Muhammad Salamat Jabar. Qiyomat alomatlari  ( 264554 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 B


Muslimaxon  14 Yanvar 2007, 02:08:08

99. Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: «To zamon yaqinlashib qolguniga qadar Qiyomat qoyim bo‘lmaydi. (Zamonlar yaqinlashadi) hatto yil oydek, oy haftadek, hafta kundek, kun soatdek, soat esa bir uchqunchalik bo‘lib qoladi» (Termiziy rivoyati).

Alloh taolo yerni o‘z o‘qi atrofida bundan-da tezroq aylantirishga qodir. Quyoshning g‘arbdan chiqishi kabi bu ham olamning umri tugayotganiga bir alomat bo‘ladi. Zero, Alloh taolo barcha narsaga qodir Zotdir!

Qayd etilgan


Muslimaxon  14 Yanvar 2007, 02:08:52

Uch marta yerning yorilishi

Yerning uch marta yorilishi — mag‘ribda, mashriqda va Arab jazirasida bo‘ladigan zilzilalar. Qiyomat xabarini beruvchi bu yer yorilishlar odatdagi zilzilalardan farqli bo‘ladi. Chunki deyarli har yili olamning qaysi bir burchagida yer qimirlayotgani yoki vulqon otilgani haqida eshitib turamiz. Ehtimol, hadisda aytilgan sharqu g‘arbdagi yer yorilishi yadroviy urush natijasida yuz berar. Ammo arab jazirasida bo‘ladigan tabiiy ofat — Qiyomat alomatiga kelsak, uni bizga quyidagi sahih hadis sharhlab beradi, degan umiddamiz:

100. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: «Ka’baga bir qo‘shin g‘azot qilib chiqadi. Qo‘shin sahroda turganida, ularning avvalu oxirini yer yutadi.

Qayd etilgan


Muslimaxon  14 Yanvar 2007, 02:09:47

Shunda Oisha onamiz: «Bu qo‘shin orasida boshqalar ham bo‘ladi-ku», mazmunida savol berdilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: «Ularning avvalu oxirini yer yutadi. So‘ng (Qiyomatda) niyatlariga qarab turg‘iziladilar» (Muttafaqun alayh. Hadis lafzi Buxoriyniki).

Abul Farj Javziy «Fuhumul asar» kitobida Iroq va Mag‘ribda yer yorilganini hamda bu ofat natijasida juda ko‘p kishining yostig‘i quriganini yozgan. To‘g‘ri, haqiqatan ham tarixda shunday hodisa bo‘lgan. Lekin biz hadisda aytilgan Qiyomat alomatlaridan bo‘lmish yer yorilishi ofati mana shu edi, deb ayta olmaymiz.

Bizningcha, u zilzila — yer yorilishi hali bo‘lganicha yo‘q. Allohning o‘zi asrasin!

Qayd etilgan


Muslimaxon  14 Yanvar 2007, 02:10:44

Surga nafxa urilishi

Sur chalinishi olamning umri tugagani, Qiyomat qoyim bo‘lgani va insonlarning endi boqiy olamga ko‘chishlari haqidagi xabardir. Boqiy olamda Qiyomat kuni uchun adolat tarozulari o‘rnatilgan. U kunda hech bir jonga zulm qilinmas va bandalarning yaxshi amallariga ziyoda ajru savoblar berilur.

«Ular: «Agar rostgo‘y bo‘lsangizlar (aytinglar-chi), mana shu va’da (qilingan azob) qachon bo‘ladi?» derlar. Ular faqat birgina dahshatli qichqiriqni kutmoqdalar, xolos. U ularni (o‘limdan mutlaqo bexabar hollarida ko‘cha-kuy va bozorlarda bir-birlari bilan) janjallashib turganlarida olib ketar (ya’ni halok etar). Bas, ular na biron vasiyat qilishga va na uylariga qaytishga qodir bo‘lurlar» (Yosin, 48-50).

Qayd etilgan


Muslimaxon  14 Yanvar 2007, 02:11:20

Osmonlaru yerdagi bor jonzotni jonsiz etuvchi bu birinchi nafxa (chalinish)dan faqat Alloh xohlagan ba’zi muqarrab-yaqin farishtalargina tirik qoladi. Lekin Alloh taolo quyidagi kalimasining haqligini ko‘rsatish uchun so‘ng ularning ham jonini oladi:

«(Yer) yuzidagi barcha jonzod foniydir. Buyuklik va karam sohibi bo‘lgan Parvardigoringizning yuzi — o‘zigina boqiy mangu qolur» (Rahmon, 26-27).

«Barcha narsa halok bo‘lguvchidir, magar Uning o‘zigina (mangudir)» (Qasos, 88).

Qayd etilgan


Muslimaxon  14 Yanvar 2007, 02:11:43

«Har bir jon o‘limni totguvchidir» (Oli Imron, 185).

