Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119049 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 25 B


shoir  25 Noyabr 2007, 19:39:39

37

To‘ylovchi ketdi, to‘yxona qoldi.
Kuyov bilan qayliq qoldi.
Ota-ona kuyov-qayliq uchun bo‘lak hovli solib berdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:39:48

II

Momomiz shundaygina bobomiz qabatlarida o‘tiribdilar.
Doka ro‘mollari uchlari yellarda hilpiradi-hilpiradi, bobomiz yuzlarini siladi.
Bobomiz huzurlandilar, bobomiz g‘ashlandilar. Kipriklarini pirpiratdilar, yonoqlari, lablarini uchirdilar.
Doka ro‘mol momomiz sochlariday oppoq bo‘ldi, mayin bo‘ldi.
Ohista-ohista esmish yoz yellari tanga huzur berdi.
Yellar salqin bo‘ldi, yellar sokin bo‘ldi.
Yoz yellaridan yer isi keldi.
— Bu yil pishiqchilik yaxshi keldi, momosi. Mevalar mo‘l...

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:40:01

1

Qoplon oyog‘ida og‘riq turdi.
Iliklarida bir nimalar g‘imirlab yurdi. Iliklari qizidi, iliklari zirqiradi.
Qoplon chalqanchadan yonbosh bo‘ldi. Ayoli tarafga o‘girildi.
— Havo sevalab o‘tadi, momosi, — dedi.
— Bu kishi qayerdan biladi? — dedi ayoli.
Qoplon oyog‘ini aytmadi.
— Bilaman-da, — dedi. — Ko‘rshapalaklar inlaridan uchib chiqmasa, havo ayniydi. Bugun oqshom ko‘rshapalaklar uchmab edi.
Og‘riq zo‘raydi. To‘piqlari, bebilchaklari ichi zirqiradi.
Qoplon tashqarilab keldi.
— Aytdim-ku, momosi, — dedi. — Oy o‘z girdida o‘rov tortibdi. Yog‘adi, bosib yog‘adi.
Chin, yarim tunda yomg‘ir ovoz berdi. Yomg‘ir to‘ntariqli tog‘oralarni chaldi, derazalarni chertdi.
Qoplon yotib yotolmadi. Ayvonlab, hovli chirog‘ini yoqdi.
Tarnovdan tushmish yomg‘ir ko‘lmaklandi. Ko‘lmakka tomchilami yomg‘ir chuldiradi.
Hovli burchida mushuk ko‘zlari yiltiradi. O‘tlar orasidan qurbaqa sapchib keldi.
Qoplon dimog‘i yomg‘ir isini tuydi.
Havo ertasi tushda tindi.
Kun yaraqlab ketdi.
Oymomo ko‘rpa-to‘shaklarni shamollatish uchun hovlidagi simga osdi. Derazalarni lang ochdi.
Oftobro‘yaga to‘shak tashladi. Dasturxon yoydi.
Qoplon ta’tillandi. Keyin, yonboshladi. Telpagini qoshiga surdi. Ko‘zlarini yumdi. O‘zini oftobga toblab yotdi.
Oymomo oftobiyorda tikish tikdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:40:12

Hovli yuzida makiyon tovuq donladi. Makiyon viqor bilan qadamladi, vazmin-vazmin qadamladi.
— Qurq-qurq-qurq! — deya, ovoziga hamohang qadamladi...
Makiyon ketida olam-jahon jo‘ja odimladi. Jo‘jalar yum-yumaloq bo‘ldi. Limonday-limonday bo‘ldi. Sariq-sariq bo‘ldi.
— Chiyov-chiyov-chiyov! — deya pildiradi.
Chin, jo‘jalar pildir-pildir etdi. Misoli dumaladi!
— Chiyov-chiyov-chiyov! — deya dumaladi.
Shu vaqt hovli uzra bir soya aylandi.
Qoplon ko‘zi yumuqligidan ko‘rmadi.
Oymomo ko‘zlarini qisib qaradi. Nimaligini bilmadi.
G‘ojir hovli uzra davra oldi. Favqulodda yerga yulduzday uchdi. Qanotlarini yoyib keldi. Bir jo‘jani panjalari orasiga oldi. Tag‘in o‘qday yuqoriladi.
Oymomo ana shunda nima gapligini tushundi. Joyidan sapchib turdi. Qo‘l siltab zug‘um qildi:
— Kish deyman-a, kish, qiyomat qotgur! — dedi.
G‘ojir terak bo‘yi ko‘tarildi.
Panjalarida bormish jo‘ja chiyillab-chiyillab qo‘ya berdi.
Makiyon falakka sapchib qoqoqladi, jo‘jasiga talpinib qoqoqladi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:40:21

