Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119007 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 25 B


shoir  25 Noyabr 2007, 19:42:34

— H-e, bu anavi chinorlik dala qorovuli! Kuni dalada o‘tadi! Bo‘ri akani ertalab bekatda ko‘rib edim! Yo‘l bo‘lsin, desam, Denov borayapman, nos tamom bo‘ldi, deb edi!
Qoplon ko‘zlarini bir yumib ochdi. Oyoq uchida tashqariladi, tag‘in otlandi. Jilovni qo‘yib yubordi. Ot o‘z ixtiyorida qadamladi.
Qoplon egar qoshiga tikilib bordi-bordi-da, birdan boshini ko‘tardi. Shunda, qo‘lida jilov yo‘qligini bildi. Uzalib, ot boshigacha surilib bormish jilovni tortib oldi.
Ot seskandi, old oyoqlarini xiyol ko‘tardi, yo‘lga bel bo‘ldi.
Qoplon otni chapdagi echki so‘qmoqdan soldi.
Soyda satil ko‘tarib yurmish ayollar oldidan o‘tdi. Adirlab, otiga qamchi bosdi.
Ot g‘arq terga botdi, og‘ir-og‘ir nafas oldi.
Qoplon adir narigi betida otdan tushdi. Ot arqonini toshga o‘radi.
Maydaroq bir toshga cho‘nqayib o‘tirdi. Tizzalarini quchoqladi. Peshonasini bilaklariga qo‘ydida... ho‘ngrab yig‘lab yubordi!
U yig‘ladi... inson, o‘g‘ri bo‘l, g‘ar bo‘l, evi bilan bo‘l-da. Shundan ko‘ra o‘lganing yaxshi emasmi. Imon qani, odam degan noming qani, inson... deya yig‘ladi.
U yig‘ladi... inson, senga pul kerak, inson. Pul deganlari bir qog‘oz-ku, inson. Qog‘ozni deb shunchalikka bordingmi, inson... deya yig‘ladi.
Ot quloqlarini dikkaytirib-dikkaytirib xo‘jasiga qaradi.
Qoplon yig‘lay berdi-yig‘lay berdi. Qizimish badani sovidi, to‘lmish o‘pkasi bo‘shadi.
Otni xiyol yo‘lgacha yetaklab bordi. Ko‘zlarini jelagi o‘ngiri bilan artdi. Xo‘rsina-xo‘rsina, otlandi. Chayqala-chayqala, yoqasiga tufladi.
Muxbir so‘ramish, kotib aytmish o‘sha bandai mo‘minlar ko‘z o‘ngidan bir-bir o‘tdi: Xolliyev, Saidov, To‘raeva...
Bu bandayi mo‘minlar... bu bandayi mo‘minlar bundan besh-olti yil muqaddam... rahmatlik bo‘lib edi...

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:42:49

5

Shu-shu, Qoplon kotib yuzini ko‘rmadi. Ko‘rishni-da xohlamadi.
Kotibni esladi — seskandi, eti jimirladi. Kotibni esladi — bosh chayqadi, yoqasiga tufladi.
Ko‘rmish-kechirmishlarini elga joriy etmoqchi-da bo‘ldi. Yana tag‘in shashtidan qaytdi.
«Ismat mirob Mamat bilan tegirmonda navbat talashib qolib, bechorani qandayin xo‘rladi? — dedi. — Yigirma yildan beri ayolingni tug‘dirolmaysan-da, yana tag‘in o‘zingni erkak sanaysan, dedi. Bundayin gapni eshitgandan ko‘ra... o‘lgan yaxshi! Mabodo ko‘rgan-bilganlarimni aytib qo‘ysam, kotib eshitib qoladi. Keyin, el oldida haligidayin gaplarni yuzimga soladi. Undaylardan keladi, ha. Yaxshisi, hali-hozir tilimni tiyganim ma’qul bo‘ladi. Xushvaqt o‘g‘limiz dunyoga kelsin, undaychikinlar bilan qanday gaplashishni o‘zim bilaman!..»

