Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149080 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 B


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:16:17

Tag‘in darvoza tarafga qaradi. Kampiridan hamon darak bo‘lmadi.
— O’zim kiyinaman, kampirni qarab o‘tiramanmi.
Shunday deya shifonerni ochdi. Kiyim-boshini ko‘zdan kechirdi. Bo‘qoqlik shimni oldi. Ukraincha ko‘ylakni oldi.
Ana shunda... kampiri yo‘qligi bilindi. O’ta bilindi.
Botir firqa ukraincha ko‘ylakni... kostyum deb o‘yladi! Ukraincha ko‘ylakni jimjimador gullarini... kostyum yoqasi deb o‘yladi!
Shifonerda osig‘lik kostyumlarni ushladi-ushladi — orden-medali bor qora kostyumni sug‘urib oldi. Cho‘ntagidan partbiletni topdi. Silab-silab, ukraincha ko‘ylakni ko‘krak cho‘ntagiga soldi.
U orden-medallariga tikilib qoldi.
«Besh-oltita oqsoqol deyapti. Demak, tanlab-tanlab taklif etibdi, — deya o‘yladi. — Unday kazo-kazolar oddiga bor topgan-tutganni taqib borib bo‘lmaydi. Tanlab-tanlab taqib borish kerak».
Ana shunda... kampiri yo‘qligi tag‘indan-tag‘in bilindi!
U ukraincha, ko‘ylakni hamon... kostyum deya o‘yladi. Hamon... kostyum kiyayapman, deya o‘yladi.
Botir firqa ukraincha ko‘ylakka... orden taqib boshladi!
«Bir... ikki... uch. Manovni-da ko‘ngli qolmasin».
Taqir boshiga poxol shlyapa qo‘ndirdi. Ko‘zoynak taqdi.
U o‘zini oynaga soldi. Dimog‘ ham g‘urur bilan tomoq qirdi.
Eshik-darvozalarni qulfladi. Hokimiyat sari yo‘l oldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:19:43

74


Botir firqa qo‘llari ketida qadamladi. Ohista qadamladi. Tantanali qadamladi.
Beton ko‘priqdan o‘tdi. Pastlab endi. Oyoq tirab-tirab endi. Oyoq ilib-ilib endi. Nafas rostlab-rostlab endi.
Hokimiyat binosi oldida qatorlanmish mashinalarni qoralab keldi. Mashinalarga suyanib turmish shofyorlar bilan salom-alik etdi.
Shofyorlar Botir firqani bosh-adoq qaradi. Ukraincha ko‘ylakdagi... ordenlarga qaradi.
Bir shofyor og‘zini ushlab kulimsidi. Bir shofyor betini burchakka burib kulimsidi. Bir shofyor chappa burilib... chuchkirdi.
Bahonatalab shofyorlar chuchkurikdan... yayrab kuldi.
—    Iya, salomat bo‘lsinlar, salomat bo‘lsinlar! — deya kuldi.
Botir firqa-da... qo‘shilib kuldi! Bosh irg‘ab-irg‘ab kuldi.
—    Biz-da shu tilakka yormiz! — deya kuldi.
Ko‘zidan ko‘zoynakni oldi. Ro‘molcha bilan artdi.
Hokimiyat bog‘iga qaradi. E’tibor bilan qaradi. Sinchkovlik bilan qaradi.
Bog‘... yo‘q bo‘ldi. Kuyuq-quyuq bog‘ yo‘q bo‘ldi. Yam-yashil bog‘ yo‘q bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:19:58

