Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119080 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  30 Noyabr 2007, 19:06:15

34

Otamiz toqati toq bo‘ldi.
Qahr bilan otlandi. Qaynog‘asinikiga yo‘l oldi.
Ostonada otdan tushmay ovoz berdi.
— Ay, bu yoqqa bir qaranglar! — dedi.
Ichkaridan ayol ovoz berdi.
Derazadan to‘kilmish nurni bir soya kesib o‘tdi.
Ostonada qaynagachisi qora berdi.
— Shu yoqqa bizniki keldimi? — so‘radi otamiz.
— Keldi, qani, ichkarilang, — dedi qaynagachisi.
— Yomon...
Otamiz: «yomon xotinning uyi ko‘p, poraxo‘rning go‘yi ko‘p», deya uzib-uzib olmoqchi bo‘ldi.
Ammo, ayoli og‘iroyoq arafasida ekanini o‘yladi. Shashtidan qaytdi.
— Mehmon degan qosh qorayguncha o‘tira berar ekan-da. Ro‘zg‘or deganni-da o‘ylaydi-da...— dedi.
Qaynegachisi ichkarilab qaytdi.
— Bormayman, deyapti, — dedi.
— Nima-nima deydi?
— Bormayman, keta bersin deyapti.
— E!..

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:07:53

Otamiz otdan tushdi. Otni darvoza ustuniga bog‘ladi. Ichkariladi.
Shu vaqt derazadan to‘kilmish nurni tag‘in bir soya kesib o‘tdi.
Galdagi uy derazasi yorishdi.
— Qani? — dedi otamiz.
— Ana, narigi uyga o‘tib ketdi, — dedi qaynegachisi.
Otamiz qaynegachisi ko‘rsatmish uyga kirib ketdi.
Xiyoldan keyin qaytib chiqdi.
Qaynegachisi qoshiga keldi.
Boshi bilan onamiz o‘tirmish uyga imo qildi.
— Anaviga nima bo‘ldi? — dedi.
— Bilmasam.
— Gapirsam, miq etmaydi?
— Kim biladi. Ertalab o‘zi kirib keldi. Endi uyimga bormayman, dedi. So‘rab edim, indamadi.
— Yo, biron nima deb aynitdingizmi?
Qaynegachisi bir parda ko‘tarildi.
— Ha, qaynsinglim kun sayin yasharib kelayapti! — dedi. — Sizdan aynitib, o‘n sakkiz yashar bo‘zbolaga beraman!
— Bo‘lmasa, nimaga bunday qiladi?
— Men ne bilaman? Ana ayolingiz, ana siz! Gaplasha bering-da!
Otamiz tag‘in onamiz oldiga kirib ketdi.
Bu safar ko‘p qolib ketdi.
Bir mahal, eshik qarsillab-qarsillab yopildi.
Qaynegachi derazadan tashqari qaradi.
Hovlida otlanayotgan kuyovini ko‘rdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:08:22

V

Kavkabistonda oy balqidi.
Oydin sutga chayganday oppoq bo‘ldi.
— Ko‘zlaringga boqishlarim... boqishlarimizning o‘zi bir doston, momosi. Bovujud, shoirlar bilmadi, bilsa, elga yoyardi... Men senga aytsam, momosi, boqishlar-da hali o‘zimizniki...
Olis-olis oydinlar.
Olis-olis oqshomlar.
Endi qaytib bo‘lmas olis bir olam...
— Gohida atayin o‘yda o‘tiraman, momosi, bolalar meni yo‘q deb o‘ylaydi, devordan oshib kiradi. Zardolilarga chiqadi, to‘ygunicha yeydi. Qo‘yinlarini to‘ldirib ketadi. Men yayrab-yayrab qarayman... eshityapsanmi, momosi, bizning zardolilarni bolalar yeyapti, bolalar! Shu, ko‘cha yuzlariga-da mevali daraxtlar eksammi deyapman, momosi. O‘tgan-ketganning og‘zi tegadi-da, bolalar yeydi-da...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:08:34