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:43:13

6

Ota-onasi tag‘in chaqirtirdi.
— Uyimizdan ilon chiqqanmi? — piching qildi otasi.
— Yo‘q, nima edi? — talmovsiradi bolasi.
— Bo‘lmasa nimaga qorangni ko‘rsatmaysan?
— Bizning gapimiz nima bo‘ldi?
— Yelib-yuguryapmiz, berib qolar... — deya ming‘illadi Qoplon.
— Bersa, shu vaqtgacha berardi-da.
— Ayolingning gapiga kirma! Ayoling aldab yura beradi.
— Ayoling bugun u deydi, ertaga bu deydi...
— O‘zi-ku, pushti kuyib ketibdi ekan...
— Endi, seni-da so‘qqabosh o‘tkazadimi?..
— Nafaslaringizni issiq qilingizlar...
— Nafasimizni issiq qilmay, nima qilyapmiz?
— Qozon to‘la osh bo‘lsin, yostiq to‘la bosh bo‘lsin, deyapmiz!
Qoplon miq etmay qo‘zg‘oldi.
Ota-onasi ketidan qarab-qarab qoldi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:43:34

7

Qish qaridi.
Yerdan ko‘klam hidi keldi.
Brigadir Qoplonni tok kesish uchun aytdi.
Qoplon ro‘molga non bilan mayiz tugdi. Tugunni xurjunning o‘ng ko‘ziga soldi. Chap ko‘ziga tokqaychilarni soldi.
Dalaga yo‘l oldi.
Otini ariq bo‘yiga arqonladi.
Xurjunni yelkasiga tashladi. Yoyilib tok kesmish odamlarga qarab yurdi.
Hormang, bor bo‘ling, qildi.
Tushlik tugunni olma shoxiga ildi.
O‘ngirlarini chappa qayirib, belbog‘iga qistirdi.
Jo‘yak boshida tok kesib boshladi. Novda to‘rtinchi bo‘g‘inidan qaychi soldi. Omon qolmish novda uchini yerga qadab qo‘ydi.
Galdagi tok qo‘shtana bo‘ldi. Har tanada to‘rtbeshtadan novda bo‘ldi. Bu novdalar uchini kesib, shunday qoldirib bo‘lmaydi. Boisi, bir tokka ko‘plik qiladi. Oqibat, uzumi mayda-mayda bo‘ladi.
Shu bois, Qoplon tok birovini ayrisidan cho‘rt kesib tashladi.
Tanada bitta tok qoldi.
Endi, cho‘rt kesib tashlanmish tok kuch-quvvati-da ana shu omon qolmish tokka o‘tadi. Bir tokda ikkita tok quvvati bo‘ladi.
Ana endi novdalarni uzun-uzun qoldirsa-da bo‘ladi. Shig‘il-shig‘il uzum tugadi.
Shu bois, Qoplon, omon qolmish tok novdalarini to‘rtinchi bo‘g‘indan emas, oltinchi bo‘g‘indan kesib tashladi.
Qoplon oqshomgacha to‘rt jo‘yak tok kesdi.
Bo‘zbolalar kesilmish novdalarni yig‘ishtirib oldi. Kuzda mayiz qilinajak o‘choq oldiga olib borib bosdi.
Oqshom Qoplon beli qadala-qadala, otiga arang mindi.
Uyida yonboshlab ta’tillandi-da, o‘zini to‘shakka tappa tashladi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:44:26

8

Oymomo dasturxon yopa-yopa:
— Sinoda bir tabib bor emish, ostonasidan odam uzilmas emish, — dedi.
— Nima qil deysan? — dedi Qoplon.
— Brigadirdan so‘rasin, borib kelamiz.
Qoplon ayoliga og‘irinib qaradi.
— Qaysi yuz bilan? — dedi.
Oymomo chappa burilib oldi.
— Bu kishiga ish kerak, mol-dunyo kerak. Qayg‘usi bolami... — dedi.
Qoplon yonib ketdi. Tashqariladi. Hovlini aylanib keldi. Chopon o‘ngirini tutamlab aytdi, o‘z ovoziga yot ovozda aytdi:
— Menga manavi choponim qolsa bo‘ldi, momosi!..