Har-har yerda kundalar yumalab yotdi. Shoxlar to‘da bo‘lib yotdi. Tuproqlar uyum bo‘lib yotdi.
Arralar qirr-qirr borib keldi. Boltalar tars-tars yordi. Shoxlar qars-qars sindi.
Bog‘ markazida bitta chinor omon qolmish bo‘ldi. Uyam bo‘lsa, bir yonbosh qiyshayib yotmish bo‘ldi.
Chinor tevaragida odam mo‘l bo‘ldi. Sariq-sariq ust-boshlaridan — quruvchilar bo‘ldi.
Bir quruvchi chinor shoxiga arqon boylab tortdi. Birovi chinor shoxi ayrisiga arqon tashlab osildi. Birovi chinor tomirini boltaladi.
—    Chinorni beliga tross solib, anavi samosval bilan tortish kerak, — dedi Botir firqa.
—    Trossi yo‘q ekan-da kambag‘allarni, — dedi bir shofyor.
Botir firqa boshidan shlyapasini olib silkitdi: xayr, ishorasini berdi.
—    Yo‘l bo‘lsin, otaxon? — dedi bir shofyor.
—    Mana shu bog‘ hasharga taklif qilib edilar, — dedi.
—    Ha-a, rasmiy qismi o‘tib bo‘ldi, otaxon.
—    Iya-iya! — dedi Botir firqa.
—    Lekin sizni ko‘p qaradilar.
—    Hamma bo‘ldi, faqat siz bo‘lmadingiz.
—    Iya-iya, shunaqa deng?

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:21:08

Botir firqa bir kelgan yo‘liga qaradi. Bir shofyorlarga qaradi. Bir oyoqlari ostiga qaradi.
«Chin-da, bitta meni kutib o‘tiradimi? — dedi. — Endi, qaytib ketaversammikin?»
—    Otaxon, ozib-yozib kelibsiz, — dedi bir shofyor. — Endi bir borib, quruvchilarga hormang-bor bo‘ling etib keling.
—    Shunday deng, ammo-lekin shunday deng?
Botir firqa yo‘lida davom etdi. Hokimiyat oldi yo‘laqdan yurdi. Yo‘lakdan boqqa bordi.
Bog‘ aylanasi arg‘amchi ip bilan o‘ralmish bo‘ldi. Arg‘amchini har-har yerida qizil bayroqchalar ilig‘lik bo‘ldi. Ogoh etuvchi yozmalar ilig‘lik bo‘ldi.
Botir firqa arg‘amchi ostidan o‘tmoqchi bo‘ddi. Bir o‘ngiga qaradi, bir chapiga qaradi. Bir qo‘li bilan shlyapasini boshiga bosdi. Bir qo‘li bilan arg‘amchini ko‘tardi. Arg‘amchi ostiga egildi.
—    Hay-hay! — deya ovoz keldi.
Botir firqa qaddini ko‘tarib qaradi.
Sariq kiyimlik kishi shahodat barmog‘i bilan yandi. Arg‘amchida ilig‘lik yozmaga ishora etdi.
Botir firqa boshidan shlyapasini olib, kishiga qarata silkitdi: uzr-uzr, demish bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:21:42

Shlyapasini boshiga qo‘ndirib, arg‘amchi-devor yoqalab yurdi. Shahodat barmog‘ini boshi uzra nish etdi.
—    Chin, texnika xavfsizligi! — dedi. — O’rtoq
Esonov, texnika xavfsizligi!
Arg‘amchi-devor yoqalashda davom etdi. Bog‘ni chap tarafiga keldi. Oyoqlari toldi. Yo‘l bo‘yi skameykaga cho‘kdi. Shlyapasini tizzasiga qo‘ydi. Chuqur nafas oldi. Taqir boshini ro‘molcha bilan artdi. Hokimiyat maydoniga tikildi: xuddi o‘zini boshiday tep-tekis maydon. O’zini boshiday tap-taqir maydon.
«Sovet davrida har shaharni o‘z Lenini bo‘lar edi. O’rtoq Lenin shahar bosh maydonida tikka turar edi, — dedi Botir firqa. — Bizni Lenin mana shu maydonda tikka turar edi. O’rtoq Lenin qo‘lini mana bunday uzatib, yo‘l ko‘rsatib turar edi. XX asr o‘zbek xalqi dohiysi Sharof Rashidov bayramlarda kelar edi. Otalarcha quchoq ochib turar edi. Endi o‘rtoq Lenin yo‘q. Endi o‘rtoq Rashidov yo‘q...»
Shu vaqt bir nima qars etdi.
Botir firqa sapchib oyoqladi. O’pkasini qo‘ltiqpadi. Voh-voh etdi. Ichiga tuf-tuf etdi. Tevarakka alangladi. Birov miltiq otdi-yov, deya o‘yladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:21:59

