Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119057 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 25 B


shoir  30 Noyabr 2007, 18:52:20

7

Otamiz onasi oyoqdan qoldi.
Yotdi-yotdi, ovqatdan qoldi.
Yotdi-yotdi, tildan qoldi.
Yotdi-yotdi... cholni oldiga ketdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:52:31

8

Otamiz brigadir oldidan o‘tdi.
Brigadir o‘z so‘zida turdi. Yo‘ldosh qorovul oldiga yo‘l oldi.
— Endi, siz Kamarga borasiz, — dedi.
Yo‘ldosh qorovul hang-mang bo‘ldi. Birdan tutab yondi...
Boisi, Kamar olis bo‘ldi. Yana tag‘in, Kamarda makkajo‘xoridan boshqa nima bo‘lmadi. Sayrak adir esa bog‘ot bo‘ldi, gardi gurd og‘iz tegib turdi.
Yo‘ldosh qorovul olov oldi.
— Nima uchun endi? — dedi. — Bu yer-chi, misol uchun?
— Bu yerga boshqa odam keladi.
Yo‘ldosh qorovul tag‘in olov oldi.
— Birday u yoqdan bu yoqqa quv-quv ekan-da!— dedi. — Nima, biz kolxozning o‘gay a’zosimi, misol uchun?
— Borasiz, borasiz.
— Raisga borsam boraman, Kamarga bormayman!
— Obbo, siz gapni oling!
Qorovul haminqalar olov oldi.
— Olsam olmasam! Haydasangiz, mana, haydang! — dedi. — Bola-chaqam ochidan o‘lsayam ishga chiqmayman! Gapim shu, misol uchun!
— Obbo, xo‘p-e, xo‘p!
— O‘zi, kim ekan u, boshida oyi bor arzanda, misol uchun?
— Qoplon akaga deb edim! Mayli, bormasangiz bormang...
Brigadir og‘rinib-og‘rinib jo‘nadi.
Yo‘ldosh qorovul qo‘llarini orqasiga qildi. Brigadir ketidan qarab turdi. Turdi-turdi-da, brigadir ketidan chopqillab bordi.
— Qoplon akaga bo‘lsa mayli, misol uchun, — dedi. — Ko‘ngli yarim... Boshqaga bo‘lsa, o‘lib ham bermasdim, misol uchun.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:52:42

9

Ertasi otamiz keldi.
Yo‘ldosh qorovul bilan tevarak aylanib ko‘rdi.
— Sizga brigadir hech nima demadimi, misol uchun? — so‘radi qorovul.
— Yo‘q. Nima edi? — dedi otamiz.
Qorovul xotirijam bo‘lib gapirdi:
— Brigadirga aytdim, bu yerning qorovulligidan ko‘p zerikdim, meni Kamarga yuboring, dedim. Brigadir mayli, dedi, misol uchun.
— Ha-a.
— Keyin, o‘rtoq Odilov, siz o‘z kasbingizning ustasisiz, o‘rningizga o‘rinbosar tayinlang, dedi. Men aytdim, men bir bor-yo‘g‘i qorovul bo‘lsam, qanday qilib qorovul tayinlayman, o‘zingiz tayinlang, dedim. Unda, o‘rningizga munosib o‘rinbosar ayting, dedi. Aytgan odamingizni qo‘yamiz, gapingiz gap, so‘zingiz so‘z, dedi. Obro‘y bor-da, misol uchun, obro‘y bor, ha!
— Shunday, ha, shunday.
— Men xo‘p, dedim, misol uchun. Men bir o‘ylab ko‘rayin qani, dedim. Ertaga bir xabarlashing, dedim. Bizning joyimiz hazilakam joylardan emas, dedim. Chin-da, shuncha bog‘-rog‘ga qarab o‘tirishning o‘zi bo‘ladimi, misol uchun! Joyimga kimni qo‘ysam ekan deb, kechasi bilan o‘yladim-o‘yladim! Qishloqda oti odam borki, barini bittalab g‘alvirdan o‘tkazdim, barini chertib-chertib ko‘rdim, misol uchun. Ertasi brigadirga, men Qoplon akani o‘rnimga loyiq topaman, dedim!
— Ha-a.
— Bilamiz-da, kim qandayligini, misol uchun!
— Qulluq, qulluq.
— Ana bog‘, buyursin, misol uchun. Qani, olloh-akbar, misol uchun!..
Yo‘ldosh qorovul ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:52:55

