Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404396 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 78 B


shoir  01 Dekabr 2007, 20:53:19

— Undoq demang, jonim! Biz ham endi jar labida qoldik! Butun atrofimiz tahlikali jar!
Qutlug‘ Nigor xonim erining kutilmagan o‘limida qandaydir sirli bir ma’no borligini hozir tiliga kelgan shu so‘zlardan sezdi. Umarshayx mirzodek jangovar odam qonli urushlarda qilich chopib yurganda o‘lmasdan, jardan qulab o‘lgani tasodifmikin? Mirzoning ota-bobolari barpo etib ketgan davlat mana shunday baland jarlar labiga qurilgan binolarga o‘xshamasmikin? Parcha-parcha bo‘lib ketgan va o‘zaro urushlarda yemirilayotgan ulkan davlat Qutlug‘ Nigor xonimning tasavvurida jarga qulab tushayotgan o‘sha binolarga o‘xshab ko‘rindi-yu, vujudini seskantirib yubordi. Axir uning yolg‘iz o‘g‘li, suyukli farzandi Bobur ham mana shu binolarning birida istiqomat qilmayaptimi? Otasini olib ketgan o‘pirilishlar Boburning boshiga ham tushmasmikin?!
— Yo‘q, yo‘q! Tangrim uni panohida asrasin! Men boray, begim, Andijonga chopar yuboray! Bobur mirzoni bu falokatlardan ogoh qilay!
Qutlug‘ Nigor xonim ko‘z yoshlarini artib, o‘z xonasiga chiqdi va eng ishongan amirlaridan Qosimbekni chaqirtirdi. Uni topib kelgunlaricha Andijon chorbog‘ida Bobur bilan birga turgan onasi Eson Davlat begimning nomiga maktub yozdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:53:35

Fotima Sulton begimning topshirig‘i bilan Andijonga yashirincha jo‘nagan Ahmad Tanbal bu orada Sirdaryo ko‘prigidan o‘tib, Bandi Solor yo‘li bilan ancha joyga borib qolgan edi. Ko‘zga tashlanmaslik uchun bittagina navkar ergashtirib ketayotgan Ahmad Tanbal kecha Andijondan oltmishta navkar bilan kelgan edi. Bugun Fotima Sulton unga katta va’dalar berdi. Agar Ahmad Tanbal Andijondagi sodiq beklarning boshini qovushtirib, Boburni chetlatsa-yu, taxtga Jahongir mirzoni o‘tqazsa, marra uniki. Ahmad tanbal Umarshayx mirzo saroyida ikkinchi darajali beklar qatorida shuncha yil ko‘ngli cho‘kib yurdi. Endi bas! Jahongir mirzo podshoh bo‘lsa, Ahmad Tanbal uning eng birinchi vaziriga aylanadi. Norasida podshohga vazir bo‘lish esa podshoh bo‘lish bilan barobar! Ana unda qayoqdagi musavvirdan Xonzoda begimning suratini so‘rab yurmaydi. U Xonzoda begimning o‘zini oladi! Mana shu orzu bilan Andijonga ot surib borayotgan Ahmad Tanbal orqaga o‘g‘rincha o‘girilib qarab qo‘ydi.
Bandi Solor yo‘lida boshqa hech kim ko‘rinmas edi. Oradan bir necha soatlar o‘tib, Ahmad Tanbal ko‘zga ko‘rinmay ketganidan keyin Axsidan Qosimbek qavchin to‘rtta navkari bilan ot choptirib chiqdi. U ham tezroq Andijonga yetib borishga intilar, Bobur mirzoning tarafdorlarini yig‘ib, uni taxtga o‘tqazish ishtiyoqi bilan yonar edi.

