Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404076 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 78 B


shoir  01 Dekabr 2007, 20:41:45

Ichkaridan chiqqan chol-kampirlar mehmon bilan ko‘rishayotganda Tohir qorayib turgan ikki g‘ildirakli soyabon aravani ko‘rdi. Aravaga qo‘shilgan otning egari ustidan kimdir paypaslanib tushmoqda edi.
— Mulla tog‘a, arava sizdanmi?
— Ha, jiyanim. Ko‘ch-ko‘ronim bilan keldim.
— Shunaqami? — dedi Tohir hayron bo‘lib. Uning ko‘nglida boya tog‘asini ko‘rganda yongan quvonch endi tashvishli o‘ylar bilan almashindi. Tohirning Andijondagi panohi — mana shu tog‘asi edi. Tog‘asi ko‘chib kelgan bo‘lsa, Tohirning qo‘rg‘onga boradigan yo‘li bekilgani shu. Robiya nima bo‘ladi?
— Tohir, nega ag‘rayib turibsan? Yuklarni tushirishgin! — dedi onasi. — Mullo tog‘oying yomg‘irda ko‘p azob tortganga o‘xshaydir.
— E, azob ham gapmi, opa! Arava loylarga tiqilaverib jonimizdan to‘ydirdi. Yo‘llar tirband. Qochoqlar behisob.
Tohir aravadan yuk tushirayotib, otning sag‘risiga qo‘li tegib ketdi. Shunda qo‘liga shilimshiq loy ilashganini sezdi. Loy otning sag‘risigacha chiqqan bo‘lsa, bu bechoralar kela-kelguncha qanchalik qiynalganikin? Hamma yovdan qochib Andijonga qarab ketayotganda, bu-lar nega Quvaga ko‘chib kelganikin? Tohir qanor qopga solingan yukni aravadan tushirmoqchi bo‘lganda tog‘asi:
— Hushyor bo‘l, juda og‘ir, ikkovlashib ko‘taringlar,— dedi aravakashga.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:41:58

Tohir qopning ichida uncha katta bo‘lmagan po‘lat sandiq borligini sezdi. Mulla Fazliddin o‘tda kuymaydigan, suv kirmaydigan bu sandiqni Quvaning temirchi ustalariga buyurtma berib yasattirgan edi. Uning ichida tarhlar, loyihalar, suratlar saqlanardi. Mulla Fazliddin uch yil Samarqandda, to‘rt yil Hirotda tahsil ko‘rgan, o‘sha yoqdan me’morlik san’ati bilan birga musavvirlik*ni ham o‘rganib kelgan edi. Hirotda jangnomalar ichiga suratlar chizish odat tusiga kirgan, mavlono Behzod chizgan Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro tasvirlari rasmiy doiralarda shuhrat topgan, lekin Samarqandda, xususan, Farg‘ona vodiysida odam shaklini chizish hali ham qur’on nomidan qattiq taqiqlanib kelmoqda edi. Shuning uchun mulla Fazliddin o‘zi chizgan suratlarini mana shu po‘lat sandiqda doim maxfiy saqlar edi.
Tohir qopdagi po‘lat sandiqni aravakash bilan ko‘tarishib uyga olib kirishdi.
Mulla Fazliddin ho‘l bo‘lib og‘irlashgan piyozi chakmoni va etigini dahlizda yechib qoldirdi. Oyog‘iga charm kavush kiyib, obrez chetida bet-qo‘lini yuvdi. So‘ng boya Tohirlar o‘tirgan dasturxonlik uyga kirdi.
Uning chakmonidan o‘tgan yomg‘ir kalta yenglik abosini nam qilgan edi. Lekin yoz oqshomi iliq bo‘lganligi uchun kiyim almashtirish esiga kelmadi. Yo‘lda qattiq toliqqanligi uchun durust ovqat ham yemadi. Faqat bir-ikki tilim handalak yediyu uch-to‘rt piyola choy ichdi. Aravakash yigit ikki kosa to‘la qatiqli osh ichgandan keyin otlariga qarash uchun hovliga chiqib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:42:31

