Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119059 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 25 B


shoir  25 Noyabr 2007, 20:05:59

— Haq nikohlik egangdan yorug‘lik chiqmasa nima qilasan, bo‘lam...
— Nima demoqchisiz?! — haminqadar olovlandi onamiz. — A, nima demoqchisiz?!
Qimmat momo ra’ykorchi bo‘ldi.
— Ana, ferma mudirimiz bor, uyurdagi ayg‘irday bo‘p yuribdi... — dedi. — U bo‘lmasa, ana, brigadirimiz bor, kelbati egiz tug‘diraman, deb turibdi...
Oymomo onamiz shahd bilan joyidan turdi. Shasht bilan so‘ridan tushdi. Kalishini-da kiymadi. Yalang oyoq darvoza tarafga yurdi. Darvoza tavaqalarini lang ochdi. Qo‘li bilan ko‘chani ko‘rsatdi.
— Keting! — dedi. — Hozir keting!
Qimmat momo joyidan turishini-da bilmadi, turmasini-da bilmadi. Bezrayib o‘tira berdi.
— Eb-ey, yaxshilikka yomonlik! — dedi. — Men seni bo‘lam deb aytib edim, bo‘laginam deb aytib edim, eb-ey!
— Men sizga keting, deyapman!
— Eb-ey, men pillaga kelib edim, eb-ey!
— Ketmaysizmi, ketmaysizmi?!
Oymomo onamiz shunday deya, itini chaqirdi:
— Bah-bah-bah, Olapar, bah-bah-bah!
Katak oldida yotmish Olapar chopqillab keldi. Dumini likillatib-likillatib, onamiz o‘ngirini iskadi.
— Keting deyapman!! — dedi onamiz. — Bo‘lmasa, Olaparni olkishlayman!!
Qimmat momo lik etib joyidan turdi. Kalishini yo‘l-yo‘lakay kiydi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:06:23

— Ketayapman, bo‘lam, mana, ketayapman! — dedi.
Qimmat momo Olapardan hadiksirab odimladi. Olapardan ko‘z uzmay odimladi. Olaparni yonlab-yonlab odimladi. Ketiga qarab-qarab odimladi.
— It yomon, bo‘lam, it bilan o‘ynashmang, bo‘lam! — deya-deya odimladi.
Darvozadan tashqariladi. Qaddini rostladi. O‘zini erkin oldi. Ko‘ylak yoqalarini ko‘tarib, ichiga tuf-tufladi.
— Ay bo‘lam, pillaga qachon kelayin? — dedi.
— Qorangiz o‘chsin-e, sizdaychikin pillachining-e!..
Oymomo onamiz darvoza tavaqalarini qars-qars yopdi. Zanjirini sharaq-sharaq zanjirladi. Keyin, darvoza tirqishidan mo‘raladi.
Qimmat momo hamon ostonada turibdi! Avzoyi, tag‘in ichkari kiraman, deyapti!
Oymomo onamiz tevaragiga alangladi. Burchakda yotmish narvonni sudrab keldi. Darvozaga tirab qo‘ydi. Qimirlatib-qimirlatib ko‘rdi. Xotiri jam bo‘ldi.
Uyga kirib, o‘zini to‘shakka tashladi.
Xo‘ng-xo‘ng yig‘ladi. Yig‘lab-yig‘lab uxlab qoldi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:06:35

13

Oqshom vaqti:
— Qimmat momo kelmasin, — dedi onamiz.
— Nima uchun? — dedi otamiz.
— Beti qursin!
— Boshqa odam yo‘q, momosi. Brigadir shu momoni-da arang berdi.
— Boshqa odam bo‘lmasa-da mayli, o‘zimiz eplaymiz.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:07:18

14

Qoplon otamiz dahlizda so‘ri qurdi.
Oymomo onamiz yo‘ng‘ichqa gullarni so‘riga yoydi.
Kun taftli bo‘lsa-da, pechka yoqdi. Havoni pillabop etdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:07:44

15

Bir haftada yo‘ng‘ichqa gullar jon oldi.
Jonivor bo‘lib g‘imirladi.
Pilla bo‘lib bargga kirdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:08:16

16

Qoplon otamiz adirdan barg olib keldi.
Oymomo onamiz shoxcha bargini chilpib-chilpib oldi. Pilla urug‘lar uzra yoydi.
Pilla barg yegan sayin bolaladi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:08:35

17

Dahlizdagi uch qavat so‘ri-da pillaga to‘ldi.
Otamiz bilan onamiz o‘zlari yotib-turuvchi uy ashqol-dashqolini tashqari olib chiqdi. Temir so‘riga uydi.
Uyda uch qavatli, uch qator so‘ri qurdi.
Bu uy-da pilla bilan to‘ldi.
Pilla urug‘lay berdi.
Otamiz bilan onamiz endi mehmonxona jihozlarini tashqari chiqardi. Temir so‘riga qo‘ydi.
Mehmonxonada uch qator, uch qavatli so‘ri qurdi.
Shunday katta mehmonxona-da pilla bilan to‘lib toshdi.
Boshqa bo‘sh uy qolmadi. Yolg‘iz oshxona qoldi.
Otamiz bilan onamiz oshxonadagi qozon-toboqlarni tashqari chiqardi. Temir so‘riga qaladi.
Oshxonada uch qavat so‘ri qildi.
Hovlidagi temir so‘ri ichkaridan olib chiqilmish ashqol-dashqollar bilan to‘ldi.
Tok vayishi osti bargxona bo‘ldi.
Otamiz bilan onamiz uchun tirikchilik qiladigan joy qolmadi.
Tovuq katagi yonida bir gilamlik bo‘sh joy bo‘ldi. Bu, qishda yoqilib ado bo‘lmish g‘o‘zapoya uyumi joyi bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:08:52

