Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119088 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 25 B


shoir  25 Noyabr 2007, 20:09:59

Onamiz sovliq sog‘ib boshladi:

Qo‘y sog‘aman qo‘shoqda, turey-turey,
Qo‘y ishqi menga yoqqan, turey-turey.
Qo‘y sutini ichganlar, turey-turey,
Kundan-kun shifo topgan, turey-turey...

Sovliq iydi, sovliq qo‘zisiga tumshuq cho‘zdi...
Otamiz ketiga tis bo‘ldi. Qo‘zini sovliqdan xolislatdi.
Otamiz ko‘ngli biryon bo‘ldi...
Shu o‘tirish, azza-mazza erkak uchun epmi? Qo‘zi ushlab turish, kap-katta odam ishimi?
Tokaygacha Xushvaqt ishiga-da o‘zi yuradi?..

Sovdi bo‘lib sovdirgin, turey-turey,
Sovsa kadi to‘ldirgin, turey-turey.
Buncha kuyma, jonivor, turey-turey.
Taqdiringni ko‘ndirgin, turey-turey.

Sovliq ko‘zi devorda yurmish mushukka tushdi. Tag‘in-da berilib iydi. Boisi, sovliq mushukdan qo‘rqadi!

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:10:35

Tog‘larga bor, quv olma, turey-turey,
Sovdi bo‘lgin, suv olma, turey-turey.
Bolangning yo‘qligini, turey-turey,
Ko‘nglingga og‘ir olma, turey-turey.

Mushuk devordan sapchib tushdi.
Sovliq bir seskandi.

Bolaginang baxtingdir, turey-turey,
Uni olib uxlagin, turey-turey,
Bolalilar ma’rashar-a, turey-turey,
Bolasizlar qarashar-a, turey-turey...

Onamiz joyidan turdi.
— Qo‘zini qo‘yibersa-da bo‘ladi, — dedi.
Otamiz qo‘zini qo‘yib yubordi.
Katak oldida to‘shalmish gilamga keldi. Bolishga yuztuban tashladi.
Bolish ho‘l bo‘ldi...

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:10:53

20

Pilla urug‘i ochofat bo‘ldi!
Onamiz urug‘lar uzra barg yoyib, o‘ng-chapiga qaragunicha novdalar shipshiydam bo‘lib qola berdi.
Otamiz kecha-yu kunduz barg tashiy berib, tinka-madori quridi. Ko‘zi ilinib edi, onamiz tag‘in turtdi.
— Tursin, barg olib kelsin, — dedi.
— Boyanagina olib keldim-ku? Bularing to‘yadimi o‘zi, yo‘qmi?
— To‘rtinchi uyqudan keyin shunday bo‘ladi, tursin...
— Ko‘zim ilingandan turtasan-turtasan! Anavilaring bo‘lsa, ketmon chopib horiganday uxlagani uxlagan! Ikki kunlab uxlaydi, ularingga indamaysan! Uyg‘ot barini! Bo‘ldi, izzati!
— Aytmasa-da, endi uxlamaydi.
— Shu oxirimi? Xayriyat-e!..
Otamiz uyquli ko‘zlarini uqalab-uqalab turdi. Egar qoshiga arqon o‘rab, bargga otlandi.
— Aytib  qo‘yayin, agar yana pilla olaman desang, mendan o‘pkalama! — dedi.
Otamiz boyagi choldan qo‘rqdi. Boshqa bir adirdan barg olib keldi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:11:13

Uzun shoxlardan novdalar siyirib-siyirib oldi. Onamizga qo‘ltiqlab-qo‘ltiqlab tashib berdi.
O‘zi-da ichkariladi.
Derazalar gilam bilan yopilishidan ichkari qorong‘i bo‘ldi.
Otamiz deraza tokchasiga o‘tirdi. Yelkasi bilan devorga suyandi.
Shunda bir nima eshitdi. Sergak bo‘lib quloq soldi.
Tashqarida shovullab havo yog‘di. Shovullashidan, maydalab yog‘di. «Ana endi barg olib kelish qiyin bo‘ladi. Olib kelsa-da, quritish lozim bo‘ladi», — deya xayollandi otamiz.
Otamiz so‘rilar aro mo‘raladi, onamizni izladi.
— Ay, havo yog‘yapti, eshityapsanmi? — dedi.
— Bekorlarni aytibdi.
— Ana, quloq sol, ishonmasang, ana.
Otamiz dahlizladi. Yorug‘da xiyol ko‘z ocholmay turdi. Keyin, tashqari qarab, hayron bo‘ldi.
Kun charaqlab turdi, yerda bir tomchi-da yomg‘ir yo‘q bo‘ldi.
Angrayib, tag‘in ichkariladi.
Ichkarida hamon shovullab yomg‘ir yog‘di...
Onamiz qorong‘idan kinoyali ovoz berdi:
— Ha, yog‘ayaptimikin? — dedi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 20:18:06