— Obbo! Mulla Fazliddin-ey! — dedi Tohirning otasi uzun oq soqolini o‘ychan ezg‘ilab. — Zap kelibsizda. Shu notinch kunlarda birga bo‘lganimizga ne yetsin!
— Hamma yog‘iydan qochganda biz ajdahoning komiga yaqin kelib qolganimiz g‘alati bo‘ldi, — deb mulla Fazliddin jiyaniga ma’yus ko‘zlari bilan qaradi.
— Biron sabab bilan kelgandirsiz-da, mulla tog‘a?— so‘radi Tohir.
— Sabab shukim, jiyan, urush boshlansa, qurilish to‘xtaydi, me’morning keragi bo‘lmay qoladir...
— Ie, axir, sizni podshoning o‘zi xizmatiga olgan emasmidi?
— Podsho Axsi qo‘rg‘onida mudofaa bilan ovora. Toshkent xoni Mahmudxon ham Xo‘jand tomondan bizga qarshi qo‘shin tortib kelmoqda emish. Qashqar hokimi Abubakir dug‘lat degan yana bir bosqinchi sharqdan O‘zganning ustiga bostirib kelmishdir.
Tohirning keksa otasi qo‘rqib, yoqasini ushladi:
— Yo tavba! Bu yoqda Samarqand qo‘shini... Uch tomonimizdan yog‘iy bostirib kelibdimi, a? Bu ne ko‘rgulik, mulla Fazliddin? Axir bu podsholar sal murosa qilsalar bo‘lmaydimi, a? Hammasi bir-biriga qarindosh emish-ku. Shu rostmi?
— Ha, rost. Toshkent xoniga bizning podshomiz kuyov bo‘ladir. Qo‘qonni talab, bizning ustimizga qo‘shin tortib kelayotgan Samarqand podshosi Sulton Ahmad mirzo esa bizning podshomiz bilan bir otadan bo‘lgan og‘a-inidirlar. Yana bu ikki podsho bir-birlariga quda bo‘lmoqchi edilar. Samarqand podshosining qizi bizning valiahdimiz Bobur mirzoga besh yasharligidan unashtirib qo‘yilgan edi. Shundan bilingki, og‘a iniga, qaynota kuyovga qarshi qilich ko‘tarib chiqmishdirlar!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:43:08

— Yo poka parvardigor! Oxirzamon degani shumikin, mulla Fazliddin?
— Bilmadim, pochcha. Har qalay, yomon tojdorlarning zamonasi oxirlab qolayotganga o‘xshaydir. Koshki, o‘zlari bilan o‘zlari olishib, bizni tinch qo‘ysalar! Urushning butun jabru jafosi el-ulusning boshiga tushadir.
— Sho‘rimiz bor ekan-da!
— Ha, tole bo‘lmasa qiyin ekan! Men ne-ne orzular bilan ilm-hunar o‘rganib kelgan edim! Vatanimiz bo‘lmish Farg‘ona vodiysida Samarqanddagidek, Hirotdagidek madrasalaru ko‘rkam obidalar qurmoqchi edim. Bu saltanatu podsholardan ne qolur? Hammasi nom-nishonsiz ketgay! Bizdan yodgorlik bo‘lib qolsa Ulug‘bek madrasasidek, Navoiy Unsiyasidek san’at asarlari qolur!
Mulla Fazliddin og‘zidan chiqib ketgan so‘nggi gaplardan xavotirlanib, eshik tomonga qarab qo‘ydi. Uning saroy ahliga yaqin yurib, ayg‘oqchilardan yurak oldirib qo‘yganini Tohir ham sezdi.
— Mulla tog‘a, so‘zlayvering, bu yerda hamma o‘z-o‘zimiz... Andijon qo‘rg‘onidan nechun sizga joy bermadilar?
Mulla Fazliddin so‘nggi kunlarda boshdan kechirgan mudhish hodisalarni eslab, bir lahza og‘ir sukutga ketdi...
O‘tgan kuni xufton paytida mulla Fazliddin o‘zlaridan besh-olti uy narida turadigan bir xattot oshnasinikida iftor qilib o‘tirganda qandaydir noma’lum kishilar uning uyiga bostirib kiradi. Hovlidagi it vovullab qo‘ymaganda uni qilich bilan chopib tashlaydilar. Bugun bu yerga aravani minib kelgan xizmatkor yigitning og‘ziga latta tiqib, qo‘l-oyog‘ini bog‘laydilaru qaznoqqa tashlaydilar. So‘ng uyga kirib, tintuv o‘tkazadilar va po‘lat sandiqni ko‘radilar. Lekin uni ochishning ilojini topolmay, qulfini bolta bilan urib sindirishga kirishadilar.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:43:28