___________
* R i k o b d o r — uzangichi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:53:49

ANDIJON
GUL VA QUYUN

1


Choparlar hali yo‘lda. Urush to‘poloni Andijonga yetib kelganicha yo‘q. Shaharning shimolidagi ko‘rkam chorbog‘ baland devor bilan o‘ralgan, darvozalarga soq-chilar qo‘yilgan. Chorbog‘ ichida o‘n ikki yoshlik Bobur mirzo chavandozlik mashqlari o‘tkazmoqda. U chorbog‘ chetidagi yalanglikdan bo‘z otni choptirib chiqdi-yu, birdan jilovni qo‘yib yubordi. Kamonga chapdastlik bilan o‘q o‘rnatdi va chopib borayotgan ot ustidan nishonga otdi. Yoy o‘qi nishon yog‘ochiga «taq» etib urilgani baralla eshitildi.
Bir to‘p otliqlar mashqni chinor soyasida turib kuzatmoqda edilar. Qora otliq Mazidbek nishonga birinchi bo‘lib yaqinlashdi. U Boburning bek atkasi* edi. Bobur otini qaytarib kelayotganda, Mazidbek unga:
— Mo‘ljalni andak balandroq olibsiz, ammo zarbingiz behad yaxshi, — dedi.
Mazidbek sopiga sadaf qadalgan yoy o‘qini nishondan avaylab sug‘urib oldi-da, qanchalik chuqur botganini barmog‘i bilan o‘lchab ko‘rdi:
— Bilagingizda kuch ko‘p, amirzodam! Sherpanjasiz. Podshoh hazratlari sizni Bobur deb ataganlari bejiz emas. Bobur  arabcha sher demakdir!
Bobur mirzoning navkarlari, yaroqbardor, tengdosh-ko‘kaldosh* mulozimlari ham nishon atrofiga yig‘ildilar. Ular Boburning hali yosh o‘spirin ekanini, qo‘lidagi kamoni bo‘yi-bastiga mos qilib kichraytirib ishlanganini bilar edilar. Shuni o‘ylab, Bobur maqtovni o‘ziga olgisi kelmadi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:53:57

— Sherpanja deb otamni aytsinlar. Men ko‘rganmen, zarblari bundan o‘n hissa ortiq. Musht ursalar, eng zo‘r yigitni ham yiqiturlar.
— Kamina ham aytmoqchi edimki, amirzodamning sherpanjaliklari podshoh otangizga tortganligingizdan nishonadir!
Mazidbek gapni mohirlik bilan burganini sezib Bobur kulib qo‘ydi. Uning mayin sarg‘ish tukli peshonasida, yuqori labining ustida ter rezalari yiltirardi.
— Kun isidi, amirzodam. Yoz ramazoni tinkani quritur. Iftorgacha toliqib qolmasinlar. Endi borib, salqinda mutolaa qilsinlar. Kamina Andijon qo‘rg‘onini mudofaaga tayyorlash bilan band bo‘lurmen.
Bobur mulozimlari bilan mashq maydonidan chiqayotganida ko‘nglida yangi bir istak uyg‘onib, ko‘zlari sho‘x yiltiradi. U otini to‘xtatib, orqasiga o‘girildi va jiyron qashqa ot mingan navkarni yoniga chaqirdi. Navkar yondashganda, qo‘lini cho‘zib, otining egarini silkitib ko‘rdi. Egar mahkam urilgan edi. Bobur navkarga ellik qadamcha nariga borishni, otdan tushib, jilovidan sekin yetaklab ketaverishni buyurdi.
Mulozimlar orasida eng e’tiborlisi Boburning opasi bilan bir onani emib o‘sgan o‘n yetti yoshlik No‘yon Ko‘kaldosh edi. Mazidbek yo‘qligida Boburni ehtiyot qilish No‘yonga topshirilgan edi. No‘yon Boburning nima qilmoqchi ekanini fahmlab, bezovtalandi:
— Amirzodam, hozirgina bir mashqdan chiqdingiz. Boshqa mushkul mashqlarni ertaga qoldiring.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:54:20

