Ibn Sayyod ham yahudiy yoki ularga taalluqli hisoblanardi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Ibn Sayyodning da’volarini, o‘ziga g‘oyibdan xabar berilishini eshitganlaridan so‘ng, uning oldiga borib sinab ko‘rdilar. Suhbat so‘ngida ma’lum bo‘ldiki, u ham sehrgar yoki folbin yoki jin xabar keltiruvchi kimsa yoxud shayton bilan «bitim tuzgan»lardan ekan.
Duxon surasini aytolmasdan «Dux» deb qolganidan keyin Payg‘ambar (a.s.) uni: «Tur, yo‘qol! Hech qachon haddingdan oshma!» deb quvib yubordilar.
Ya’ni, bu samoviy vahiy emas, balki shayton uning tiliga solayotgan vasvasa edi. Chunki Ibn Sayyod vahiy orqali xabar beradigan nabiylar martabasidan ham, qalb nurlari ila haqni to‘g‘ri topadigan, ba’zi narsalarga ilhomlanadigan avliyolar darajasidan ham yiroq edi. U o‘zicha g‘oyibdan xabar berib, goh topib, goh adashib yurardi. «Menga rostgo‘y ham, yolg‘onchi ham kelyapti», deganida, «Senga ish chalkash-chigal bo‘lib ketibdi», degan edilar unga Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam).