Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 86133 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 25 B


shoir  14 Noyabr 2007, 13:03:34

Momolar chimildiqda kechmish jimjitlikdan       alag‘da bo‘ldi. Birovi ohista chimildiq burchini turdi. Birovi tirsaklab yotdi. Chimildiq ostidan bir ko‘zlab mo‘raladi.
— Eb-ey, oralaring muncha olis? — dedi. — Yo, bizdan nam tortayapsizlarmi? Nam tortmanglar, bizda qayliq bo‘lib edik...
Momolar chimildiqni yopdi.
Ana shunda, chimildiqdan qiqir-qiqir kulgi keldi...
Momolar og‘izlarini ushlab kuldi, bir-birlarini turtib kuldi, bir-birlarini o‘ymichlab kuldi...
— Hayriyat-a... — dedi.
Tong tagi oqardi.
Kuyov chimildiqni tark etdi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:03:45

25

Qorong‘i tushdi.
Odam odamni tanimay qoldi.
Kuyov oshnalari bilan qayliqlab keldi.
Chimildiqli uyda davra qurdi.
Oshnalar zig‘ir moyli palov yeb ketdi.
Kuyov yolg‘iz qoldi.
Shunda, qayliq kirib keldi.
Qayliq deraza pardalarini tekisladi. Tokchadagi shamni yoqdi. Chiroqni o‘chirdi. Sham bilan chi¬mildiqqa kirdi.
Kuyov-da sham izidan kirdi. Lo‘la bolishga yonboshladi. Shamga tikildi.
Qayliq ro‘moli ko‘ksiga tusha berdi-tusha berdi. Shunda qayliq ro‘molini yelkasiga qayirib tashladi.
Qayliq-da to‘lg‘ona-to‘lg‘ona yonmish shamga termuldi...

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:04:24

26

«...Tog‘lar kulrang, qirlar kulrang bo‘ldi. Archalar ko‘m-ko‘k bo‘ldi. Adirlar o‘rkach-o‘rkach bo‘ldi. Tavatoshlar ulkan-ulkan bo‘ldi. Yong‘oqlar azim-azim bo‘ldi.
Bir qiz yelkasida ko‘za, buloqqa keldi. Ko‘zasini yerga qo‘ydi. Buloq suvlarida yuzini yuvdi.
Shunda, suv ostida turmish bir otliqqa ko‘zi tushdi.
Qiz ro‘moli bilan yuzini yashirdi, qiz hayolandi.
— Ko‘zlaringni yashirma, Oymomo, — dedi otliq.
— Keting, odamlar ko‘radi, keting, — dedi qiz.
— Buloq suvlaridan ichayin deb keldim.
Bo‘zbola otdan tushdi. Bir qo‘lida jilov bo‘ldi.
Hovuchlab-hovuchlab buloq suvi ichdi. Bir ho¬vuchini qizga sepdi.
Ot hurkdi, ketiga tis bo‘ldi.
Qiz betlarini artdi.
— Ichgan bo‘lsangiz, endi keting.
— Ko‘zlaringni bir ko‘rayin deb keldim.
— Ko‘rishga mening ko‘zlarimdan o‘zga-da ko‘zlar ko‘pdir.
— Yo‘q, har bandaning o‘z ko‘radigan ko‘zlari bo‘ladi. Sening ko‘zlaring — meniki. Kelma, desang, mayli, kelmayman.
— Ko‘zlarni deb kelmasangiz-da, buloq suvi ichgani keling...».