— Xo‘p, mushkuli ertaga qolsin, hozir osonini ko‘raylik, — kulib dedi Bobur.
Navkar aytilgan joyga borib otdan tushdi va jiyron qashqasini sekin yetakladi. Bobur bo‘z otni choptirib borib, navkarga yetganda oyoqlarini uzangidan bo‘shatdi, qamchini tishiga oldi. Bo‘z ot jiyron qashqa bilan jips kelgan zahoti Bobur bo‘y cho‘zib, narigi otning egaridan ikki qo‘llab ushladi-yu, bor kuchi bilan egardan egarga sakradi.
Biroq navkarning oti sakrash zarbidan cho‘chib, hurkib ketdi. Boburning xipcha gavdasi bir lahza havoda muallaq bo‘lib qoldi, keyin pastga tushib ketdi. Oyoqlari yerga «tap» etib urildi. Ammo u qo‘llarini egardan bo‘shatmadi — bo‘shatsa yomon yiqilishini sezib, jon-jahdi bilan yopishdi. Bilaklari chindan ham kuchli ekan, shunday og‘irlikka bardosh berdi. Faqat navkar otini to‘xtatib olguncha Boburning oyoqlari yerni tirnab sudralib bordi-yu, bejirim ipak sallasi boshidan uchib ketdi.
No‘yon Ko‘kaldosh yordamga yetib kelganda Bobur o‘zini o‘nglab oyoqda turar, biroq rangi juda oqarib ketgan edi. No‘yon otdan sakrab tushdi va Boburga sallasini olib bermoqchi bo‘ldi. Ammo Bobur tuproqqa tushgan sallaga qaragisi ham kelmadi. Qamchi hamon tishida edi, uni qo‘liga oldi, navkar yetaklab kelgan bo‘z otga indamay mindi. So‘ng otiga qamchi bosib, chorbog‘ daraxtlari orasidan ot choptirib ketdi.
No‘yon uning ketidan vahima bilan tikilganicha qoldi. Hammayoq dov-daraxt, ariq. Otliqlar yuradigan katta yo‘l chorbog‘ning narigi chetidan o‘tadi. Bobur esa to‘g‘riga ketgan tor so‘qmoqdan, qalin daraxtlar orasidan yelday uchib boryapti! Ot ariqdan sakrab o‘tayotganda Boburning boshi ariq bo‘yida o‘sgan o‘rikning katta bir shoxiga uriladigan edi. Ammo u otning bo‘ynini quchoqlab, pastga shunday egildiki, o‘rik novdalari orqasini ishqalab o‘tdi. Pishgan o‘riklardan bir qanchasi uzilib, ariqdagi suvga «cho‘lp-cho‘lp» etib tushdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:54:50

— Sen nega otni mahkam tutmading, avbosh! — deb No‘yon navkarni so‘kdi. — Hammamiz amirzodaning qahriga qoldik! Bizdan xafa bo‘lib ketdilar!
Bobur bog‘ to‘ridagi muhtasham ko‘shk oldiga borib, otini to‘xtatdi. Xizmatkorlaridan biri shoshilib kelib otning jilovidan olar ekan, Boburning yolg‘iz va bosh yalang qaytganidan taajjubga tushdi. Ko‘shkda Boburning buvisi Eson Davlat begim uni kutib o‘tirgan bo‘lsa kerak. Agar hozir u Boburning qay ahvolda qaytganini ko‘rsa-yu, nimalar bo‘lganini bilsa, mulozimlar ham, navkarlar ham jazo olishi aniq. Chunki podshoh hazratlari Boburni ko‘z qorachig‘iday asrashni Eson Davlat begimga topshirib, chorbog‘ va qasrni hamma xizmatkorlari bilan uning ixtiyoriga berib qo‘ygan.
Mulozim va navkarlar qo‘rqa-pisa ko‘shkka yaqinlashayotganlarida marmar hovuzdan beridagi behi shoxiga qantarib qo‘yilgan bo‘z otga ko‘zlari tushdi. Bobur hovuz bo‘yidagi tillakori shiyponga kirganini sezishib, shu yerda sekin otdan tushdilar. No‘yon Ko‘kaldosh Boburning sallasini changdan tozalab, qo‘lida avaylab olib kelmoqda edi. Shu payt shiypon ichidan boshiga bo‘rk kiygan Bobur chiqdi. Oti hurkkan navkar o‘zini Boburning oyog‘i tagiga tashlab, uzr so‘rashga chog‘landi.
No‘yon Ko‘kaldosh sallani nodir sovg‘aga o‘xshatib avaylab ko‘tarib kelayotgani Boburga birdan juda kulgili tuyuldi. Undan qahrli dashnom kutib bosh egib turganlar to‘satdan kulgi tovushini eshitib, hayrat bilan bosh ko‘tardilar. Bobur bolalarcha zavq bilan gavdasini orqaga tashlab, xandon urib kular edi. No‘yon Ko‘kaldosh ham qo‘lidagi sallaga endi boshqacha ko‘z bilan qaradi va kulib yubordi. Boshqalar ham yelkalaridan tog‘ qulab tushganday yayrab kular va jilmayar edi. Bobur kulgidan to‘xtab, oti hurkkan navkarga yuzlandi:
— Sizda ayb yo‘q edi...