10

Otamiz qorovuldan qolmish chaylada cho‘nqaydi. Tizzalarini quchoqladi. Tevarakka nazar soldi.
Sarg‘aydi-sarg‘aydi, yolvordi-yolvordi, boshi yetmish joy shu chayla bo‘ldi.
Nima uchun shu chayla deya sarg‘aydi-so‘ldi? Yolg‘iz o‘zi bildi, yolg‘iz xudo bildi.
O‘tirdi-o‘tirdi... Xudodan-da ko‘ngli qoldi!
— E-e-e, bor-e!.. — deya qo‘l siltadi.
Otamiz... xudoga qo‘l siltadi!
«Ey, xudo, sen o‘zi qayerdasan, qaylardasan? — deya xayollandi. — Sen o‘zi, bormisan? Bor bo‘lsang, javob ber, yuzaga chiq! Mendayin bir sho‘rpeshona bandang bilan yuzma-yuz bo‘l! Mendayin bir xokisor bandang holini ko‘r!
Ayt, o‘zi, men bandangni nima uchun yaratding? Shu bechora-da dunyoda yursin, shu g‘arib-da o‘z kunini o‘zi ko‘rib yursin, deya yaratdingmi?
Unda, men bandangni-da xor qilma-da, ey, xudo, men bandangni-da yolg‘iz qilma-da, ey xudo!
Bandangni yarat-yarat, pushti kamari bilan yarat-da, ey, xudo!
Ey, xudo, esimni taniganimdan buyon xudoga sig‘inib keldim, xudoga topinib keldim, xudoga ishonib keldim.
Shunday ekan, har ne qilsang qil, pushti kamarli qil-da, ey xudo!
Dunyodan necha-necha podsholar o‘tdi, necha-necha hokimlar o‘tdi, necha-necha kattalar o‘tdi...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:53:34

Pushtsiz umrim mobaynida ko‘p-ko‘p podsholardan qaytdim, ko‘p-ko‘p kattalardan qaytdim...
Ammo... ammo yolg‘iz sendan qaytmadim, ey, xudo!
Dilimda-da xudo bo‘ldi, tilimda-da xudo bo‘ldi!
Shunday ekan, har ne qilsang qil, pushti kamarli qil-da, ey, xudo!
Bandalaring qay bir podsholarga sig‘inmadi, bandalaring qaybir kattalarga sig‘inmadi. Bandalaring nimalarga sig‘inmadi, bandalaring nimalarga topinmadi...
Bandalaring dinidan qaytdi, bandalaring xudosidan qaytdi, bandalaring imonidan qaytdi!
Sen aynan ana shu bandalaringni zurriyotli qilib yaratding, ey, xudo!
Ojiz qolmishlarimda, chor-nochor qolmishlarimda, xokisor qolmishlarimda:
— Ey, xudo, o‘zing saqla! Ey, xudo, o‘zing madad ber! — dedim.
Aslo, aslo:
— Ey, partiya, o‘zing saqla! Ey, komsomol, o‘zing madad ber! — demadim.
Ammo shunday deguvchilar bo‘ldi! Bandalaring shu darajaga-da bordi!
Sen kelib-kelib, aynan ana shu bandalaringni zurriyotli qilib yaratding, ey, xudo!
Men bandangni shayton yo‘ldan ozdirgan vaqtlar bo‘ldi, shayton yomon yo‘lga boshlagan vaqtlar bo‘ldi.
Shunda, o‘zimga-o‘zim:
— Ey, banda, xudodan qo‘rq! — dedim-da, yo‘ldan qaytdim.
Aslo, aslo:
— Ey, banda, partiyadan qo‘rq! Ey, banda, komsoldan qo‘rq! — demadim.
Ammo, shunday deydiganlar bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:53:48

