21
Peshonalarda manglaydo‘zilar yal-yal bo‘ldi.
Solinchaklarda bodomnusxa kumush gajaklar, oynador baldoqlar halqa-halqa bo‘ldi.
Ko‘kraklarda tumorlar, nozigardonlar, uch qatorli shokilalar, to‘rt qator shokilalar, to‘rt qator-u besh nishonli marjonlar shoda-shoda bo‘ldi.
Boshlarda ottuyoq ro‘mol, sholro‘mol, balxiro‘¬mol, qulmiro‘mol, shotutro‘mol, simro‘mol, harir ro‘mollar havolandi.
Bodomcha, iroqi do‘ppilar, chorgul, baxmaltepa do‘ppilar g‘uj-g‘uj bo‘ldi.
Elimiz kamalakni matoga ko‘chirdi. Oti atlas bo‘ldi.
Ana, atlas onalarimiz, opa-singillarimiz, qizla¬rimiz egnida tovlandi.
Atlasda o‘ziga loyiq rangi bo‘ldi, rangiga loyiq nomi bo‘ldi: Sakkiztepkilik, Marg‘ilon xonatlasi, Samarqand oqshomi, Marg‘ilon mash’ali, Farg‘ona yo‘llari, Layli, Guli, Shirin, Mahliqo, Shotikapak, Shodiqara, Qo‘chqorshohi, Tiri kamon, Oltin kalit...
Bir yil to‘rt fasl bo‘ldi. Fasllar ranglarga mo‘l bo‘ldi: bahor — gulzor, yoz — oftob, kuz — munis, qish — marmar...
Elimiz fasllarni matoga ko‘chirdi: Hamisha bahor, Bog‘-u bo‘ston, Rayhon, Gul va Navro‘z, Gulnamozshom, Bargikaram...
Atlas — elimiz tarixi. Atlasda elimiz kechirmish hayitlari bor, fojialari bor.
Atlas — qo‘shiq, elimizning azaliy ham so‘ngsiz qo‘shig‘i!