Qoqoqladi-qoqoqladi, shahd bilan tomlab uchdi. Chiy-chiy-chiy etmish jo‘jasiga talpindi.
Tomdan g‘o‘zapoya g‘aramiga uchdi. Chiy-chiy-chiy, deya olamlamish jo‘jasiga talpindi.
G‘aramidan simyog‘ochga uchdi. Ammo simyog‘och uchiga yetolmadi. Pirr etib yerga uchib tushdi.
Bo‘ynini cho‘zib-cho‘zib, falakka qaradi. Jo‘jasi chiy-chiy-chiy deya, tobora olislab bordi.
Ana shunda makiyon jo‘jasidan umrbod judo bo‘lajagini bildi.
Jonholatda Oymomo bekasini aylanib qoqoqladi. Bolamni olib ketdi, dedi. Oh urib qoqoqladi.
Oymomo bekasidan madad so‘radi. Bolaginamni olib ketdi, dedi. Faryod urib qoqoladi.
Bolasi olisladi. Ovozi elas-elas eshitildi.
Makiyon qoqoqladi-qoqladi, taqdirga tan berdi.
Omon qolmish bolalarini ergashtirdi. Katagiga yo‘l oldi. Bo‘ynini ichiga tortdi. Ko‘zlarini yumdi.
Makiyon, nopayid bo‘lmish bolasi azasini tutdi.
Oymomo makiyon izidan bordi. Katakka qarab-qarab keldi.
— Bola bola-da, — dedi. — Bo‘lmasa, qolgan o‘n beshta bolasi kamlik qiladimi...
Qoplon ma’yus bosh irg‘adi.
— Xudo shuni-da ko‘p ko‘rdi, — dedi.
G‘ojir olislamish yoqqa qaradi. O‘zicha fotiha o‘qidi. Dasturxon uchun o‘qidimi, yo, nopayid bo‘lmish jo‘ja uchun o‘qidimi, bilib bo‘lmadi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:40:28

— Xudo shuni-da qiymadi, — dedi.
Ma’yusdan-ma’yuslandi. Ma’yus bosh egdi, ma’yus xayollandi...
— Nima, biron joyi og‘riyaptimi? — dedi Oymomo.
Qoplon ayoliga termildi. Termildi-termildi, siniq ovozda dedi:
— Bilmayman, momosi, bilmayman. Ko‘nglimda bir nima yuribdi. Panjalarini botirib-botirib yuradi. Avvallari ahyon-ahyonda yurar edi. Endi bo‘lsa na kechani kanda qiladi, na kunduzni kanda qiladi. Ko‘nglimni tirnab-tirnab yuradi. Qo‘limni suqub, olib tashlayin deyman, bo‘lmaydi, bo‘lmaydi..
Oymomo so‘raganlariga pushaymon bo‘ldi. Nafasi ichiga tushib ketdi. Qilt etib yutindi.
Qoplon tag‘in ayoliga termildi. Endigi termilishda mana bunday dedi:
«Xo‘sh, endi nima qilamiz, momosi?»
Oymomo dasturxondan ko‘z olmadi. Xiyol titramish barmoqlari dasturxon gullarini siladi.
Toshdan-da og‘ir sukunat bo‘ldi, azadan-da qayg‘uli sukunat bo‘ldi!
Bolali uy xandon bo‘ldi, bolasiz uy zindon bo‘ldi!
Oymomo ko‘z qirida Qoplonga qaradi. Kipriklari pirpiradi. Ko‘z qirini olib qochdi.
Ko‘z qiri mana bunday dedi:
«Bilmasam, bovasi, men bilmasam...».
Qoplon etigini kiydi. Qoziqdan qamchini oldi.
Shunda, yelkalari bir ko‘tarilib tushdi.
— U-u-uh! — dedi.
Qamchi o‘rimi bilan etigi qo‘njini qamchiladi, Og‘ir-og‘ir odimladi. Zinadan pastladi.
Shunda, ichkaridan:
— U-u-uf! — demish oh keldi.
Ayoli!

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:40:45

2

Qoplon ishiga otlandi.
Uyiga oqshomda qaytib keldi.
— Otasi aytib ketdi, — dedi ayoli.
Otdan tushmasdan otasinikiga yo‘l oldi.
Borsa, ota-onasi bilan o‘zlarining sovchisi bo‘lmish o‘tiribdi.
Qoplon ota-onasidan eshitmaganlarini eshitdi.
— Tokaygacha shunday yura berasan? Javobini ber-da, qo‘y! — deya qo‘l silkidi otasi.
Onasi ro‘moli burchi bilan og‘zini ushladi. Yig‘lamsiragan bo‘ldi.
— Uf-f, kunma-kun oyoqdan qolayapman. Nevara ko‘rolmay o‘tib ketamanmi endi... — dedi.
— Nevarangiz ko‘p-ku, ena... — deya ming‘illadi Qoplon.
— Har bir gulning o‘z hidi bo‘ladi. Boshqa nevaralarimning yo‘rig‘i boshqa, sendan ko‘radigan nevaralarimnnig yo‘rig‘i boshqa.
— Sen qatorilar bolali bo‘ldi, — dedi otasi.
— O‘g‘li bornnig o‘zi bor, qizi bornnig izi bor.
— Umr o‘tayapti. Bo‘laringda bo‘lib o‘t, bo‘z yo‘rg‘aday yelib o‘t.
Qoplon najot istadi, sovchiga qaradi.
Sovchi bu qarashni uqdi.
— Xohlasang, ajral, — dedi sovchi. — O‘zim qo‘shib edim, o‘zim ajrataman. Keyin, ukkag‘arning sovchisi umrimga zavol bo‘ldi, deya o‘pkalanib yurma.
— Mayli, bir o‘ylab ko‘rayin, — deya qo‘zg‘aldi Qoplon.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:41:08

