Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149055 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 33 B


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:40:25

Viloyat kattalari tasbehday-tasbehday tizilib turdi. Kattalar yer chizdi. Kattalar qizarib-bo‘zardi.
—   Hali, O’zbekiston gimniniyam bilmaysizlarmi? — deya dimog‘ida kuldi Sharof Rashidov. — O’zbekiston gimnini-ya? Ana, xolos! Cho‘l o‘zlashtirishni eplay
olmasalaringiz, gimn aytishni bilmasalaringiz... kommunist bo‘lib nima qilib yuribsizlar?
Ana shunda, raykom Esonov jonlandi. O’z joyidan ovoz berdi:
—   Men picha ayta olaman, o‘rtoq Rashidov.
—   Pichami, to‘liqmi?
—   Ha, endi, gimn bo‘lgach, to‘liq bo‘ladi-da, o‘rtoq Rashidov.
—   Unda, ikkalamiz aytamiz. Qani, keling!
Raykom Esonov chopqillab-chopqillab bordi. Sharof Rashidovni yonida banda misol-banda misol turdi. Sharof Rashidovga ko‘z qiri bilan qarab-qarab turdi.
—   Qani, o‘rtoq raykom, ikkalamiz mana shularga
bir namuna bo‘laylik!

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:40:44

Sharof Rashidov qo‘llarini yonlariga bosdi. Qomatini mag‘rur kerdi. Boshini adl ko‘tardi.
Sharof Rashidov bepoyon cho‘l-biyobonga boqib-boqib... Sho‘rolar O’zbekistoni gimnini aytdi:
Serquyosh o‘lkada ko‘rmasdik ziyo,
Daryolar bo‘yida edik suvga zor...

Ufqlarga tutash cho‘l. Sap-sariq cho‘l. Biyday cho‘l.
Ana shu sap-sariq cho‘l qo‘ynida gimn yangradi.
Bari katta g‘oz turdi. Gimn aytar bo‘lib, og‘iz pichirlatdi.
Sharof Rashidov kattalarga murojaat etdi. So‘zni qalin-qalin qilib aytdi:

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:41:02

—   Ana, eshitdilaringizmi? Daryolar bo‘yida edik
suvga zor... Bu, kim haqida? Siz bilan biz haqimizda!
Uzbekistonda yashovchi barcha qorako‘z xalq haqida. Lekin qorako‘z xalqda ayb yo‘q. Xalq saraton sarig‘ida
chang yutib, qahraton sovug‘ida muz qotib mehnat qiladi! Ayb siz bilan bizda! Qarang, asrlar mobaynida Amudaryo, Sirdaryo degan azim daryolar bo‘yida yashaganmiz. Ammo suvga zor bo‘lib yashaganmiz. Asrlar davomida azim-azim daryolarning shundaygina qirg‘og‘ida yashaganmiz. Ammo suvga tashna bo‘lib turmush kechirganmiz. Bu nimadan? Bu, siz bilan bizning... Gap kelganda, otangni ayama, deydilar. Mana shu biyday cho‘lda aytay, norasmiy ravishda aytay, quloqlaringizga aytay: bu siz bilan bizning yuvoshligimizdan, ha, qo‘ymijozligimizdan! Begona tillar bizni «baran-baran», deydi. Mana, baranlik! Endi, buni qarang: butun boshli oblast rahbariyati, o‘nlab rayon rahbariyati... O’zbekiston gimnini bilmaydi! Ana, qo‘ymijozlik!
Raykom Esonov shuncha zot orasida bitta o‘zi O’zbekiston gimnini ayta olishidan quvondi. Ammo Sharof Rashidovni gaplaridan g‘oyat ta’sirlandi.
«O’zi, o‘rtoq Rashidov kuyunganicha bor-da,— dedi raykom Esonov. — «Baran» bo‘lmasak, Amudaryo bo‘yida suvga tashna yashaymizmi? «Baran» bo‘lmasak, el-yurt yo‘lboshchisi bo‘la turib, O’zbekiston gimnini bilmaymizmi?»

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:41:18

26

Tushdan keyin qabulga kiruvchilar ado bo‘ldi.
Raykom Esonov kerishib-kerishib yayradi. Emin-erkin bo‘ldi.
Bir choynak choy buyurdi.
Choyni kotiba qiz emas... Obod Mirzaxo‘jaeva ko‘tarib kirdi.
Raykom Esonov ajablanib qoldi. Joyidan turib bordi. Mirzaxo‘jaevani qo‘lidan choynakni olmoqchi bo‘ldi.
Ammo Mirzaxo‘jaeva ko‘nmadi. Choyni o‘zi olib keldi. Choynak qoshida o‘tirdi.
Raykom Esonov Mirzaxo‘jaeva bilan yuzma-yuz o‘tirdi. Undan hol so‘radi.
Mirzaxo‘jaeva choy qaytara-qaytara bosh irg‘adi. Choy suza-suza javob berdi. Bir piyola choydan keyin maqsadga o‘tdi.
—   Bir bola bor, Botir Esonovich, — dedi_. — O’zi Moskvani bitirib kelgan. Gazetada ishlaydi. O’sadigan bola. Shoir!
—   Shoir? Zo‘r-ku!
—   Zo‘r bo‘lgandayam, ulay-bulay zo‘r emas. Labbaygo‘y emas. Sarkash shoir. Yangi oqim shoiri. Frantsuz avan-gardizmi... deydimi... Ana shunday avangard shoir!

