Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119218 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 25 B


shoir  25 Noyabr 2007, 19:55:39

— Ay, hamsoya, esim qursin, xiyol bo‘lmasa esimdan chiqayin, debdi, — dedi. — Xoldon momonikiga sumalakka boring. Ayollar sizni kayvoni bo‘lsin deyapti, vaqtliroq boring.
Oymomo onamiz ich-ichidan suyundi. Boisi sumalak qo‘yuvchi-da, sumalakka kayvonilik qiluvchi-da, g‘oyat pokiza ayol bo‘lmog‘i lozim bo‘ladi.
«Meni lozim ko‘ribdilarmi... menginani lozim ko‘ribdilarmi, — demak el nazarida farishtali ayol bo‘libman-da? — deya xayollandi onamz. — Shukur, Yaratganning o‘ziga shukur, ishqilib, el savobini olar bo‘libman...».
Oymomo onamiz sumalak kayfiyatida eshik-orani supurdi. Sumalak zavqida tirikchiligini qildi.
Qoplon otamiz daladan kelib, sumalak daragini eshitdi.
Ha-a, binoyi, — dedi , — menga-da sumalak olib kelasanmi?
— Bu kishiga olib kelmay, kimga olib kelaman, — dedi onamiz.
Oymomo onamiz ro‘molga bir misqol bug‘doy tugdi.
Sumalakka yo‘l oldi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:57:04

2

Sumalak qayerda qo‘yildi?
Sumalak odam nazari tushmovchi joyda qo‘yidi.
Zaxdan-zaxe joyda qo‘yildi.
Nur-ziyosiz, shomol-havosiz joyda qo‘yildi.
Qurt-qumursqasiz, kalamush-sichqonsiz joyda qo‘yildi.
Erto‘la ana shunday joy bo‘ldi!
To‘rt-besh misqol bug‘doy namlab-namlab yoyildi.
Bir haftalarda bug‘doy ko‘m-ko‘k maysa bo‘lib undi. Ko‘m-ko‘k maysa bo‘lib o‘sdi.
Maysalar bir-biri bilan ayqashib-ayqashib qoldi. Bir-biri bilan zichlashib-zichlashib qoldi.
Maysalar betiga doka yopib-yopib qo‘yildi.
Vaqti-vaqti bilan doka olib-olib turildi.
Maysalarga suv sepib-sepib turildi.
Maysalarga oftob nuri tushirib-tushirib turildi...
Sumalak maysa Navro‘z ramzi bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:57:40

3

Xoldon momo ana shu maysalarni keliga soldi.
Oymomo onamiz maysalarni kelida tuydi. Ko‘p-ko‘p tuydi, xo‘p-xo‘p tuydi.
Maysalar shira bo‘ldi. Maysalar shira berdi.
Oymomo onamiz maysalar bermish shiralarni suvli toboqlarga soldi.
Shira suvda asta-asta eridi. Suv bilan aralashdi.
Oymomo onamiz shirali suvni sumalak qozonga soldi.
Ayollar sumalaklab kela berdi.
Yettita ayol bo‘ldi, toqlik bo‘ldi.
Juftlik bo‘lsa ma’qul bo‘ladi.
Ayollar tag‘in kimni taklif etishni maslahatlashdi. Gap aylandi-aylandi, oxiri, Munavvar otli ayolga borib taqaldi.
— Beti qursin, betidan buzilsin!
Bu gapni Xoldon momo aytdi.
Ayollar birdan sergak bo‘ldi. Bir-biriga qaradi. O‘zgacha qaradi, ilmoqli qaradi. Birin-ketin bosh irg‘adi.
— Aytganingiz kelsin! — dedi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:57:52

Boisi, elda Munavvar suyug‘oyoq ayol, demish gap oralab yurdi...
Sumalak ana shunday ulug‘ ham e’tiqodga molik taom bo‘ldi!
Ayollar olib kelmish unlarini sumalak qozonga soldi.
Keyin, sumalak qozon girdida davra qurdi. Gurung berib-gurung olib o‘tirdi.
Onasiga ergashib kelmish bolalar uy tevaragida chopishib o‘ynadi. Bir-biri bilan aytishib o‘ynadi, janjallashib o‘ynadi.
Janjalga onalari aralashdi. O‘zaro sen-menga bordi.
«Men bo‘lsam, aralashmasdim, — xayollandi onamiz. — Bola degani bir begunoh banda-da. Bugun urishadi, ertaga yarashadi».
Oymomo onamiz do‘lanaday-do‘lanaday kelmish yettita toshni yuvib-chaydi. Qozonda qaynamish sumalakka soldi.     

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:58:08

4

Emishki, foniy olamda bir onaizor bo‘libdi. Onaizor o‘z oti o‘zi bilan zor ona bo‘libdi. Bechoradan bechora bo‘libdi. G‘aribdan-g‘arib bo‘libdi.
Xudoyim xudovando onaizor rizq-ro‘zini bermabdi-da, nasibasini bermabdi-da!
Ammo xudoyim xudovando onaizor pushtini beribdi! Onaizor qo‘sha-qo‘sha farzandli bo‘libdi! Farzandlari bir etak bo‘libdi!
Bir oqshom bolalari qo‘llarini cho‘zib:
— Xo‘rak, ena, xo‘rak! — deya zorlanibdi.
Onaizor yenglarini turibdi.
— Bolalarimga mazali taom qilib berayin, — debdi.
O‘choqqa o‘t yoqibdi. Qozon osibdi.
O‘t yona beribdi, qozon qiziy beribdi.
Shunda, onaizor qozonga nima solishni bilmabdi. Uy-ichini qarabdi. Tevarak-boshni qarabdi. Qozon qaynatish uchun biron-bir nima topolmabdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:58:36

