Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 87556 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 25 B


shoir  14 Noyabr 2007, 13:05:51

31

Kechasi qayliq o‘yinida bo‘ldi.
Qayliqdan qoyilligini yashirmadi.
— Yuragingga balli-e! — dedi. — Aeroplandayin uchding-a! Senga qarab, mening boshim aylanib ketdi!
— Uchib qolayin, bir-ikki oydan keyin uchish qayoqda...
— Nimaga unday deysan?
Qayliq javob o‘rnida kuyov qo‘lini ushladi, barmoqlarini tortqiladi.
Kuyov darhol anglab oldi.
— Ha-a-a... — deya kulimsidi.
Qaylig‘i yuzini bag‘riga bosdi. Sochlarini siladi. Dilnavozlik qildi...
— Otini nima qo‘yamiz? — dedi.
— Barchinoy.
— Sen hali...
— Qiz yaxshi-da. Menga yordamchi bo‘ladi.
— Yo‘q, o‘g‘il bo‘lsin. Otini-da o‘ylab qo‘yibman: Xushvaqt!
— Keyin?
— Keyin, Xushvaqtni katta qilamiz. Uylan¬tiramiz-joylantiramiz, nevara-chevara ko‘ramiz. Men bova bo‘laman, sen momo bo‘lasan.
Qayliq zavqlanib-zavqlanib kuldi.
— Men bu kishini bovasi deb chaqiraman.
— Men seni momosi deb chaqiraman.
— Bovasi!
— Momosi!
Kuyov-qayliq Xushvaqt yo‘lida entika-entika tongni oqladi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:06:04

32

Tandir to‘la nonlar yopildi.
Kelin bisotlari, yuk-yoplari otlarga ortildi.
Oy to‘yxona uzra havolandi.
Supa oldida saman ot bel bo‘ldi.
O‘ng yoq hamsoya saman jilovini ushlab turdi.
Yanga bo‘lmish kelin oyog‘idan olib yubordi.
Kelin otlandi.
Kelin bilan bir begunoh bola mingashib boradi.
Bu sharaf xiyla talash bo‘ldi.
Og‘ayni-jamoadan besh-olti bola:
— Xolam bilan men mingashaman, opam bilan men mingashaman! — deya turib oldi.
Kelinga to‘ng‘ich jiyanni mingashdi. O‘zga bolalar yig‘lab qoldi.
Og‘ayni-jamoa hovli yuziga chiqdi. Yoppasiga oq fotiha berdi.
Kelin o‘ng taraf hamsoyasi ot yetakladi.
Yon qo‘shnim — jon qo‘shnim bo‘ldi.
Ot ostonadan hatladi.
Kelin uzatildi.
Kelin yig‘i boshladi:
— Uvv-uvvv-uvvv...

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:06:14

Yig‘ini o‘z uyi — o‘lan to‘shagini tark etajagidan, xesh-aqrabolaridan olislab ketajagidan desak-da bo‘ladi.
Mo‘lt-mo‘lt qarab turmish, sel-sebora yig‘lab turmush jiyanlari ko‘ngli uchun desak-da bo‘ladi.
Yo, akasi bilan yangasi bizdan qutulish uchun zormanda ekan, demasin degan andishada yig‘laydimi?
Shunday desak-da bo‘ladi.
Yo, kuyovi uyiga borajagi quvonchidan, xushvaqtligidan yig‘laydimi? Ayniqsa, shunday desak bo‘ladi!
Jiyani belidan qo‘shqo‘llab quchoqlab olmish kelin eshitilar-eshitilmas yig‘lab bordi:
— Uvvv-uvvv-uvvv...
Saman terib-terib qadamladi: tik-tik tik...
Hovlilarda itlar hurdi.
Chap taraf chorbog‘dan loviyaqovun isi keldi.
To‘ylovchilar chorbog‘ tarafga qaradi. To‘yib-to‘yib iskadi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:06:24

33

Ko‘prikda soyalar qora berdi. Ikkita bo‘zbola ko‘prikda tayog‘ tutib turdi.
Tayoqni olmasdan ko‘prikdan o‘tib bo‘lmadi.
Bo‘zbolalar kelin tarafdan talab qildi:
— Kuyov... beringlar!
Kelin taraf sukut saqladi.
Bo‘zbolalar o‘z so‘zida turdi:
— Unda, yo‘l yo‘q.
Ot yetaklovchi qo‘ynidan kelin tikmish ro‘mollardan oldi. Bo‘zbolalarga birovdan berdi.
Tayoq olindi, kelin yo‘li ochildi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:06:36

34

Kuyov uyiga yetib keldilar.
Bolalar kelinga peshvoz chopdi.
— Yashasin, kelin keldi! — deya qiyqirdi.
Darvoza oldida gulxan yoqildi.
Kelin gulxandan uch marta aylandi.
Oqlik uchun, hamisha oqko‘ngil bo‘lib yurishlari uchun kelin-qudalar yuziga un sepildi.
Yuzlarini ro‘moli bilan yashirgan yashirib qol¬di, yashirolmagan oppoq un bo‘ldi.
Saman qora o‘tov oldida oyoq ildi.
Kuyov qayliqni otdan tushiraman dedi. Quchog‘ini lang ochdi.
Qayliq kuyov qo‘llarini surib tashladi. o‘zicha rad etgan bo‘ldi.
Qayliq baribir shu quchoqdan tushdi!
Qarindoshlari bilan dugonalari kelin girdini olib turdi.
Kayvoni momo kelinni ro‘moli burchidan ichkari yetakladi. Kelin boshini ostonaga egdi.
— Mana shu ostonaga bi-i-ir ta’zim! — dedi momo.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:06:50

