— Podsholar taxtdan qula-qula bo‘ladi.
— Yomonlik ko‘payadi.
— Yog‘in-chochindan ayting.
— Yog‘in-chochin... qor kam yog‘adi, aqllar. Yil oxirida sel ko‘p keladi.
— O‘zi, Navro‘z qaysi kuni kelsa yil yaxshi bo‘ladi, azizlar?
— Yakshanba kuni kelsa, ko‘p binoyi bo‘ladi. O‘lim-etimlar oz bo‘ladi. Fisq-fasod, yomonlik kam bo‘ladi. Navro‘z dushanba kuni kelsa-da yaxshi bo‘ladi. Aybi, bug‘doy tanqis bo‘ladi.
— Navro‘z chorshanbada kelsa, yil qimmatchilik bo‘ladi. Qorin-tomoq uchun qon to‘kiladi.
— Fisq-fasod, g‘alamislik ko‘p bo‘ladi.
— Payshanbada kelsa, dardmandlik ko‘p bo‘ladi.
— Shu yili oy bilan kun-da tutiladi, deng.
— Shunday, aqllar, shunday.
— Jumada kelsa, yomg‘ir mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Aybi, qahraton sovuq bo‘ladi.
— Navro‘z shanba kuni kelsa.. o‘g‘ri-muttahamlar yili bo‘ladi, mushtumzo‘rlar yili bo‘ladi.
— Inshoollo, peshonada borini ko‘ramiz.
— Inshoollo, azizlar, inshoollo, aqllar...
Dasturxonlarda sumalak, halim, ko‘k patir, ko‘k somsa, ko‘k oshi, deya atalmish dori-darmon taomlar bo‘ldi.