Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404011 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 78 B


AbdulAziz  23 Yanvar 2007, 07:47:41

Yulduzli tunlar (roman)



Muallif: Pirimqul Qodirov
Hajmi: 1,02 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:37:48


MUALLIFDAN

Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin. «Yulduzli tunlar» ana shu majoziy kemalardan biri tarzida yuzaga keldi. Uni 1972-yilda ilk bor yozib nashrga topshirganimda tog‘day bir yuk yelkamdan tushganday bo‘lgan edi.
Lekin mustabid tuzum tazyiqi ostida roman olti yil chop etilmay yotdi. Bu yillar davomida o‘sha zalvarli yukni yana yelkamda ko‘tarib yurganday bo‘ldim. Qo‘lyozmani ko‘pgina mas’ul mutasaddilar, katta akademiklar o‘qib fikr aytishdi. Chop etish masalasi Qizil imperiya markazining ruxsati bilangina hal etilishi mumkin ekan. Qo‘lyozmaning satrma-satr tarjimasini Moskvada ham o‘qishib, yozma taqrizlar berishdi.
Xilma-xil fikr va mulohazalar changalzoridan tikanlarga tirnalib o‘tdim, yo‘limdan adashib ketmaslik uchun doim tarix haqiqatiga, xususan — «Boburnoma»day asl manbalarga tayandim. Olti yil davomida romanga kiritgan yangi tahrirlarim ko‘proq uning badiiy nuqsonlarini tuzatishga, tarix haqiqatini chuqurroq ochishga qaratildi.
1979-yilda rahmatli Sharof Rashidovning yordami bilan roman kitob bo‘lib chiqdi. 1981-yilda unga Davlat mukofoti ham berilganligi mustabid tuzum zolimlarining qahrini keltirgan bo‘lsa kerak. Ular «paxta ishi», «o‘zbek ishi» degan dahshatli tuhmatlar davrida Amir Temur va Bobur mirzoga qarshi yangi hujumlar uyushtirib, meni ham roman bilan birga loyqa sellar girdobiga tortib tushurishga urinib ko‘rdilar.
Lekin jamoat fikri uyg‘ongan, istiqlolimiz tongi otayotgan paytlar edi. Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekistonga rahbar bo‘lgan kundan boshlab tarixiy adolatni tiklashga juda katta e’tibor berdi. Dilimizda armon bo‘lib yurgan ezgu orzularning ushalishi uchun endi imkon yaratildi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:38:06

Bundan ellik yil burun talabalik yillarimda Bobur mirzoga ixlosmandlik menda Amir Temur asos solgan sulolaga qiziqish tufayli boshlangan edi. Bobur mirzo temuriylar sulolasini halokatdan qutqarib, asrdan-asrga, mamlakatdan-mamlakatga olib o‘tganligi, bu ulug‘ sulola Hind zaminida yana uch yuz yildan ortiq davr surganligi o‘sha yillardayoq dilimda hayrat va iftixor tuyg‘usini uyg‘otgan edi. Keyinchalik «Temur tuzuklari» bilan tanishganimda sohibqironning vasiyatlariga va ulug‘ bunyodkorlik an’analariga Bobur mirzo astoydil amal qilgani juda ko‘p tarixiy voqealarda ko‘zga tashlandi. «Temur tuzuklari»ni «Boburnoma»ga qiyoslab o‘qiganimda ularning orasida ruhiy va uslubiy yaqinlik borligini ham sezdim.
Ammo sho‘ro davrida bu haqiqatlarni yozish — arining uyasiga cho‘p tiqish bilan barobar edi. Chunki sho‘rolar har gal Amir Temurga qarshi hujum uyushtirganda nuqul Bobur mirzoni uning yoniga qo‘yib qoralashardi. Bu hujumlar elliginchi yillarda Bobur asarlari maktab darsliklaridan chiqarib tashlanganda bir xuruj qilgan, yetmishinchi yillarda «Temur tuzuklari» chop etilganda Moskvadan chiqadigan «Voprosu istorii» jurnali orqali jazava bilan davom ettirilgan, 1986-yilda Uchinchi plenum nomini olgan mash’um yig‘inda avjiga chiqarilgan edi.
Mana shu alg‘ov-dalg‘ovlar sababli Bobur mirzo to‘g‘risidagi romanning yozilishiga ilk bor turtki bo‘lgan yuqoridagi tarixiy haqiqatni o‘sha davrda kitobxonlarga yetkazib berishning iloji bo‘lmadi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:39:06