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:04:35

27

Kuyov-qayliq o‘z xayollarini bir-birlaridan yashirdi. Ayni vaqtda bir-birlari nimalarni xayol surayapti, shuni bilmoqchi bo‘ldi.
— Gapir, — dedi kuyov.
— O‘zi gapirsin, — dedi qayliq.
— Sen gapir.
— O‘zi gapirsin-da.
— Nimani gapirayin?
— O‘zimizning oqshomlardan gapirsin, qirdagi bug‘doy o‘rimidan gapirsin...
— Sen gapir, qirdan qaytib, zardolilar ostida oyoq ilganimizni, men senga zardoli terib berga¬nimni.
— O‘zi gapirsin, qo‘llari zardoli shoxlarida bo‘lsa-da, ko‘zlari menda ekanini.
— Sen gapir, shamolda ro‘moling uchib ketgani, men ushlab kelganimni.
— O‘zi gapirsin, ro‘molga uzatgan bilagimdan mahkam  ushlaganini, yig‘layman desam-da, qo‘yib yubormaganini.
Sukunat, toshday sukunat.
Kuyov-qayliq xayolan ko‘rdi: zardolilar ostiga tap-tap tushdi. Ko‘rshapalaklar  pir-pir uchdi.
Kuyov-qayliq xayolan eshitdi: yoz chigirtkalari chir-chir etdi. Boyo‘g‘li uzib-uzib ovoz berdi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:04:44

— Yo‘q, sen gapir, qo‘llaringni ushlaganimni uyalmay-netmay yangangga aytganingni.
— O‘zi gapirsin, aytdim, deya aldasam-da, yangamdan qochib yurganini.
— Aytmaganing chinmi?
— Chin.
— Men yangangga ro‘para bo‘lolmabman, yuzlariga qanday qarayman, deb.
— Bilsa, haliyam aytganim yo‘q.
Kuyov zavqlandi. Shiftga tikilib, sukutga ketdi.
Jimjitlik qayliq ko‘ngliga tahlika soldi. Qayliq xayoli bir yoqlarga ketdi.
— Nimalarni o‘ylayapti? — dedi.
— O‘zimizning oqshomlarni.
— Zubaydani-chi?
Qayliq kuyovni jon joyidan ushladi.
Kuyov xayoli uchdi-ketdi.
— Sen unday o‘ylarga borma, — dedi kuyov. — Chin, qaraganim chin. Men senga aytsam, qaraydigan vaqtlar edi-da. Kimga qaragan bo‘lsam, seni deb qarab edim. Chin, Zubaydaga qaradim. Yo‘q, u sen emas bo‘ldi. Bolxinga qaradim. U-da sen emas bo‘ldi. Tag‘in birovga qaradim. U-da sen emas bo‘ldi. Tag‘in birovga qaradim. U, sen o‘zing bo‘lding...
— Shu chinimi?
— Chinim.
Qayliq iyib ketdi. Qayliq dildorlik berdi, qayliq dilbarlik berdi...
— Unda... men sizga... tan berdim!

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:04:55

28

Kuyov-qayliqlar tongi tez otadi!
Qayliq kuyov quchog‘idan qo‘zg‘oldi. Kuyov uzatmish bebosh qo‘llarni rad etib tashladi.
— Bo‘ldi! — dedi. — Beboshlik qila berdi-qila berdi, tonglar boshiga-da yetdi...
Kuyov-qayliq dahlizda bir-birlari boshidan suv quydi. Gunohlardan forig‘ bo‘ldi.
Kuyov belqars o‘ray-o‘ray eshik sari yurdi. Eshik baldog‘ini ushladi. Serrayib qoldi. Yelkasi osha chimildiqqa qaradi.
Qayliq ro‘moli uchini g‘ijimlab o‘ynadi. Barmoqlariga tikildi.
— Endi kelmasin, yomon ekan, — dedi qayliq.
Kuyov ko‘ngli tongday yorishdi. Bordi-yu, qayliq bo‘lmish qachon kelasiz, deganida kuyov og‘rinar edi.
Kuyov katta ko‘cha bo‘ylab yurdi.
Kuyov ko‘zlariga jamiki olam oppoq bo‘lib ko‘¬rindi.
Poyidagi yo‘l oppoq choyshabday oppoq. Uylar, devorlar, daraxtlar-da oppoq. Qushlar-da oppoq, choyshabdayin oppoq. Ko‘cha yoqalab oqmish suv-da oppoq. Suv jildirashi-da oppoq, choyshabdayin oppoq.
Tong yetildi.
Yulduzlar so‘ndi-so‘ndi, Zuhro yolg‘iz qoldi.
Kuyov quchoq ochdi — tongni bag‘riga bosdi.
Tong bepoyon osmoni, qorga belanmish tog‘lari bilan, parishon adirlari, sarvqomat teraklari bilan kuyov qo‘yniga kirdi.
Kuyov kaft ochdi. Havoda to‘zg‘imish tong sochlarini — tong yellarini siladi.
Kuyov tongni o‘pib-o‘pib oldi!

