Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119227 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  30 Noyabr 2007, 19:11:24

8

Otamiz jamoadan ko‘zini olib qochdi.
Yerga qaradi. Mung‘ayib qoldi.
Yer ostidan tog‘asiga qarab-qarab oldi.
O‘zini juda-juda yomon sezdi. Oyog‘i ostida yer bormi-yo‘qmi, bilolmadi. O‘zini omonat sezdi.
Mung‘aymish ko‘yi ketiga qayrildi. Yerdan ko‘z olmay ot yetakladi. Ohista-ohista odimladi. Yer sungalab-yer singalab odimladi. Mung‘ayib-mung‘ayib odimladi.
Bosh ko‘tarish uchun majoli-da qolmadi, haddida qolmadi! Bosh ko‘tarish uchun botinolmadi!
Ichkaridan tog‘asi ovozini eshitdi.
— Endi, bari xudo tarafdan, quda, — dedi tog‘asi. — Siz ham, biz ham aybdor emasmiz. Endi, kelin bo‘lmish yuk-yoplarini olib kelish uchun borasizlarda. O‘zim boshida turib, ipidan ignasigacha bo‘lib beraman...
Otamiz yer ostidan ketiga qaradi. Yurak-bag‘ri haminqadar ezilib-ezilib ketdi!
Hamisha qayqayib-qayqayib yurmish oti, hamisha ko‘krak kerib-ko‘krak kerib yurmish oti... boshi xam bo‘lib-xam bo‘lib qadamladi! Yerga tumshuq berib-tumshuq berib qadamladi! Yerga ko‘z tikib-ko‘z tikib qadamladi!
«Yomon bo‘ldi, ko‘p yomon bo‘ldi, — xayollandi otamiz. — Endi shuni, shu jonivor bilmasa nima qipti?»
Otamiz hadahaladi. Darvozadan tashqariladi.
Uzangiga oyoq ildi. Otiga qamchi urdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:11:35

9

Otamiz chayladan adoqladi.
Adir adog‘ida qantarilmish otini mindi. Uyiga yo‘l oldi.
Darvozani ochdi. Ko‘chada sochilib yurmish mol-hollarni ichkari kiritdi. Mol-holga qaradi. Otini oxuriga boyladi.
Hovli o‘rtasida serrayib qoldi.
hovli zim-ziyo bo‘ldi. Milt etmish shu’la bo‘lmadi.
Ichkarilab, uy chirog‘ini yoqdi. Ko‘rpachaga cho‘zildi. Etigi qo‘njidan qamchini oldi-da, ohista-ohista etik qo‘njiga urdi, ko‘rpachaga urdi, devorga urdi.
Yotib yotolmadi, uxlab uxlolmadi.
Tag‘in tashqariladi.
Bir qurbaqa sapchib-sapchib keldi. Derazadan to‘kilmish nurda to‘xtadi.
Nur, otamiz g‘ashini keltirdi. Ichkarilab, chiroqni o‘chirib keldi.
Tok vayishi ostida cho‘k tushdi. Oyoqlarini chalishtirdi. Joylashib o‘tirdi. Vayish ustuniga yag‘rin berdi. Boshini-da ustunga qo‘ydi.
Boshi uzra nazar soldi. Qop-qoraymish vayishga tikildi. Tikildi-tikildi, ko‘zlari ilindi...
Xo‘rozlar qichqirig‘idan, buzoqlar ma’rashidan uyg‘ondi.
Tobora yorishib kelmish osmonga qaradi. Mung‘ayib-mung‘ayib qaradi. G‘aribona-g‘aribona qaradi...
Otasi bor edi, otasiga suyanar edi. Otasi qazo qildi.
Ayoliga suyanib qoldi.
Onasi bor edi, onasiga suyanar edi. Onasi-da ketdi.
Tag‘in ayoliga suyanib qoldi.
Endi, yolg‘iz suyanchig‘idan-da ajraldi. Yolg‘iz yupanchidan-da ajraldi. Yolg‘iz yupanchidan-da ajraldi. Yolg‘iz panohidan-da ajraldi.
To‘rt tarafi qibla bo‘lib qoldi!
Endi... Manavi ustunga suyanib qoldi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:11:46

