Tog'ay Murod. Oydinda yurgan odamlar (qissa)  ( 119144 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 25 B


shoir  25 Noyabr 2007, 19:49:05

19

Olloyor o‘layotib, nima deb vasiyat qilib edi? Ey, farzandsizlar, mozorimga sig‘ininglar, men sizlarga farzand beraman, deb edimi?
Olloyor o‘limi oldidan qavmlariga mana bunday vasiyat qildi:
     
      Man o‘lsam, ey jam’e mahrami roz,
      Mani o‘zga o‘likdek qilmang e’zoz.
      Xas-u xor ustig‘a tashlab, tutung xor,
      Qilib mandek bahodir jismidin or.
      Bo‘sag‘a ustig‘a tashlang tanimni,
      Kafan aylang churuk shirohanimni.
      Manga hayf etmangizlar tutilmog‘on bo‘z,
      Agar chandiki mardum qilsalar so‘z.
      Yuboring tez boraturg‘on yo‘limg‘a,
      Mabodo qolmagaysiz shumlig‘img‘a,
      Ko‘zingizdan chiqormang qatrayi yosh,
      Janozam orqasidan otingiz tosh,
      Oyog‘imdin tutib, sudrang lahadga...

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:49:19

20

Oymomo mozor sig‘indi. To‘lib-toshib sig‘indi. Jon-tani bilan sig‘indi. Yod bo‘lib qolmish nolasini naqorat qildi:
Aylanayin So‘fi Olloyor hazratim, sadag‘angiz ketayin hazratim, bir umr qulingiz bo‘layin, hazratim, menga shafqat qiling... Ko‘pga bergan tirnoqni mendan-da ayamang. Men sizga nima gunoh qilib edimki, meni munchalik xor-u zor qilasiz? Bilib-bilmay ayb qilgan bo‘lsam aybimdan o‘ting, hazratim. Men bechoraga rahmingiz kelsin, So‘fi Olloyor hazratim...
Ziyoratdan murod hosil bo‘lmadi!

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:49:31

21

Tabiatni to‘lg‘oq tutdi. To‘lg‘oqdan farzand tug‘ildi. Farzand oti Navro‘z bo‘ldi.
Yurtimizga Navro‘z keldi!
Subhi sodiq mahaldan sarrin-sarrin sabolar esdi. Mayin-mayin sabolar kezdi.
Sabolar tanlarni silab-siypadi, sabolar vujudlarni erkalab-o‘ynadi.
Navro‘z olamga maysalardan gilamlar to‘shadi, boychechakdan sirg‘alar taqdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:49:43

22

Navro‘z bundan yetti ming yil muqaddam joriy etilmish Quyosh yil-oy kuni bilan barobar bino bo‘ldi.
Emishki, Quyosh olamni bir yilda bir bor aylanadi. Shu aylanmish yo‘lida o‘n ikkita burjga ro‘paro‘ keladi. Quyosh har burjni bir oy mobaynida aylanib o‘tadi. Zulmat bilan ziyo teng bo‘lmish kunda Hamal deya atalmish burjga yetib keladi.
Quyosh ana shu Hamal burji boshidan chiqmish kunda olam o‘zgacha rang oladi. Olam bir boshqa bo‘ladi.
Taxmuraslar sulolasidan bo‘lmish Jamshid podsho ana shu kunni Navro‘z deya atadi.
Keyin, Kayumars podsho bo‘ldi.
Kayumars Navro‘zni sharafladi, Navro‘zni ulug‘ladi.
Navruo‘zni, hayit qildi!
Shu-shu, Navro‘z o‘lik-tirik ozod kun bo‘ldi.
Navro‘z asir-tutqun ozod kun bo‘ldi.
Navro‘z qirg‘inbarot to‘xtar kun bo‘ldi.
Navro‘z kina-kudurat tarqar kun bo‘ldi.
Kayumars yil kunlari bilan oylariga nom berish uchun azm etdi. Yil joriy etish uchun jazm etdi.
Kayumars tong sahar-tong saharda Quyosh hamal burjining oldingi daqiqasiga kirmish kunni aniqladi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:49:54