Qilich bilan chopilgan it qattiq vangillaganda devordarmiyon qo‘shnilar bir falokat bo‘lganini sezadilar. Ulardan biri chiqib mulla Fazliddindan xabar olmoqchi bo‘lsa, darvoza qarshisidagi daraxt panasida bir odam to‘rtta otning jilovidan ushlab turibdi. Uning yuzi qora niqob bilan bekitib olingan, faqat ko‘zlari ko‘rinadi.  Ichkaridan esa po‘lat sandiq qulfiga urilayotgan bolta tovush eshitiladi...
Mulla Fazliddinga qadrdon bo‘lgan qo‘shni uning uyiga yomon odamlar tushganini sezadi-yu, darhol xattotnikiga chopadi. Undan voqeani eshitgan mulla Fazliddin uyiga yugurib keldi.
Po‘lat sandiqning qulfini sindirib ochib, undagi qog‘ozlarni titkilayotgan bosqinchilar uy egasini ko‘rib, darchadan ayvonga sakrashdi.
— To‘xta, nobakor! — deb mulla Fazliddin bittasining qarshisidan chiqqan edi, yuziga qora niqob tutgan ayiqday zo‘r yigit uni yelkasi bilan urib chetlatdi-da, ko‘chaga otildi. Boshqalari ham ko‘chadagi otlariga minib, bir lahzada g‘oyib bo‘lishdi.
Mulla Fazliddin ularni quvlab yetolmasligini sezdida, to‘s-to‘polon bo‘lgan uyga qarab intildi va ochiq yotgan po‘lat sandiqning tepasiga keldi. Tokchada qo‘shaloq sham yonib turibdi. Uning yorug‘ida aralash-quralash bo‘lib ketgan, ba’zi joylari yirtilgan loyihalar va chizmalar ko‘zga tashlandi. Sandiq ichida podshoh in’om qilgan oltinning bir qismi hamyoni bilan turgan edi. Shu yo‘q. Lekin hozir mulla Fazliddinning ko‘ziga oltin ham ko‘rinmas edi. Uning butun xayoli sandiq tubidagi maxfiy tagqutini bekitib turgan silliq mis parchasida edi. Uni chapga sekin surgan edi, tagqutining kalit solinadigan joyi ochildi. Mulla Fazliddin atrofiga alangladi — uyda boshqa odam yo‘q, qo‘shnisi qaznoqdagi xizmatkorning oyoq-qo‘lini yechish bilan ovora edi. Mulla Fazliddin qo‘ynidan kichkina kalit olib, tagqutining qulfiga soldi. Qulf ochilgandan keyin tagqutining mis qopqog‘ini sekin ko‘tardi-yu, yupqa jild ichidagi suratlarni ochib ko‘rdi... Keksa bog‘bonning daraxt payvand qilayotgan payti... Chilmahram tog‘laridagi ov tasviri... Eng pastda chang chalayotgan go‘zal bir qizning surati...

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:43:51

Bu — Umarshayx mirzoning qizi. Andijon chorbog‘ida podshoh oilasi uchun tillakori ko‘shk qurgan paytlarida o‘n sakkiz yoshlik Xonzoda begim uning musavvir ham ekanligini bilib qolib, o‘zining suratini chizdirgan. Mulla Fazliddin bu ishni yashiriqcha qilgan. Agar shariat peshvolari uning odam suratini chizganini bilib qolishsa, sog‘ qo‘yishmaydi. Yana tag‘in go‘zal malika bilan yashiriqcha til biriktirib surat chizgani qizning podshoh otasiga ma’lum bo‘lsa bormi, mulla Fazliddinni tilka-pora qilib tashlashlari hech gap emas.
Shu sababli hozir uni eng qattiq qo‘rqitgan narsa— bu suratning bosqinchilar qo‘liga tushib qolish ehtimoli edi. Xayriyatki, ular sandiq tagida maxfiy tagquti borligini sezishmabdi. Lekin sandiqni otlariga o‘ngarib ketishsa nima bo‘lardi? Unda tagqutidagi suratlarni ham albatta topib olishardi!..
Xizmatkor yigit sal o‘ziga kelgandan so‘ng, mulla Fazliddin undan va qo‘shnisidan voqeaning tafsilotlarini so‘rab bildi, o‘zining ko‘rganlariga buni taqqoslab, shunday xulosaga keldiki, uning uyiga tushganlar — oddiy o‘g‘rilar emas, balki qaysi bir zo‘ravon bekning yigitlari. Ular uyni tintib nimani qidirishgan? Tarhlarni tashlab ketishibdi. Demak, suratlarni izlashgan... Mulla Fazliddinning surat chizishini biladigan odam... unda qasdi bor bek yuborgan bo‘lishi kerak bu yigitlarni!..
Iztirobli o‘ylar tuni bilan mulla Fazliddin ko‘ziga uyqu qo‘ndirmadi. Urushning alg‘ov-dalg‘ovida tobora bo‘yni yo‘g‘on bo‘lib ketayotgan bebosh beklar esiga tushgani sari ko‘ngli bezovta bo‘lardi.
Andijonlik beklardan Hasan Yoqub degani shu yili bahorda mulla Fazliddinni chorbog‘iga chaqirtirib, katta bir ish topshirmoqchi bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:44:01