Ammo Amir Temur va Bobur mirzo orasidagi vorisiylikka, tarixiy, irsiy va ijodiy yaqinlikka bag‘ishlangan boblar va lavhalarning romanda o‘z o‘rni bor edi, ular avvaldan rejalashtirilgan, dilda pishitilgan, qisman qoralab ham qo‘yilgan edi. Faqat oradan o‘nlab yillar o‘tgandan so‘ng ularni syujet chiziqlariga uzviy bog‘lash, qaytadan avvalgi ijodiy jarayonlarga kirish ko‘p vaqt va qunt talab qildi.
Nihoyat, romanning avvalgi nashrlariga kirmay qolgan boblar va lavhalar bu yil vaqtli matbuot sahifalarida chop etilib, jamoatchilikning nazaridan o‘tkazilgandan so‘ng ushbu nashrga kiritildi.
Yillar davomida romandagi ayrim noaniqliklar va nuqsonlar haqida asosli tanqidiy fikrlar bildirilgan edi. Zokirjon Mashrabov boshliq Bobur ekspeditsiyasi jahonni kezib, ko‘pgina yangi tarixiy faktlarni kashf etdi. Ular ham ushbu nashrda baholi qudrat hisobga olindi.
Bundan o‘ttiz yil muqaddam 1969-yilning yanvarida boshlangan bu ish shoyadki shu bilan nihoyasiga yetgan bo‘lsa.

1999 yil.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:39:15

AROSAT
Birinchi qism
 
QUVA
QIL USTIDA TURGAN TAQDIRLAR

1


Milodiy 1494-yilning yozi. Saraton issig‘ida Far-g‘ona vodiysining osmoniga chiqqan quyuq bulutlar kuni bo‘yi havoni dim qilib turdi-yu, kechki payt birdan jala quyib berdi. Qizil tuproqli tepaliklar orasidan o‘tib kelayotgan sersuv Quvasoy qon qo‘shib oqizilgandek qip-qizil bo‘lib ketdi.
Soy bo‘yidagi majnuntollar panasida bir yigit bilan qiz shivirlashib gaplashmoqda edi.
— Robiya, inon, men tirik bo‘lsam, senga balo-qazoni yo‘latmasmen!
— Tangrim sizni ham panohida asrasin, Tohir og‘a!.. Yog‘iyning* ming-ming askari bor. Qaysi biriga bas kelursiz? Ana, qochqinlarga qarang!..
Tohir orqasiga o‘girilib, Quvasoyning quyi tomonlariga ko‘z yugurtirdi. Pastda qamishzor botqoqlik va uning ustidan o‘tgan uzun yog‘och ko‘prik bor edi. Ko‘prikdan chumoliday behisob odamlar, otlar, mollar, aravalar tizilib o‘tib kelayotgani yomg‘ir pardasi orasidan elas-elas ko‘zga chalinardi.
Samarqand podshosi Qo‘qonni bosib olib, qo‘shiniga talatgan va Marg‘ilonga hujum qilgan edi. Bosqinchilar shaharu qishloqlarni talash bilan qanoatlanmay, ko‘hlik qizlarni cho‘rilikka olib ketishar edi. Buning hammasini eshitgan odamlar yovdan qochib, tinch joy izlab bormoqda edilar.
— Ulusning sho‘ri qursin! — dedi Tohir. — Kasofat podsholar urushmay turolmasa. Biridan qochsang, boshqasiga tutilsang. Undan ko‘ra qochmaymiz! Tavakkal. Peshonaga bitilgani bo‘lur!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:39:34