Olim-ulamolarni yig‘di, yil hisob-kitobini ana shu kundan boshlashni aytdi, olim-ulamolar  rozi bo‘ldi. Yil hisob-kitobini aynan shu kundan boshlab joriy etdi.
Emishki, olamda Izid xudo ilk xudo bo‘ldi. Ana shu ilk xudo nurdan Quyosh yaratdi. Quyosh bilan yer-zaminni parvarish etdi.
Izid xudo olamda o‘n ikkita haloskor farishta yaratdi. To‘rtta farishtani osmon-u falakni baloyi qazolardan asrash uchun yubordi. Baloyi qazolarni tog‘lardan beri keltirmaslik uchun to‘rtta haloskor farishta jo‘natdi. Qolmish to‘rtta farishtani esa yer-u zaminni baloyi qazolardan asrash uchun yubordi.
Ana shu Izid xudo Quyosh nurlari barcha-barchaga barobar bo‘lsin, dedi. Shu bois, Quyosh o‘z joyidan qo‘zg‘olsin, dedi.
Shunda, Quyosh hamal burji boshidan chiqib keldi.
Zulmat bir bo‘lak bo‘ldi, ziyo bir bo‘lak bo‘ldi.
Kecha bilan kunduz ana shunday bino bo‘ldi.
Kayumars podsho uch yuz oltmish besh kun bo‘lmish bir yilni o‘ttiz kun-o‘ttiz kundan o‘n ikkita oyga bo‘ldi. Keyin, ana shu o‘n ikkita oyni Izid podsho yubormish o‘n ikkita haloskor farishta oti bilan atadi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:50:13

23

El-xalq balandparvoz chaqiriqlar deb o‘tirmadi, qarorlar deb o‘tirmadi, shior-da’vatlar deb o‘tirmadi, e’lon-afishalar deb o‘tirmadi.
El-xalq o‘z xohish-irodasi bilan adir-qirlarga sayillab chiqdi.
Maysazor adirlarda doshqozonlar osildi.
Ayollar ariq bo‘ylaridan yalpiz o‘t terdi, kiyik o‘t terdi. Bilq-bilq qaynab turmish qozonlarga soldi.
Qizlar qoraqoshlar terdi. Dimog‘lariga bosib-bosib iskadi. Quloqlariga taqdi.
Qariyalar ko‘zlariga boychechaklar to‘tiyo etdi.
— Omonlik, omonlik... — deya, shukrona aytdi.
Qariyalar dilida Navro‘z bo‘ldi, qariyalar tilida Navro‘z bo‘ldi.
— Inshoollo, Navro‘z bu yil seshanba kuni kelar bo‘libdi-da, aqllar? — dedi Umarxon eshon.
— Shunday, shunday, — ma’qulladi mulla Namoz.
— Navro‘z seshanbada kelar yil ochlik bo‘lmaydi, oshlik bo‘ladi. Ertagi ekinlar yaxshi bo‘ladi, noz-ne’matlar-da yaxshi bo‘ladi. Aybi, taxchilroq bo‘ladi.
— Yomoni, qon ko‘p to‘kiladi. El-yurt orasidan rahm-shafqat ko‘tariladi.
— O‘g‘il otadan qaytadi, qiz onadan qaytadi, ayol eridan qaytadi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:50:26

— Podsholar taxtdan qula-qula bo‘ladi.
— Yomonlik ko‘payadi.
— Yog‘in-chochindan ayting.
— Yog‘in-chochin...  qor kam yog‘adi, aqllar. Yil oxirida sel ko‘p keladi.
— O‘zi, Navro‘z qaysi kuni kelsa yil yaxshi bo‘ladi, azizlar?
— Yakshanba kuni kelsa, ko‘p binoyi bo‘ladi. O‘lim-etimlar oz bo‘ladi. Fisq-fasod, yomonlik kam bo‘ladi. Navro‘z dushanba kuni kelsa-da yaxshi bo‘ladi. Aybi, bug‘doy tanqis bo‘ladi.
— Navro‘z chorshanbada kelsa, yil qimmatchilik bo‘ladi. Qorin-tomoq uchun qon to‘kiladi.
— Fisq-fasod, g‘alamislik ko‘p bo‘ladi.
— Payshanbada kelsa, dardmandlik ko‘p bo‘ladi.
— Shu yili oy bilan kun-da tutiladi, deng.
— Shunday, aqllar, shunday.
— Jumada kelsa, yomg‘ir mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Aybi, qahraton sovuq bo‘ladi.
— Navro‘z shanba kuni kelsa.. o‘g‘ri-muttahamlar yili bo‘ladi, mushtumzo‘rlar yili bo‘ladi.
— Inshoollo, peshonada borini ko‘ramiz.
— Inshoollo, azizlar, inshoollo, aqllar...
Dasturxonlarda sumalak, halim, ko‘k patir, ko‘k somsa, ko‘k oshi, deya atalmish dori-darmon taomlar bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:50:39