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:44:54

9

Qoplon diltang bo‘lib o‘tirib edi, otasi kirib keldi. U, otasi maqsadini bildi.
— Bor, mol-hollarga qara, — dedi ayoliga.
Otasi joylashib o‘tirdi. Fotiha qildi. Yerga qarab gap ochdi:
— Enang aytgan gapni nima qilding? — dedi.
— Qanday gap? — talmovsiradi Qoplon.
— Nevara-chevara orzusi.
Qoplon haminqadar kuyib-yondi.
— E-e-e, ota! — dedi. — Ayol meniki! Buyog‘ini o‘zimga qo‘ying-da, endi!
— Aytmasang-da, ayol seniki, bari gap senda.
— Bo‘pti-da!
— Bir og‘iz gapni aytib, javobini berib yuborish shuncha qiyinmi?
— Tinch qo‘ying, ota, tinch qo‘ying!
— Qo‘ymayman! Nima deysan, qo‘ymayman!
Qoplon o‘rnidan turib ketdi.
— Boring, ota, boring, baraka toping!
Otasi angrayib qoldi.
— Nima-nima?! — dedi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:45:10

— Tinch qo‘yasizmi-yo‘qmi, deyapman!
— ...
— Qo‘ymasangiz, ana, katta ko‘cha!
Otasi og‘zidagi og‘zida, bo‘g‘zidagi bo‘g‘zida qoldi.
— Ha-a-a!! Sen hali meni uyingdan haydayapsanmi?! Meni-ya?!
— Haydayotganim yo‘q, tinch qo‘ying, deyapman!
— Ha-a-a!!! Meni-ya?! O‘z otangni-ya?! He, enangni...
Otasi sapchib turdi. Qoplonning quloq-chakkasiga tortib yubordi. Hovliga otilib chiqdi. Kaftlarini katta-katta ochdi. Salmoqlab-salmoqlab duo qildi:
— Omin, o‘z otangni uyingdan haydagan bo‘lsang, iloyim, kosangning tagi oqarmasin! O‘lsang, otamlab yig‘lovching bo‘lmasin, ollohu akbar!
Otasi etak qoqib ketdi. Yana qaytib kelmadi.
Bir qish uzun-da keldi, ayoz-da keldi.
Chol ana shu qishdan chiqolmadi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:45:22

10

Bir armon folchiga borish bo‘ldi. Fol ochirish bo‘ldi.
Qoplon bilan Oymomo otlandi. Dahana Obshir qishlog‘iga bordi. Hojar ko‘r folchi uyini topdi.
Darvozada bir ayol:
— Kechqurun folim kelmaydi, erta saharlab kelsin, deyaptilar, — dedi.
Qoplon bilan Oymomo otdan tushmayin iziga ravona bo‘ldi. Xiyla yurdi. Boya o‘tmish toshloq oralab yurdi.
Ot ohistaladi. Qalqib-qalqib oldi. Oyoq ilib-ilib oldi.
Qoplon bildi, ot tuyoqlariga tosh botdi. Otiga rahmi keldi. Enkayib, ot tuyoqlariga qaradi.
— Shu, Hojar ko‘rga nimaga-da keldik, o‘zi, — deya xunob bo‘ldi.
— Unday demasin, — dedi Oymomo, — Hojar ko‘rni folchimisan-folchi, deydilar. Baloni biladi, deydilar.
— Go‘rni biladi, ochiq lahadni biladi! O‘z oti o‘zi bilan Hojar ko‘r bo‘lsa!..

