Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119190 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  30 Noyabr 2007, 19:03:52

27

Bari gap Termizda hal bo‘ldi.
O‘shanda do‘xtir onamizga bor gapni aytdi. Otamizga aytmish gap... teskarisini aytdi!..
Onamiz do‘xtir gapiga ishonmadi. Otamizdan pinhona Denov do‘xtirlariga bordi. O‘zini sinchiklab-sinchiklab qaratdi.
Denov do‘xtirlari-da Termiz do‘xtirlari aytmish gapni aytdi.
Onamiz otamizga bildirmadi. Ayollar bilan Denovdan baliq yeb keldim, dedi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:04:02

28

Onamiz ichiga yutib yurmish dardlari o‘sha kundan e’tiboran ko‘zlarida balqib qoldi.
Yurakni yashirsa bo‘ladi. Boisi, yurak ko‘rinmaydi. Yurak jamiki dardlarni pinhon tutadi.
Ammo ko‘zlarni yashirib bo‘lmaydi. Ko‘zlar o‘zini o‘zi fosh etadi.
Shunday bo‘lsa-da, otamiz payqamadi!
Otamizga ochiq-oydin aytsinmi? Qanday aytadi? Aytish, o‘zini o‘zi inkor qilish bo‘ladi! Ayollik sha’nini yo‘qqa chiqarish bo‘ladi!
Keyin ayolman deb yurmasa-da bo‘ladi!
Mabodo aytsa, gap chiqadi, elga yoyiladi...
Yo‘q, ikki dunyoda-da aytmaydi!
U bir erkak, zo‘r bir erkak baxtini bog‘lab yuribdi!
Erkak hademay ellikka kiradi. Erkak orzularga to‘la, erkak umidlarga to‘la!
Erkak tinimsiz yelib-yuguradi, erkak intiq bo‘lib qaraydi, erkak izlaydi! Ko‘ngil mevasini izlaydi! Shu mevani topajagiga ishonadi, qo‘liga olib o‘ynatajagiga ishonadi! Yuzlariga, bag‘irlariga bosajagiga ishonadi!
Ana, erkak beshikka ketdi! Hademay, beshik ko‘tarib keladi!
«Momosi, mana, Xushvaqtning beshigi...» deydi.
Aniq shunday deydi!
Onamiz bo‘lsa... aldaydi! Ko‘ra-bila turib aldaydi, yonma-yon yotib aldaydi, ko‘zlariga tik qarab aldaydi!
Kimni aldaydi? Umrida ko‘z ochib ko‘rmish suyuklidan-suyukli odamini aldaydi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:04:14

29

Tong tagi oqarib-oqarib kela berdi.
Onamiz molxona tarafga yurdi.
Mol-hollarga qaradi. Sigir sog‘di. Buzoq emizdi. Mol-holni podaga haydadi.
Qo‘shiq aytib-aytib sog‘mish mollari, xo‘sh endi!
Onamiz katak og‘zida turmish toshni oldi.
Katakda yotmish tovuqlar hadeganda chiqa bermadi. Ichkarida qurq-qurqlab tura berdi.
Onamiz enkaydi. Katak ichiga qaradi.
Moyak tugib bermish tovuqlari, xo‘sh endi!
Onamiz oshxonada xiyol turdi. Tevarakni qaradi. Sirg‘alib tushmish dokani tag‘in toboqlarga yopdi. Tag‘in tushib ketmasin deya, doka burchlarini toboq ostiga bostirdi. Taom yuqi idish-toboqlarni qatron qilib yuvdi.
Kelin bo‘lib, o‘t yoqmish o‘choqlari, xo‘sh endi!
Kelin bo‘lib, moy tomizmish qozonlari, xo‘sh endi!
Onamiz tandir boshiga keldi, ro‘moli uchlarini yelkalariga tashlab enkaydi. Tandirga qaradi. Tandirga suyog‘lik otashkurakni oldi. Otashkurak bilan uyum-uyum tandir kulini oldi. Tandir og‘zini yopib qo‘ydi.
Kelin bo‘lib non yopmish tandirlari, xo‘sh endi!
Onamiz eshik-orani supurdi. Uy shiplarida osilib turmish qora qurumlarni olib tashladi. Derazalarni yaraqlatib artdi. Uylarni supurib-sidirdi. Yuk-yoplarni kelishtirib-kelishtirib taxladi.
Kelin bo‘lib kelmish uylari, xo‘sh endi!
Onamiz zinada cho‘nqayib o‘tirdi.
Tag‘in yig‘ladi. O‘pkasini bosolmay yig‘ladi. Hiq-hiq yig‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:04:21

