Quyidagi hadis Qiyomat qoyimning birinchi ma’nosiga tegishli.
104. Oisha (r.a.) aytadi: «Sahroi arablar Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga kelishsa, u zotdan Qiyomat haqida so‘rashardi.
Payg‘ambar alayhissalom ularning yoshi eng kichkinasiga qarab aytar edilar:
— Agar mana bu o‘lmasa, hatto unga qarilik yetmasdan turib, ustingizga Qiyomat keladi» (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ularga Qiyomat qoyimni o‘ylamasdan o‘zlarining Qiyomatlari — o‘limlari g‘amini yemoqlari lozimligini aytganlar. Kim o‘lsa, demak uning Qiyomati qoyim bo‘libdi. Marhum uchun qabr jannat bog‘laridan bir bog‘ga yoki jahannam chohlaridan bir chohga aylanadi. Inson eng avvalo yaqinda boshiga tushadigan narsaga tayyorlanmog‘i lozim. U: «Qiyomat qoyim qachon bo‘ladi?» deb boshini og‘ritib yurishning o‘rniga yaxshi amallarini ko‘paytirsin, niyatini xolis qilsin va mana shu tariqa o‘z qiyomat — o‘limiga hozirlik ko‘rsin!