Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119159 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 25 B


shoir  25 Noyabr 2007, 20:00:40

8

Oymomo onamiz odaticha tong saharlab turdi.
Tirikchiligini qildi.
Uy derazalarini ochdi. Eshik-orani supurdi.
Darvoza zanjirini tushirdi. Ityaloqqa ovqat quydi. Katak og‘zidagi toshni oldi. Mollarga qaradi. Sigir sog‘di.
Sutni dokadan suzib oldi. Keyin, toboqqa quydi. Chumolidan hadiksirab, simhalinchakka osdi.
Brigadir ko‘chadan ovoz berib-ovoz berib o‘tdi.
Onamiz choy damladi. Dasturxon burchiga bostirdi.
Qoplon otamiz-da uyg‘ondi.
— Brigadir bozor kuniga bog‘ga aytib ketdi, — dedi onamiz.
— Ha-a. Qayerga borish kerak ekan?
— Achchiq zardolizorga.
— Xo‘p xushxabar aytding. Suyunchi bersammikin...
— Xushxabar quridi, shu qoldimi. Qo‘lning sho‘ri.
— Xina qo‘y.
Onamiz yuzlari yorishdi.
— Yaxshi aytdi, chin aytdi, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:02:11

Choy-ta’tildan keyin onamiz omborxonadan bir siqim quruq xina olib keldi. Suvga botirib ivitdi. Keyin, yog‘och keliga soldi. Qayroqtosh bilan maydalab tuydi.
Oymomo onamiz kechasi yotish oldidan otamiz kaftlariga xina qo‘ydi. Kaftlarini yumdi. Girdini tugilmish tok barglari bilan yopdi. Barg ustidan gardi ro‘mol bilan o‘rab bog‘ladi.
Qoplon otamiz ertalab qo‘llarini ochib ko‘rdi.
Kaftlari qip-qizil xina bo‘ldi!
Xinalik kaftni ketmondasta urmaydi!
Onamiz galdagi kechada-da otamiz qo‘llariga xina qo‘yajak bo‘ldi.
Otamiz qo‘l siltadi.
— Hali, qoshimga-da o‘sma qo‘yarsan? Bor-e! — dedi.
Onamiz hiring-hiring kuldi.
— O‘z tani sog‘ligini o‘ylasin, xo‘p desin.
Onamiz, otamizni bemahalgachayin avradi. Oxiri ko‘ndirdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:02:34

9

Otamiz bilan onamiz ertalab bog‘ot otlandi.
Onamiz yo‘lda aytdi:
— O‘sh degich yerda bir tabib bor emish... — dedi.
— Vaqt qani, momosi. Ish bo‘lsa qaynayapti.
— Brigadirdan so‘rasin-da.
— Odamda bet bo‘lishi kerak-da momosi. Shuncha yuramiz, brigadir bir og‘iz og‘ir gapirmaydi.
— Yana tag‘in, mehnat kuni yozadi.
— Ha-a, otangga rahmat.
— Bormasak bo‘lmas, ko‘p zo‘r tabib deyishyapti.
— Unda, keyinroq boramiz. Bo‘lmasa, eldan uyat, momosi. El, ishga bir kelib, bir kelmay yurishimizni ko‘rsa, ishdan beli soviydi. Yana tag‘in, elning o‘g‘il-qizlari-da maktabdan keyin ishga keladi, momosi... Nasib bo‘lsa, Xushvaqt kelsin, o‘zimiz bilamiz, momosi...
— Nasib bo‘lsa, bovasi...

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:03:05

10

Brigadir aytmish achchiq zardolizor ostida otdan tushdilar.
Otamiz xurjunini zardoli shoxiga ildi. Belni yelkasiga qo‘ydi. Tokzor oralab yurdi. Dehqonlar qoralab yurdi.
— Hormanglar-ov! — dedi.
— Bor bo‘ling-ov! — dedi dehqonlar.
Otamiz bildi, xiyol hayalladi. Shu bois, hadahalab yurdi. Chetdan bir jo‘ya oldi. Apil-tapil ish boshladi.
Onamiz otamiz qabatida ishladi.
Dehqonlar oralab yurmish hisobchi ovozini qo‘yib aytdi:
— Kelardingiz-da, Qoplon aka! Tushdami, yo, ish oxiridami!
Oymomo onamiz uyaldi. Yuzlarini yashirdi.
— Yuzingizni yashirmang, Oymomo opa, men sizga aytyapman!
— Endi bo‘lmaydi-e... — ko‘r ovozda dedi otamiz.
Hisobchi otamiz bilan onamiz boshiga keldi. Qo‘llarini orqasiga qilib turdi.
— Va’dalaringizni qopga solib ortsa, ot ko‘tarolmaydi! Bo‘ldi-da, endi!
— Ayb bizda, hisobchi, ayb bizda!
— Nima, uyingizda yig‘lab qoladigan bolangiz bormidi?!
Qoplon otamiz tok tomiriga egilmish ko‘yi qoldi. Qaddini rostlashini-da bilmadi, rostlamasinida bilmadi. Tok tomirlarida g‘imirlamish sariq chumolilarga tikilib qoldi.
— Qaytanga bolalilar o‘z vaqtida kelayapti! Ana, Xumor, Sanamlar! Bari qo‘sha-qo‘sha bolalik ayollar!