Norasidalari bo‘lsa, xo‘rak, deya zorlanishini qo‘ymabdi. Xo‘rak deya yig‘lay berib-yig‘lay berib, uxlab qolibdi.
Onaizor och-nahor uxlab yotmish go‘daklariga termulib o‘tiribdi. O‘tirib-o‘tirib, ko‘ngli buzilibdi. O‘z taqdiridan kuyibdi.
— Yo‘qchiligi qursin-a, yo‘qchiligi-ya! — deya qon-qon yig‘labdi.
Go‘daklar azonda uyqudan turadi. Ochdan-och bo‘ladi. tag‘in taom, deydi. Xo‘rak, deya yig‘laydi...
Onaizor ana shu qayg‘uda timirskilanib yuribdi-yuribdi. Qozon qaynatish uchun tag‘in biron nima topolmabdi.
Shunda, mayda-mayda toshlarga ko‘zi tushibdi. Shu toshlardan yettitasini sanab olibdi. Toboqda yuvib-yuvib tozalabdi. Toboqdan qozonga solibdi.
Onaizor nahorda qozon qopg‘og‘ini olib qarasa, qozon to‘la taom bo‘libdi!
Taom oti — sumalak bo‘libdi!
Shu-shu, sumalak Navro‘z taomi bo‘lib qolibdi!

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:58:49

5

Shunday qilib, toshlar sumalak bo‘lib qaynay berdi.
Tun og‘di.
Gurunglar-da ado bo‘ldi.
Bir ayol urchuq yigirdi, bir ayol paxta chigitladi.
Shunda-da, sumalak tonglari otmadi!
Shunda, Xoldon momo aytdi:
— Kelinglar, topishmoq aytamiz, — dedi.
— Xo‘p binoyi gap, — ma’qulladi ayollar.
— O‘zimizning gurungma-gurung yuradigan topishmoqlardan aytamiz.
El og‘zida yurmish topishmoqlardan aytish boshlandi.
Aytishuvni Xoldon momo boshlab berdi.
— Men aytsam, uzun-uzun o‘z ketdi, uzun bo‘ylik qiz ketdi — qasavasi qarsillab, manglayi yerga tarsillab. Bu nima?
— O‘rmak.
— Kichkina qozonning oshi shirin.
— Yong‘oq.
— Bukri momom buk etdi, yugurib uyiga kirib ketdi.
— Sichqon.
— Anavi tog‘dan qaragan, manavi tog‘dan qaragan, o‘zimga yarashar deb, balxi ro‘mol o‘ragan.
— Buzoqboshi.
— Aka-uka bir yashaydi, bir-birini ko‘rmaydi.
— Ko‘z.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:59:00

Ayollar tinimsiz o‘t yoqib turdi, tinimsiz o‘t kovlab turdi.
Boisi, o‘t hovuri xiyol pasaysa... sumalak ayniydi!
Sumalak ana shunday nozikta’b taom bo‘ldi!
— Chin qushim, chinni qushim, chin tepaga chiqdi qushim, og‘zidan bol uzatib, xalqqa salom berdi qushim.
— Samovar.
— Tog‘ni talaydi.
— Bolta.
— It emas, irillamas, odam emas, uyga qo‘ymas.
— Qulf.
— Yilting-yilting chirog‘im, yiltillaydi chirog‘im, gavhardan ko‘p qadri, qadrdonim chirog‘im.
— Ko‘z.
— Uydamisan, marjon, eshikdamisan, marjon, oyoq-qo‘ling ko‘rinmas, qulfdamisan, marjon.
— O‘tov uyi og‘ichi.
— Tuzi yo‘q oshni ko‘rdim.
Bari ayol o‘yda qoldi! Birov, u dedi, birov, bu dedi. Birov-da topolmadi!
Shunda, ushbu topishmoqni aytmish Oymomo onamiz huzurlanib-huzurlanib kuldi. Tizzasiga urib-urib kuldi. Ketiga chalqayib-chalqayib kuldi. Kula kula, qo‘li bilan sumalakni ko‘rsatdi.
Tuzi yo‘q osh — sumalak bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:59:13

6

Sumalak tonglari olis-olis bo‘ldi.
Ayollarni uyqu elitdi.
Uyqu Oymomo onamizni-da olib-olib ketdi. Ammo onamiz mijja qoqmadi. Kayvoni ayol bo‘lib, sumalak boqib o‘tirdi.
Oymomo onamiz sumalak boqib-boqib, sumalak tonglarni oqladi!
Oymomo onamiz cho‘mich bilan yog‘och toboqlarga sumalak suzdi.
Ayollar uyma-uy yurib, sumalak tarqatdi.
Katta-yu kichik — barcha-barcha sumalak yaladi!
Emishki, insonda ming bir ikki dard bo‘ladi. Sumalakdan bir yalamish inson tanasi qirq xil darddan forig‘ bo‘ladi!

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:59:25

7

Oymomo onamiz bir cho‘mich sumalak oldi. Uyiga ravona bo‘ldi.
Shahodat barmog‘i bilan Qoplon otamizga sumalak yalatdi.
Oymomo onamiz jisman-da dadil bo‘ldi, ruhanda dadil bo‘ldi.
Umidlari uchqunlandi!
«Sumalak tonglarida mijjamni-da qoqmadim! — o‘zidan minnatdor bo‘ldi onamiz. — Gunohlarim bor bo‘lsa, ana shu gunohlarimdan forig‘ bo‘ldim. Gunohlarim yo‘q bo‘lsa, unda, tag‘in-da pokiza bo‘ldim. Bir dunyo savobga qoldim. Ana endi umidlarim ushaladigan bo‘ldi...».

Qayd etilgan