Ona o‘ng gapirmadi — chap gapirdi:
— O’chir, bozori kasod! O’chir, zog‘ora non!
Ona endi bolasini quloq-chakkasi aralash qo‘yib-qo‘yib oldi.
Nihoyat, tayoq o‘tdi. Bolasi jonholatda turdi. Jonholatda onasi yelkasiga osildi. Bo‘ynidan quchoqlab oldi.
Ona ro‘moli uchiga tutiklik bir nimani qo‘ltig‘iga oldi. Tugunni ehtiyotlab-ehtiyotlab qo‘ltiqladi. Yo pirim, deya, joyidan qo‘zg‘oldi. Oeqlayotib, qalqib-qalqib oldi. O’zini o‘nglab oldi. Bir-ikki qadam bosdi.
Ona yelkasida bola, yo‘l oldi. Ona qo‘ltig‘ida tugun, yo‘l oldi.
Bola onasi boshini opichlab bordi. Ovoz berib, yig‘lay, dedi. Onasidan qo‘rqdi. Onasi oyoqlarini chimchilab olishidan qo‘rqdi. Bola bor-yo‘g‘i ing-ing etib bordi.
Baribir, ona ko‘ksida shalvirab borajak bolasi oyoqlaridan o‘yib-o‘yib oldi.
Ona o‘ng gapirmadi — chap gapirdi:
— O’chir, bozori kasod! Sidirg‘a o‘tir, bozori kasod, sidirg‘a o‘tir!
Bola ingillamay qoldi.