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:41:29

—   Siz frantsuz avangardizmini qaerdan bilasiz, o‘rtoq Mirzaxo‘jaeva? — deya jilmaydi raykom Esonov.
—   Men tushunmayman, Botir Esonovich. Qizimdan eshitaman, qizimdan.
—   Aytganday, qizingiz shoira bo‘ldi-a?
—   Ha, she’r yozadi. She’rlari qo‘shiq ham bo‘ldi.
Raykom Esonov ko‘zlarini pirpiratdi. Ko‘zlarini
olib qochdi. Derazaga qaradi. Undan chinorlarga qaradi. «She’rlari qo‘shiq bo‘libdi. Qizingizni o‘zi kim bo‘libdi?» — degisi keldi. Boisi, Mirzaxo‘jaevani ana shu kizi haqida uzun-kalta gaplar eshitdi. Yaxshi-yomon gaplar eshitdi. — Ammo-lekin shunday faollarimizni qizi ishqboz bo‘lsa, boshqalardan nima umid, nima xayr? — dedi raykom Esonov. — Kimsan, ilg‘or faol Obod Mirzaxo‘jaevani qizi nopok yo‘llardan yursa. O’zidan so‘rasammikin? Uyat, ming qilsa-da, onasi. Hartugul, bir ilmoqli gap otib ko‘ray. Qizidan xabari bo‘lsa — yarasini yoradi».
—   Hozirgi yoshlar... o‘yinqaroq bo‘lib qoldi, o‘rtoq Mirzaxo‘jaeva.
—   Zamoni kelibdi, o‘ynab-kulsin-da, Botir Esonovich.
—   Chekish, ichish...
—   Bizni Dilya ham chekadi. Ichishini bilmadim. To‘y-ma’rakalarda ichadi, deyishadi. Men hali ko‘rmadim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:41:41

—   Sovet xotin-qizlari chekmasligi kerak, o‘rtoq Mirzaxo‘jaeva. Chekish-ichish sovet xotin-qizlarini axloq-odob normalariga to‘g‘ri kelmaydi.
—   Xotin-qizlarni chekib-ichishi eskichagayam to‘g‘ri kelmaydi, Botir Esonovich. Dilyaga ko‘p aytdim. Chekma-chekma, dedim. Qayda, foydasi bo‘lmadi.
—   Bir so‘z bilan aytsak, xotin-qizlarimizda kommunistik axloqqa zid qiliqlar ko‘payib ketmoqda.
Raykom Esonov shunday deya, ko‘z qiri bilan Mirzaxo‘jaevaga razm soldi: Mirzaxo‘jaevada o‘zgarish sezmadi.
«Demak, qizini... ishqboz ekanini bilmaydi, — dedi raykom Esonov. — Qizidan xabari yo‘q. Bo‘lmasa, qizarib-bo‘zarar edi. Ganini yo‘qotib qo‘yar edi. Mayli, ishqbozlik dardi shaxsiy masala».
—   Mayli, yoshlarni o‘zi biladi. Xo‘sh, shu qizingiz?
—   Shu qizim tushuntirib turadi. Shu bola yetuk avangard shoirimiz, deydi.
—   Tushundim, xo‘sh?
—   Shu bola necha yildan beri partiyaga o‘tolmay
yuribdi ekan. O’rin yo‘q, deyishar ekan.
—   U bola sizga kim bo‘ladi?
—   Qizim bilan bir joyda ishlaydi. Qizimni she’rlarini o‘rischaga so‘zma-so‘z tarjima qilib beradi. O’rischani suvday ichadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:41:49

—   O’rischani suvday ichadi? Shundaylar kerak.
—   Juda kerakli bola. Shu bolaga... hidoyat qo‘lingizni uzatsangiz, deb edim?
—   Boshidan o‘tmaganni qoshidan o‘tma, deydilar.
Qani o‘zi?
—   Tashqarida. Chinorni ostida o‘tiribdi. Chaqiraymi?
Mirzaxo‘jaeva qabulxonaga chiqib keldi.
—   Kotiba qizga aytdim, chaqirib keladi, — dedi.
Raykom Esonov o‘z kreslosiga borib o‘tirdi.
Mirzaxo‘jaeva... choyni oqlab keldi.
Ostonada bir yigit qora berdi: daroz-daroz. Soch-lari yelkalarida. Quloqlari ostida.
Raykom Esonov yigitni ichkari taklif etdi. Ko‘rishib-so‘rashdi. Gapni nimadan boshlashni o‘yladi.
«Daroz odamni esi kamroq bo‘ladi, — deya o‘yladi.— Shu bois, faqat bo‘yiga o‘sadi. Buni esi qanaqa ekan?»
—   Qani, o‘zingizni tanishtiring-chi?
—   Men Madiev... Lenin rayon, Lenin sovxoz, Le-nin uchastkasida tug‘ildim. Lenin nomli maktabda o‘qidim, Lenin nomli universitetni tamomladim. Le-nin komsomol safiga ariza berib kirdim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:41:57