El chehrasi chechak bo‘ldi. El ko‘ngli ko‘klam bo‘ldi. El dili ohorli-ohorli tuyg‘ular bilan to‘ldi.
Navro‘zchilar to‘p-to‘p bo‘ldi. O‘zi xush ko‘rmish o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘ldi.
Do‘mbira chalib, doston aytmish nechov bo‘ldi.
Davra qurib, doston eshitmish nechov bo‘ldi.
Oyoqlarini osmon qilib, dorboz bo‘lmish nechov bo‘ldi.
Oymomo qizaloqlar o‘yinini tomosha qildi. O‘z qizaloqlik davrini yodladi. Ma’yus bo‘ldi...
Shunda, Qimmat momo keldi. Oymomoni qoralab o‘tirdi.
— Hay-hay-hay, bolaning sadag‘asi ket-sang-a! — dedi.
Oymomo Qimmat momoni ko‘rib-ko‘rmaslikka oldi.
Qimmat momo qizaloqlarga qarab o‘tira berdi.
Qimmat momolar har yurtda bo‘ladi, har elda bo‘ladi.
Qayerda to‘y-ma’raka bo‘ladi, o‘sha yerda Qimmat momolar bo‘ladi. Qaerdan quyuq tutun chiqadi, o‘sha yerda Qimmat momolar bo‘ladi.
El Qimmat momolarni to‘y-ma’rakaga aytmaydi. Aytmasa-aytmasin, Qimmat momolar o‘zlari kirib kela beradi! Indamaygina kirib kelib, ma’rakalarga qo‘shiladi. Ma’raka ishlariga bosh suqadi, ma’raka yumushlariga qo‘l suqadi.
Qimmat momolar el ichiga ana shundayin kirib oladilar-da, asl maqsadlariga o‘tadilar...

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:50:59

24

Qizaloqlar qo‘g‘irchoq-qo‘g‘irchoq o‘ynadi.
Mohichehra bolasini maysalar uzra yotqizdi: bolasini beshikka beladi. Bolasi uzra enkaydi, bolasini emizdi. Bolasini allaladi:
— Alla, bubagim, alla-yo, totli bubagim, alla-yo...
Qimmat momo yer ostidan Oymomoga nazar soldi.
— Yurak-bag‘ring kuyib ketayotgandir, Oymomo? — dedi.
Oymomo miq etmadi.
Qimmat momolar birovlar muvaffaqiyatini ko‘rsa... ichini it tirnaydi. O‘z yog‘iga o‘zi qovuriladi. Jizg‘anak bo‘ladi. Kuyib kul bo‘ladi.
Oqibat, qildan qiyiq qidiradi. Qandayin yo‘l bilan bo‘lsa-da, o‘zgalar muvaffaqiyatini kamsitadi. O‘zgalar muvaffaqiyatini yerga uradi. Mohichehra allasa-da, bolasi uxlay bermadi.
— Yum ko‘zingni, yum, — dedi Mohichehra. — Uxlamaysanmi-uxlamaysanmi? Uxlamasang, sadqayi sarim-a. Hamsoya, huv hamsoya!
Chaqalog‘ini yo‘rgaklamish Muqaddas javob berdi:
— Huvv! Kim u, bemahalda qichqirgan? Hay, sizmisiz, Mohichehra hamsoya? Men kim emish debman, — dedi.
— Anavi injiqni uxlatolmay sarsonman-da, hamsoya, — dedi Mohichehra. — Puchug‘ingizni yuboring, picha beshik tebratib tursin. Men suvga borib kelayin, hamsoya.

Qayd etilgan


shoir  25 Noyabr 2007, 19:51:24

— Puchug‘im maktabga ketib edi, hamsoya. Bo‘lmasa jonim bilan yuborar edim.
Qimmat momo tizzasiga shapatilab vovaylo qildi.
— Uf-f-f! — dedi. — Farzandsizligi qursin-a, befarzandligi quribgina ketsin-a!
Oymomo rangi bo‘zardi, Oymomo yuzini yerga egdi.
Qimmat momolar yomonlardan xolis-xolis yuradi, yomonlardan olis-olis yuradi. Yomonlarni ko‘rsa... qochadi! Yomonlar bilan horiqulodda yo‘liqib qolsa... Girdikapalak bo‘ladi, shirinsuxan bo‘ladi, shirinzabon bo‘ladi!
Qimmat momolar yomonlardan xolis-xolis yuradi, yaxshilarga osiladi, yaxshilarga sim taqadi. Yaxshilarni sassiq-sassiq gaplar bilan chimchilab-chimchilab oladi. Yaxshilarni zahar-zahar gaplar bilan o‘yib-o‘yib oladi.
Yaxshilarda yaxshidan-yaxshi fazilat nima? Xudo bermish yuksaklik nima? Xudo bermish ulug‘lik nima?
Qimmat momolar aynan ana shularni yo‘qqa chiqarish payida bo‘ladi!
Masalan, pokdomon odam borasida nopok gap tarqatadi. «Iflos odam!» deydi. Donolar donosi borasida nodon gap tarqatadi. «Picha kamroq», deydi. Haloldan-halol odam borasida harom gap tarqatadi. «Buzuq odam!» deydi.
Gapirganda-da, g‘oyat ustamonlik bilan gapiradi. Soddadil qiyofada gapiradi, beg‘ubordil qiyofada gapiradi. Yuzlari jonkuyarday bo‘ladi, ko‘zlari mehribonday bo‘ladi.

Qayd etilgan