1

Otamiz yolg‘iz yashadi.
Achchig‘i tarqalguncha ayoli yo‘qligi bilinmadi.
Keyin-keyin bilindi.
Ayolini qo‘msab-qo‘msab entikdi. Bolishni bag‘riga bosib-bosib entikdi. Hovlini aylanib-aylanib entikdi...
Ayoli xumor qildi!..
Otamiz otlandi. Yo‘lga tushdi. Zim-ziyo ko‘chalardan yurdi.
Qaynog‘asi devori oldida oyoq ildi. Devordan bo‘yladi.
Zim-ziyo hovliga bot-bot qaradi. Entikib-entikib qaradi...
Ayoli havosini olib-olib qaytdi...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:09:54

2

O‘yladi-o‘yladi, tog‘asini qaynog‘asinikiga yubordi.
Tog‘asi kuyinib-kuyinib qaytib keldi.
— Ko‘r bo‘l, ha, ko‘r bo‘l! — deya yer mushtladi. — Ko‘rgina bo‘l!..
— Og‘zingga tosh-e! — dedi xolasi.
Tog‘asi tag‘in yer mushtlab-yer mushtlab kuyindi:
— Otang rahmatlik aytdi, enang rahmatlik aytdi, ajrash, turmushing turmush bo‘lmaydi, dedi! Aytganlari keldimi? Mana, keldi! O‘zingning umringni o‘zing ko‘kka sovurding! Uyam o‘ylagan-da...
— Nimani o‘ylagan-da? — dedi otamiz.
— o‘ylagan-da, erkak odamning qayg‘usi bolami, o‘zim ketib, peshonamni bir sinab ko‘rayin degan-da!
— Ketsa, keta bersin! — dedi xolasi. — Ayoli topiladi! Po‘lat pichoq qinsiz qolmaydi!..
«Yo, chini bilan u shunday o‘yga bordimikin-a?»
Otamiz xayolidan shu gap o‘tdi.
O‘tirdi-o‘tirdi, dadil ham kesib gapirdi:
— Bo‘pti, endi yangi ro‘zg‘or qilganim bo‘lsin.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:10:21

3

Tog‘asi xesh-tabor bilan kengashdi, maslahatlashdi.
Otamizga ayol qidirdilar.
Ikkita ayol topdilar. Ikkovini-da eri mashina falokatida ketibdi.
Biri o‘ttiz beshlarda, farzandsiz bo‘ldi. Biri qirqlarda, qo‘sh farzandli bo‘ldi.
Xolasi ra’ykorchilik qildi.
— Eshik ko‘rganni olma, beshik ko‘rganni ol! — dedi. — Oygul binoyi, farzandi bor...
Tog‘asi sovchilikka yo‘l oldi.
Ayol bo‘lmish ota-onasini ko‘ndirdi. Ayol bo‘lmish bolalarini ko‘rdi.
Bolalar bir-biridan suyumli bo‘ldi!
— Yaxshi bo‘ldi, jiyanimizga farzand bo‘ladi, — dedi tog‘asi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:10:38

4

Onamiz, otamiz yangi ro‘zg‘or qilayapti, deya eshitdi.
Onamiz kuyib-kuyib ketdi!
Deraza tokchasiga tirsakladi.
— Go‘rga bo‘lsa, menga nima... — deya pichirladi.
Kaftini iyagiga qo‘ydi. Boshini chapga xiyol qiyshaytirdi, tashqariga tikildi.
Yuzlari lov-lov etdi. Yonoqlari bulk-bulk uchdi. Ko‘kraklari osti o‘pirilib tushayotganday bo‘ldi. O‘pirilish ko‘ksini borgan sayin quyiga bosdi.
Buni og‘riq-da deb bo‘lmaydi, g‘ashlik-da deb bo‘lmaydi.
Go‘yo, ko‘kraklari ostida zilday bir nima ipda osilib qoldi. Bordi-yu, iplar uzilsa, qomatini ko‘tarib turmish zilday nima yerga tushadi, chil-chil bo‘ladi...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:10:53