3

Tokaygacha odamlar qoboq-tumshug‘iga qarab kun ko‘radi?
Yo shunday o‘tib keta beradimi? Umri oxirigacha-ya?
Og‘ziga yetgan bor, yetmagan bor. Bir kun emas-bir kun, birov bilan gapi chap tushadi. Yuziga aytadi...
Shunda nima degan odam bo‘ladi?
Ko‘za kunda sinmaydi, kunida sinadi!
Mana, necha yilkim, mung‘ayib kun ko‘radi.
El-yurt bilan muloqot qilsa, gap ketishiga qarab turadi. Birov bir bema’ni gap gapirsa:
— Sizniki ma’qul, — deya bosh irg‘aydi.
Bordi-yu, shu gapni boshqa birov inkor etsa:
— Sizniki-da ma’qul, — deydi.
Inkor etmaydi, e’tiroz-da bildirmaydi.
Hayot ketishi, kun o‘tishini poylaydi.
Tokaygacha?
Tog‘ yo‘lida yurmish otliq ko‘nglidan ana shular o‘tdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:41:37

Yo‘l yoqalarida adirlar bo‘ldi. Adirlar ot tuyoq tovushlari aks sadosini berdi.
Soyda tog‘ suvi toshdan-toshga urila-urila oqdi, ko‘piklana-ko‘piklana oqdi.
Osmono‘par tog‘ bag‘oyat ko‘rkam bo‘ldi, tarovatli bo‘ldi.
Otliq shu toqqa tikilib bordi, xayollanib bordi.
Sho‘ro kotibi qorovullikka olaman, dedi, Albatta, gap-so‘zsiz olmaydi. O‘zi, qolabersa, boshqalari so‘rab-surishtiradi. Nimaga qo‘ltig‘ingiz ostidagi ishni tashladingiz, ko‘p yillar yonma-yon ishlagan odamlarga qo‘l siltadingiz, demaydimi? Yo‘l olis bo‘lsa, yana tag‘in to‘qson so‘mlik qorovullik bo‘lsa, nimasiga orzumand bo‘lasiz, demaydimi? Olisdagi palovdan yaqindagi sho‘rva yaxshi demaydimi?
Shunda, nima deydi? Befarzand bo‘ldim, eldan tilim qisiq bo‘ldi, shu bois, eldan xolisroqda yurayin, deydimi? Minba’d! Indamay tura beradi. Baribir ishga oladi. O‘zi aytdi, sadqai suxaningiz, dedi...

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:42:19

4

Otliq otini darvoza ustuniga qantardi.
Hovliga kirdi, zinadan ko‘tarildi, tor yo‘lakdan ichkariladi.
Shunda, nordon-nordon gapirmish kotib ovozini eshitdi. Eshik ketida oyoq ildi. Devorga yag‘rin berdi.
Kotib kuyundi:
— Qachon jilovlab qo‘yiladi bu ig‘vogar, g‘alamislar-a?! Qachon bartaraf bo‘ladi, bu anonimchilar-a?! Avval soliq masalasi edi, endi bu! Rahmat, muxbir aka, haqiqatni tiklagani kelibsiz. Umid qilamanki, hujjatlarimizni ko‘rib chiqib, o‘sha fisq-u fasodchilarning yozganiga yana qaytib ishonmaysiz!
Begona ovoz so‘radi:
— Xolliyev Jo‘ra!
Kotib javob berdi:
— Bor, Vaxshivorda yashaydi!
— Saidov Olim!
— Bor, Zardaqulda istiqomat qiladi!
— Karimov Xolbek!
— Hayot! Lo‘kkada qarilik gashtini surib yuribdi!
— Iltimos, shu odamni bir chaqiring. Bir gurunglashaylik.
— Endi, muxbir aka, Lo‘kka olis, ha, olis! Buyog‘i, Lo‘kkasoydan sel chiqqan! Ot o‘tolmaydi!
— Xo‘p, To‘rayeva Mengsulton!
— Bor!
— Qayerda?
— Xo‘jasoatda! Qarilik nafaqasini o‘z vaqtida olib turadi!
— Xo‘-o‘p. Islomov Bo‘riboy!

Qayd etilgan