Yo‘q, bog‘da... bog‘da so‘nggi chinor quladi!
Birdan motorlar o‘chdi. Quruvchilar ovozi tindi. Ola-tasir bosildi.
Botir firqa uyoqqa alangladi, buyoqqa alangladi. Soatiga qaradi: ish vaqti tamom bo‘ldi.
Shlyapani boshga qo‘ndirdi. Shimi ketini qoqdi. Shimini tortdi. Ukraincha ko‘ylak yoqani tuzatdi. Bog‘ sari yurdi.
Bu safar arg‘amchi-devor oldida egilib o‘tirmadi. Arg‘amchini shunday ko‘tarib, ichkari kirdi.
Shoxchalarni qisir-qisir bosib bordi. Shoxlardan hatlab-hatlab bordi. Yaproqlarni ezib-ezib bordi.
So‘nggi... so‘nggi chinor oldida oyoq ildi.
Bir uy ichi joy o‘ra bo‘lib yotdi. O’ra odam bo‘yi chuqur bo‘ldi. O’ra girdi uyum-uyum tuproq bo‘ddi. Ura ichi patila-patila tomir bo‘ldi. Barmoqday tomir bo‘ldi. Bilaqday tomir bo‘ldi. Odamni soniday tomir bo‘ldi. O’qtomiri... odamni beliday bo‘ldi!
Chinorni o‘zi... o‘ra yonboshida suyanib yotdi. Haybatli shoxlari ellik qadam olislarda tarvaqaylab yotdi...

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:23:07

Botir firqa entiqdi. Botir firqa qizidi. Botir firqa lov-lov etdi.
Qo‘llari qalt-qalt etdi. Yuzlari dir-dir etdi. Ko‘zlari pir-pir uchdi. Ko‘z oldi tuman bo‘ldi. Ko‘z oldi zim-ziyo bo‘ldi.
Oyoq oldi bir kundaga... shilq tushdi.
Birdan... olam yorug‘ bo‘ldi. Dunyo tiniq bo‘ldi. Hayot tirildi.
Botir firqaga... dunyoni endi ko‘rmish odam misol o‘raga mo‘ltaydi. Uykudan endi uyg‘onmish odam misol chinorga mo‘ltaydi. Munis-munis mo‘ltaydi.
Mo‘ltaydi-mo‘ltaydi... ho‘ngrab yig‘ladi. Ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi. Notavon-notavon yig‘ladi. Xokisor-xokisor yig‘ladi.
Yonoqlaridan dardlari duv-duv to‘kildi.
Favqulodda kulimsidi! Totli-totli kulimsidi. Endi... kulimsib-kulimsib yig‘ladi.
— Kampir, bizni bog‘larimiz... xalqaro yo‘l bo‘lar emish, — dedi. — Bizni bog‘larimiz... Buyuk ipak yo‘li bo‘lar emish. Biz endi Buyuk ipak yo‘lidan yuramiz.
Botir firqa kundadan qo‘zg‘oldi. Oyoqqa qalqdi.
Shunda, o‘ra labidan tuproq ko‘chdi. Ko‘char tuproq Botir firqani oyoqlari oldida bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:23:25

