«Bu partbilet meni o‘qitdi, xat-savodli etdi, — dedi. — Shu partbilet tufayli o‘sib-undim, katta martabalarda ishladim. Yeganim oldimda bo‘ldi, yemaganim ketimda bo‘ldi. Mana, qarilik pensiyasi olib yotibman. Bir so‘z bilan aytsak, ushbu partbilet men uchun non-nasiba bo‘ldi. Ushbu partbilet rizq-ro‘zim bo‘ldi».
Botir firqa partbiletni tag‘in pufladi. Silab-siypadi. Ehtiyot uchun galife shim kissasiga soldi. Endi, oshkora aytdi:
— O’rtoq Yeltsin shunday bir tabarruk partbiletni tashladi, — dedi. — Yana-tag‘in, Kreml saroyida tashladi. Ming qilsa-da, o‘rtoq Yeltsin... nasroniy-da, nasroniy, o‘rtoq Yeltsin nasroniyligiga bordi. Xudoga shukur, men musulmonman, musulmon. Men musulmon farzandi... meni boqqan partbiletni tashlamayman. Men musulmon farzandi, partbiletni tashlab... nonko‘r bo‘lmayman!
Botir firqa yuzaga chiqish yo‘lini o‘yladi. Tushib kelmish yo‘lidan... to‘rt oyoq bo‘lib o‘rmaladi. O’ra beligacha yuqorilab bordi. O’ra belidan tuproq bilan qaytib tushdi.