Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119036 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 25 B


shoir  14 Noyabr 2007, 12:58:10

7

Kenja jiyaniga qatiq yalatib o‘tirmish Oymomo yangasidan orlandi. O‘ziga qaragan bo‘ldi: yelkasiga sirg‘anib tushmish iroqi ro‘molini yopindi. Yuqoriga yig‘ilib qolmish ko‘ylagi barini tortdi, tizzalarini yopdi.
Jiyani qulochini ochdi, onasiga talpindi.
Onasi kenjasini bag‘riga oldi.
Qaynsinglisiga tikildi-tikildi, miyig‘ida kuldi-kuldi.
Keyin, qaynsinglisi ko‘ngliga qo‘l soldi:
— Sen nima deysan?
— Nimani nima deyman?
— Talmovsirama, biror nima de. Sovchi kepti.
— Kimga?
— Menga bo‘larmidi, senga-da.
— Eb-ey, men sizga nima qildim? Boring-e!
Oymomo ters bo‘ldi. Bilq-bilq qaynamish qozonga yuz berdi.
Kosov bilan o‘choq kovladi.
Olov hur-hur yondi.
Kenja, onasi yoqasini tataladi.
— Ena, mamma! Mamma ber! — dedi.
Onasi o‘g‘liga emchak berdi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 12:58:22

— Uyalsang-uyalmasang, bu barimizning boshimizda bor savdo, — dedi yanga bo‘lmish.— Biz ham sendayin uyalib edik. Mana oqibati, jiya¬ning sho‘rpillatib-sho‘rpillatib emib o‘tiribdi...
— Erga tegaman deb o‘lib o‘tirganim yo‘q...
Yanga bo‘lmish ketiga chalqayib-chal-        qayib kul¬di. Ko‘kragi kenjasi og‘zidan chiqib ketdi.
— Men seni o‘lib o‘tiribdi, deb o‘ylabman, — dedi. — Menga qara, bugun, bugun bo‘lmasa ertaga baribir kelin bo‘lasan...
Kenja, mimit qo‘llarini cho‘za berdi-cho‘za berdi. Onasi ko‘kragini tag‘in og‘ziga soldi.
— Joyi chiqib turibdi, xo‘p deya ber. Qoplon ikki yelkasiga uy tiksa bo‘ladigan yigit.
— Men undaychikin odamni bilmayman...
— Endi bilasan-da. Aytganimdan qolma. Chiroying borida chinoringni top!
Oymomo cho‘qqa tikilmish ko‘yi o‘tira berdi.
Cho‘g‘ Oymomo yuzlaridan, Oymomo yuzlari cho‘g‘dan qolishmadi.
Yanga bo‘lmish kenjasini Oymomoga berdi.
— Bo‘ldi, sukut alomati rizo, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 12:58:34

8

Yanga bo‘lmish og‘ayni-jamoa qoshiga bordi. Oymomo sukutini aytdi.
Sovchilar dasturxonga o‘ralmish nonni o‘rtaga qo‘ydi.
Qalin aytish boshlandi.
— Xo‘-o‘sh...
— Elga qarab ayting-da.
— Xo‘-o‘p...
— Bo‘ldi-e, hech kim qiz uzatib boyigan emas.
— O‘nta qo‘y... shularga rozimisizlar?
— Qani, ilohi omin, ikki yosh qo‘sha qarisin, olloh-akbar!
Yangasi qiz onasi o‘rnida fotiha o‘qidi.
Non sindirildi.
Sovchilar ohorli belqars o‘rab ketdi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 12:58:50

9

Kuyov tarafdan fotiha to‘y keldi.
Fotiha to‘yida qo‘y, zig‘ir moy, guruch, mayiz... bo‘ldi.
Kelin-kuyovlik davri boshlandi.
Kuyov, kelin qarindosh-urug‘lari oldidan yerga qarab o‘tdi. Ko‘zlariga tik qaramadi. Davralarda yuzma-yuz o‘tirmadi.

10

Oy o‘tdi.
Kelinnikiga ko‘rpa-to‘shak matolari bilan paxta keldi...
Bu, to‘qqiz deb ataladi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 12:59:45

11

Bir oqshom kuyovto‘ra kelin akasi bir yoqqa safarlab ketdi, deya eshitdi.
Oshnalari bilan qayliqlab bordi.
Oshnalar ohista-ohista deraza chertdi.
Derazadan yanga bo‘lmish qaradi.
— Kuyov qaylig‘i bilan ko‘rishsam deydi... — dedi oshnalari.
Yanga bo‘lmish yo‘l bermadi.
— Ko‘rishgisi kelsa to‘y qilsin, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:00:07

