Nurali bobo shunday deya, to‘shakka talpindi.
— Usta bova, men yotayin!
— Qo‘ying-e, o‘zi yotadi!
O‘g‘il tevarakka alangladi. Odamlar yuzi jiddiy bo‘ldi. Biri qo‘yib biri, uning o‘rniga yotayin, deya intildi.
Shunda, o‘g‘il tinchidi.
O‘g‘il og‘ziga tandir non tutdilar.
— Tishla, tishla! — dedilar.
O‘g‘il non tishladi.
Usta ruhiy san’atini qo‘lladi. O‘g‘ilni gap bilan chalg‘itdi. O‘g‘ilni xotirjamlatdi. Payt poyladi...
— Ay, yasha! — dedi. — Necha puling bor? Ot olsang meniyam mindirasanmi-yo‘qmi? Balli! Qoplon bovang chin aytadi, ot olsang Tarlonidan ol!.. Huydar-huyda-a-ar!..
— Huydar-huyda-a-ar!.. — jo‘r bo‘ldi odamlar.
O‘g‘il nonni jon-jaqdi bilan tishlab... uzib oldi! Unsiz-unsiz yig‘lab qo‘ya berdi.
Usta kesik joyga kuydirilgan paxta kulini bosdi. Ustidan bukilmaydigan do‘ppi qoplab qo‘ydi.