—   Endi, Lenin partiyasi safiga kirmoqchisiz, shundaymi?
—   Ha! — dedi Madiev tantana bilan. — Men Lenin shanbaliklarida qatnashaman. Lenin haqidagi she’rlarni yoddan bilaman. Leninning bolalik hayotidan insholar yozganman. Lenin asarlaridan diplom ishi yoklaganman. Men Lenin siymosini ko‘ksimda olib yuraman!
Madiev shunday deya, kafti bilan yoqa siladi. Yoqasida Lenin rasmi bor dumaloq znachok bo‘ldi.
—   Ko‘rdim, ko‘rdim, — dedi raykom Esonov. — Ko‘kragingizdagi rasm, o‘rtoq Leninni yosh vaqti bo‘lsa kerak?
—   Ha, dohiymiz Lenin hamisha yosh! — dedi Madiev. — Lenin hamisha navqiron! Lenin tiriklar ichra: tirik! Lenin hamisha biz bilan!
—   O’rtoq Lenin haqida she’r yozganmisiz?
— Yeshlik qildim, tajribam yetmadi, — dedi Madiev. — Lenin haqida albatta she’r yozaman!
Raykom Esonov partiyaviy-tashkiliy ishlar bo‘lim mudirini chaqirdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:42:04

«O’zingdan baland amaldor nima desa — ana shuni bajar. So‘zsiz bajar. Ahmoqona bo‘lsa-da, bajar. Ablahona bo‘lsa-da, bajar. Ko‘r-ko‘rona bajar. Ana shunda — o‘sasan!
O’zingdan baland amaldordan... qo‘rqib yasha. O’zing-dan katta amaldor.. yetti pushtingni haqorat etib so‘ksa, sen... kechirim so‘ra!
«Hammamiz uchun hurmatli va aziz» qo‘shimchasi bilan ataluvchi amaldorni... Munkar-nakir deb bil! «Muhtaram zot», «ulug‘ zot» «vich-vich» qo‘shimchalari bilan ataluvchi amaldordan qo‘rq. Qo‘rqmasang-da, o‘zingni qo‘rqqanga ol. Boisi, amaldor zoti... hayiqib turuvchi odamni yoqtiradi. Amaldor zoti qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turuvchi odamni yaxshi ko‘radi.
Bir qudratli amaldor... otalig‘ida bo‘l. Ana shu amal-dorga qo‘l ber. Ana shu amaldorni pirim — shefim, deb bil. Ana shunda — ko‘tarilasan!»
Botir firqa kommunist bo‘libdiki — ana shu hayot mantiqlarini shior etib oldi. Ana shu hayot mantiqlariga amal etib yashadi.
Oqibat — huzur-halovat ko‘rdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Dekabr 2006, 07:42:12

Botir firqani tag‘in nimalar kutardi?
Qo‘rquv! Kimdandir qo‘rquv, nimadandir qo‘rquv: gap tegib qolmasa edi. Shov-shuv bo‘lib ketmasa edi. Xo‘jayin bilib qolmasa edi. Reviziya kelib qolmasa edi. Oxiri voy bo‘lmasa edi...
Botir firqani tag‘in nimalar odam qildi? Hujjatlar! Partiyaviy-siyosiy hujjatlar. Huquqiy hujjatlar. Moliyaviy hujjatlar...
Botir firqa... tirik insonga ishonmadi. Botir firqa... qog‘oz-hujjatga ishondi. Botir firqa... yuz-xotirga ishonmadi, qasam-lafzga ishonmadi. Botir firqa... qog‘oz-hujjatga ishonib yashadi.
Oqibat — Botir firqa qog‘oz-hujjatlardan... tayanch-sadoqat ko‘rdi!
Ana shunday bir muhtaram zot telefon etib qoldi. Yotar vaqti... yotar vaqti partiyaviy topshiriq berib qoldi.
Oqshom vaqti To‘raqulov vafot etib edi. To‘raqulov sobiq raykom sekretari edi. Marhum ertaga dafn etilar edi.
Partiyaviy topshiriq ana shu haqda bo‘ldi.
Botir firqa yotolmadi. Yotish uchun yurak betlamadi. Uyqusi yo‘qoldi.
Partiyaviy topshiriqni bajarish uchun shaylandi. Mashina buyurdi.
To‘raqulovni xonadoniga yo‘l oldi.

Qayd etilgan