Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404582 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 78 B


shoir  01 Dekabr 2007, 20:44:45

Hazrati oliylarining katta xotinlari Fotima begim Ahmadbekka qarindosh bo‘lurlar. Fotima begimning chaqirig‘i bilan Sulton Ahmadbek bugun azonda poytaxtimiz Axsiga ketdilar.
«Agar o‘sha bek sandiqdagi suratlarni qo‘lga tushirsa, Axsiga eltib, podshoh oilasiga ko‘rsatmoqchi bo‘lganmi?— degan o‘y mulla Fazliddinning ichini muzlatib o‘tdi. — Bular mening qonimga shunchalik tashnami? Balki Ahmad Tanbal Xonzoda begimni ham shu surat orqali qo‘lga tushirmoqchidir? Hali uylanmagan bu bek podshoga kuyov va Xonzoda begimdek go‘zal qizga er bo‘lishni jon-dili bilan istasa kerak!»
O‘rgimchak to‘riga o‘xshash yopishqoq bir balo atrofini o‘rab kelayotganini sezgan mulla Fazliddin jon-jahdi bilan bu to‘rni yirtib chiqib ketishga urindi:
— Janob dorug‘a, men sizdan adolat istab keldim! Podshoh hazratlari meni sizning himoyangizga topshirgan edilar! Agar bosqinchilarni topib jazo bermasangiz, men podshoh hazratlarining huzurlariga panoh istab ketishga majbur bo‘lurmen!
— Ammo shuni bilingki, janob me’mor, hazrati oliyning huzuriga sizdan ham oldin ba’zi bir gaplaringiz yetib borishi mumkin!
— Ya’ni, qaysi gaplarim, janob dorug‘a?
— Ba’zi me’morlar o‘zlarini podshohlardan ham baland qo‘yarmishlar. «Bu taxtu saltanatlar benomu nishon yo‘qolur, faqat me’moru musavvirlar yaratgan zo‘r san’at asarlari tirik qolur», degan gustoxona aqidalar bizga ma’lum!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:44:53

Mulla Fazliddin bugun Quvada pochchasining uyida bexosdan aytib yuborgan bu e’tiqodini boshqa ishongan odamlariga ham aytgan paytlari bo‘lgan edi. Ana shu ishonganlaridan allaqaysisi ayg‘oqchilik qilib, bu gapni dorug‘aga yetkazganini, endi dorug‘a buni podshohga dasturxon qilib olib borishi mumkiligini sezdi-yu, badanidan sovuq ter chiqib ketdi. Lekin dorug‘aga sir boy berish qanchalik xatarli ekanini payqab:
— Bu hammasi ig‘vo! — deb xitob qildi: — Janob dorug‘a, sizning ustingizdan ig‘vo qiluvchilar ham oz emas! Buni bilursiz! Men Andijonda neki bino qilgan bo‘lsam, hammasiga Mirzo hazratlarining nomlarini bitmoqdamen! Arkdagi devonxonani ko‘ring! Chorbog‘dagi ko‘shkni ko‘ring! Men ularning biror joyiga o‘z nomimni yozibmenmi? Qani, ig‘vogarlar dalil keltursinlar! Men hammasiga Mirzo hazratlarining muborak nomlarini bitganmen! Demak, tarixda mening nomim emas, Mirzo hazratlarining nomi qolsin, deganmen! Shundoqmi, yo‘qmi? Qani ayting!
Dorug‘a bu mantiqli dalillarni rad etolmasdan:
— Shundoqlikka shundoq, ammo...
— Ammosi yo‘q, janob dorug‘a! Siz meni bosqinchilardan himoya qilish o‘rniga, ayg‘oqchilarning tuhmatiga ishonadirgan bo‘lsangiz, men alhol Axsiga borib, Mirzo hazratlariga arz qilurmen!..
Uzun Hasan bu do‘qni pisand qilmay:
— Mayli, boring, arz qiling! — dedi. — Lekin shuni bilingki, atrofimizni yog‘iy bosgan bu xatarli damlarda podshohga me’mordan ko‘ra navkar zarurroq! Ahmadbekdek, mendek jangovar beklar uchun podshoh hozir sizdeklardan qanchasining bahridan o‘tur!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:45:15