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:54:56

Navkar undan katta bir in’om olganday astoydil minnatdor bo‘lib ta’zim qildi. Bobur No‘yonga tayinladi:
— Katta onam bilmasinlar.
— Muddaomiz o‘zi shu, amirzodam, — kuldi No‘yon va boshqa mulozimlarga sirdoshlarcha ko‘z qisib qo‘ydi.
Shunday paytda ko‘kaldosh va tengdoshlar o‘zlarini taxt vorisiga xizmat qilib yurgan yosh mulozimlar deb emas, uning sirlariga sherik bo‘lgan yaqin do‘stlar deb bilishar va bundan ko‘ngillari o‘sib, Boburga mehrlari oshar edi.
Ko‘shkdan chiqib kelgan savdar Bobur qarshisida qo‘l qovushtirib, ichkarida mudarris uni kutib o‘tirganini aytdi. Bobur bugun shariat ilmidan dars olishi kerakligini esladi va tengdoshlaridan istar-istamas ajralib, ko‘shkka yo‘naldi.
Eshiklari nafis o‘ymakorliklar bilan bezangan, ichidagi oltin-kumush buyumlar ko‘zni qamashtiradigan ko‘shkda hozir Boburni faqat bitta xona o‘ziga tortar edi. Mudarrisning kutib o‘tirganiga qaramay, Bobur yaxshi ko‘rgan kitoblari qo‘yilgan shu xonaga burildi. Baxmal va charm muqovalar ichidan sahifalarga bitilgan satrlarda ulug‘ shoirlarning otash nafaslari sezilib turganday bo‘ladi. Bobur Firdavsiydan, Sa’diydan minglab baytlarni yod biladi. Hozir u kitoblari orasidan «Xamsa»ni olar ekan, uzoq Hirotda yashayotgan Alisher Navoiyni xayol ko‘zi bilan ko‘rib turganday bo‘ldi. Hirotda ta’lim olib kelgan andijonlik me’mor mulla Fazliddin mana shu ko‘shk va marmar hovuzli tillakori shiyponni qurgan paytlarida yosh Boburga Navoiy haqida juda ko‘p ajo-yib hikoyalar aytib bergan edi. Me’mor Hirotdan Alisher Navoiyning Behzod chizgan rasmidan yaxshi bir nusxa ko‘chirtirib kelgan edi. Bobur ham Navoiyga ixlosmand ekanini sezgan me’mor unga mana shu rasmni in’om qilgan edi. Bobur «Farhod va Shirin» dostoni qatidan shu rasmni oldi-yu, shariat ilmiga oid daftarining ichiga soldi. So‘ng mudarris o‘tirgan xonaga chiqdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:55:05

Oppoq soqoli ko‘kragini qoplab yotgan, katta oq salla o‘ragan qoshlari o‘siq keksa mudarris darsxona to‘rida, banoras ko‘rpacha ustida o‘ltirib, qur’ondan qiroat bilan suralar o‘qigach, fors tilida fiqh* ilmining qonunlarini tushuntirishga kirishdi. Bobur arab-fors tillarini yaxshi o‘rgangan, qur’on suralarining ko‘pini yod bilar, ma’nosini ham tushunar edi, fiqh ilmining ba’zi nuqtalariga qiziqar ham edi-yu, ammo hozir shu daqiqalarda uning ko‘z oldidan Suhrob va Farhodlarning qahramonona ishlari suron solib o‘tmoqda edi. Chorbog‘dagi mashqlar paytida tanasiga sig‘may avjlanib ketgan sho‘x, bebosh bir kuch hali ham qalbini junbishga keltirib turibdi.
Unga yod bo‘lib qolgan sevimli baytlar goh turkiy, goh forsiy ohanglarda mudarris qiroatini yorib o‘tib, xayolida jaranglab eshitila boshladi:

«Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin?»
«Zi mardoni jahon mardi biyomuz!*»

Yod bo‘lib qolgan bu satrlar xayolidan o‘tayotganda, Bobur daftari orasiga solingan suratni mudarrisga ko‘rsatmaslikka urinib sekin oldi. Ko‘zlaridan ilhom va mehr yog‘ilayotgan Navoiy uzun qora chakmon kiygan, ingichka hassaga suyangan. Uning butun qiyofasi yaxshilik istab kelgan har bir kishiga katta yaxshiliklar qila olishidan dalolat beradi. Bobur suratga qarab turib o‘zicha so‘radi: «Ulug‘ amir, nasib qilsa, huzuringizga borsam, yo‘limda Axramanu ajdaho uchrasa, Farhodingizday hammasini yengib o‘tsam. O‘shanda siz menga... she’riyat tilsimini ochg‘uvchi kalit berurmisiz?»
Mudarris qiroat bilan uqtirayotgan darslari behuda ketayotganini birdan sezib qoldi, sekin o‘rnidan turdi-da, Boburning yoniga keldi. Bobur suratni yashirishga ulgurolmadi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:55:13