So‘ng Alloh taolo Sur sohibi — Isrofil alayhissalomni tiriltirib, Surga yana nafxa urishni buyuradi. Surga ikkinchi nafxa urilganidan so‘ng hamma qayta tiriladi. Ular endi kutadilar.

«(Qiyomat soati kelib farishta Isrofilning) suri chalinishi bilan banogoh ular qabrlaridan Parvardigorlari (huzuriga hisob-kitob uchun) sug‘irilib chiqurlar. Ular: «Ey bizlarga o‘lim bo‘lsin! Kim bizlarni yotgan joyimizdan (qabrlarimizdan) turg‘az-di?» deganlarida, (ularga aytilur): «Mana shu Rahmon va’da qilgan va payg‘ambarlar rost so‘zlagan narsa — Qiyomatdir» (Yosin, 51-52).

Ikki nafxa orasi qirqdir. Qirq yilmi, oymi yoki kunmi, noma’lum. Ularning qay biri bo‘lishini yolg‘iz Allohgina biladi. Ikki nafxa orasining qirq yil bo‘lishini rivoyat qiluvchi hadislar sahih emas. Sahih hadislarda esa aynan «qirq» yil, oy yoki kun ekani aniq aytilmagan.

Qayd etilgan


Muslimaxon  14 Yanvar 2007, 02:12:12

101. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: «Ikki nafxa orasi qirqdir!»
— Qirq kunmi? — deb so‘rashdi.
Abu Hurayra dedi:
— Xohlamadim (ya’ni, aniqlashtirishni xohlamadim).
— Qirq yilmi?
— Xohlamadim. So‘ng osmondan bir suv tushadi (yomg‘ir yog‘adi). (Hamma) xuddi o‘t-o‘lan o‘sgani kabi o‘sib chiqadi. Insondagi bor narsa chirib bitgan bo‘ladi. Faqatgina bitta suyak chirimaydi. U ajbuz-zanabdir. Butun yaralmish Qiyomat kunida mana shu suyakdan qayta shakllanadi» (Muttafaq alayh).

Qayd etilgan


Muslimaxon  14 Yanvar 2007, 02:12:58

Muslim rivoyati esa quyidagicha: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: «Insonda bir suyak borki, uni yer hech qachon yemaydi. Qiyomat kunida (tanalar) undan (qayta) tiklanadi.
— Yo Rasululloh! U qanday suyak? — deb so‘rashdi sahobalar.
— Ajbuz-zanab, — dedilar Payg‘ambar alayhissalom».

Hamma biladiki, insonning butun tanasi — garchi suyaklar go‘shtdan bir oz keyinroq chirisa-da — yo‘q bo‘lib ketadi. Hadisning sahihligi ham aniq. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hech qachon havoyi narsani gapirmaganlar. Naza-ringizda, hadis ma’nosi siz bilgan voqelikka zid kelib qolmayaptimi? Balki hadisni noto‘g‘ri tushunayotgandirmiz?!

Hadisda zikr qilingan ajbuz-zanab kalimasi dumg‘aza suyagini anglatmaydi. U asliy bir zarra va aynan mana shu zarradan inson yaraladi. Bu juda kichkina zarra bizga otamiz Odam alayhissalomdan o‘tib kelyapti. U shu qadar kichkinaki, bitta Odam alayhissalom pushti kamariga butun zurriyotning asliy zarrasi joylab qo‘yilgan va ular nasldan-naslga ko‘chib o‘tmoqda. Quyidagi sahih hadisni so‘zimiz dalili sifatida keltirib o‘tamiz.

Qayd etilgan


Muslimaxon  14 Yanvar 2007, 02:13:24

102. Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar:

«Alloh taolo Arafa kuni No‘’monda (No‘’mon — Arafa yaqinidagi tog‘, vodiy) Odam alayhissalom ustidan ahd-paymon oldi. U Odam alayhissalom pushti kamaridan uning butun zurriyotini chiqardi, ularni yaratdi va qo‘l ostiga yoyib qo‘yib bevosita gaplashdi.

Alloh dedi:
— Men sizlarning Rabbingiz emasmanmi?
— Ha (Rabbimiz o‘zingsan! Va) biz buning guvohimiz, — dedi insonlar» (Ahmad, Nasoiy, Ibn Abu Hotim, Hokim rivoyat qilgan).

Insonning mana shu asliy zarradan yaratilganiga yana bir dalil.

Qayd etilgan


Muslimaxon  14 Yanvar 2007, 02:13:45

103. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: «Hamma odam bolasi tuproqqa yem bo‘ladi. Faqat ajbuz-zanabgina qoladi. Yaralish ham, (qayta) shakllanish ham undandir» (Muslim, Abu Dovud va Nasoiy rivoyati).

Ma’lumki, inson dumg‘aza suyagidan paydo bo‘lmagan. Inson yaralishi nutfadan boshlanadi. Demak, asliy zarra nutfada yashiringan. Vallohu a’lam!

Qayd etilgan