— Tashqarida kun chiqib turibdi, momosi. Nimaga unday?
Onamiz piq-piq kuldi.
Otamiz tag‘in o‘tirdi. E’tibor bilan quloq soldi.
Pilla urug‘lar bir vaqtda barg yedi, bir me’yorda barg yedi, yana tag‘in, yoppasiga barg yedi...
Ana shu vaziyatda eshitilmish sirli ovoz, yomg‘ir yog‘ishiga o‘xshadi...
Sokin, qorong‘i olam bo‘ldi. Misoli tun bo‘ldi, yomg‘ir maydalab-maydalab yog‘di: shuvvv...
So‘rilarda omonat turmish novdalar yerga tap-tap tushdi. Misol, yomg‘irdan namiqmish bo‘g‘ot shox-shabbasi qirs-qirs sinib tushdi...
Yomg‘ir ezib-ezib yog‘di: shuvvv...

Qayd etilgan


shoir  27 Noyabr 2007, 18:55:48

21

Barg tashvishi oxirladi.
Endi, chitir o‘t topib kelish lozim bo‘ldi.
Otamiz adir otlandi. Toshloqdan o‘tdi.
Adir poyida oyoq ildi. Jilovga erk berdi. Telpagini keyiniga surdi. Olis-olislarga qaradi.
Vaxshivor adirlari turnaqator bo‘ldi. Qirlari o‘rkach-o‘rkach bo‘ldi. Oxiri ko‘rinmadi.
Adir-qirlar o‘ti bo‘lganicha bo‘ldi. Belga urdi. To‘lqin bo‘lib chayqaldi.
Qizg‘aldoq adirlar, qizg‘aldoq qirlar alvon-alvon tovlandi.
Otamiz adirladi, otamiz bahor oraladi.
Dimog‘i turfa islarni tuydi. Bir is shuvoq o‘t isidan bo‘ldi.
Otamiz bahor oralab bora berdi. Ana shu isni taratmish o‘tni topdi.
Tizza bo‘yli, gullari och-sariq o‘t. Tanasi ko‘kimtir-oq, barglari mayda-mayda o‘t. Sershox, sertuk o‘t.
Chitir o‘t ana shu bo‘ldi!
Otamiz chitir o‘t terdi. Tomiri bilan sug‘urib-sug‘urib ola berdi.
Chitir o‘t qo‘l tegishi bilan tag‘in-da o‘tkir is taratdi. Isi dimoqni qitiqladi.
Otamiz otida ikki boylam chitir o‘t ortib keldi. Tom ustida yoyib-yoyib quritdi.
Pilla urug‘lar to‘lishdi. O‘zini ko‘tara olmay qoldi. O‘zini eplay olmay qoldi.
Oqibat, bargdan qaytdi, bargdan qoldi. Bargdan ters burilib-ters burilib keta berdi.
Pilla urug‘lar karaxt bo‘lib-karaxt bo‘lib qoldi. Mudrab-mudrab qoldi.
Bu, pilla urug‘ining beshinchi uyqusi bo‘ldi, so‘nggi uyqusi bo‘ldi.
So‘ngi uyqu to‘rt-besh soatcha davom etdi.