Dinidan qaytmishlar nechov bo‘ldi, xudodan qaytmishlar nechov bo‘ldi!
Sen aynan ana shularga zurriyot berding, ey, xudo, qator-qator zurriyot berding!
Meni bo‘lsa... men bandangni bo‘lsa, zurriyotsiz qilding, ey, xudo!
Chin, bilib-bilmayin gunoh qilib qo‘ydim. Dardimni birovga aytolmadim. Dard bo‘lsa, imonni kuydira berdi...
Shunda men gunohlarimdan forig‘ bo‘lish uchun tavba-tazarru qildim:
— Ey, xudo, o‘zing kechir! — dedim.
Aslo, aslo:
— Ey, partiya, o‘zing kechir! Ey, komsomol, o‘zing kechir! — demadim.
Ammo shunday deydiganlar bo‘ldi! Ko‘p-ko‘p bo‘ldi, mo‘l-mo‘l bo‘ldi!
Men bo‘lsam, dilimda-da xudoni qo‘ymadim, tilimda-da xudoni qo‘ymadim!
Men yolg‘iz xudoni dedim!
Shunday ekan, bir sodiq bandangni bunchalar xo‘rlama-da, ey, xudo! Bir sodiq bandangni bunchalar oyoq osti qilma-da, ey, xudo!
Har ne qilsang qil, pushti kamarli qil-da, ey, xudo!..»

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:53:56

11

«Men erkakman. Unga qiyin...»
Otamiz ana shunday o‘yga bordi.
Onamiz bo‘lsa, tushlik olib kela bermadi.
Otamiz oyog‘i uyiga tortdi. Uyiga otlandi.
Kelsa, hovli bosh-adoq qulf bo‘ldi.
Otamiz ajablandi, otamiz hayronlandi.
Otini darvoza ustuniga boyladi. O‘zi devordan oshib o‘tdi.
Yashirincha joylari bo‘lmish nosoz radio ichidan kalitni oldi.
Oshxonaga kirdi. Idish-toboqlarni bir-bir ochib ko‘rdi. To‘ntariqlik toboq ostidan bir la’li toboq palov topdi.
Tok vayishi ostiga gilam yoydi. Dasturxon yoydi.
Chinni kosada shakarob qildi. Choy damladi.
Chordana qurib o‘tirdi. Piyoladay-piyoladay yumaloqlab palov yedi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:54:07

12

Shu vaqt, ko‘chada ot dupurladi. Devor uzra sho‘ro kotibi yuz berdi.
— Assalomu alaykum, Qoplon aka! — dedi kotib.
— Vaalaykum-vaalaykum! — dedi otamiz.
— Yaxshimisiz, dimog‘lar chog‘mi?
—  Shukur-shukur, binoyiday. O‘zingizdan so‘rasak?
— Rahmat-rahmat...
Kotib shunday deya, ko‘z qiri bilan toboqdagi palovga qaradi. Og‘zi palov ta’mini tuydi...
Devordan oshib o‘tmoqchi bo‘ldi. Yana tag‘in, niyatidan qaytdi.
Kimsan, qishloq sho‘rosi kotibi! Kimsan, sho‘ro vakili! Uy xo‘jasi taklif qilar?
Kotib ana shunday o‘yga bordi.
Otamiz xotirjam-xotirjam palov yedi. Kotibga qayrilib-da qaramadi!
— Bizga qorovullikka o‘taman deb, bormadingiz? — dedi kotib.
Otamiz osham yudmaloqlab-osham yumaloqlab, javob berdi:
— Endi, uka, so‘ng-so‘ng o‘ylab qarasam, olisning palovidan, yaqinning sho‘rvasi yaxshi ekan!
Kotib palovga tamshanib-tamshanib qaradi.
— Ha-a-a! — dedi kotib. — Oldiginangizdagi palovginadan deysiz-da?
— Shunday-shunday.
—O‘zginangiz yeyayotgan zig‘ir moylikkina palovginadan deysiz-da?