30

Oftob olmalar uchini chalib yubordi.
Onamiz ro‘moli uchlari bilan bet-boshini o‘radi.
Darvoza taraf yurdi. Darvozadan tashqariladi. Devordan bo‘yladi. Qadrdon hovlisiga qaradi. So‘nggi... so‘nggi bor qaradi...
Ohista-ohista yurdi-yurdi, tag‘in oyoq ildi. Ketiga qayrilib qaradi.
Shunda, izidan iyarib kelmish Olapar itini ko‘rdi.
— Qol, qol! — dedi.
Olapar besh-olti qadam qoldi. Ammo, tag‘in iyarib keldi.
Onamiz oyoq ilsa, Olapar-da oyoq ildi. Onamizga qarab-qarab tura berdi.
Onamiz hafsalasi pir bo‘ldi. Yo‘lida davom etdi.
Onamiz to‘lib-toshib odimladi, bosar-tusarini bilmay odimladi!
Poyidagi mana bular qator-qator uylarmi?
Yo‘q, bular mayda-mayda oq toshlar! Rangli-rangli kesaklar!
Onamiz toshlar bilan kesaklarni yanchib-yanchib odimladi!
Mana bular nima? Teraklarmi? Tutlarmi?
Yo‘q, bular nogiron-nogiron giyohlar!
Onamiz giyohlarni ezib-ezib odimladi!
Hay, bo‘y bermish tog‘larmi?
Yo‘q, tog‘lar emas, yo‘q! Bular bolalar o‘ynayajak hammompish uylar!
Onamiz hammompish uylarni bosib-bosib odimladi!
Tog‘lardagi qorlar... qop-qora bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:04:33

31

Bu vaqt otamiz Qizilsuv bo‘yiga kelib qoldi.
Loyqa daryo yoqaladi, sayoqroq kechuv izladi. Tavakkal qildi, bir yoymadan ot soldi.
Daryo ot qornini yuvib-yuvib oqdi.
Otamiz kechuvdan chiqdi. Daryo bo‘yida joylashmish loyqo‘rg‘on sari ko‘tarildi.
Otini qo‘rg‘on oldi otxonaga boyladi. Taroqi xurjunni buklab-buklab qo‘ltiqladi.
— Bismillohi rahmoni rahim! — deya bozor oraladi.
Bozor tumonat odam bo‘ldi. Qadam bosadigan yer taxchil bo‘ldi.
Havoda kabob, somsa, manti hidi anqidi.
Sonsiz ovozlar quloqni garang qiladi. Kim gapiryapti, kimga gapiryapti, nimani gapiryapti, bilib bo‘lmadi.
Bozor sonsiz chumchuqlar g‘imirsib chirqillayotgan uyaday bo‘ldi!
Otamiz bozorchilar bilan to‘qnashib-to‘qnashib yurdi, turtinib-turtinib yurdi.
Favqulodda pillachi agronomga duch keldi.
Agronom otamizni ko‘rib-ko‘rmaslikka oldi.
Otamiz agronom bilagidan qo‘shqo‘llab ushladi.
Agronom yalt etib o‘girildi.
— E-e, Qoplon aka! Bozorlabsiz-da? — dedi.
Otamiz qo‘ltig‘idagi xurjunga ishora qildi.
— Tirikchilik, ha, tirikchilik! — dedi.
— Ha-a, ma’qul-ma’qul!
Agronom yo‘lida davom etdi.
Otamiz agronom ketidan qarab-qarab qoldi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:04:45

«Befahm! Diplom bo‘lgan bilan, farosat bo‘lmagandan keyin, qiyin ekan-da...» deya o‘yladi.
Yo‘lida davom etdi. Mayiz bozorini yonlab yurdi.
Mayizchilar tizilib o‘tirib ovoz berdi:
— Kep qoling. Ho‘jasoatning mayiziga!
— Arzon qildim, kilosi o‘n so‘m!
— Sinoning mayizi sho‘r bo‘ladi, Xo‘jasoatnikidan qolmanglar, misol uchun!
Otamiz oxirgi gapni aytmish Yo‘ldosh qorovulni tanib qoldi. Yo‘lini atayin qorovul oldidan soldi. Qorovul oldida atayin ohista-ohista odimladi. Atayin qirinib-qirinib yo‘taldi.
— Yo‘lingiz unsin, Qoplon aka! — dedi Yo‘ldosh qorovul.
Otamiz go‘yo, favqulodda ko‘rishib qolmishday, yuzlari yorishdi.
— E, ha, inim, bozoringiz unsin! — dedi.
— Aytganingiz kelsin! Qani, bundaygina yuribsiz, misol uchun?
Otamiz qo‘li bilan xurjunni ko‘rsatdi.
— Tirikchilik, mana, tirikchilik! — dedi.
— Hozir yo‘l bo‘lsin, misol uchun?
Otamiz... otamiz niyatiga yetdi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:04:57