12

To‘y bozor oqshomi bo‘ldi.
To‘yga ayta-ayt bo‘ldi.
Qizlar kelin tarafga aytdi, bo‘zbolalar kuyov tarafga aytdi.
Qizlar kelinnikiga bordi, bo‘zbolalar kuyovnikiga bordi.
Kuyovnikida necha-necha qo‘ylar boshi ketdi.
Necha-kecha ko‘zalar bo‘shab qoldi.
Sozlar, xonish havoda havolanib-havolanib turdi.
To‘yxona to‘la to‘ylovchi bo‘ldi.
Ko‘chada bolalar shovqin soldi:
— Toboq keldi, kelinnikidan toboq keldi!
Darvozadan yelkalari, boshlarida dasturxon ko‘tarmish ayollar paydo bo‘ldi. Ayollar kelinnikidan o‘nta toboq olib keldi.
Toboqlar birida palov, birida qovurma go‘sht, birida qaynatilgan tuxum, yana birida shirguruch... bo‘ldi.
Toboqlar davralarga qo‘yildi.
To‘ylovchilar ko‘ngillari tortmish taomdan yedi.
Bo‘sh toboqlar yig‘ib olindi.
Jo‘raboshi davraga katta ro‘mol yoyib aytdi:
— Kuyovto‘ra kelib qarab tursin, kim qanday sovg‘a tashlaydi!
To‘ylovchilar atagan sovg‘a-salomlarini ro‘mol¬ga tashladi. Birov bir kiyimlik atlas tashladi, birov shoyi tashladi.
Ro‘mol deyarli to‘ldi.
Duo ezgu bo‘ldi:
— To‘yniki to‘yda qaytsin, olloh-u akbar!

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:00:43

13

Kuyov jo‘ralar kelinnikiga yo‘l oldi.
O‘zlariga ajratilmish uyga qo‘ndi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:00:52

14

Kelin hovli o‘ng yuzidagi uyda bo‘ldi.
Qizaloqlar derazama-deraza mo‘raladi, kelinni tomosha qildi.
Ichkarida qizlar g‘uj bo‘ldi. Biri havas bilan, biri achinish bilan kelinga boqdi.
Kelin ixtiyori qizlarda bo‘ldi.
Bir qiz barmoqlarini tupuklab-tupuklab ho‘lladi. Qiz kelin zulflarini bot-bot buradi. Zulflar gajakdan-gajak bo‘ldi.
Bir qiz to‘ntariqlik piyola ketiga o‘sma ezdi. Qiz kelin qoshlariga o‘sma qo‘ydi.
Kelin nigohlari kigiz gulida bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:01:03

15

Shu vaqt besh-olti odam kelinli uy dahliziga keldi.
Ichki eshik qiya ochib qo‘yildi.
Xayrulla domla kelindan vakil so‘radi:
— Sizkim Oymomo Abdiboy qizi, o‘zingizni Qoplonboy Qurbonboy o‘g‘liga bag‘ishlamoq vakolatini akangiz Esonqul o‘g‘liga topshirdingizmi?
Sukunat.
Kelin miq etmadi.
— Aytma, aytma, — shivirladi qizlar.
Eshik ketida turmush kuyov jo‘ralar qizlarga pul uzatdi.
Qizlar pulni bo‘lib-bo‘lib oldi.
Kelin hamon jim bo‘ldi.
Kuyov jo‘ralar tag‘in pul uzatdi.
— Bo‘ldimi? Endi aytsin! — dedilar.
— Ay, Xolbuvi, sen hadeb shivirlay berma!
— Shivirlayman! Nima, darrov ha, deya beradimi?
— Ha, deyish osonmi!
— Yegani non emas!
Xayrulla domla qayta vakil so‘radi.

Qayd etilgan


shoir  14 Noyabr 2007, 13:01:11

Tag‘in javob bo‘lmadi.
Kuyov jo‘ralar biri qo‘yib-biri aytdi
— Oymomo, tong otguncha o‘tira beramizmi?
— Oymomo, dugonalaringning gapiga kirma, ular senga g‘ayirlik qilayapti!
— Ay, Norgul, shu buzmakorliging bo‘lsa senga birov ham qaramaydi!
— Uyoqda kuyovto‘ra intiq bo‘lib qoldi!
Qizlar-da bo‘sh kelmadi:
— Intiq bo‘lsa bo‘lar!
— Qirqiga chidagan kuyov, qirq biriga-da chidar!
— Bir tong otsa otibdi-da, hali yanagi tonglar bor!
Xayrulla domla oxirgi bor — uchinchi bor vakil so‘radi.
Shunda-da javob bo‘lmadi.
Uchdan keyin puch bo‘ldi.
Domla tashqari ravona bo‘ldi.
— Kelin xohlamayapti, nikohni qoldiramiz, — dedi.
Shunda, oq parda ichidan:
— Ha... — demish zaif ovoz keldi.
Ovozni barcha eshitdi.
Kuyov jo‘ralar keta-keta:
— Tag‘in xiyol hayallaganingda kuyovsiz qolib eding! — dedi.
Kulgi bo‘ldi.

Qayd etilgan