Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 148996 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 33 B


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:37:57

—   Mayli, tuz tortgan ekan, kiraman, — dedi. —
Lekin birovingniyam betingga qayrilib qaramayman!
Botir firqa momoni tanidi. U Mirzaxo‘jaevani keksa onasi Zaynab momo bo‘ldi.
Zaynab momo hassasini do‘q-do‘q urib ichkariladi. Ostonada hassasini devorga suyab qo‘ydi. Bo‘sag‘ada tik turdi. Tevarakka razm soldi.
Televizor qiblagohda — Zaynab momoni chap tarafida bo‘ldi. Shu bois, Zaynab momo chap tarafidan yuzini burdi. Ro‘molini peshonasiga tortib qo‘ydi. Ro‘moli chap tarafi burchidan ushladi. Ro‘moli burchini yuzi uzra ko‘tarib... yuzini yashirdi. Televizorda so‘zlovchi diktordan... yuzini yashirdi.
Zaynab momo shu holda ichkariladi. Hali o‘zi o‘tirmish to‘rdan joy oldi. Sandiqqa qarab o‘tirdi. Ro‘moli burchini ushlab, televizorga... yelka burib o‘tirdi. Televizordan yuzini bekitib o‘tirdi.
Uzatilmish choyni yengi ichida oldi. Ro‘molini qo‘yib yubormay oldi. Qayrilib qaramay oldi.
—   Dasturxonga qarab o‘tiring, xola, — dedi bir faol.
—   Yo‘q, qaramayman, — dedi. — Nomahramlarga qaramayman!

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:38:05

—   Dasturxon nomahram emas-ku?
—   Dasturxon bo‘lmasa, anavi qutida javrayotgan be-
tavfiq nomahram!
Faollar og‘iz ushlab kuldi. Bir-birini turtib kuldi. Bir-birini chimchilab kuldi.
Botir firqa barini bilib o‘tirdi. Zimdan kuzatib o‘tirdi. Ko‘ngli, Zaynab momo bilan salomlashay, dedi. Piyola gardishiga tikilib gap boshladi:
—   Zaynab momo, maza qanday? — dedi. — O’ynab-kulib yuribsizmi? Suyak dadilmi?
—   Shukur, firqa bova, shukur. O’zingiz qanday, bola-baqra katta bo‘lyaptimi...
—   Shukur, shukur. Ammo-lekin ovozingiz baland-baland chiqyapti, tinchlikmi?
—   Tinchlik bo‘lmay nima bo‘lardi, firqa bova. Xudoga shukur, qizlarim o‘zidan tingan. Shu qizlari qurg‘ur, o‘ylamay-netmay, nomahram erkaklarga ro‘para qiladi-da. O’lganimni kunidan o‘tiraman-da.
—   Endi, u televizor-da, Zaynab momo, televizor.
—   Ha... qutisi boshidan qolsin! Bir surbet... qutidan boshini chiqarib qaraydi deng. Gunohlarga botib o‘ldim, gunohlarga-ya!
—   U bir diktor-da, Zaynab momo, dikgor.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:38:13

—   Ha... Unday erkakni oti o‘chsin, otginasi o‘chsin! Erkak zoti bunchalik surbet bo‘lmaydi-da! Shunday kelib o‘tirishimni bilaman — menga ko‘zini lo‘q qilib... gap otib qolsa bo‘ladimi?
—   Shunday tuyuladi, Zaynab momo. Aslida, diktor hammaga qarab gapiradi.
—   Qirchiningdan qiyilgur, menga qarab gapirdi! Ko‘zimga baqrayib gapirdi! Ishshayib kuldi ham!
Shu vaqt televizor bir kuy chaldi. Bir faol Obod Mirzaxo‘jaevani yetti-sakkiz yoshli ko‘hlikkina qizini silab-siypadi.
—   Oting nima? — deya so‘radi.
—   Dilya! — dedi qiz.
—   Yo‘q, o‘zingni oting nima?
—   Dilbarchik.
Ha-a, Dilbar. Mana shu mehmonlarga bir o‘ynab ber, Dilbar. Ashula bilsang, ashula aytib o‘yna, xo‘pmi?