— Shu, beshik bozoriga borayapman, Yo‘ldosh inim! — dedi.
— Ana-ana! Buyursin, buyursin, misol uchun!
Otamiz tag‘in-da ochildi.
— Qulluq-qulluq! — deya bosh irg‘adi.
— Aytganday, to‘ng‘ich nevaramizni ko‘rayapsiz-da, misol uchun?
— Shunday, shunday!
Yo‘ldosh qorovul o‘ylanib qoldi. Bir nima demoqchi bo‘ldi. Og‘iz juftladi-da, yana tag‘in indamadi.
— Bir nima demoqchi bo‘ldingiz shakilli, inim?— so‘radi otamiz.
— Endi, Qoplon aka, yoshingiz ulug‘, sizga oqsoqolchilik qilib bo‘ladimi, misol uchun!
— E, oqsoqolchiligi bo‘ptimi, ayta bering-da!
— Misol uchun aytsam, eski beshik yaxshi, aka! Ayniqsa, serfarzandlarning beshigini olsangiz, nur ustiga nur bo‘ladi, misol  uchun!
— Unda, beshik olmaganingiz ma’qul, deysiz-da?
— Ha-da! Mana, biznikini olib turing, misol uchun!
— Unda, sizning aytganingizga yurdim, inim!..
Otamiz iziga burildi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:05:06

32

Do‘konlarni aylandi. Olmasa-da, ayrim narsalar narxini so‘rab-surishtirdi.
Do‘konlarni aylandi-aylandi, kitob do‘koniga kelib qoldi.
«Eh-he-e-e! — dedi ichida. — Buncha ko‘p qog‘oz!»
Endi ketmoqchi bo‘lib edi, ichkaridan bir qiz chiqib keldi.
— Ha, bova, qanday kitob berayin? — dedi.
Otamiz, yo‘q degan bo‘lib bosh chayqadi.
— O‘g‘ilmi, qizmi? Necha yoshda?
Otamiz ketishini-da bilmadi, ketmasini-da bilmadi. Nima deyishini-da bilmadi!
— O‘g‘il! — deb yubordi.
Qiz tokchadan katta kitob olib uzatdi.
— Mana shuni oling, — dedi.
Otamiz kitob yuzini tomosha qildi.
Kitob yuzida ulkan mushuk cho‘nqayib o‘tirdi.
«Kitob ana shu mushuk haqidadirov...» deya o‘yladi.
Kitobni qaytib berdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:05:20

Turdi-turdi, o‘ylab qoldi. Chindan-da kitob olib borsa bo‘lmaydimi? Xushvaqt katta bo‘lsa o‘qiydi-da?..
Otamiz eshitgan-bilgan kitoblarini bir-bir yodga oldi.
— Shu, Kumushbibidan bormi? — dedi.
— Qanaqa Kumush?
— Haligi, marg‘ilonlik Kumushbibi.
— Yozuvchimi?
— E, yo‘g‘-e, haligi... Otabekning qaylig‘i-chi?
— Ha-a, «O‘tgan kunlar» deng. Bor, bor.
— Shundan ber, Kumushbibidan ber.
Qiz kitobni topib keldi.
— Otabek kerak emasmi? — deya jilmaydi.
— Kumushbibi qayerda bo‘lsa, Otabek-da shu yerda bo‘ladi-da.
Otamiz do‘kondan choyxonaga yo‘l oldi.
Ikki kilo qovurilgan baliq oldi. Yarmini o‘zi tushlik qildi. Yarmini qog‘ozga o‘rab, xurjunga soldi.
— Ayolimizga, — dedi o‘zicha.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:05:50

33

Otamiz hamsoya-qo‘llarnikiga ovoz berdi.
— Ay, hamsoya, o‘sha yoqda bizniki yo‘qmi? — dedi.
— Bugun ko‘rmadik, — javob berdi hamsoyalar.
Birov-yarim bilan gap sotib o‘tiribdi-yov deya, hovuzdan xabar oldi.
Hovuzda-da bo‘lmadi.
Supaga cho‘nqaydi. Ayoli yo‘liga qaradi. Darvoza tiq etsa qaradi.
Qosh qoraydi.
Mollar podadan qaytdi.

Qayd etilgan