— Axsiga borganda ko‘rurmiz, — deb mulla Fazliddin mahkamadan shaxt bilan tashqariga chiqdi. Uning vajohati hoziroq Axsiga, podshoh huzuriga arzga boradiganga o‘xshardi.
Lekin u otlanib uyiga qaytayotganda sal hovuridan tushdi-yu, Uzun Hasan aytgan so‘nggi gaplarda achchiq bir haqiqat borligini sezdi. Yov qurshovida qolayotgan Umarshayx mirzo bitta me’morni deb yuz, ikki yuzdan navkari bor zo‘ravon beklarga qarshi bormasligi aniq. Ahmad Tanbal bugun Axsida — shoh saroyida. Agar u mulla Fazliddinning malika suratini chizgani haqida gap tarqatsa... Lekin Ahmad Tanbal buni qanday payqaganikin? Mulla Fazliddin Xonzoda begimning suratini chizish uchun u bilan tillakori ko‘shkda pinhon uchrashganda buni zimdan ko‘rib qolgan kanizlar yoki savdarlar* bo‘lsa, Ahmad Tanbal shuning bir chetini eshitib, haligi hamyonni ko‘tarib kelganmikin? Bosqinchi yigitlarini ishga solib ham maqsadiga yetolmagan bu yovuz bek endi shoh saroyiga borib peshgirlik qilishi mumkin. Agar u o‘zi eshitgan mish-mishni haramdagi ayollar orqali podshohning qulog‘iga yetkazsa... Umarshayx mirzo bo‘y yetgan qizining qayoqdagi bir me’mor bilan yashi-riqcha uchrashib, surat chizdirganini o‘z sha’niga katta isnod deb bilishi aniq. Shoh iskovuchlari ishga tushirilsa, mulla Fazliddin yashirib yurgan suratni topib olib, Ahmad Tanbalning gapiga dalil qilish qo‘llaridan keladi. Ana undan so‘ng shoh qiziga isnod keltirgan musavvirni ming qiynoqlarga solib o‘ldirishlari turgan gap!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:47:55

Mulla Fazliddin Xonzoda begimning suratini chizish bilan nechog‘liq xatarli ishga qo‘l urganini endi astoydil his qildi. Agar surat qo‘lga tushsa, u qiz ham malomatga qoladi. Dunyo busiz ham tashvish-tahlikaga to‘la!.. Mulla Fazliddin tagqutidagi malika suratini titroq qo‘llar bilan jilddan oldi. Ig‘vogar ablahlarga dalil qoldirmaslik uchun buni yo‘q qilishi kerak! Mulla Fazliddin o‘choqda yonayotgan olovga yaqin bordi.
Rangli bo‘yoqlar bilan ishlangan mo‘’jazgina suratdagi go‘zal qiz shu payt unga tirik bir odam bo‘lib ko‘rindi. Alanga yolqinida qizning kipriklari, lablari bilinar-bilinmas nafis harakatlar qilayotganga o‘xshab ketdi. Qizning aqlni shoshiradigan jozibasi bor edi. Bu joziba mulla Fazliddinni har galgiday yana sehrlab oldi, boyagi tahlika xayolidan uzoqlashib, qalbida iliq tuyg‘ular uyg‘ondi. «Nahotki men bu qizga oshiq bo‘lsam? — hayrat ichida o‘ylandi mulla Fazliddin. — Qora xalq orasidan chiqqan menday bir suratkashning shoh qiziga muhabbat qo‘yishi kulgili emasmi? Yo‘q! Men faqat o‘zim chizgan suratga— o‘z ijodimga mehr qo‘yganmen, xolos! Boshim omon bo‘lsa, bunday suratni yana chizgaymen!»
Shu o‘y bilan suratni o‘tga tashlamoqchi bo‘lib egildi. Qiz tasviri olovga yaqinlashganda yuzi qizarib bo‘g‘riqqandek, ko‘zlari esa chaqnab ketgandek ko‘rindi. Mulla Fazliddin tirik odamni o‘ldirayotgandek, seviklisini o‘tga tashlayotgandek seskanib orqaga chekindi. Ichki bir ovoz uni «Qo‘rqoqsen!» degandek jerkidi. «Dushmanlaring ustingga bostirib kelayotgani yo‘q-ku! Ahmad Tanbal ham Axsida. Bilib qo‘y, sen bunday go‘zal suratni ikkinchi marta chiza olmassen! Tasvirga bunchalik tirik joziba baxsh eta olganing— takrorlanmas bir ilhomning natijasi. Botir bo‘lsang, qutqarib qolursen!»
Mulla Fazliddin suratni tagqutiga qaytarib soldi-yu, xizmatkor yigitni chaqirdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:48:15