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:45:34

11

Qoplon bilan Oymomo tong saharlab keldi.
Oymomo yolg‘iz o‘zi ichkariladi. Tevarakka alangladi. Hayron bo‘lib qoldi. Hovli to‘la oq tovuq bo‘ldi! Tovuqlar biri qo‘yib biri qoqoqladi. Oymomo ketidan ergashdi.
Oymomo tovuqlarni kishkishlab haydadi. Ko‘nglidan: «o‘zi, bu yer uymi, yo, bir tovuq fermami?» degan gap o‘tdi.
Nimqorong‘i uyga kirib bordi.
Uy to‘rida oppoq bir momo o‘tirdi. Momo oppoq kiyimda bo‘ldi. Yelkalariga tashlab olmish ro‘molida oppoq bo‘ldi. Ro‘moli chetlaridan ko‘rinmish sochlari-da oppoq-oppoq bo‘ldi. Oppoqlikda yuzlari-da sochlaridan qolishmadi.
Hojar ko‘r yuzlarini yuksak tutdi. Yuzlarini mag‘rur tutdi, ulug‘ tutdi. Go‘yo, shipga yuzlanar bo‘ldi. Go‘yo, bir nuqtaga tikilar bo‘ldi.
Uy nimqorong‘iligida ajab bir sehr bo‘ldi. Hojar ko‘r o‘tirishida ajab bir salobat bo‘ldi.
Oymomoni nimqorong‘i sehri bosdi, Hojar ko‘r salobati bosdi. O‘tirishini-da, turishini-da bilmadi. Bo‘sag‘ada serrayib qoldi.
— Kel, aynam, kel, manavi yerga o‘tir! — dedi Hojar ko‘r.
Oymomo Hojar ko‘r aytmish joyga cho‘k tushdi. Hojar ko‘rga bel bo‘ldi. Yerga qarab o‘tirdi.
Hojar ko‘r yuzlarini shipdan olmadi, ko‘zlarini shipdan uzmadi.
— Emin-erkin o‘tira ber, aynam, bu yer tovuq ferma emas, Hojar ko‘rning uyi! — dedi.
Oymomo bir qo‘zg‘olib oldi. Dovdirab qoldi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:46:00

— A? — dedi.
—  Bu yer Hojar ko‘rning uyi, tovuq ferma emas.
Oymomo hang-mang bo‘ldi.
— Tovuq qoqoqlashini yaxshi ko‘raman, — dedi Hojar ko‘r. — Xo‘roz qichqirishini undan ham yaxshi ko‘raman. Xo‘rozlar meni azonda uyqudan uyg‘otadi. Shu bois, ko‘p-ko‘p tovuq boqaman. Soatga ishonmayman. Soatda jon yo‘q-da. Joni yo‘q nimaga ishonib bo‘ladimi!..
Hojar ko‘r ko‘ylak yoqalarini ko‘tarib-ko‘tarib, ichini shamollatdi.
— Ha-a, otda keldilaringmi, aynam?
— Ha.
— Ot tuyog‘ini tosh ursa, Hojar ko‘r aybdor emas, aynam!..
Oymomo yuzlarini yerdan oldi.
— Birov sizni aybdor dedimi? — dedi.
— Dedi-da, aynam, xo‘jang dedi-da! Hojar ko‘r go‘rni biladimi, dedi-da! Hojar ko‘r biladi, aynam, ha, biladi! Hojar ko‘r go‘rniyam biladi, yerniyam biladi!..
Oymomo lol bo‘lib qoldi. Nima deyishini bilmadi.
— Nimaga tumoring yo‘q, aynam? — favqulodda so‘radi Hojar ko‘r.
— Bor, — dedi Oymomo.
— Qani, qani?
— Mana.
Oymomo chap qo‘ltig‘iga qo‘lini olib bordi. Birdan, ko‘ngli shuvv, etdi. Tumori joyida bo‘lmadi.

Qayd etilgan