Ko‘ylagi yoqasidan qaradi. Chin, tumori joyida bo‘lmadi.
Kechasi yuvinib-taranib edi. Ana shunda tumorini joyiga taqish xayolidan faromush bo‘libdi...
Oymomo yomon vaziyatda qoldi. Qo‘lini qo‘ltig‘iga qo‘yib o‘tira berdi.
— Ana, ko‘rdingmi, aynam? — dedi Hojar ko‘r.— Hojar ko‘r biladi, ha, ko‘zi ko‘r bo‘lsayam, Hojar ko‘r biladi! Hojar ko‘r odamzot ichidaginiyam ko‘radi, Hojar ko‘r odamzot ichidaginiyam biladi!
Oymomo haminqadar lol bo‘ldi. Yerga qarab o‘tira berdi.
— Hay, anavi mixdagi doirani olib berib yubor, aynam!
Oymomo devorda osig‘liq doirani olib kelib berdi.
Shunda, Hojar ko‘r doirani emas, Oymomo bilagini oldi. Ko‘ktomirini ushlab ko‘rdi. Uch-to‘rt nafas ushlab turdi.
Shundan keyin, doirani oldi. Joylashibroq o‘tirdi. Doira ipidan boshmaldog‘ini o‘tkazdi. Barmoqlarini tuflab ho‘lladi. Doirani silkib-silkib chala ketdi, aytib-aytib chala ketdi:
— Hay, azizlar, avliyolar, anbiyolar!.. Qo‘lingdan bermasang, yo‘lingdan ber, yo‘lingdan bermasang, so‘zingdan ber!.. Mag‘ribdan desammikin?.. Mashriqdan desammikin?.. Foling kelmayapti, aynam, nima balo, qarib qoldimmi deyman!..
Hojar ko‘r doira halqachalarini shildiratib-shildiratib chala ketdi, aytib-aytib chala ketdi:
— A-u-uf!.. Foling ana endi kelayapti, aynam! Astag‘furillo, o‘zingga shukur-e! Aynam-ov, mendan o‘pkalab yurmagin tag‘in, bari ayb o‘zingda, ha, o‘z ichingda!.. Taqdir-peshona ekan-da, aynam!..
Oymomo bosh irg‘adi. Folchiga atalmish pulini berdi.
Miq etmayin tashqariladi. Miq etmayin eriga mingashdi.
Yo‘da eri belidan quchib yig‘ladi. Eri yelkasiga yuzlarini bosib yig‘ladi. Piq-piq yig‘ladi!
Qoplon nima gapligini fahmladi. Otini ohistalatdi.
— E-e-e, momosi, — dedi. — Shunga-da piq-piqmi? Nima, Hojar ko‘ring ichingga kirib chiqib edimi? Hojar ko‘ring nimani biladi? O‘z oti o‘zi bilan ko‘r-da! Folchiga ishonma, suvga suyanma!..