Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 148910 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 33 B


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:35:57

21

«Gitler urush boshlashdan oldin... mag‘lub bo‘ldi. O’z-o‘ziga go‘r kovladi. O’z boshini o‘zi yedi.
Gitler SSSR armiyasi imkoniyatlarini bildi. 1-front kuchlarini tosh-tarozi etib ko‘rdi. 2-front qudratini-da o‘lchab ko‘rdi.
Ammo-lekin 3-front haqida o‘ylab ko‘rmadi. Oqibat, 3-frontni hisobga olmadi.
3-front... front orti bo‘ldi. Mehnatkash xalq bo‘ldi. Chol-kampirlar bo‘ldi. Beva-bechoralar bo‘ldi. Yetim-esirlar bo‘ldi. Mayib-majruhlar bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytsak, tongdan shomgacha... front uchun ter to‘kuvchi jafokash xalq bo‘ldi».
Botir firqa ikkinchi jahon urushidan keyin ana shunday o‘yladi. G’alabani ana shunday sharhladi.
—   Ammo-lekin Gitler... meni sezmadi, — dedi Bo-
tir firqa. — Front ortida... men mehnat qilayotanimni Gitler bilmay qoldi!

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:36:09

22

Tuman ijroiya qo‘mitasi binosi ikki qavatli bo‘ldi.
Botir firqa bino xonalarini aylandi. Har bir xonani alohida qarab ko‘rdi. Devorlarni ko‘rdi. Eshiklarni ko‘rdi. Derazalarni ko‘rdi.
—   Otasiga rahmat, — dedi. — Hamma ishni partiyaviy aniklik bilan bajaribdi.
Keyin, qo‘mita hovlisini aylandi. Bino tevarak-boshini qaradi.
Favqulodda qaqqayib qoldi. Ensasi qotdi. Peshonasi tirishdi. Lablarini burdi. Tevarak alanglab, yelka qisdi. Ajablanib, quchog‘ini bir ochib oldi.
—   Quruvchilar qani? — dedi.
—   Quruvchilar binoni topshirib ketdi.
—   Endi qachon keladi?
—   Quruvchi kelarmidi, firqa bova. Binoni topshi-rish qog‘oziga qo‘limizni qo‘ydirdi-yu, jo‘nab qoldi.
—   Oldingi raislaringiz shunday qabul qilib oldimi?
—   Ha-da, mana tayyor bino. O’zingiz ham otasiga rahmat, deyapsiz-ku.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:36:16

Botir firqa keskin bosh chayqadi. Keskin hay-hay, dedi.
Boisi, binoni yigirma gektarcha hovlisi... biyday bo‘m-bo‘sh bo‘ldi. Qup-quruq dala bo‘ldi. Tep-tekis dala bo‘ldi.
Aqalli bir nihol bo‘lmadi. Aqalli bir... yantoq bo‘lmadi!
«Qasam urgan yerga o‘xshaydi, — deya o‘yladi Botir firqa. — Qarg‘ishga uchragan yerga o‘xshaydi».
—   Bugun qanday kun? —dedi Botir firqa.
—   Beshinchi may, — dedi bir xodim.
—   Vaqt picha o‘tibdi, — dedi Botir firqa. — Pichagina o‘tibdi. Ammo-lekin haliyam kech emas.
Botir firqa bir hafta qo‘mita binosi ichiga kirmadi.
Hovlida xodimlar bilan xandaq qazidi. Xodimlar bilan turli-tuman nihol ekdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:36:27

