88. Abdulloh ibn Amr ibn Osdan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: «Albatta, hijrat ikki xislatdir. Ularning biri yomon ishlardan uzoqlashish. Ikkinchisi esa Alloh va Rasuli tomon (uchun) hijrat qilish. Hijrat, modomiki tavba qabul qilinar ekan, to‘xtamaydi. Tavba esa to quyosh mag‘ribdan bosh ko‘tarmaguniga qadar qabul qilinaveradi. Qachonki quyosh mag‘ribdan chiqsa, har bir qalb (oxirgi lahzadagi) narsasi bilan muhrlanadi. Odamlar amaldan kifoyalanadilar (Ya’ni, amallar ham to‘xtaydi)». (Hadis ma’nosi tarjima qilindi. Vallohu a’lam!)
Ibn Kasir aytadi: «Ushbu hadisning isnodi hasan. Lekin uni olti kitob muallifidan birontasi ham rivoyat etmagan. Vallohu a’lam!»
«Ilgari iymon keltirmagan yoki iymonida yaxshilik kasb qilmagan biron jonga (endi keltirgan iymoni) foyda bermas».
Ibn Kasir ushbu oyat tafsirida shunday deydi: «Ya’ni agar o‘sha kuni biron kofir iymon keltirsa, uning iymoni qabul qilinmaydi. Ammo mo‘min kishi avvaldan yaxshi amallar qilib yurgan bo‘lsa, u, albatta, ulug‘ yaxshilik ustida turadi. Agar mo‘min bo‘laturib solih amal qilmagan bo‘lsa va faqat o‘sha kuni tavba-tazarrular qila boshlasa, endi uning tavbasi qabul qilinmaydi. Bunga boshqa bir qancha hadislar ham dalolat qiladi. Oyati karimada «yoki iymonida yaxshilik kasb qilmagan bo‘lsa» deyilgan. Ya’ni, agar mo‘min ilgaridan solih amallar qilib kelmagan bo‘lsa, endi qiladigan yaxshi ishlari qabul etilmas» (Ibn Kasir so‘zi tugadi).