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:54:15

— O‘zimiz yeyayotgan zig‘ir moylik emas, paxta moylik palov.
— Ha-a-a!.. — Paxta moylikkina palovginayam yaxshi...
— Shunday-shunday. Bay-bay-bay! O‘ziyam, palovmisan-palov bo‘libdi-da.
Kotib bir teskari qarab oldi.
— Ha-a-a-, mayli... — dedi kotib. — Ikki yillik tomorqa solig‘ini to‘lamabsiz. Soliqchi bo‘lsa kasal. Buyog‘i, rayondan bo‘l-bo‘l qilyapti. Shunga o‘zim kelib edim.
— Binoyi-da, binoyi, — dedi otamiz. — Endi, uka, gapning o‘naqayini aytsam, menda pul yo‘q! Menga pul nima kerak? Adirda magazin bo‘lmasa, bozor bo‘lmasa...
— Unda qaytamiz?
— Pulning bari ayolimizda! Ayolimiz bir yoqqa ovul qidirib ketdi. Ovullab kelsin, og‘zingizdan chiqqanini beradi!
Otamiz oshamni katta-katta oldi.
Otamiz hadiksiradi: katta xalqi yuzsiz bo‘ladi, surbet bo‘ladi! Mabodo, kotib otdan tushib, indamay kelib o‘tirsa nima bo‘ladi? Unda otamiz toboqdan qo‘lini tortadi! Dasturxondan xolisroqqa borib o‘tiradi!
Kotib toifasidagilar bilan bir dasturxondan tuz yemaydi, bir toboqdan palov yemaydi!
Marhumlar haqini yeydigan odam bilan bir toboqdan palov yeb bo‘ladimi? Bo‘lmaydi, bo‘lmaydi! Makruh, makruh!
Kotib, amalni pesh qilish foydasizligini bildi. Endi o‘zga yo‘lga o‘tdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 18:54:22

— Bilasizmi-yo‘qmi, sag‘al urug‘chiligimiz bor... — dedi kotib.
— Bilaman, o‘ngirning uchi...
— Iya, o‘ngirning uchiyam urug‘-da!
Otamiz kosadagi shakarob suvdan ho‘pladi. Palovga yanada ishtaha bilan qo‘l uzatdi. O‘ziga o‘zi marhamat etdi:
— Katta-katta oling-e, Qoplonboy-e!
Palov borgan sayin kamayib bordi.
Kotib yelkasidan nafas oldi, kotib qiltillab yutindi.
— Ming qilsayam, urug‘ urug‘-da, qoplon aka,— dedi. — Et bilan tirnoqni ayirib bo‘lmaydi...
Palov bir cheti jar bo‘lib, shu tarafga ag‘nab tushdi.
Otamiz bilagidan moy oqdi. Bilagini yalab-yalab, lablarini chapillatdi.
Kotib-da tishini so‘rib, lablarini chapillatdi.
— Tomir tortadi... — dedi.
Palov o‘rtasida issiq bo‘ldi.
Otamiz palovni barmoqlari uchi bilan titib-titib tashladi. Taboqdan palov isi anqidi.
Ay, palov isi, palov islari-ay!..
Kotib chuqur-chuqur nafas oldi. Dimog‘i rohatlandi!
Peshonasini qashigan bo‘ldi-da, barmoqlari orasidan palovga qaradi.

Qayd etilgan