O’rik ekdi. Olma ekdi. Gilos ekdi. Deraza ostida atirgul ekdi. Bo‘sag‘a oldida namozshomgul ekdi.
Botir firqa ulkan darvoza oldida o‘ylab qoldi. Ketmon suyanib o‘yladi. Tevarak alanglab o‘yladi.
«Hovlini to‘ldirib mevali daraxt ekdik, — dedi. Endi, darvoza oldiga-da mevali daraxt eksak. Masalan, olma eksak. Olmani soyasi o‘ziga yarasha bo‘ladi. Bersa, besh-olti kishiga soya beradi. Bu darvoza o‘z oti o‘zi bilan ijroqo‘m darvozasi bo‘ladi. Kelim-ketim ko‘p bo‘ladi. Xalq darvoza oldida yig‘iladi. Ichkari kirish uchun navbat kutadi. Olma qaysi biriga soya beradi? Yo‘q, besh-oltita ulkan daraxt kerak, ulkan!»
Botir firqa o‘iladi-o‘yladi — darvoza oldida... yong‘oq ekar bo‘ldi. Yong‘oq ham mevali daraxt, ham ulkan daraxt, deya o‘yladi. Keyin, ushbu fikridan-da qaytdi.
«Yong‘oq o‘zidan odam uchun ziyon hid chiqaradi, — dedi. — Ijroqo‘mga ko‘zidan yoshi oqqanlar keladi. Birortasi yig‘lab-yig‘lab, yong‘oq ostida... uxlab qolsa nima bo‘ladi?»

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:36:35

Botir firqa tag‘in o‘yladi. Nihoyat, chinor ekajak bo‘ldi.
—   O’n tup chinor kerak, — dedi Botir firqa. —
Birdan unib o‘sadigan, dadil-dadili kerak.
Xodimlar mashinada kolxoz-sovxozlarga yo‘l oldi. Yaxshi-yaxshi chinor topib keldi.
Xodimlar chinor tomirini xandaqqa soldi. Chinor bo‘g‘zidan bir qo‘llab ushladi.
Botir firqa chinor ostiga bir satil suv soldi. Ustidan nurab tushgan devor tuprog‘ini soldi. Chinor tomirlarini devor tuproq bilan ko‘mdi. Ustidan yengil-engil tepkiladi. Tag‘in bir satil suv soldi. Endi, xandaqqa o‘zidan chiqqan tuproqni soldi. Tepkilab-tepkilab tekisladi.
Botir firqa shu qabilda o‘n-o‘n beshtacha chinor ekdi.
—   Nasib bo‘lsa, qulf urib o‘sadi! — deya kuldi u. —
Nasib bo‘lsa, bu chinorlar butun tumanga soya beradi!
Botir firqa ertasi kuni ijroqo‘m raisi kreslosidan joy oldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:37:05

23

1956 yil bo‘ldi.
O’zbekistonda televizor joriy bo‘ldi.
O’zbek xalqi televizor ko‘rajak bo‘ldi.
Shu bois televizor otliqqa yo‘q bo‘ldi.
Ushbu antiqadan bir donasi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi ixtiyoriga keldi.
Qo‘mita faollari mazkur mujda otini topolmay qiynaldi. To‘poriroq, faol «quti», dedi. Ilg‘orroq faol, «oyna», dedi. O’qimishliroq faol «dilbuzar», dedi.
Faollar mujdani qo‘yib ko‘rajak bo‘ldi. To‘pori faol mujda qog‘oz xaltasini, yirtdi. Ilg‘or faol mujdani xaltadan sug‘urib oldi. O’qimishli faol mujdani «qizil burchak»ka ko‘tarib qo‘ydi.
Bo‘ldi — undan uyog‘iga birovini-da aqli yetmadi!
Televizor shu turishida oylab turdi. «Qizil burchak»ni bezab turdi.
Begim kunlar — 8 mart keldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:37:16

Qo‘mita sovg‘a-salomlar tayyorladi. Xayr-ehsonlar tayyorladi. Ana shu televizor Obod Mirzaxo‘jaevaga sovg‘a etilar bo‘ldi.
Qo‘mita faollari televizor qo‘ygich usta topib keldi.
Usta televizorni bir aravachaga bosdi. Aravachani o‘zi tortdi.
Faollar tuman ijroqo‘mi raisi Esonov boshchili-gida Mirzaxo‘jaevalarnikiga kirib bordi.
Dasturxon turlandi, turlandi!
Ko‘ngiltortarlar dasturxon tevaragidan joy oldi.
Usta televizorni qo‘yish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Uyga kirdi-uydan chiqdi. Tomga chiqdi-tomdan tushdi. Oxiri televizorni qo‘yib berdi.
Televizor binoyiday ko‘rsatdi.
Barcha chapak chalib yubordi.
—   Yashasin, mehribon sho‘ro hukumati! — dedi Botir firqa. — Ozod Sharq xotin-qizlariga alangali
salomlar bo‘lsin!
Tag‘in chapak bo‘ldi.
Erkaklar yonma-yon xonadan joy oldi. O’rta deraza ochib qo‘yildi. Erkaklar ana shu derazadan televizor ko‘rib o‘tirdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:37:25