Tohir yomg‘irda ho‘l bo‘lib, badaniga yopishib turgan qalami yaktak ustidan xanjar taqib olgan edi. Robiya xanjarga qo‘rqa-pisa ko‘z tashladi-da:
— Qaydam, — dedi. — Otamlar meni qo‘rg‘onga eltib qo‘ymoqchilar.
— Qaysi qo‘rg‘onga?
— Andijon qo‘rg‘onida amakim borlar-ku.
Tohir Robiyaning hoziroq jo‘nab ketishidan cho‘chiganday uning bilagidan oldi. Ilgarilar hurkovich ohudek tutqich bermaydigan Robiya hozir allanechuk yuvosh bo‘lib qolgan edi. Uning xina qo‘yilgan qo‘llari gulday chiroyli. Boshiga otasining qora jun chakmonini yopinib chiqqan ekan. Yomg‘irda ho‘l bo‘lib og‘irlashgan chakmon uning nozik bo‘yniga og‘irlik qildi. Robiya chakmonni yelkasiga tushirdi. Shunda yoqasining bitta bog‘ichi yechilib ketdi-yu, qizg‘ish marmarday silliq bo‘ynining pasti ko‘rindi. Yashil nimchasi o‘n yetti yoshlik qizlardagina bo‘ladigan tolma belidan quchib, qattiq ko‘kraklarini mahkam chirmab turar edi.
Bolalikdan Robiya bilan devordarmiyon qo‘shni bo‘lib o‘sgan Tohir uning qanchalik jozibali qiz ekanini, bosqinchi bek va navkarlar mana shunaqa qizlarga qanchalik o‘ch bo‘lishini go‘yo endi astoydil his qildi.
Bu yil bahorda ota-onalari ularni unashtirib qo‘ygan paytlarida ham Robiya Tohirga hozirgichalik chiroyli ko‘rinmas edi. Ramazon oyi o‘tgandan keyin ularning to‘ylari bo‘lishi kerak. Tohir Robiya bilan hademay bir yostiqqa bosh qo‘yishlariga ishonib, bexavotir yurgan edi. Biroq endi urush dovuli Quvaga yaqinlashib kelayotgan shu xatarli damlarda Robiya unga har qachongidan ham aziz, har qachongidan ham g‘animat ko‘rindi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:39:48

Tohir Robiyaning Andijon qo‘rg‘onida birorta bo‘yni yo‘g‘on bekning tuzog‘iga ilinib qolishi mumkinligini o‘yladi-yu:
— Yo‘q! — dedi. — Meni desang qo‘rg‘onga borma!
Robiya Tohirning baxmalday mayin mo‘ylovi tagida xiyol titrab turgan labiga va iztirob bilan chaqnayotgan qo‘ng‘ir ko‘zlariga tikildi.
— Mening ham sizdan yiroqqa ketkim yo‘q... Lekin neqilay... Qo‘rqamen!..
Tohir qizni chakmon bilan birga quchib, bag‘riga bosdi. Robiyaning mayin soch tolalari yigitning yuziga tegdi, bir lahza ikkovining nafasi nafasiga qo‘shilib ketdi. Tohir qizning badani titrayotganini sezdi-yu:
— Chindan qo‘rqqaningmi bu, Robiya? — dedi. — Senga ne bo‘ldi?..
— Men bir vahimali tush ko‘rdim, Tohir og‘a! Ilohi tushim o‘ng kelmasin!..
Endi Tohir ham xavotirlanib, qizni quchog‘idan bo‘shatdi-da, uning katta-katta bo‘lib ketgan ko‘zlariga qaradi:
— Yomon tushmi?
— Aytishga ham tilim bormaydir.
— Tushga nelar kirmas!.. Ayt!.. Mayli...
— Sizni bir qora ho‘kiz xanjarday shoxlari bilan suzib... Yo‘q! Yo‘q! Eslasam, etim junjikib ketadir!
Tohir yomon bir falokatni oldindan sezganday yuragi uvushdi:
— Shoshilmay gapir! Suzgan bo‘lsa, qon oqdimi?
— Qon? Ha, ha.. Qon tirqirab ketdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:40:03

— Unday bo‘lsa qo‘rqma. Tushdagi qon — yorug‘lik. Otam doim shunday deydi.
— Tangrim shu ta’birni rost keltirsin! Tohir og‘a, men... Agar Andijonga siz bormasangiz... men ham ketmasmen. Neki bo‘lsak, shu yerda... birga...
Majnuntol barglari orasidan sirqib tushayotgan yomg‘ir tomchilari qizning payvasta qoshlariga, tig‘iz kipriklariga tekkan. Tohirning nazarida, Robiya yomon bir baxtsizlik bo‘lishini hozirdan sezib, ko‘ziga yosh olayotgandek ko‘rinardi.
— Mendan ko‘p xavotirlanma, Robiya. Men bir dehqon odammen. Havo ochilsa, dalaga chiqib qo‘shimni haydaymen. O‘rog‘imni o‘ramen. Yog‘iyning menga ne ishi bor? Lekin sen... ehtiyotingni qil. Andijon qo‘rg‘onida amakilaring bor...
— Andijonda sizning ham mulla tog‘oyingiz borlar-ku! Yo birga ketaylikmi?
Tohir o‘ylanib qoldi. Uning Andijonda me’mor bo‘lib ishlaydigan Fazliddin tog‘asi el orasida tanilgan mashhur odam. Quvasoy botqog‘ining ustidan o‘tgan mana shu uzun yog‘och ko‘prik ham mulla Fazliddin chizib bergan tarh* bo‘yicha qurilgan. Andijon arkida mulla Fazliddin samoviy naqshlar va koshinlar bilan bezab qurgan devonxona tojdor Umarshayx mirzoga ma’qul bo‘lgandan keyin unga to‘bichoq ot va bir hamyon oltin in’om qilganini Tohir ham eshitgan. U tog‘asining shahar qo‘rg‘onidan tashqaridagi Bog‘ot mahallasida turishini biladi. Mulla Fazliddin Quvada turgan paytlarida Tohirga xat-savod o‘rgatgan edi. Endi jiyani panoh istab borsa, qanoti tagiga olishi mumkin. Lekin bu yerda chol-kampirlar nima derkin? Tohir — yolg‘iz o‘g‘il, javob bermasliklari mumkin. U Andijonga Robiya tufayli borishini esa ota-onasiga aytishdan uyaladi... Balki buni Robiyaning akasi Mahmud aytar?