Shu bois, Botir firqa muvozanatni boy berdi. Qulochlari yoyildi. Ketiga chalqaydi. Shasht bilan o‘zini o‘nglab oldi.
Ordenlari jarang-jurung etdi. Nimadir bir nima... lip etib yerga tushdi. Ko‘char tuproq bilan o‘ra ostiga siljib ketdi.
Botir firqa enkayib qaradi. Sinchiklab qaradi. Nima ekan — bilolmadi. Boisi, o‘ra chuqur bo‘ldi, tuproq qora bo‘ldi. Botir firqa ordenlarini qaradi. Ordenlarini ushlab-ushlab sanadi. Ordenlar... tugal bo‘ldi!
Ko‘krak cho‘ntakni paypasladi. Ana shunda angladi.
Partbileti... partbileti o‘raga tushib ketibdi! Kommunistik partiya bileti o‘rada yotibdi! O’rtoq Lenin siymosi tuproqda qorishib yotibdi!
Botir firqa suvga kalla qilajak cho‘miluvchi misol quloch yoydi. Qulochini bitta jamladi. Boshi baravar etdi. O’raga nish etdi. O’raga bosh egdi.
O’ra chuqur bo‘ldi, o‘ra qaltis bo‘ldi.
Qaltisdan-qaltis joyi — o‘raga tashlovchi... qari bo‘ldi! To‘qsonlarni qoralab qolgan munis chol bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:23:39

Shu bois, qariya shaytonga hay berdi. Qariya shashtidan qaytdi.
Ammo qariya ahdidan qaytmadi. O’ra labiga kaftlarini qo‘ydi. Oldin o‘ng oyog‘ini o‘raga soldi. Keyin chap oyog‘ini o‘raga soldi. Qariya o‘raga tushib boshladi.
Shunda, oyog‘i osti tuproq ko‘chdi. Ko‘chki ohista endi. Uyam ko‘chki bilan endi. Ko‘z ochib yumguncha o‘ra ostida bo‘ldi.
Botir firqa qaddini qomatladi. Kaftini kaftiga urib qoqdi. Ordenlarini ushlab-ushlab ko‘rdi. Sokin tin oldi.
Tevarak-boshga qaradi. Enkayib qaradi. Tomirlar orasini mo‘ralab qaradi: partbilet ko‘rinmadi.
«Yo men tushib kelgunimcha sichqon tortib ketdimikin? — dedi. — Endi qazilgan o‘rada sichqon nima qiladi?»
Botir firqa serrayib turdi. Endi, o‘zi enib kelmish tuproqni kovladi. Partbilet ana shu ko‘chki ostida bo‘ldi!
Botir firqa partbiletni qo‘shqo‘llab ushladi. Puflab-puflab tozaladi. Ko‘zlari oldiga olib keldi. Misoli olis ayriliqdan keyin tikildi. Sog‘inch-sog‘inch bilan tikildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Dekabr 2006, 01:23:51

«Bu partbilet meni o‘qitdi, xat-savodli etdi, — dedi. — Shu partbilet tufayli o‘sib-undim, katta martabalarda ishladim. Yeganim oldimda bo‘ldi, yemaganim ketimda bo‘ldi. Mana, qarilik pensiyasi olib yotibman. Bir so‘z bilan aytsak, ushbu partbilet men uchun non-nasiba bo‘ldi. Ushbu partbilet rizq-ro‘zim bo‘ldi».   
Botir firqa partbiletni tag‘in pufladi. Silab-siypadi. Ehtiyot uchun galife shim kissasiga soldi. Endi, oshkora aytdi:
— O’rtoq Yeltsin shunday bir tabarruk partbiletni tashladi, — dedi. — Yana-tag‘in, Kreml saroyida tashladi. Ming qilsa-da, o‘rtoq Yeltsin... nasroniy-da, nasroniy, o‘rtoq Yeltsin nasroniyligiga bordi. Xudoga shukur, men musulmonman, musulmon. Men musulmon farzandi... meni boqqan partbiletni tashlamayman. Men musulmon farzandi, partbiletni tashlab... nonko‘r bo‘lmayman!
Botir firqa yuzaga chiqish yo‘lini o‘yladi. Tushib kelmish yo‘lidan... to‘rt oyoq bo‘lib o‘rmaladi. O’ra beligacha yuqorilab bordi. O’ra belidan tuproq bilan qaytib tushdi.

Qayd etilgan