Botir firqa bilan usta qittay-qittay oldi.
Botir firqa derazaga qarab qadah ko‘tardi. Derazaga qarab tantanavor so‘zladi:
— Hurmatli o‘rtoq Obod Mirzaxo‘jaeva! Biz, shonli sovet xalqi, xalqaro xotin-qizlar bayrami 8 martni butun xalqimiz, jonajon kommunistik partiyamiz, mehnatkash kolxozchi dehqonlarimiz, qahramon ishchilar sinfimiz, qo‘yingki, jamiki shonli sovet ziyolilarimiz KPSS XX s’ezdi tarixiy qarorlarini ulkan g‘ayrat-shijoat bilan turmushga tadbiq etmoqda bo‘lgan bir vaziyatda keng bayram qilmoqdamiz. Ha, shonli kommunistik partiyamiz XX s’ezdidan keyin hali hech qancha vaqt o‘tganicha yo‘q. Ammo-lekin biz sovet xalqi shugina qisqa vaqt mobaynida olamshumul muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdik, bu bilan butun sovet xalqi, shu jumladan, ozod Sharq xotin-qizlari har qancha faxrlansalar arziydi...
Botir firqa qishloq xo‘jaligi, xalq xo‘jaligi, sanoat sohasida erishilgan yutuqlarni raqamlar bilan sanab berdi.
Erkaklar ana shu shonli yutuqlar uchun qadah cho‘qishtirdi. Ayollar... choy cho‘qishtirdi.
Shu vaqt ayollar davrasi g‘imir-g‘imir etib qoldi.
—   Voy, o‘ldim, voy! — deya ovoz eshitildi. — Voy,
sharmanda bo‘ldim!

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:37:33

Eshiklar qarsillab yopildi. Ayollar biri qo‘yib, biri ovoz berdi:
—   Nima gap?
—   Tinchlikmi?
Botir firqa derazadan qarashdan orlandi. Dasturxondan ko‘z olmay so‘radi:
—   Nima bo‘ldi, o‘rtoq Mirzaxo‘jaeva?
Javob bo‘lmadi. Ichkaridagi voy-voylar tashqariladi. Ichkaridagi ha-hular hovliladi.
Botir firqa joyidan qo‘zg‘oldi. Eshikni yarim ochdi. Hovliga mo‘raladi.
Hovlida bir paranjilik ayol bo‘ldi. Paranjilik ayol qo‘lida hassa bo‘ldi. Ayolni bukchayishidan — momo bo‘ldi.
Ana shu momo hovli darvozasiga qarab talpindi. Darvozaga qarab yulqindi.
Bir ayol momoni tirsagidan oldi. Bir ayol yelkasidan oldi. Bir ayol paranji burchidan ushladi.
Mirzaxo‘jaeva momoni yo‘lida to‘g‘onoq bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:37:43

—   Ha, borasiz-da, ena, — dedi Mirzaxo‘jaeva. — Allaqaytib aylanib kepsiz, borasiz-da.
—   Qoch, yo‘limni ber! Qoch deyman!
—   Xo‘p, ichkari kiring. Odam hovrini odam bosadi!
—   Betingni murdasho‘y ko‘rgurlar! Qari-qartang bir momoni gunohga botirgan senlarni xudo ko‘tarsin!
—   Ena, u bir oyna, eshityapsizmi, oyna!

—   Ha, oynang boshingdan qolsin, boshginangdan qolsin!
—   U bir dilbuzar, xola, dilbuzar!
—   Qarigan chog‘imda yuruvsiz bo‘ldim-a, yuruvsiz-a!
—   Xola, anavi ichkarida firqa bovalar o‘tiribdi, ko‘p javramang.
—   Ichkarilang. Ikki piyola choy iching. Non egasi bilan chuchuk!
Shunda, momo uy taraf qaradi. Botir firqaga qaradi. Hassasini uy tarafga qo‘yib do‘qillatdi. Ohista iziga burildi.

Qayd etilgan