Demak, some’lar noto‘g‘ri tushunsalar ham, ba’zan bayon-izoh bermasdan sukut saqlash ham mumkin ekan. Ya’ni, kishilar keyinroq ishoralar orqali so‘zdan nima ko‘zda tutilganini bilib olishadi.
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Eng uzun qo‘lligingiz», deganlarida faqir-miskinlarga ko‘p sadaqa qiluvchi ma’nosini nazarda tutgan edilar. Lekin onalarimiz so‘zning zohirini tushunib, qo‘l o‘lchashga tutinishdi. Ammo keyinroq o‘zlarining xatolarini anglab yetdilar.
Fikrimizga dalil sifatida yana bir misol keltiramiz:
Namrud: «Men ham kishilarga (xohlasam) hayot beraman, (xohlasam) o‘ldiraman», deb yolg‘on da’vo qilganida, Ibrohim alayhissalom uni yolg‘onchiga chiqarmagan edilar. Ya’ni bu yolg‘on da’voga sukut qilganlar. Lekin sukut tasdiqlash emasdi. Ibrohim alayhissalom uni quyidagi so‘zlar bilan mot qildi:
«Alloh podshohlik berganidan hovliqib Ibrohim bilan Parvardigori haqida talashgan kimsaning (Namrudning) holi-xabarini bilmadingizmi? Qaysiki Ibrohim: «Parvardigorim tiriltirib, o‘ldiradigan zotdir», deganida, u: «Men (ham) tiriltiraman va o‘ldiraman», dedi. Ibrohim aytdi: «Albatta, Alloh quyoshni mashriqdan chiqaradi. Sen uni mag‘ribdan chiqargin-chi?» Shunda bu inkor qiluvchi dovdirab qoldi. Alloh zolim kimsalarni hidoyat qilmaydi» (Baqara, 258).