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:03:26

Oymomo onamiz belni yerga qadadi. O‘ng bilagini beldasta uchiga qo‘ydi. Peshonasini bilagiga qo‘ydi. Yuzlarini bekitdi...
Qoplon otamiz onamiz holidan tag‘in-da ezildi, tag‘in-da kuydi. Qaddini rostlamay, yer ostidan hisobchiga qaradi. Bu qarash mana bunday dedi:
«Ay, musulmon, peshonangda ayolimiz turibdiki. Mayli, meni o‘ylama, shu poshikastani o‘ylab gapir...»
— Ko‘p o‘qraymang, Qoplon aka! Men sizga yomon gapirayotganim yo‘q! Men qonun bo‘yicha gapiryapman!
Qoplon otamiz ko‘zlari pir-pir etdi.
«Qonuning kallangni yesin, hisobchi, kallaginangni yesin...».
Qoplon otamiz hisobchidan ko‘zlarini oldi. Tok tomirlariga yuz burdi.
Shu vaqt, besh-olti jo‘ya narida ishlamish Hasan bobo ovoz berdi:
— Ay, hisobchi! — dedi. — Og‘zim bor deb karillay berasanmi, bo‘ldi-da!
— O‘zingiz o‘ylang-da, Hasan bova! — dedi hisobchi. — Anavi Sanam bilan Xumorning egiz bolasi bor, egiz! Shunday bo‘lsayam, o‘z vaqtida ishga keladi! Oymomo opaning anavi beldastadan boshqa nimasi bor?!
— Bolasi bormi-yo‘qmi, u, sen bilan bizning ishimiz emas, u, Yaratganing ishi, hisobchi!..
— Er-xotinning qornidan boshqa qayg‘usi yo‘q! Yana tag‘in, ishga kechikkani kechikkan!
— Bo‘ldi-e, ko‘p karillama-e!

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:03:41

— Bolalik bo‘lsayam mayli edi! Bolasini emizadi deymiz, bolasini allalaydi deymiz! Bular kimni emizadi, bular kimni allalaydi?! Er-xotin bir-birovini allalaydimi?! Er-xotin bir-birovini emizadimi?!
Qoplon otamiz qalqib ketdi! Yuztuban yiqilayin-yiqilayin, dedi!
Bovujud, beldastaga suyanib qoldi. Beldasta ushlamish barmoqlari qalt-qalt etdi.
Shahd bilan qaddini rostladi. Olislab ketmish hisobchi ketidan qaradi. Tish g‘ijirlatib-tish g‘ijirlatib qaradi.
Qoplon otamiz tok jo‘yani ishladi. Tok ostini aylana qilib kovladi. Tok belida unib chiqmish patak tomirlarni yulib tashladi. Qari toklarni kundakov qildi.
Oymomo onamiz tok pushtani ishladi. Novdalar uchini sug‘urdi. Novdalarni iloji boricha yuqori ko‘tardi.
Boisi, novdalar yerda tursa, oyoq tega beradi, kiyim o‘ngirlari ilasha beradi. Oqibat, novda pindiqlari uchib ketadi.
Hosil esa, ana shu pindiqlarda bo‘ladi!
Otamiz bilan onamiz g‘arq terga botdi.
Otamiz ko‘ylagi yelkalariga jiqqa yopishdi.
Onamiz entikib-entikib nafas oldi.
Kun qiyolab-qiyolab botdi.
Ishdan qaytar vaqt bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:04:01

Hisobchi dehqonlarga aytdi:
— Ertaga vaqtliroq kelinglar! Salqinda ish unadi! — dedi.
Jo‘na-jo‘na bo‘ldi.
Nurmat ko‘sa tevaragiga alang-jalang bo‘ldi.
— Ay, xaloyiq, mening belimni ko‘rmadilaringizmi? — dedi.
Dehqonlar ko‘saga qaradi. Gurillab kuldi.
— Nimaga tirjayasizlar, — dedi ko‘sa, — ko‘rgan bo‘lsalaringiz aytingizlar-da!
— Belingiz bozor ketdi! — deya xaxolab kuldi dehqonlar.
Bir dehqon qo‘li bilan ko‘saning yelkasini ko‘rsatdi.
Nurmat ko‘sa yelkasiga qarab, o‘zi-da xaxolab kulib yubordi. Boisi, ko‘sa belini yelkasiga qo‘yib, dastasidan ushlab turdi!
Dehqonlar shu qadar charchadi!