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:05:06

Ariq yoqalab chopdi.
Balx tut tanasini quchoqladi. Balx tut shoxchalarini — sochlarini siladi, sochlarini taradi.
Tag‘in chopib ketdi.
Ro‘parasidan odam keldi.
Kuyov odamzotni ilk bor ko‘rmish misol tikildi.
Bu odam itidan-da yomon ko‘rmish Ismat ovchi bo‘ldi.
Ushbu damda Ismat ovchi-da binoyiday odam bo‘ldi.
Olamda yomon yo‘q, barcha-barcha yaxshi bo‘ldi.
Kuyov umrida birinchi bor Ismat ovchiga salom berdi.
Hamishagiday salom umidlanmay o‘tmish Ismat ovchi xiyol o‘tib oyoq ildi. Hayron bo‘lib alik oldi. Ketga qaradi-qaradi.
— Tarvuzing yorilibdi-da... — deya manqalandi.
Bir ayol kela berdi.
Kuyov joyida qoldi. Qadam bosarini-da bilmadi, bosmasini-da bilmadi. Yuzlari lov-lov yondi.
Ayol kelayapti...
Endi, ayol zoti ko‘ziga qaysi yuz bilan ko‘rinadi? Ko‘rinsa, ayol zoti yuziga qaysi ko‘z bilan qaraydi?
Kuyov ayoldan yo‘lini chap soldi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:05:15

29

Qurbon hayit bo‘ldi.
Ahli mo‘minlar qurbonlik qildi. Jonliq so‘yib qon chiqardi.
Qo‘li kalta mo‘minlar qassobdan go‘sht oldi.
Ahli mo‘minlar hayitlik kiydi. Bisotida borlar ohorli kiyim kiydi. Bisotida yo‘qlar ko‘hna bo‘lsa¬da, ozoda kiyim kiydi.
Ahli mo‘minlar orolandi. Yuzlariga xushbo‘y-xushbo‘y moylar surtdi. Qoshlariga o‘sma tortdi. Ko‘zlariga surma surdi. Qo‘llariga xino qo‘ydi. Ko‘kraklariga olqor taqdi.
Mo‘minlar bir-birlari uyiga hayitlab bordi.
— Hayitingiz qulluq bo‘lsin! — deya muborakbod etdi.
Kuyov qaylig‘iga hayitlik yubordi, qayliq ku¬yoviga hayitlik yubordi.
Qoplon kuyov tarafdan bir farangi ro‘mol, bir juft kavush, uzuk hamda turli-tuman qand-qurs keldi.
Oymomo qayliq tarafdan ko‘ylak, jelak, belqars hamda qo‘lro‘mol hayitlik keldi.
Bari qayliq qo‘lidan bo‘ldi.
Buni ro‘molcha qoq belida qip-qizil cho‘g‘dayin tovlanmish atirguldan bildik.
Atirgul qayliq kuyovga ro‘molcha emas, ko‘ngil yubormish ramzi bo‘ldi.
Kuyov ro‘molchani yuzlariga bosib-bosib hid¬ladi.
Ro‘molchadan... ro‘molchadan qaylig‘i havosini oldi.
Ro‘molchani ko‘zlariga surtib o‘pdi, peshonasiga surtib o‘pdi, lablariga surtib o‘pdi.
O‘pdi-o‘pdi, to‘rt buklab qo‘yniga tiqdi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:05:24