— Ko‘chlarni yig‘ishtir! Aravani qo‘sh! Quvaga jo‘nagaymiz!.. Tez!.. Tezroq!..
Mana hozir opasining uyida o‘tirib, yuz bergan voqeani pochchasi bilan jiyaniga so‘zlab berar ekan, po‘lat sandiqda Xonzoda begimning surati borligini ularga ham aytmadi. Bu sirni u hech kimga bildirmoqchi emas edi...
— Vo darig‘! — deb Tohirning otasi og‘ir ux tortdi:— Bizning suyangan tog‘imiz siz edingiz, mulla Fazliddin!.. Endi siz ham quvg‘inga uchragan bo‘lsangiz.
— Nachora? Hammamizning ham taqdirimiz qil ustida turibdi!
— Podshohga arzga borsangiz, dodingizga yetmasmikin, mulla tog‘a?
— Bu to‘polonlar bosilsa, bir marta borib arz qilishim aniq. Agar dodimga yetsa yetdi, yetmasa, yana Hirotga qaytib keturmen! Alisher Navoiy Shifoiya degan bino qurdirmoqchi, deb eshitgan edim. Olamda biz uchun yongan yagona umid chirog‘i o‘sha siymo bo‘lib qoldi.
— Hirot orzusini qilmang, mulla Fazliddin, Far-g‘onada  ham  hunaringizning  qadriga yetadigan odamlar bor. Quvaning ko‘prigi sizning rejangiz bilan qurilgan edi. Xalq haligacha sizni duo qilib yuribdir.
— Xalq! Qani endi bu ko‘prikdan faqat xalq o‘tsa! Erta-indin bu ko‘prikdan yog‘iy qo‘shinlari o‘tib kelur! Xalqning boshiga yog‘iladigan balolarni o‘ylasam, bugungi jalalar selga aylanib, o‘sha ko‘prikni oqizib ketmaganiga afsus qilamen! Agar yog‘iy, bu tomonga o‘tolmasin deb, o‘sha ko‘prikni hozir yondirib yuborsalar, men jon deb rozi bo‘lur edim!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:48:29

«Chindan ham, — o‘yladi Tohir o‘zicha, — yog‘och ko‘prik. Yog‘ sepsa yonur. Yog‘iy faqat shu ko‘prikdan o‘tishi mumkin. Kechuv ham yo‘q. Hammayoq botqoqlik, qamishzor. Agar ko‘prik yondirilsa yog‘iy o‘tolmagay!» Tohir kutilmagan joydan najot yo‘lini topganday bo‘ldi. Tasavvurida gavdalangan yong‘in alangasidan go‘yo uning badani qizib ketganday tuyuldi. Robiyani balo-qazodan asraydigan eng zo‘r qalqon ana o‘sha olov bo‘lishi mumkin! Tohir qaltis istakdan ko‘zlari yonib otasiga qaradi. «Aytsammikin? Yo‘q! Rozilik bermas. Yolg‘iz o‘g‘ilmen. Tog‘am... nozik odam, aralashmagani ma’qul. Tavakkalchi yigitlardan topishim kerak!».
Tohir sekin o‘rnidan turib, hovliga chiqdi.
Osmonni to‘ldirgan bulutlarning yirtig‘idan birda-yarim yulduzlar ko‘rinib qoladi. Uylar chiroqsiz. Ko‘chalar sukutda. Ahyon-ahyonda kuchuklar hurgani eshitiladi.
Iftorni qilib chiqqan Mahmud Tohirga darvoza oldida uchradi. Robiyaning akasi bo‘lgan bu kosib yigit Andijon qo‘rg‘oniga ketishdan gap ochgan edi:
— E, bu niyatlar hammasi puchga chiqdi! — deb Tohir unga tog‘asidan eshitganlarini aytib berdi. Mahmudni ham birdan g‘am bosib:
— Endi qaydan najot izlaymiz, e xudo! — dedi.
— O‘zing uchun o‘l yetim, degan gap bor, Mahmud... Yur, darvozaxonaga kiraylik. Bir sir aytamen. Og‘zing-dan chiqarma! Ko‘prikni yondiramiz!..
— Qanday qilib? — hayrat bilan so‘radi Mahmud.
Tohir unga o‘zining rejasini shivirlab tushuntirdi.
— Yog‘ sepsak, yog‘och tez yongay. Bildingmi?
— Jinni bo‘libsen! Ko‘prikda soqchilar bor-ku.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:50:04