10

Otamiz otiga qaradi-yurdi.
Qo‘ylar yemish dardida otamizga suykaldi.
Otamiz qo‘ylarni turtib-turtib tashladi, jerkib-jerkib tashladi.
Otini egarladi, tashqari yetakladi.
Darvozani tashqaridan qulfladi. Egar qoshidan oldi, uzangiga oyoq ildi.
Ot shaxdam-shaxdam qadamladi.
Tong yellari hur-hur esdi.
Otamiz tegirmon oldidan yo‘l oldi.
Tegirmon ostidan shovullab otilmish suv yo‘lni ko‘ndalang kesib oqdi.
Otamiz kechuvda jilovni bo‘sh qo‘ydi.
Ot bosh ko‘tarmay-bosh ko‘tarmay suv ichdi.
Shunda:
— Assalomu alaykum, Qoplon aka! — demish ovoz keldi.
Ovoz qayoqdan keldi, suv shovullashida bilib bo‘lmadi.
— Men bu yoqdaman, misol uchun! — dedi ovoz.
Otamiz tegirmon supasida turmish Yo‘ldosh qorovulni ko‘rdi.
Qorovul bel bog‘idan qo‘shqo‘llab ushladi. Kulib-kulib qarab turdi.
— Tegirmonga keldingizmi, misol uchun? — dedi.
Otamiz nima deyishini bilmadi.
— Shunday, shunday... — deya bosh irg‘a- di.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:11:55

Yo‘ldosh qorovul tap etib supadan tushdi. Otamiz bilan ko‘rishib-so‘rashdi.
— Bug‘doyingizni qaysi burchakka qo‘yib edingiz, misol uchun? — dedi.
— Nima edi?
— Bug‘doyingizni ichkaridan topib olaman-da, tegirmonga solaman, misol uchun. Tushgacha tegirmondan chiqadi. Tushda kelib otga ortib keta berasiz, misol uchun.
— Yo‘q...
— Yo‘g‘i bo‘ptimi, misol uchun. Bog‘qorovul bo‘la turib, tushgachayin o‘tira berasizmi? Uzumlaringizni chumchuq yeb ketadi, misol uchun! Mana biz o‘tirsak, bo‘la beradi. Biz makkajo‘xori qorovuli. Makkajo‘xorini it yeydimi, misol uchun...
Otamiz xo‘rsindi. Tevarakka alangladi. Yo‘l bo‘yi simyog‘och simlarida tizilib turmish qaldirg‘ochlarga tikildi.
Yo‘ldosh qorovul, otamiz istihola qilayapti, deya o‘yladi. Tag‘in gapga tushdi.
— Navbatda turganlar janjal qiladi, deb o‘ylayapsizmi, misol uchun? Chin, tegirmon navbati bilan, deydilar, misol uchun. Lekin men tegirmonchi bilan gapirishaman-da. Shunday-shunday, deyman-da, misol uchun...
Otamiz qamchi sopi bilan qaldirg‘ochli simlarga ishora qildi.
— Shu simlarda tok bor-a? — dedi.
— Ha, tok bor, misol uchun.
— Unda, nimaga qaldirg‘ochlarni tok urmaydi?
— Shuni bilmadim-a, misol uchun. Chopib borib, Nikolay montyordan bilib kelayinmi, misol uchun?
Ot suvdan bosh ko‘tardi.
Otamiz otni tizzalari bilan niqtab haydadi.
Ot suv sachratib-suv sachratib kechuvdan o‘tdi.
Otamiz yo‘lida davom etdi.
Yo‘ldosh qorovul otamiz ketidan qarab qoldi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:12:07

11

Otamiz tegirmondan olisladi.
Tonggi havodan badanlari junjikdi. Choponi o‘ngirlari yonlariga yoyildi.
Bor vujudi bilan, bor tani bilan... qo‘msash qo‘shig‘ini aytdi...
Ulkan tol tevaragini bir aylanib oyoq ildi. Yerga tushdi. Otini tol tanasiga boyladi.
Yelkasidan nafas oldi. Badanlari qizidi. Yoqalarini ochdi.
Azim yong‘oq ostiga bordi. Yong‘oq tanasiga suyanib o‘tirdi...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:12:16

12

Poyida buloq suvlari tiniq oqdi, sokin oqdi.
Po‘st tashlamish yong‘oqlar buloqqa cho‘lp-cho‘lp tushdi. Buloqda qalqib-qalqib oqdi...
Otamiz buloqdan hovuchlab-hovuchlab oldi. Og‘zini chaydi. Yuziga sepdi. o‘zini sovutdi.
Buloq bo‘yidagi kiyik o‘tlarga termilib o‘tirdi-o‘tirdi... Eslash qo‘shig‘ini aytdi...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:12:29

13

«...Zardoli bargi misol qayrilma oy, bulutsiz oqshom osmonida havolandi.
Oqshom tag‘in-da oppoq, tag‘in-da nafis bo‘ldi.
Qovjirab yotmish qiyoq o‘tlar shamolda chayqaldi. Shamolda ayqashdi, ajib tovush berdi.
Barglar shitir-shitir etdi.
Pishib me’yoridan o‘tib ketmish zardolilar yerga tap-tap tushdi.
Oqshomdan zardoli hidi anqidi.
U, Oymomo sochini ushladi...
Oymomo ro‘moli chetidan o‘pkalanib-o‘pkalanib qaradi...»

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:12:40

14

Eslash qo‘shig‘i avj oldi:
— Ha-a-ay...
Otamiz otlandi. Adirga yo‘l oldi.
Adir g‘uj-g‘uj daraxt bo‘ldi. Zardoli, olma, jiyda, yong‘oq, do‘lana... bo‘ldi. Ularni tabiat ekdi, tabiat ko‘kartirdi. Shu bois, oti yovvoyi olma bo‘ldi, yovvoyi yong‘oq bo‘ldi.
Bu yil daraxt barglari uchi sariq-sariq bo‘ldi. Demak, qish kech keladi. Bordi-yu, barglar ostidan sarg‘ayib boshlasa, qish erta keladi.
Otamiz ot jilovini o‘z holiga qo‘ydi.
Yer sinchiklab-yer sinchiklab qaradi...
Shu yerlarda... Xuddi shu yerlarda bir so‘qmoq bo‘lar edi. So‘qmoq bog‘ tarafidan... Oymomo ishdan qaytar edi. Otamiz xuddi shu yerda Oymomo yo‘lini poylar edi...
Bu, ko‘rishuv qo‘shig‘i bo‘ldi!
Endi u so‘qmoqlar yo‘q...
So‘qmoqlar ko‘milib ketdi. Izsiz, nom-nishonsiz ko‘milib ketdi...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:12:52

15
 
Bir kaltakesak xazonlarni shitirlatib-shitirlatib chopdi.
Ot seskanib oyoq ildi. Qulog‘ini ding qildi.
Otamiz jilovni orqaga burdi.
Ot o‘zi yurmish egri so‘qmoqdan yuraman, dedi.
Ammo otamiz otni tikkasiga soldi.
Yo‘lda yo‘ng‘ichqapoya keldi, ariq keldi, o‘r-chuqur keldi. Ot baridan sapchib o‘tdi, baridan irg‘ib o‘tdi.
Ko‘rishuv qo‘shig‘i poyonladi.
Qo‘shiq yovvoyi daraxtlar ostida qoldi. Nom-nishonsiz so‘qmoqlarda qoldi...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:13:03

16

Otamiz Sayrak adirda jilov tortdi. Egar qoshiga jilov ildi.
Ot bo‘yni ko‘zoynak ilon misol gajak-gajak bo‘ldi.
Ot pishqirdi. Old tuyoqlari bilan tars-tars yer tepdi.
Otamiz, qamchi sopi bilan telpagini ketiga surdi. Qamchili qo‘lini soniga tiradi.
Yelkadan nafas oldi. Qirinib yo‘taldi. Qo‘shiq ayta berib qaqrab qolmish tomog‘ini namladi.
Nazarini bog‘larga berdi...

Qayd etilgan