30

Hayitda ulkan hovuz bo‘yida jiynoq bo‘ldi.
Jiynoqda nisholda, no‘xat sotdi, holva, pista sotdi.
Bolalar loyshuvillak chaldi, sibziq chaldi.
Qizlar katta tut ostida g‘uj bo‘ldi.
Sardor qiz jikkak bolaga bir o‘ram arqon berdi.
Bola yalang oyoq bo‘ldi. Beliga arqon o‘radi. Yo‘g‘on tutga tirmashib chiqdi.
— Qaysi shoxga tashlayin? — so‘radi bola.
— Huv anavi bukri shoxga! — dedi sardor qiz.
Bola ana shu shoxga chiqib bordi. Belidagi arqonni shoxga tashladi. Arqon uchlari yerga borib tegdi.
Shox bilan yer oralig‘i yigirma qulochcha bo‘ldi.
Bola shu arqondan yerga osilib tushdi.
Yerda kaftini qoshiga qo‘yib qaramish qizlar ichini tortdi.
Sardor qiz bolani bir mushtladi.
— O‘l-a, yuragimni yording-ku! — dedi.
Bola yer sapchidi, hiringlab kuldi.
— Urmang, bo‘lmasa Nurali akamga aytaman!— dedi.
— Nuraling kim?
— Sizni achchiq zardoli ostida quchoqlab o‘padigan Nurali!
— O‘chir-e, ko‘rgiliging ko‘p bo‘lgur!
Qizlar gurr kuldi!
Sardor qiz arqon uchlarini tugdi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:05:33

Halinchakka bir qiz o‘tirdi.
Sardor qizni uyoqdan-buyoqqa olib borib-olib keldi. Keyin zarb bilan qo‘yib yubordi.
Qiz halinchak uchishiga qarab goh o‘tirdi, goh turdi.
Qiz yellandi, qiz sollandi! Qiz sur’atini oshirgan sayin oshirdi!
Tevarak tomlarda holva yeb o‘tirmish hayitlovchilar halinchak tomosha etdi.
Shunda, Oymomo halinchakladi.
O‘ziga qaradi. Ottuyoq ro‘molini bo‘yniga o‘radi.
Sollanib-sollanib bir uchdi-bir uchdi-e! Gir aylanib ketayin dedi!
Halinchak quyidan yuqoriladi.
Oymomo o‘tirib oldi.
Halinchak o‘ng tarafga ko‘tarilib bordi. Joyida muallaq qoldi. Keyin, birdan quyiladi.
Oymomom oyog‘ida tik turdi.
Halinchak Oymomo vazni zarbida shiddat bilan quyiladi. Quyidan chap tarafga yuqoriladi.
Halinchak bir chap sayin-bir o‘ng sayin yuqorilab-yuqorilab turdi.
Hayitlovchilar bosh kiyimlarini ushlab halinchak qaradi.
Shunday bo‘lsa-da, do‘ppisi tushib ketuvchilar-da bo‘ldi, ro‘moli uchib ketuvchilar-da bo‘ldi.
Qoplon yuragini hovuchladi.
— Yo, pirim-e, yo, pirim-e, — deya pichirladi.
Og‘zidagi holva og‘zida qoldi, bo‘g‘zidagi holva bo‘g‘zida qoldi.
Halinchak ohistaladi.
Oymomom o‘zini yerga tashladi. Zarb bilan chopqillab bordi. Bir qizni quchoqlab oldi.
Ana shunda Qoplon yelkasidan nafas oldi. Bo‘g‘zidagi holvani yutdi, og‘zidagi holvani chaynadi.

Qayd etilgan