— O‘zimizning beklar qo‘ygan soqchilarmi? Hali yog‘iy yaqin kelsa hammasi qo‘rg‘onga qochgay. O‘shanda biz...
— Yo‘q, shoshma! Axsidan bizning podshomiz qo‘shin tortib kelayotgan emish. Bu ko‘prik hali o‘zimizga kerak!..
— Podshoying qo‘rg‘onidan chiqsa shu kungacha chiqar edi! Ana, Marg‘ilon ham boy berilibdi! Podshodan darak yo‘q!..
— Bilmasam, kadxudo* guzarda ishontirib aytdi. «Podsho hazratlari yo‘lda, erta-indin himoyamizga yetib kelishlari aniq!» — dedi.
— Chindan yo‘lga chiqibdimi-a?
— Ha, o‘z qulog‘im bilan eshitdim! Bultur podshomiz yog‘iy bilan Xo‘janddan nari Xovosga borib urushgan ekan-ku. Quva Axsiga Xovosdan yovuqroq* emasmi?
— Yovuqlikka yovuq-ku!.. Zora sen aytganing rost chiqsa-ya, Mahmud?
— Ha, axir, ko‘prikka soqchilarni bekorga qo‘yganlarmi?.. Podshomiz erta-indin kelib jonimizga oro kirgay... Mana, ko‘rursen!..
Shu topda Tohirning ko‘nglida ham umid uchqunlaganday bo‘ldi. U qorong‘i osmonning uzoq bir chetida— Sirdaryodan narida joylashgan Axsi tomonga intizor ko‘zlar bilan tikildi.

______________
* M u s a v v i r — rassom.
* B u z d i l — echkiyurak, qo‘rqoq.
* D o r u g‘ a — shahar hokimi.
* S a v d a r — xos xizmatkor.
* K a d x u d o — qishloq oqsoqoli.
* Yo v u q — yaqin.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:50:21

AXSI
AJALGA DAVO YO‘Q

1


Baland tepalik ustiga qurilgan Axsi qal’asi tun og‘ushida tog‘ qoyasiga o‘xshab qorayib ko‘rinadi. Qal’a etagida Kosonsoyning Sirdaryoga guvullab quyilayotgani, ikki daryo to‘lqinlari bir-birlari bilan olishib, qirg‘oqqa shaloplab urilayotgani uzoqdan eshitilib turadi.
Axsining hukmroni Umarshayx mirzo bu kecha haramda o‘n sakkiz yoshlik Qorako‘z begimning xobgohida uxlab yotibdi. Shohona to‘shakning ipak pardasi ortida bittagina sham lipillab yonib turibdi. Uning zaif yog‘dusi tashqaridan bosib kirmoqchi bo‘layotgan tun qorong‘isidan qo‘rqqanday titrab-qaltiraydi.
Sahar paytida qal’a sukunatini buzib hazin surnay tovushi yangradi. So‘ng unga qo‘sh naqora tovushi jo‘r bo‘ldi. Ro‘za tutish — shohu malayga barobar kelgan majburiyat bo‘lgani uchun surnay va naqora saroy ahlini saharlikka uyg‘otmoqda edi.
Yoz tunlari qisqa, uyquga to‘ymay saharlikka turish xiyla noxush. Shunday bo‘lsa ham Qorako‘z begim o‘rnidan ohista turib yuvindi, kiyindi. Lekin parqu to‘shakda baquvvat qo‘llarini ipak choyshabdan chiqarib uxlab yotgan Umarshayx mirzo hamon uyg‘onmas edi.
Xobgohdan ikki xona narida hashamatli tanobiy uyda allaqachon tuzab qo‘yilgan dasturxon Mirzoga muntazir  edi.  Uning  kecha  iftordan so‘ng bergan amriga muvofiq bugungi saharlik uchala xotinlari va bolalari bilan birga qilinishi kerak edi. Mirzoning birinchi xotini Fotima Sulton, ikkinchi xotini Qutlug‘ Nigor xonim, o‘n sakkiz yoshlik qizi Xonzoda begim va o‘n yashar o‘g‘li Jahongir mirzo — hammalari o‘sha tanobiy uyga yig‘ilgan edilar. Lekin hazratning o‘zlari kelmaguncha hech kim tamaddi qila olmas edi.
Ichki eshikdan Qorako‘z begim chiqib keldi. Kichik jussali bu yosh juvon tepada yonayotgan qandil yorug‘ida behad chiroyli ko‘rindi. U katta begimlarga uyalibgina salom berdi-da, hazratni uyg‘otishga jur’at etolmaganini aytdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:50:38

