. Mushtni tugib-tugib yasha. Alp-alp odim otib yasha. Chidab-chidab yasha. Yashashni chidaganga chiqargan!
Bu dunyoga keldingmi? Endi chida! Dunyo — chidagan-niki! Oxirigacha chida, xudo bergan kungacha chida!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:15:17

73


U tushlik uyquda yotdi, g‘arq uyquda yotdi.
Uyqusida telefon jiring etdi. Uzun jiring etdi.
Botir firqa jiringni eshitib, yotdi. Ko‘zlarini ochib yotdi. Shiftga tikilib yotdi. Turay deya hafsala etmadi.
«Telefon ayvonda, — dedi. — Ayvonga borish uchun kim qancha yo‘l? Divandan turish kerak. Ust-boshni kiyish kerak. Uyquxonadan yo‘l bosib o‘tish kerak. Ayvon eshigini ochish kerak. Zinapoyadan tushish kerak. Ana undan keyin telefonni ko‘tarish kerak. Kim qancha yo‘l, kim qancha azob».
Telefon betinim jiring etdi. Yotish uchun qo‘ymadi.
Botir firqa inqillab qo‘zg‘oldi. Esnab kerildi. Uyquchil kiyindi.
«Padarla’nat, bunday telefonni! — dedi. Ovozi qayta quruvchi demokratlarni ovoziga o‘xshaydi-ya? Bilmayman, telefonlar ham qayta quruvchi demokrat bo‘lib qoldimi?»
Botir firqa imilladi-imilladi — telefonni oldi.
Telefon etuvchi o‘zini tanitdi. Hol so‘radi. Maqsadini aytdi:
—    Otaxon, eski gorkom — hozirgi hokimiyat binosi oldidan Buyuk ipak yo‘li o‘tadi, demoqdalar.
Botir firqa uyquchil pish-pish etdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:15:30

—    Yo‘lingiz unsin, o‘rtoq hokim, yo‘lingiz unsin, — dedi.
—    Gap shundaki, otaxon, hokimiyat binosi oldida besh-o‘nta o‘risi daraxt bor.
—    O’risi daraxt? Chinor deng, chinor.
—    Xo‘p, chinor, chinor. Gap shundaki, otaxon, Buyuk ipak yo‘li ana shu chinorlar joyidan o‘tar emish. Hokimiyat ma’muriyati kengashib, ana shu o‘risi daraxt... chinorlarni hashar yo‘li bilan olib tashlamoqchi bo‘ldi. Besh-oltita oqsoqolni hasharga aytmoqchi bo‘ldi.
—    Qulluq, o‘rtoq hokim, qulluq. Bizni yoshimiz to‘qsonni qoralab qoldi. Endi, hashar beli baquvvat yoshlarni ishi.
—    Ko‘pni duosi ko‘l, deydilar, otaxon. Siz oqsoqollar faqatgina duoi fotiha berasizlar, bo‘ldi. Hasharni yosh avlodni o‘zi boplaydi.
—    Bo‘pti, borganimiz bo‘lsin. Soat uchga? Bo‘pti, boramiz.
Botir firqani umrida ko‘ngilsiz vaziyatlar mo‘l bo‘ldi. Xijil daqiqalar mo‘l bo‘ldi. O’zini o‘zi ezuvchi vaqtlar mo‘l bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:15:46

Ammo... kunduzgi uyqudan keyingi vaziyat! Odam tars yorilib ketay deydi. Ko‘ngilga qil sig‘maydi. Odam o‘rtanib ketadi. Odamni pashsha g‘ing‘illashi ezadi. G’ing-g‘ing pashshani miltiq bilan otsam deydi. Kunduzgi uyqu yomon!
Kunduzgi uyqudan so‘nggi holatdan qutulishni bilmovchilar ko‘chaga chiqadi. Ko‘ngilochar holat izlaydi. Ko‘ngilyozar muloqot izlaydi.
Ushbu holatdan qutulishni biluvchilar achchiq choy ichadi.
Botir firqa kofe ichadi. Bu safar kofe ichmadi.
Uyqusi birdan ochildi. Tan-joni jimir-jimir etdi. Vujud-vujudi lov-lov etdi. Ich-ichi qizidi.
Botir firqani ko‘ngli... kuldi. Botir firqani yuzi... kuldi.
—    Kampir... ular meniyam duoi fotihamni olar bo‘pti... — dedi.
Afsus, kampiri yo‘q bo‘ldi. To‘yda kelinko‘rdi uchun ketdi. Hali qaytib kelmadi.
Ichiga chiroq yoqsa yonmaydi, deydi el. Bu gap ichi qora odamlar uchun aytiladimi? Ichimdan top, degich odamlar uchun aytiladimi? Ziqnadan-ziqna odamlar uchun aytiladimi?
Botir firqa ushbu gap mazmunini tushunmas edi. Elni topgan gapini qarang-a, der edi. Odamni ichi bir uy yo ko‘chamidiki — chiroq yoqadi, deya o‘ylar edi. Kulgisi kelar edi. Mushtday lampochka og‘ziga sig‘maydi — qanday qilib odamni ichiga yoqib bo‘ladi, deya o‘ylar edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:16:02

U mazkur gap mag‘zini ana endi chaqdi. Ayni shu vaziyatda chaqdi.
Botir firqani... ichi yondi! Ichi... yorug‘-yorug‘ bo‘ldi. Ichi... oydin-oydin bo‘ldi. Ko‘zlari-da ravshan-ravshan bo‘ldi. Ravshan ko‘zlaridan ravshan-ravshan yoshlar oqdi...
—    Kampir, ular meniyam... odam o‘rnida ko‘ribdilar... — dedi.
Botir firqa alang-jalang bo‘ldi. Kampiri kelinko‘rdidan qaytmaganini bildi.
Ohista divanga cho‘kdi. Yelkasi bilan suyandi. Boshini chapga chalqaytdi. Ko‘zlarini yumdi... Unsiz-unsiz yig‘ladi. Ich-ichidan yig‘ladi. Ko‘zlarini qo‘l yuzasi bilan artib-artib yig‘ladi...
Ko‘ngli xiyol bosildi. Tani sokin bo‘ldi. Ruhi vazmin bo‘ldi. Og‘ir tin oldi.
Darvoza tarafga qaradi. Bedarak kampirini aybladi. Kampirini koyidi. Kampirini oqladi:
«U bechora bunaqa telefon bo‘lishini qaerdan bilibdi? Bechorani umri meni qoboq-tumshug‘imga qarab o‘tyapti. Mayli, bir to‘y-to‘ylasa to‘ylabdi-da».
Botir firqa bet-boshini yuvdi. Bet-boshini atirladi. Bet-qo‘lini moyladi.

Qayd etilgan