— Mirzo hammomidan ham ulkanroq bir hammom qurdirmoqchimen... Yozda salqinlaydigan marmar xo-nalari bo‘lsin... — Yoqubbek ovozini pasaytirib davom etdi. — Chiroylik asira qizlar sotib olg‘aymen. Oltinim yetarli. O‘sha qizlar hammomning marmar hovuzida cho‘milganda men o‘ltirib tomosha qiladigan maxfiy tuynuklari ham bo‘lmog‘i lozim. Uqdingizmi? — deb Yoqubbek xaxolab kuldi-da, gapning xulosasini ayt-di.— Ana shu hammomning tarhini o‘zingiz chizing. Qurilishiga ham siz sarkor bo‘ling. Qancha haq tilasangiz beray. Xo‘pmi?
Me’morlikni muqaddas bir san’at deb ishongan mulla Fazliddin Yoqubbekning shahvoniy niyatlarini eshitib nafrati keldi:
— Janob bek, uzr, men harom ishdan qo‘rqamen!..
— Nimasi harom?.. Men hammomni o‘z aqchamga qurdirgaymen!
— Hammomga maxfiy tuynuklar qo‘yib quradigan sarkorlar boshqa... Siz o‘shalarga murojaat qiling. Menga Mirzo hazratlari pokiza bir dargoh qurdirmoqchilar. Shu kunlarda madrasa tarhini chizish bilan bandmen. Ruxsat eting, men boray...
O‘rinlaridan turganda Yoqubbek mulla Fazliddinga o‘qrayib ko‘z tikdi:
— Lekin men aytgan gap shu yerda qolsin, janob me’mor. Aks holda...
— Albatta, bu gap shu yerda qolur! Lekin siz ham mendan ozurda bo‘lmang. Ora ochiq! Ma’qulmi, janob bek?
— Ma’qul!
Mulla Fazliddin shu bilan bu bo‘yni yo‘g‘on bekdan qutuldim, deb o‘ylagan edi. Lekin bundan o‘n besh kuncha burun Ahmad Tanbal degan bir badavlat bek mulla Fazliddinni  so‘roqlab,  kechki  payt uning uyiga keldi. Ikkovlari xoli qolganda Ahmad Tanbal cho‘ntagidan bir hamyon oltin oldi-da, mulla Fazliddinga uzatdi:
— Taqsir, mana shu oltinni olingu bitta surat chizib bering.
— Qanaqa surat?

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:44:15

Yoshi yigirma beshlardan oshgan bo‘lsa ham, yuziga hali durust soqol chiqmagan, ko‘sanamo Ahmad Tanbal og‘zini me’morning qulog‘iga yaqinlashtirib shivirladi:
— Malikamizning surati kerak menga!
— Qaysi malikamiz? — sergaklanib so‘radi mulla Fazliddin.
— Chorbog‘da tillakori ko‘shk qurganingizda ko‘rgansiz... Xonzoda begim... O‘zi ham sizning san’atingizga ixlosmand emish-ku...
Mulla Fazliddinning yuragi taka-puka bo‘lib ketdi. Nahotki bu bek po‘lat sandiqdagi suratdan xabardor bo‘lsa!
— Kim sizga shunday dedi?.. Men me’mormen... Men faqat imoratlarning suratini chizamen...
— Mendan yashirmang, janob me’mor! Men shariat peshvosi emasmen. Surat chizishni bizda man qilganlariga men ham qarshimen! Hirotda Shohruh mirzo Boysunqur mirzo uchun qurdirgan saroyning devorlari go‘zal qizlar surati bilan bezalgan ekan. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri-yu, lekin... Har joyning o‘z toshu tarozisi bor. Agar Xonzoda begimning surati haqida siz aytgan gapni podshoh hazratlari bilib qolsalar, nima bo‘lishini o‘ylaysizmi?
— Bilmagay! — deb shivirladi Ahmad Tanbal. — Ikkovimizdan boshqa hech kim ogoh bo‘lolmagay! Xo‘p deng! Mang, oltinni oling!
— Shoshmang, bek. Meni surat chizadi, deb sizga kim aytdi?..
— Eshitdik-da!
— Kimdan?.. Hasan Yoqubbekdanmi?..
— Hasan Yoqubbek bir bog‘bondan eshitgan ekan...