— Odam surati? — shiddat bilan so‘radi mudarris. — Siz qur’oni sharifdan saboq eshitish o‘rniga, shariat qat’iyan man etgan suratkashlik bilan mashg‘ulmisiz.
— Mudarris janoblari, bu suratni men chizgan emasmen. Buni menga Hirotdin keltirmishlar. Bu ulug‘ zot — Amir Alisher.
Mudarris Navoiyni shoir deb eshitgan, asarlarini hali o‘qimagan edi.
— Odam suratini tarqatmoq — shaytonu lainning ishi! Qani bu suratni menga bering, mirzom! Bering!
Mudarrisning qahrli vajohati suratni yirtib tashlashdan ham toymasligini ko‘rsatar edi. Shuning uchun Bobur suratni bermay turib oldi. Mudarrisning g‘azabi keldi-yu, ammo taxt vorisiga qattiq gapirishdan qo‘rqdi. Boburdan xafa bo‘lib, Eson Davlat begimga shikoyat qilgani ketdi.
Ellik besh yoshlardagi salobatli kampir sidirg‘a oq atlas ko‘ylagini shitirlatib darsxonaga kirib kelayotganda Bobur darhol o‘rnidan turib, buvisiga salom berdi. Eson Davlat begim suratni qo‘liga oldi va Navoiy tasviriga beixtiyor qiziqib:
— Yuzlarida farishtalari bor zot ekanlar, — deb qo‘ydi. So‘ng harir dakanasining bir cheti bilan yuzini mudarrisdan to‘sib, unga yarim o‘girilgan holda dedi:— Mudarris ja-noblari, bu surat Hirotda shariat peshvolarining ruxsatlari bilan chizilgan-ku.
— Meni ma’zur tuting, hazrat xonim, — dedi eshik oldida qovoq solib yerga qarab tur-gan mudarris,— ammo Hirotda shariat qonunlari buzilmishdir. Shialar ta’sirida chizilgan bu surat bizning pok sunniy mazhabimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Men taxt vo-risini ogoh qilmoqchimanki, bizga Muhammad alayhissalom vasiyat qilgan chin musulmonlik alhol Xurosonda emas, Movarounnahrdadir!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:55:21

Eson Davlat begim mudarris bilan mazhablar to‘g‘risida bahslashib o‘tirishni istamadi. Boburga yuzlanib:
— Mudarris janoblari bir jihatdan haqlar, — dedi, — fiqh darsida surat tomoshasi o‘rinsiz, azizim. Tangri inoyat qilsa, siz hukmdor bo‘lib yurt so‘ragaysiz. Shuning uchun fiqh qonunlarini boshidan-oxirigacha bilib oling. Suratni men olib ketay.
Bobur suratni buvisidan bir nafasga so‘rab oldi-yu, avaylab kitob orasiga solib berdi.
— Ehtiyot qilingiz, sizga orzuyimni topshirdim,— dedi.
Eson Davlat begim nevarasining so‘zlarini yoqtirib dedi:
— Balki Alisherbekni Andijonga taklif qilursiz.
— Kelurmikanlar? — ko‘zlari yonib so‘radi Bobur.
— Samarqandga kelganlar-ku, Farg‘ona vodiysining ta’rifi olamga mashhur. Iloj topsalar, albatta kelurlar. Alisherbek nihoyatda pok, avliyotabiat odam, deb eshitganmiz. O‘zlari kelsalar, mudarris janoblariga ham manzur bo‘lishlari shubhasiz!
Mudarrisning endi sal chehrasi ochildi. Qaddini tiklab:
— Shoyad shunday bo‘lsa! — deb qo‘ydi.
Eson Davlat begim ularni ustalik bilan yarashtirganidan mamnun bo‘lib darsxonadan chiqdi.

_______________
* B e k  a t k a — hali balog‘atga yetmagan mirzolarga homiylik qilish uchun podshoh tomonidan tayin etiladigan mas’ul bek.
* K o‘ k a l d o sh — bir onani emgan bolalar.
* F i q h — musulmon qonunshunosligi.
* «Mardlikni jahon mardlaridan o‘rgan».

Qayd etilgan