5

Ko‘kragi ostidagi zilday nima birdan toshday qotib qoldi.
Onamiz kerishdi. Shunda-da bo‘lmadi.
Qotib qolmish nima yumshab-da ketmadi, tushib-da ketmadi.
Onamiz uqalamoqchi bo‘ldi. Barmoqlari borishi bilan ko‘krak etlari pir-pir uchdi. Etlari o‘zini olib qochdi.
Onamiz endi barmoqlarini olisroqdan olib bordi, avaylab olib bordi. Kafti bilan ohista-ohista uqaladi. Ko‘zlarini yumib uqaladi.
Ko‘kraklari ostida barmoqlari soyasini his etdi.
Nihoyat, ko‘ksini g‘ijimlamish zilday nima qo‘yib yubordi.
Peshonasidan sovuq-sovuq terlar oqdi.
O‘tirdi-o‘tirdi, miyig‘ida kuldi. Bir gapni ma’qullamishday, bilinar-bilinmas bosh irg‘adi.
Ich-ichidan kuya-kuya:
— Uylansa, oq butum qora kuyarmidi... — deya pichirladi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:11:02

6

Ayol zoti azzancha o‘ziga to‘q bo‘lsin, yegan-ichgani oldida bo‘lsin, azzancha serurug‘ bo‘lsin, seravlod bo‘lsin, baribir... baribir, o‘z oti o‘zi bilan... zaifa bo‘ladi!
Shu bois, ayol zoti hamisha boshida panohi bo‘lishini xohlaydi.
Ayol zoti azzancha o‘ziga mustaqil bo‘lsin, mag‘rur bo‘lsin, baribir, ana shu panohiga bosh egib yashaydi.
Bosh panohi amaldormi? Bosh panohi kambag‘almi? Ko‘rmi yo kalmi? Bosh panohi mayibmi?
Baribir, ayol zoti uchun baribir!
Ko‘mirchi bo‘lsin, temirchi bo‘lsin, to‘rt devor ichida suyukli bo‘lsin!
Ayol zoti ana shu bosh panohiga suyanib yashaydi!
Boshi ochiq...
Ayol zoti azzancha xo‘rlikni ko‘taradi, azzancha tahqirlashni ko‘taradi. Ammo «boshi ochiq», degan gapni ko‘tarolmaydi!
«O‘nta o‘g‘lim bo‘lmasin... cholim o‘lmasin», demish gap, ayollar yuragidan otilib chiqqan bo‘ladi!
Bu dunyoga kimni boylab qo‘yib edi-da, ayol zotini boylab qo‘yadi?
Dard bor, bosh yostiqqa tegish bor.
Ana shunda, suyab turg‘izajak tanmahram kunga yaraydi. Ana shunda, og‘izga suv tomizajak tanmahram kunga yaraydi.
Erkak zoti yomon bo‘lib tug‘ilmaydi! Qarsak ikki qo‘ldan chiqadi!
O‘zi yaxshilab oladi! Nima desa, xo‘p deydi! Qo‘lini kosov qiladi, sochini supurgi qiladi!
Mayli, bolalari onamizni o‘z onasi o‘rnida ko‘rmasa-da, mayli! Ammo onamiz ularni o‘z bolasi o‘rnida ko‘radi! Bir onachalik qaraydi!
U kishi ana shunday bir erkakdan umidvor bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:11:14

7

Otamiz qaynog‘asi darvozasida oyoq ildi. Uzangidan oyoq oldi. Otini yetaklab ichkariladi.
Ichkarida jamoa jam bo‘ldi.
Otamiz jamoa bilan yuzma-yuz bo‘ldi. Yugan tutamlab, dol turdi.
Salmoqlab-salmoqlab, ayoli javobini berdi:
— Ikki taloq! Bo‘ldimi? — dedi.
Deraza oldida o‘tirmish Oymomo onamiz o‘z javobini eshitdi.
Onamiz akasi muztar bo‘lib qotib qoldi.
Hamsoya-qo‘llar achinish ham qayg‘urish bilan bosh chayqadi.
— Qaynsingilginam umri xazon bo‘ldi! Boshqa erkakka tushganida haligacha nevarali bo‘lardi!
Bu gapni onamiz yangasi aytdi.
Hamsoya-qo‘llar dalda berdi:
— Taqdir-peshona ekan-da, kim o‘ylabdi deysiz...
— Hali joyi chiqadi!
— Joyi chiqsa, beramiz!
— Hali qo‘chqordayin-qo‘chqordayin o‘g‘illar ko‘radi!
— Hali popukdayin-popukdayin qizlar ko‘radi!
— Teshik munchoq yerda qolmaydi!..

Qayd etilgan