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:44:26

«Demak. Ahmad Tanbalning bu yerga kelganidan Hasan Yoqubbek xabardor! — o‘yladi mulla Fazliddin.— Bular birgalashib meni qo‘lga tushurmoqchi bo‘lsa kerak. Sendek qurbaqataxlit bek uchun Xonzoda begimning suratini chizib berib men ahmoq emasmen!».
— Janob Ahmadbek, kamina bog‘larning suratini chizganda bir chetiga bog‘bonni ham tasvirlashim mumkin. Me’morlik san’ati buni inkor etmaydi. Ammo malikaning suratini chizish uchun menda na san’at bor, na haq va na jur’at!
— Xullas, mening so‘zimni yerda qoldirmoqchimisiz?
— Boshqa ilojim yo‘q. Meni ma’zur tuting, janob bek. Bunday taklif bilan kelish siz uchun ham xatardan xoli emas!
— E, men buzdillardan* emasmen! — deb Ahmad Tanbal qahr bilan o‘rnidan turdi va yirik tishlarini irjaytirib qo‘shib qo‘ydi: — Lekin siz mening shaxtimni qaytarganingiz uchun hali pushaymon bo‘lursiz!
Bu tahdid mana endi to‘rtta bosqinchining qiyofasiga kirib, qorong‘ida uning uyiga bostirib kelgan bo‘lsa ajab emas. Qurolsiz, navkarsiz mulla Fazliddin Ahmad Tanbalday yuz-ikki yuztadan qurolli yigitlari bor beklarga qanday bas keladi? Lekin «bo‘lari bo‘ldi», deb indamay yuraversa, bu quturgan bek ertaga beshbattar yomonliklar qilishi mumkin emasmi?

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:44:34

Mulla Fazliddin ertalab podshoh in’om qilgan to‘bichoq otni mindi-da, shahar dorug‘asi* qabul qiladigan mahkamaga yo‘l oldi. Uzun Hasan ismli ingichka, novcha dorug‘a askarlikka odam olish va shaharni yaqinlashib kelayotgan dushmandan himoya qilish tashvishi bilan band ekan. Mulla Fazliddinning arzini qayoqqadir ketmoqchi bo‘lib shoshilib turgan paytda tingladi-da:
— Tarhlaringizga tegmay, hamyoningizni olib ketgan bo‘lsa, bu — to‘qaydan chiqqan o‘g‘rilarning ishi, — dedi. — Yog‘iy tashvishidan qutulsak, to‘qaylarni o‘g‘rilardan tozalagaymiz... Hozir ahvolni ko‘rib turibsiz!..
Qo‘l qovushtirib tikka turgan mulla Fazliddin dorug‘aga yaqinroq keldi:
— Mening boshqa gumonim bor, janob dorug‘a, — dedi. So‘ng Ahmad Tanbalning surat chizdirmoqchi bo‘lganini, rad javobi olganda esa achchiqlanib ketganini aytib berdi.
— Kimning surati? — deb dorug‘a qiziqib qoldi.
Mulla Fazliddin Xonzoda begimning nomini tilga olishga qo‘rqdi.
— Parilar suratimidi? Yaxshi tushunmadim.
— Sandig‘ingizda parilar surati bormidi? Bosqinchilar shuni olib ketibdirmi?
— Surat o‘zi bo‘lmasa neni olib ketsin! Men hazrati oliylari buyurgan madrasa tarhini chizish bilan bandmen. Suratkashlikka vaqtim yo‘q. Sandiqda xomaki loyihalarim bor edi, xolos.
— Ular joyida qolganmi, axir? Undoq bo‘lsa Ahmadbekdan nechun gumonsiramoqdasiz?
— Sababini aytdim, janob dorug‘a! Taftish o‘tkazishingizni so‘raymen!
— Ahmadbek — sultonlar avlodidan ekanini unutgan bo‘lsangiz, men eslatib qo‘yay.

Qayd etilgan