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:38:23

Dilya ashula aytib-aytib xirom etdi:
Muncha uyqu bosdi sizi, onalar,
Fikr etingiz, o‘ylab u peshonalar,
Ilm, maorif bila begonalar,
Bo‘ldingiz olamga siz afsonalar,
Mazlumalar, jonlara jononalar,
Qizlaringizni o‘qiting, onalar!
Ayollar qars-qars qarsak chaldi. Qiyqirib-qiyqirib olqishladi.
—   Qizlar... erkaklab ketdi! Ana, qizlar erkaklab
ketdi! — dedi Zaynab momo.
Zaynab momo 8 mart davrasi davomida televizor diktordan... betini bekitib o‘tirdi!

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:38:41

24

Botir firqa oliy partiya maktabida o‘qib keldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:38:56

25

Yuqoridan katta kelsa — faollar yig‘ilishidan qaytar edi. Yuqoridan katta kelsa — bog‘lar qo‘ynidan qaytar edi. Yuqoridan katta kelsa... baliq ovidan qaytar edi.
Bir saratonda Sharof Rashidov keldi.
Quyosh sharq burjidan... falak gilamiga qadam qo‘yar bo‘ldi. Olamni sodiq zotlar qalbiday ravshan ham musaffo etar bo‘ldi.
Sharof Rashidov tumanma-tuman aylandi. Kolxozma-kolxoz aylandi. Dalama-dala aylandi.
—   Endi, mana buyoqqa haydang!
Sharof Rashidov shunday deya, adir tarafni ko‘rsatdi.
Mayda mashinalar karvoni adir oralab yo‘l oldi. Mashinalar adir oralab yurdi-yurdi... biyday cho‘ldan
chiqib qoldi!
—   Mana shu yerda to‘xtating! — buyurdi Sharof Rashidov.
Sharof Rashidov mashinadan tushdi. Tevarakka nazar soldi. Kaftini peshonasiga soyabonlab qaradi. Ko‘zlarini qisib qaradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:39:18

Qiblai olam biyday cho‘l bo‘ldi. Dunyo misoli cho‘ldan iborat bo‘ldi. Kunbotar-da ko‘rinib turdi, kunchiqar-da qo‘rinib turdi.
Saraton... oshiq yuragiday yondi! Ma’shuq yuragiday yondi!
Bir chaqirimcha olisda oppoq bir tasma uzala tushib yotdi. Oppoq tasma bir... mashina yo‘l bo‘lib ko‘rindi, bir... so‘qmoq yo‘l bo‘lib ko‘rindi.
Bu — Amudaryo bo‘ldi.
Amudaryo sokin-sokin oqdi. Shu bois, oqib ketyaptimi yo to‘xtab turibdimi — bilib bo‘lmadi.
Sharof Rashidov faollarga qarab-qarab yurdi, oyoqlari osti qum-tuproqlarga tikilib qoldi. Tuproqdan ko‘z olmay bosh chayqadi.
—   Ishlamabsiz, o‘rtoq Rajabov, ishlamabsiz, —
dedi.
Viloyat partiya qo‘mitasini birinchi kotibi Rajabov kalovlanib qoldi.
—   Endi, o‘rtoq Rashidov... Men obkomga yakinda keldim, — deya manqalandi. — Hali-hozircha, oblastni yaxshi o‘rganganim yo‘q. Shu sababli, hamma ishni kelgan joyidan davom ettirib turibman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:39:40