Qayd etilgan


shoir  27 Noyabr 2007, 18:56:58

Otamiz bilan onamiz chitir o‘tlarni dastlab-dastlab pilla urug‘lar uzra yoydi.
Pilla urug‘lar chitir o‘tlarga talpindi.
Pilla urug‘ yigiraman desa, joy tanlab o‘tirmaydi. Uchramish joyida yigira beradi.
Unda, ne boisdan pillachilar chitir o‘t terib keladi?
Boisi, chitir o‘t isi pilla urug‘iga xush yoqadi. Pilla urug‘ ana shu isga talpinadi. Ana shu is og‘ushida mo‘l-mo‘l yigiradi.
Boisi, chitir o‘t quyuq-quyuq tukli bo‘ladi. Pilla urug‘ ana shu tuklarga mo‘l-mo‘l yigiradi.
Ana-ana, bir urug‘ talpina-talpina, arang chitirga chiqdi, chitir tanasi bo‘ylab yurdi. Shoxlar ayrisiga keldi. O‘ziga ma’quliga qarab yurdi.
Novdalar ayrisida joylashib oldi, joyida aylana berdi. Ya’ni, yigira berdi. Har yigirishida o‘zidan ipak chiqardi.
Ipak, chitir o‘t quyuq tuklariga ilashib-ilashib, to‘r bo‘ldi. To‘r quyuqlashib-quyuqlashib, boshmaldoqday-boshmaldoqday g‘anak hosil bo‘ldi.
Oppoq-oppoq pilla ana shunday bino bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  27 Noyabr 2007, 18:58:23

22

Pilla qo‘yilmish uylardan qo‘lansa hid arimadi.
Hidlar dastidan uylarda o‘tirib-da bo‘lmadi, yotib-da bo‘lmadi.
Otamiz bilan onamiz bot-bot uy supurdi, bot-bot uy yuvdi. Eshiklar bilan derazalarni lang ochib qo‘ydi.
Shunda-da bo‘lmadi. Pilla qo‘yilmish uylardan oy-oylab badbo‘y hid arimadi.

Qayd etilgan


shoir  27 Noyabr 2007, 18:58:44

IV

Bobomiz sergaklandilar. Qaddini ko‘tardilar. Chordona qurdilar. Tizzalarini quchoqladilar. Sallasini ketiga surib qo‘ydilar.
Yellar zabti bobomiz peshonasiga xush yoqdi.
Otlar kishnagan tarafdan yangi o‘rilmish yo‘ng‘ichqa  isi keldi.
Bobomiz tun jarchisi ovoz bermish tarafga qaradilar.
Odam ovozlaridan darak bo‘la bermadi.
Bobomiz oydin olislarga termildilar. Xayoliy ovozda aytdilar:
— Mabodo suvda zardoli oqmay qolsa, bolalar devordan bo‘ylaydi. Zardoli bering, deyolmaydi. Suv oqib chiqadigan teshikni poylaydi. Shamoli qurg‘ur hadeganda bo‘la bermaydi. Shunda, bildirmayman-da, o‘zim shamol bo‘laman. Zardolini ohista-ohista silkiyman. Zardolilar duvv-duvv to‘kiladi... Shunda, ko‘chadan, ushla, oqib kelayapti, ushla, degan ovozlar keladi...

Qayd etilgan


shoir  27 Noyabr 2007, 18:59:19

1

Toltush emish...
Olapar tut soyasida old oyoqlariga tumshuq qo‘yib suvga termular emish.
Devor yoqalab oqmish ariqda bir qizil olma bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay oqib kelarmish.
Olapar quloqlarini dikkaytirib, olmaga ajablanib qararmish.
Yeb bo‘lmasligini bilarmish-da, tag‘in oyoqlariga tumshuq qo‘yarmish.
Olapar qabatida qizaloqlar davra bo‘lib o‘tirib bosmalim o‘ynar emish.
Bir qizaloq gilosday-gilosday beshta tosh ikkitasini o‘ng, ikkitasini chap tarafiga qo‘yarmish.  Qo‘lida qolmish bir toshni osmonga otarmish. Kafti bilan yerga bir shapatilarmish-da, osmondan kelmish toshni qo‘li yuzasi bilan ilib olarmish. Qo‘li yuzasidan g‘oyat nafis, g‘oyat epchillik bilan qo‘li kaftiga olarmish...
Qizaloq... onamiz qizi emish!
Onamiz... qizi otini bilmasmish!
Qizi bosmalim o‘ynay berarmish-o‘ynay berarmish! Bosmalimning yovg‘on turini o‘ynab bo‘lib, dahmana, ulug‘, eshala, eshonqo‘zim, shovdir, kichikqon, kattakon, kultepa, yer shapillatar, qayiruv, kelin turlarini-da o‘ynarmish.
O‘yin yakunlovchi kelin turiga yaqinlashgan sayin murakkablashib borarmish.
Qizi toshni turli-tuman o‘ynatib-o‘ynatib ilib olarmish. Shu tur nomini o‘yin nag‘masiga monand bot-bot aytar emish:
— Kelinim bir, kelinim ikki, kelinim uch...

Qayd etilgan