Abdulla Qodiriy nomli Davlat mukofoti laureati, O’zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning «Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» romani XX asr o‘zbek ziyolilarining ko‘rgiliklari, dard-alamlari, fojialari haqidadir.
BU DUNYODA O'LIB BO'LMAYDI
Tagi ko‘rmaganga gilam bitmasin. .
Qodir qulni chevarasi, Xolmat malayni nevarasi, Eson xizmatkorni bolasi Botir qo‘shchi tumandan aynib keldi.
Qo‘shchi kalondimog‘-kalondimog‘ qadam bosdi. Kibor-kibor quloch otdi. Kerma qosh-kerma qosh boqdi.
Kolxoz idorasi qoshida oyoq ildi. Idora tomiga serdimoq nazar soldi. Gap yo‘q, so‘z yo‘q — narvondan tomladi.
Tomda qo‘llarini ketiga qo‘ydi. Tom bosh-adog‘ilab qadamladi. Vazmin-vazmin qadamladi. Olislarga dono-dono boqib qadamladi.
Birdan qoziqday qoqilib qoldi. Misoli haykal bo‘lib qoldi. Yerga shahodat barmoq o‘ynatdi. Lik-lik o‘ynatdi. Qorovulni imladi.
Qorovul hadaha-hadaha keldi. Narvon poyida hayrona-hayrona turdi. Qoshi uzra kaft soyabon eta-eta mo‘ltaydi.
— Chaqirganday bo‘ldingizmi? — dedi. Qo‘shchi hokimona-hokimona siyosat etdi.
— Xalq yig‘ilsin! — dedi. — Xalqni yig‘ing! Qo‘shchi qo‘llari ketida tag‘in qadam oldi. Mag‘ribga
boqib qadam oldi. Mashriqqa boqib qadam oldi. Qorovul gapni kulgi-mutoyibaga yo‘ydi.
— Ha, xalq keladi! — dedi. — Tayinlab qo‘yib edim, xalq halizamat kelib qoladi!
— Xalq yig‘ilsin, dedimmi, yig‘ilsin!
Qorovul hayrondan-hayron bo‘ldi. Turib-turib... g‘ashi keldi.
«O’zing bir qo‘shchi bo‘lsang, — demoqchi bo‘ldi. — Senga kim qo‘yibdi idorani tomiga chiqishga?»
Yana-tag‘in, shaytonga hay berdi.
— Xalqni nima qilasiz? — dedi. — Mana men xalq, o‘zimga ayta bering!
— Yo‘q, xalq yig‘ilsin!