—   Siz ishni kelgan joyidan davom ettirmang! — ovozini ko‘tardi Sharof Rashidov. — Bilasizmi, sovet hokimiyati kelgunicha bu yerlar kimga qarashli edi?
—   Buxoro amirligiga qarashli edi.
—   Ha, Buxoro amirligiga qarashli edi. Buxoro amiri kim edi?
—   Amir Olimxon edi.
—   Ana shu amir Olimxon... haramidan nari ketmasdi. Deydilarki, qavmi Lutni ishini ham qilgan fursat topsa. Nima, endi siz ham amir Olimxonni ishlarini... kelgan joyidan davom ettirmoqchimisiz?
—   Men... men...
—   Sovet hokimiyati o‘rnatilganiga necha yil bo‘ldi? Javob bering?
—   Men... halol kommunistman, Sharof Rashidovich, halol! — deya quti o‘chdi Rajabov. — Chin kommunist so‘zim. Men ba’zi birovlar yurgan yo‘llaridan
yurmayman. Mana, obkom a’zolari guvoh.
—   Men sizni oxirgi amirga tenglashtirmoqchi emasman. Mana, siz farg‘onaliksiz. Bog‘-rog‘lar vodiysidansiz, qo‘li gul bog‘bonlar yurtidansiz. Shuning uchun ham partiya sizni mana shu vohalarni bog‘-bo‘stonlarga aylantirsin, deb yubordi.  Mana shu el-yurtni obod qilsin, deb yubordi. KPSS Markaziy Komitetining cho‘llarni bog‘-bo‘stonga aylantirish haqidagi qaroriga necha yil bo‘ldi? Javob bering?
Vinovat, Sharof Rashidovich, vinovat. Men... tushunmabman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:40:07

—   Ishni kelgan joyidan davom ettiryapman emish. Qanaqa ishni? Amirlarga o‘xshab, cho‘llarni cho‘lligicha qoldirish, dashtlarni dashtligicha qoldirish ishinimi? Xonlarga o‘xshab, faqat o‘z nafsini qondirish, o‘z qornini to‘ydirish ishinimi?
Sharof Rashidov nega yo‘lini cho‘lga burdi? Nega cho‘l o‘rtasida to‘xtadi? Nega dabdurustdan bunday gap boshladi?
Rajabov bu burilish tasodif emasligini endi bildi. Bu gaplar oldindan o‘ylab qo‘yilganini endi bildi.
Bildi-yu... O’zbekistonni barcha kattalariga xos bahonani qo‘lladi. O’zbekistonni barcha katta zoti dastak etib olmish bahonani qo‘lladi:
—   Suv yo‘q, Sharof Rashidovich, suv yo‘q! — dedi.
Rajabov O’zbekiston kattalarini qo‘llab-quvvatlab
kelmish suv bahonasini aytdi-yu... balolarga qoldi!
—   Suv? Anavi suv bo‘lmay, nima?!
Sharof Rashidov shahodat barmog‘ini Amudaryoga nish etdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:40:15

—   Anavi suv bo‘lmay, nima? Ko‘z bormi?!
Rajabov mung‘ayib-mung‘ayib qoldi. Rajabov boshini yelkalari ichiga oldi.
—   Suv, to‘g‘ri, suv... — deya ming‘-ming‘ etdi. — Lekin Orol... chekinyapti.
—   Nima-nima?
—   Amudaryo suvi to‘laligicha yetib borolmayotganligi uchun Orol dengizi quriyapti.
Orol dengizi? Endi, shu bahonani topdingizmi? Orol siz bilan bizdan oldin ham bor edi, siz bilan bizdan keyin ham bo‘ladi! Suvi kamayadi, ammo qurimaydi. Suvi kamaysa, siz bilan biz aybdor bo‘lmaymiz. Amudaryo bilan Sirdaryo ham aybdor bo‘lmaydi. Chunki Orol hamma tarafdan yopiq bir... ko‘l. Dengiz okeanga chiqishi kerak. Orol esa, okeanga chiqmaydi. Demak, Orol — ko‘l. Okean bilan tutashmaydigan, okean suvi tushib turmaydigan har qanday suv — qurish xavfi ostida bo‘ladi. O’nta Amudaryoni olib borib quysalar ham suvi kamayib boraveradi. Orol ham shunday. Siz, cho‘l-biyobonda hayot kechirayotgan xalqni o‘ylang!  Siz, oyoqlaringiz ostida cho‘llab yotgan tuproqni o‘ylang! Qarang, yer qaqrab yotibdi, qaqrab! Yer chatnab yotibdi, chatnab! Asrlardan buyon cho‘l-biyobon bo‘lib yotibdi. Siz bilan biz mana shu cho‘l-biyobonlarni inson yashaydigan makonga aylantirmasak... kommunist bo‘lib nima qilib yuribmiz? Jaydari til bilan aytganda... odam bo‘lib nima qilib yuribmiz? Qani, O’zbekiston gimnini aytinglar-chi? Qani-qani?

Qayd etilgan