«Ey ahli kitob, (Isoni xudo deyish bilan) diningizda haddingizdan oshmangiz! Alloh sha’niga esa faqat haq gapni aytingiz! Albatta, al-Masih Iso binni Maryam faqat Allohning payg‘ambari va Uning Maryamga yetkazgan so‘zi hamda uning tomonidan bo‘lgan ruh (sohibidir), xolos. Bas, Alloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltiringiz! «(Tangri) uchta (ya’ni Alloh, Maryam va Iso uchalalari ham tangrilardir)» demangiz! (Bunday botil e’tiqoddan) to‘xtangiz, shunda o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lur. Hech shak-shubhasiz Alloh yakka-yagonadir. U farzandlik bo‘lishdan pok zotdir. Osmonlardagi va yerdagi bor narsa Unikidir. Allohning o‘zi yetarli vakildir» (Niso, 171).
Ibn Jarir at-Tabariy Niso surasining 159-oyati tafsirida bir qancha sahobiy va tobe’inlar so‘zlarini keltirib, oxirida shunday deydi:
«Har bir ahli kitob o‘limi oldidan unga (Isoga) albatta iymon keltirur» (Niso, 159). Mazkur so‘zlarning eng sahihi birinchisidir. Ya’ni, Iso alayhissalom yer yuziga qaytib tushganlaridan so‘ng, albatta, har bir ahli kitob Iso o‘lmaslaridan ilgari u Zotga iymon keltiradi. U Zotga iymon keltirmagan bironta ahli kitob qolmaydi» (Ibn Jarir so‘zi tugadi).