Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119232 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  30 Noyabr 2007, 19:13:15

17

Shu ko‘yi o‘tirdi-o‘tirdi... o‘zining so‘nggi... eng so‘nggi qo‘shig‘ini boshladi...
Bu, xayrlashuv qo‘shig‘i bo‘ldi, alvido qo‘shig‘i bo‘ldi!
Tonglar bepoyondir, bepoyon! Olis-olis ufqlarda tong. Bobotog‘ cho‘qqilarida tong. Dagraz suv ombori uzra tong. Qishloq uzra tong. Bog‘larda tong. Terak uchlarida, barglarida tong. Gala-gala chumchuqlar parvozida tong. Ot yollarini o‘ynamish sokin yellarda tong. Kuylovchi soqolini silamish salqin sabolarda tong.
Qo‘shiqda-da tong!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:13:25

18

Sokin bog‘ uzra bir gala chumchuq o‘ynadi.
Chumchuqlar turnaqator bo‘lib tizildi. G‘uj bo‘ldi. Yoppasiga terak shoxlariga yopirildi. Tag‘in parvozlandi.
Jimjit terak qo‘ynida parr etmish ko‘r ovoz keldi.
Bir to‘rg‘ay havolanib-havolanib o‘ynadi. O‘z o‘yinidan, tong havosidan mast bo‘lib sayradi. Bir joyda muallaq turdi. Chalqancha yotdi. Quyiga sho‘ng‘idi. Tag‘in yuqoriladi. Ko‘kka to‘sh berdi. Joyida qotib qoldi. Tag‘in to‘lqindayin-to‘lqindayin parvozlandi...
Alvido qo‘shig‘i avjida bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:13:38

19

Kun, tongni yoqib yubordi.
Olamdan oppoq parda ko‘tarildi.
Bobotog‘ cho‘qqisida turmish dum-dumaloq kun, teraklar uchini chalib ketdi.
Bir terak shoxida chumchuqlar zorlanib-zorlanib chirqilladi.
Chumchuqlar ilon ko‘rsa, ana shunday zorlanib chirqillaydi...
Alvido qo‘shig‘i qiyomda bo‘ldi:
— Lalaylam, la-a-am!...
Bebosh sabolar terak barglarini chappa-chappa qayirdi.
Fotmachumchuqlar shoxma-shox likilladi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:13:47

20

Qishloq tarafdan kelmish so‘qmoqda otliqlar, eshaklilar ko‘rindi, piyodalar ko‘rindi.
Birov uloviga savat osib oldi, birov qo‘ltig‘iga savat qisib oldi.
Dehqonlar uzum uzishga kela berdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:13:56

21

Brigadir otini yo‘ng‘ichqapoya girdiga boyladi.
Terakzor yonlab yurdi. Chumchuqlar zorlanmish terak oldiga bordi.
Enkayib-enkayib qaradi. Birdan... iziga qarab-qarab qochdi.
Brigadir qo‘lini qoshi ustiga qo‘yib qaradi.
— Hoy, Qoplon aka! — dedi. — Belni olib choping!  Anavi terakda bir darranda o‘ralib yotibdi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:14:08

22

Otamiz alvido qo‘shig‘ini bekam-u ko‘st aytdi.
Umrida ilk bor... ilk bor, qo‘shig‘ida so‘z ishlatdi.
Qo‘shiq qiyomida ko‘nglidan bir so‘z otilib chiqdi:
— ...Ku-u-uyga-a-ay!..
Otamiz alvido qo‘shig‘ini bog‘lar oralab bo‘linmish mehnatkashlarga qarab aytdi.
Mehnatkashlarni qo‘shiq bilan kuzatdi.
Mehnatkashlar ishlariga qo‘shiqli bo‘lib ketdi!

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:14:18

23

So‘qmoqda bir qizil kiyim ko‘rindi.
Boshida doka ro‘moli bo‘ldi. Qo‘lida savatcha bo‘ldi.
Odimlari vazmin-vazmin bo‘ldi.
Bu, asl qo‘shiqning o‘zi bo‘ldi!
Asl qo‘shiq turganda muxammas qo‘shiqqa yo‘l bo‘lsin! Asl qo‘shiqqa taraf yo‘q!
Qo‘shiq beixtiyor adirdan enib boshladi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:14:26

24

Brigadir, qo‘li qoshi ustidaligicha qoldi.

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:15:04

25

Ot, asl qo‘shiq oldini oldi.
Asl qo‘shiq chapdan yo‘l oldi.
Ot, asl qo‘shiq oldini oldi.
Asl qo‘shiq o‘ngdan yo‘l oldi.
Ot, tag‘in oldinni oldi.
Asl qo‘shiq nima qilishini bilmadi. Yerga qarab qoldi.
Shunda, qo‘shiq otdan tushdi. Ot bo‘yniga qo‘lini qo‘ydi. Olis turdi.
Asl qo‘shiq ro‘moli yerllarda hilpirab-hilpirab turdi.
Qo‘shiq, asl qo‘shiq qo‘lidan savatchani oldi. Egar qoshiga ildi. Bir qo‘li bilan ot jilovidan ushladi. Bir qo‘li bilan asl qo‘shiq ro‘molidan ushladi.
Ohista-ohista qishloqqa yo‘l oldilar.
Qo‘shiqlar yuzma-yuz bo‘lib, nimalarni gapirishdilar?
Qo‘shiqlar yig‘lab-yig‘lab, mana bunday gapirishdilar:
— Umringizni olmayin dedim, bovasi, yolg‘iz o‘g‘ilsiz...
— Shu gapingga noma’qulning nonini yebsan, momosi. Senga kelgan dardga o‘zim ko‘ndalang, momosi...

Qayd etilgan


shoir  30 Noyabr 2007, 19:15:24

26

Brigadir olislik qildi.
Shu boisdan eshitmadi.
Ammo barini ko‘rib-bilib turdi.
— Ha, kuchingdan, bizning qorovul! — deya jilmaydi.

Qayd etilgan