Otamiz bilan onamiz o‘tirib-turajak gilamlarini ana shu joyga olib kelib to‘shadi.
— Katak oldi yaxshi-da, — dedi onamiz. — Tovuqlar qoqoqlab uyg‘otadi.
Shunday qilib, otamiz bilan onamiz uylari to‘rini pilla uchun berdi. O‘zlari torvuqlar bilan yonma-yon yotdi.
Pilla birinchi uyquga ketdi.
Ikki kecha-yu ikki kunduzda uyqudan turdi.
Ishtaha bilan barg yeb boshladi.
Pillachi agronom kelib ko‘rdi.
— Yaxshi, ko‘z tegmasin, yaxshi, — dedi.
Pilla ikkinchi uyquni oldi.
Bunda-da ikki kecha-yu ikki kunduz uxladi.
Bu safargi ishtahalari-da yomon bo‘lmadi. Bergan bargni berganday, ilma-teshik qilib yuta berdi.
Pilla uchinchi uyquga ketdi.
Bu safar ikki yarim kecha-yu ikki yarim kunda uyg‘ondi.
Tag‘in-da barg, barg, dedi.
Qoplon otamiz pilla barg yeyishini ko‘rib:
— Yo, tavba-e! — dedi. — O‘zlari mayda-mayda, chinchiloqday-chinchiloqday bo‘lsa, qorinlari qayerda bo‘ldi ekan...
So‘rilar osti tariqday-tariqday qora qumaloqlarga to‘ldi.
Onamiz qumaloqlarni peshma-pesh tashlab turdi.
Pilla to‘rtinchi uyquga ketdi.
To‘rtinchi uyquda bir yarim kun-u tun uxladi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:09:07

18

Otamiz tag‘in bargga otlandi.
Adirda tut ayrisiga minib shox kesdi. Shox kesa berib qo‘llari toldi.
Tut tanasiga yag‘rin berdi. Vazmin tin oldi. Olislarga qarab o‘tirdi. Ko‘zi ketib-ketib o‘tirdi...
Shunda, oq eshakli, oq sallali bir chol ariq yoqalab kela berdi.
Otamiz cholni tanimadi.
Chol tut ostidan o‘tdi.
Otamiz cholni Namoz boboga o‘xshatdi.
Bosh irg‘ab, salom berdi.
Ammo chol alik olmadi.
Otamiz sergaklandi. Tanadan mahkam ushladi. Yerga qaradi.
Chol yo‘q...
Yerga sapchib tushdi. Tevarakka alangladi.
Chol yo‘q...
Ko‘ngliga tahlika tushdi. Yoqasini ko‘tardi. Ichiga tuf-tufladi.
Barg ozroq bo‘lsa-da, jamlab boyladi. Otiga ortib jo‘nadi, ketiga qarab-qarab yurdi.
Xayolida, chol ketidan kelayotganday bo‘ldi.
Otini lo‘killatib-lo‘killatib haydadi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:09:47

19

Uyga kelib, bir boshqa bo‘lib qoldi. Parishon bo‘lib qoldi. G‘amgin bo‘lib qoldi.
Onamiz molxona tarafdan qo‘zi quvib keldi.
— Manavini ushlab bersa bo‘lmaydimi? — dedi. — Bir menga kerakmi, shu ro‘zg‘or!
Otamiz qo‘zi quvib ketdi.
Qo‘zi hovlini aylanib chopdi. Xiyol olisda pusib turdi.
Otamiz panalab-panalab bordi. Birdan qo‘zi oyog‘iga qo‘l tashladi.
Qo‘zi ushlatmay qochdi. Devor qoralab hurkib turdi.
«O‘zi, bu ish yosh bolaning ishi, Xushvaqtning ishi...» — deya xayollandi otamiz.
Otamiz enkayib-enkayib bordi. Qo‘llarini yoyib, qo‘ziga qo‘shqo‘llab yopishdi.
Qo‘zi tag‘in ushlatmadi. Dirk etib qochib ketdi.
Otamiz yerga kaftlari bilan borib tushdi. Kaftlari shilindi. Ust-boshlari chang bo‘ldi.
«Xushvaqt bo‘lsa edi, bundaychikin qo‘zini xash-pash deguncha ushlab olar edi...» — Tag‘in xayollandi otamiz.
Otamiz qo‘zini burchakka qamab bordi. Quchog‘ini katta ochib bord. Ko‘ksi bilan qo‘ziga tashlandi. Bu safar ushladi.
Qo‘zini ko‘tarib borib, qo‘y qoshida quchoqlab o‘tirdi.
Boisi, qo‘zichoq ko‘zdan pana bo‘lsa, sovliq iymaydi.

Qayd etilgan