Kelin ostonaga o‘xshatib bir ta’zim qildi.
Tag‘in bir ta’zimlab, ostonani tavof qildi.
Kayvoni momo kelinni ta’zimlatib-ta’zimlatib ichkarilay berdi.
— Bizni yaratmish Odam Otamizga bir ta’zim!
— Bizni bino etmish Momo Havomizga bir ta’¬zim!
— Pastroq egil, u kishi ko‘p ulug‘ edi!
— Ha, bo‘yginangdan momoginang aylansin-da! Qani, yura ber!
Kelin chimildiqda tik turdi.
Chimildiq bog‘ichida o‘n sakkiz xil kelinlik ki¬yimi terildi. Devorlarda oynaxaltalar, choyxaltalar bo‘ldi, zardevorlar, so‘zanalar bo‘ldi.
So‘zanalarda «Xush kelibsiz» demish kashtali so‘zlar bo‘ldi.
Bir so‘zanada atirgul ramzi bo‘ldi, bir so‘zanada qizil olma ramzi bo‘ldi.
Tag‘in bir so‘zanada og‘zida qizil gul tishlab parvozlanmish kaptar bo‘ldi.
Kaptar ostida «O» harfi kashtalandi. Kaptar intilmish manzil tarafda «Q» harfi kashtalandi. «O» — Oymomom bo‘ldi, «Q» — Qoplon bo‘ldi.
Bari kelin ishi bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:07:08

35

Kayvoni momo kelinni to‘ylovchilarga salom berdira berdi:
     
      Soydan ho‘kiz suvlatgan
      Do‘mbirasini kuylatgan,
      O‘g‘illarini uylatgan —
      Qaynotamga salom!
     
      Osmondagi yulduzday,
      Qoshi qora qunduzday,
      Dili oydin kunduzday —
      Qaynonamga salom!

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:07:36

Baytlar kayvonidan bo‘la berdi, ta’zimlar kelindan bo‘la berdi:
     
      Qozonlarning qopqog‘i,
      Ayollarning oppog‘i,
      Misli olma yonog‘i —
      Gulsun opamga salom!
     
      G‘ijim ro‘mol o‘ragan,
      Burilib oyga qaragan
      Sochin silliq taragan —
      Sanam xolamga salom!
     
      Bog‘da uzum g‘o‘rasi,
      Kuyovbekning jo‘rasi,
      Norguloyning to‘rasi —
      Bahrom akamga salom!

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:07:47

— Kayvoni momo, hamsoyasi Suvon daroz, men qolib ketdim, deb o‘pkalayapti.
— Unda, eshitsin:
     
      Tegirmonning noviday,
      Adras to‘nning bog‘iday —
      Daroz akamga salom!
     
Norboy cho‘pon o‘rnidan turib ketdi.
— Ay, momo, kelin nimaga menga salom ber¬maydi? — dedi.
— Salom berganim bo‘lsin. Eshiting:
     
      Qopga tiqqan poxolday,
      Indan chiqqan shoqolday,
      Cho‘pon akamga salom!
     
Bo‘ldi kulgi!
— Hay ukkag‘arning momosi-yo, bekor o‘pka¬labman-a!
Kelin keldisi yaxshi, to‘y bo‘ldisi yaxshi!

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:38:49

36

Kelinlar tong saharlab turadi!
Kelin ayollar hamrohligida eshikni ochdi, tuynukni ochdi.
Shu xonadonga sodiq bo‘lish ramzida it yalog‘iga ovqat qo‘ydi.
Idish-toboqlarga bir-bir ko‘z soldi.
Porillab yonmish olovga moy tomizdi.
Bu baxtli bo‘lish ramzi bo‘ldi.
Nevara-chevarali bo‘lib yurayin deya qo‘liga go‘dak oldi.
Barcha palov yedi.
Kelin bo‘lsa, qo‘lini-da uzatmadi.
Shunda, kelin osh yemadi, bo‘ldi.
Kuyov tog‘asi kelin osh yeyishi uchun bir jo‘ra sakkiztepkilik atlas aytdi. Ammasi qo‘qoncha shoyi aytdi.
— Aytadiganlar og‘ziga qarab aytsin! — dedi bir momo.
Chin, aytuvchilar aytmishini kelinchaqiriqda kiygizadi.
Oxirgi kelin osh yemadini qaynonasi aytdi:
— Mana shu uy-joy turish-turmishi bilan seniki!
 — Ana bo‘lmasa! — dedi barcha.
Ana shundagina kelin palovga qo‘l uzatdi.
Yuz ochar bo‘ldi.
Kelinlar yuzini ochish begunoh norasidalar ishidir.
Shu bois, momolar to‘rt-besh yashar kuyov ukani gij-gijladi.
Kuyov uka chopqillab bordi. Yangasi yuzidagi ro‘molni tortib yubordi.
Kelin yuz ochdi.

Qayd etilgan