Qorako‘z begimning yoshligi, go‘zalligi, xususan, uyalib gapirishi hozir uning eng suyukli xotin ekanini esga tushirdi-yu, Fotima Sultonning rashkini qo‘zg‘adi.
— Hazratimni muncha qattiq uxlatibsiz, endi uy-g‘otish nechun ilkingizdan kelmaydir?
Qutlug‘ Nigor xonim bolalar oldida qilingan bu kinoyadan ozorlanib:
— Qo‘ying, og‘a oyi. Bu begimda ayb yo‘q! — dedi.
Xonzoda begim oyisining yuziga ma’noli ko‘z tashlab: «Ayb bizning otamizdami?» demoqchi bo‘ldi. Podshoh ota qizi tenglik Qorako‘z begimning xobgohida, qonli urush hammani besaranjom qilib turgan shunday tahlikali tunda qotib uxlab yotishi unga behad xunuk tuyuldi. Hozir otasi kelsa, Xonzoda begim uning yuziga qaray olmasligini sezdi-yu, oyisidan iltimos qildi:
— Ruxsat bering, men ketay... Saharlikni boshqa qizlar bilan qilay...
— Hazrat otangiz so‘rasalar, biz ne deymiz? Xafa bo‘lmasinlar, tag‘in. Sabr qiling, qizim... Muncha oshiqmang...
Tashqari eshikdan ta’zim qilib kirgan choshnagir* ayol ovozini qo‘rquv bilan pasaytirib xabar berdi:
— Osmonda yulduzlar siyrak qoldi. Hademay tong yorishur. Hazrati oliy saharliksiz qolurlarmu?
Tong otib, azon aytilgandan so‘ng ro‘za o‘z kuchiga kiradi, hech kim hech narsa yeb-ichishi mumkin bo‘lmay qoladi. Uzun va issiq yoz kunida podshohni saharliksiz qoldirish begimlar uchun o‘zlari och-nahor qolishlaridan qo‘rqinchliroq edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:50:52

Barcha ko‘zlar ichki eshik oldida iymanib turgan Qorako‘z begimga tikildi. Mirzo uning xobgohida yotibdi, u yerga kirib hazratning shirin uyqusini buzishga boshqa hech kim botinolmaydi. Choshnagir ayol Qorako‘z begimga iltijo qildi:
— Iloho Rustamday o‘g‘il ko‘ring, begim!.. Bugun umidimiz sizdan!
Qorako‘z begim tashvishli yuz bilan sekin burildi-yu, ichki eshiklardan o‘tib, xobgohga qaytib bordi. Umarshayx mirzo boshi yostiqqa botib, qattiq uxlamoqda edi. Qorako‘z begim oltin shamdonni parda ortidan olib, naqshin tokchaga qo‘ydi. Sham yorug‘i Mirzoning yuziga tushdi. Ammo bu ham uni uyg‘otolmadi — Mirzo kechasi ma’jun* yegan edi.
Qorako‘z begim uni cho‘chitib yuborishdan qo‘rqib, mayin tovush bilan:
— Hazratim! — deb chaqirdi. Bu ham kor qilmadi. Qorako‘z begim gilam uzra cho‘kkalab, vahimadan xiyol titrayotgan nafis qo‘llarini hazratning mayin choyshab ustida yotgan zalvarli bilagiga qo‘ydi. To‘shakdan gul hidi kelmoqda edi — kecha oqshom choyshablarga gul atri sepilgan edi. Qorako‘z begim Mirzoning uyg‘onmayotganidan ajablanib, unga tikilib qaradi. Lablari yarim ochiq, oqish yuzi osoyishta. Shu yotishda u qo‘rqinchli podshoh emas, hali qirq yoshga to‘lmagan va bahodirona uyquga cho‘mgan ko‘hlik bir yigit bo‘lib ko‘rindi. Bu yigit Qorako‘z begimga to‘satdan juda g‘animat tuyuldi. Hozir yurt notinch, Axsiga yov bostirib kelyapti. Mirzoni ajal kutayotganini oldindan sezgandek, Qorako‘z begimning yuragi yomon bir uvushdi. U to‘satdan egilib, Mirzoning yuzidan, ko‘zlaridan vidolashgan kabi o‘pa boshladi.

Qayd etilgan