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:04:26

11

Kolxoz otamiz bilan onamizga pilla berdi.
Pillachi agronom bir kaft urug‘ olib keldi.
Urug‘lar yo‘ng‘ichqa guliday-guliday bo‘ldi. Joni yo‘q bo‘ldi.
Onamiz urug‘larni hovlidagi so‘riga yoydi.
Bir quti pilla ikki odamga og‘irlik qiladi.
Shu bois, otamiz brigadirdan tag‘in bir odam so‘radi.
Brigadir Qimmat momoni berdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:05:07

12

Qimmat momo darvozadan qora berdi. O‘zi gapirib-o‘zi qo‘yib kela berdi:
— Brigadir aytgandan kela berdim. O‘zimning ulpi-tomirlarim bilan ishlaydigan bo‘pman-da, dedim. Aylanayin bo‘laginamdan, o‘rgilayin bo‘laginamdan. Qani, bo‘laginam, xo‘p omonmisiz, xo‘p damlimisiz...
Qimmat momo onamiz bilan qo‘ltiq ostidan qo‘l uzatib ko‘rishdi.
— Bo‘lam-da, ming qilsayam bo‘lam-da, — dedi. — Yaxshi ko‘raman. O‘zimcha eslab yuraman. Xudo tirnoqdan qisgan bo‘lsayam, o‘zlarining tani- joni sog‘ bo‘lsin deyman. Inim qayoqda? Ha-a-a! Uyam ko‘zimga yaxshi ko‘rinadi. O‘zimniki-da, o‘zimniki.
Qimmat momo asta tizzasiga urdi. O‘zicha kuygan bo‘ldi:
— Uf-f-f, birkam dunyo ekan-da, — dedi. — Mana shu hovlida ikkovgina qorako‘z burni oqib yursa, kattalar pilla berarmidi! Kattalar bunday qarasa, keng bir hovlida ikkovgina er-xotin bor. Tirnoq zoti yo‘q... Shularga pilla beraylik, degan-da.
Oymomo onamiz yomon vaziyatda qoldi. Nima deyishini bilmadi. Yerga qaradi. Nima qilishini bilmadi. Cho‘p bilan yer chizdi.
Qimmat momo bir darvoza tarafga, bir uy tarafga alang-jalang bo‘ldi. Keyin, ohista gap ochdi:
— Uyginangda hech kim yo‘qmi, bo‘lam?
— Yo‘q, nima edi?
— Bo‘lalarning gapini birov eshitmasin deymanda bo‘lam. Hozirgi zamonning odamlari yomon bo‘p ketgan, bo‘lam.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:05:39

— Ayta bering, uy ovloq, ayta bering.
— So‘ramoqdan ayb yo‘q, deydilar... Birov-yarim bilan... bordi-keldi qilib ko‘rmadingizmi, bo‘lam?
Oymomo onamiz yer chizishni bo‘ldi qildi. Chizilmish yerga tikilib qoldi. Qimmat momo nima dedi, mag‘zini chaqa olmadi.
— U nima deganingiz? — dedi.
— Sodda bo‘lamdan-da, soddagina bo‘lamdan-da. Sodda ko‘p yaxshi-da. Soddalik — ko‘ngil tozalik bo‘ladi. Sodda bo‘lamdan aylanayin, soddagina bo‘laginamdan o‘rgilayin. Shu... birov-yarim bilan deyman-da... yotib deyman.
— Nima-nima?
— Birov-yarim bilan yotib... o‘zingni bir sinab ko‘rmadingmi, deyman...
Oymomo onamiz yalt etib Qimmat momoga qaradi. Onamiz yuzlari lov-lov yondi. Ko‘zlari pir-pir etdi.
— Og‘zingizga qarab gapiring, momo, og‘zingizga qarab qapiring!
— Og‘zim qarab gapirsam-gapirmasam-da, bo‘lam. Gulday umringni zoe ketkazib nima qilasan, bo‘lam...
— Qanday birov-yarim bilan, qanday birov-yarim bilan?! — birdan olov oldi onamiz. — Boshimda haq nikohlik egam turibdi-ku!!!

Qayd etilgan