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:40:39

— Robiya, mayli, iloji bo‘lsa, Andijonga birga keturmiz. Lekin dadamlarni ko‘ndirish oson emas... Mahmud og‘ang eshikdami?*
— Do‘konga chiqqan edilar. Iftorgacha kelurlar. Nima edi?
— Iftordan so‘ng biznikiga o‘tsin. Maslahat bor.
— Xo‘p, men aytamen.
Robiya yuzini Tohirning keng ko‘kragiga bosdi:
— Tangrim bizni bir-birimizga ko‘p ko‘rmasin! — dedi-da, majnuntol shoxlari orasidan chiqdi.
Soy bo‘yida turgan bo‘sh mis ko‘zani yomg‘ir tomchilari chertib-chertib qo‘yadi. Robiya ko‘zaga qarab suvga kelganini esladi va uni to‘ldirib, uylari tomon ko‘tarib ketdi.
Qalliqlar odamlarning ko‘zidan yiroqda — yashiriqcha uchrashib yurar edilar. Qiz uzoqlashib ketgandan keyin Tohir ham majnuntollarning panasidan chiqdi.
Shunda Robiyaning tushiga kirgan qo‘rqinchli voqea uning esiga tushdi-da, noma’lum bir xatar vujudiga larza solib o‘tdi...

_____________
* Yo g‘ i y — yov.
* T a r h — chizma, loyiha.
* E sh i k — bu yerda uy, hovli ma’nosida.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:41:32

2

Bu yilgi ro‘za yoz chillasiga to‘g‘ri kelgan, jazirama kunlarda tong sahardan kechqurun qorong‘i tushguncha tuz totmay och yurish ko‘p odamning sillasini quritar, buning ustiga tashnalik azobi qo‘shilardi. Ro‘zadorlar kunni qanday kech qilishlarini bilmay, tezroq qosh qorayishini intizorlik bilan kutishardi.
G‘ira-shira qorong‘ilikda Quva masjidining minorasidan azon tovushi eshitildi. Urush tahlikasi qanchalik kuchli bo‘lmasin, dasturxon atrofiga yig‘ilgan odamlar ro‘zasini ochayotgan paytda ochlik va tashnalikdan qiynalgan vujudlari rohatlanib, dunyo g‘amlari birpasga bo‘lsa ham xayollaridan uzoqlashdi.
Tohir keksa ota-onasi bilan birga iftor qilmoqda edi. Dasturxondan sedanalik issiq non va handalak hidi keladi. Non yeb, bir kosadan qatiqli osh ichganlaridan keyin Tohir Andijonga ketish haqidagi gapning uchini chiqarishga chog‘landi.
Shu payt kimdir qamchi dastasi bilan darvozani taqillatdi. Hovlida yotgan keksa ko‘ppak it yo‘g‘on va xirri tovush bilan vovulladi. Tohir o‘rnidan turgan edi, otasi:
— Ehtiyot bo‘l! — dedi ovozini pasaytirib. — Avval kimligini so‘rab bil.
Tashqarida yomg‘ir tingan, lekin osmon bulutli, qorong‘ilikda hech narsani ko‘rib bo‘lmas edi. Tohir darvozaxonaga yaqin borib:
— Kim? — deb so‘radi. Ko‘ppak qattiqroq hura boshladi. Tashqaridagi odam ovozini balandlatib:
— Tohir, jiyan? — deb so‘radi. — Och, men tog‘o-yingmen!
Tohir tashqaridagi ovozni tanib, ochiq darcha orqali ichkariga:
— Aya, Fazliddin tog‘oyim! — dedi-yu, chopib borib darvozaning zanjirini tushirdi.

Qayd etilgan