Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404067 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 78 B


shoir  01 Dekabr 2007, 20:55:34

2

Kun qiyomiga kelib, peshin namozi o‘qilgandan keyin ko‘shkning ich-tashi jimjit bo‘lib qoldi. Ro‘zaning azobi endi bilina boshlagan, yoz kunida chanqab holsizlangan odamlar kunni qanday kech qilishni bilmay betoqat bo‘lishar edi. Koshona egalari salqin xonalarda jimgina yotib, uyqu bilan jon saqlashni odat qilganlar.
Bobur ham bugungi saboqlarini tugatib, o‘z xonasida yonboshlab yotibdi. Biroq boyagi shirin orzular hamon xayolini to‘lqinlantirib, ko‘ziga uyqu qo‘ndirmaydi. U qog‘oz-qalam olib, she’r yozmoqchi bo‘ldi. Lekin hozir uning xayoliga yod bo‘lib qolgan mashhur baytlardan boshqa she’r kelmas edi. Shunda u ikkinchi bir daftarni oldi-yu, Farg‘ona vodiysi haqida bilganlarini oddiy nasr tariqasida yoza boshladi: «Girdo-girdi tog‘lar, ovi qushi ko‘p. Oq kiyikni Axsi cho‘lida ko‘rganbiz. Marg‘ilon yovug‘ida ham bor». Bobur Farg‘ona vodiysida nimaiki go‘zallik ko‘rgan bo‘lsa, hammasini yozgisi kelar edi. Keyin Hirotga Amir Alisherning huzuriga borganda bu yozuvlari juda kerak bo‘ladiganga o‘xshardi.
U yozuvga berilib ketib, ko‘shk oldigacha chopib kelgan otning dupurini eshitmadi. Birdan jimjit ko‘shkning allaqaysi xonasida ayol kishining o‘rtanib yig‘lagani eshitildi. Bobur cho‘chib boshini ko‘tardi. Yig‘i tovushi Eson Davlat begimning xonalari tomondan kelmoqda edi. Bobur o‘rnidan sakrab turdi, takror eshitilgan alamli yig‘idan eti junjikib, buvisining xonasiga qarab yugurdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:55:43

Eshik lang ochiq. Eson Davlat begimning ro‘moli boshidan tushib ketgan. U qizi Qutlug‘ Nigor xonim yuborgan xatni ochib o‘qimoqchi bo‘ladi, ammo yoshli ko‘zlari hech narsani ko‘rmaydi.
Axsidan o‘lim xabarini olib kelgan Qosimbek devorga yelkasi bilan majolsiz suyanib, oyoqlarida zo‘rg‘a turibdi. U sakson chaqirimlik yo‘lni otda dam olmay bosib o‘tgan va kipriklarigacha changga botgan edi.
Hozirgina gulday nafis tuyg‘ular ichida yurgan Boburga o‘lim xabari shu gul orasidan chiqqan ilon bo‘lib tuyuldi. U Qosimbekdan seskanganday rangi o‘chib, birdan orqaga tisarildi. Qosimbek esa unga intildi. Bobur qarshisida tiz cho‘kib, bo‘g‘iq va iltimoskorona ovoz bilan gapira boshladi:
— Mirzom!.. Tangri sizga quvvat bersin! Endi bizning pushti-panohimiz o‘zingizsiz! Ikki tarafimizni yog‘iy bosgan. Volidangiz tayinlab yubordilar. Darhol Andijon qo‘rg‘oniga borib, beklarni to‘plamoq kerak!
Eson Davlat begim qayg‘uga berilib, yig‘lab o‘tiradigan payt emasligini endi sezdi. Qosimbekni oyoqqa turg‘izdi-da:
— Sadoqatingizdan minnatdormiz, — dedi. — Siz Bobur mirzo bilan birga otlaning! Biz ham endi chorbog‘dan qo‘rg‘onga ko‘chamiz.
Mudhish xabar Boburni jimjit qilib qo‘ydi. U karaxt bir ahvolda kiyindi, otiga mindi. Shu payt uning ko‘ziga yashnab turgan daraxtlar, suvi to‘la marmar hovuz allanechuk mung‘ayib turganday ko‘rindi. Bularning hammasini otasi bino qilgan edi. Endi u odam bu joylarga hech qachon kelmaydi. Ana u nashvatilarning ko‘chatini Umarshayx mirzoning o‘zi o‘tqazdirgan edi. Hozir shular meva solgan, hademay pishadi. Ammo ularni ektirgan odam endi hech vaqt bu mevalardan tatib ko‘rolmaydi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:55:56

Chorbog‘dan chiqib, tosh yo‘ldan borayotganlarida Bobur yana otasini esladi. Bu yo‘lga otasi to‘shatgan toshlar ham turibdi. Uzoqda ko‘ringan baland qo‘rg‘onni ham otasi qurdirgan edi. Hammasi butun, hammasi bor. Faqat uning o‘zi yo‘q. Bobur endi otasini umrbod  ko‘rolmasligini  butun  vujudi  bilan his qildi-yu, achchiq judolik tuyg‘usi birdan uning borlig‘ini to‘ldirib, ko‘zlaridan yoqasiga yosh bo‘lib tomdi.
Oldinda suv to‘ldirilgan choh va o‘n bir paxsalik baland devor bilan o‘ralgan Andijon qo‘rg‘oni ko‘rindi. Ular Mirzo darvozasiga yaqinlashganlarida ichkaridan besh-olti kishi ot choptirib chiqdi. Oldinda saman ot minib kelayotgan qisiq ko‘zli mo‘g‘ultaxlit bek — Bo-burning onasiga qarindoshchiligi bo‘lgan Sherim tog‘oyi edi. U Boburning yuzida og‘ir musibat alomatini ko‘rdi-yu, otdan sakrab tushdi, ko‘ziga yosh kelmasa ham ho‘ngrab:
— Men ishonmagan edim, amirzodam! — dedi. — Pushti-panohimizdan ayrilganimiz rostmi? Oh, bevafo dunyo!
— Kimdan eshitdingiz? — so‘radi Qosimbek. — Bu xabar hozircha sir tutilmog‘i kerak edi!
Sherimbek yoqasini ushlab:
— Tangrining qudratini qarangki, — dedi, — bir aloqachi kabutarim osmonda uchib yurib birdan yo‘q bo‘lib qoldi. «Kim uni tushirib oldi?» — deb tom ustiga chiqdim. Anchadan keyin kabutar oldimga kelib qo‘ndi. Qanotining tagida bir qog‘oz ko‘rindi. Olib qarasam — mana shu qayg‘uli xabar! Kim yozgan? Osmonda farishtalar yozib yubordimi, bilmadim!
Sherimbek Boburning egariga bir qo‘lini qo‘yib, yuzini unga yaqinlashtirdi-da, past tovush bilan.
— Mirzom, qo‘rg‘onga kirmangiz, xatarli, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:56:10

Bu so‘zlarni Qosimbek ham eshitdi. Umarshayx mirzo tirikligida durustroq lavozim ololmay ko‘ngli cho‘kib yurgan Sherimbek endi Bobur mirzoga boshqalardan oldinroq mehru oqibat ko‘rsatib, uning ishonchini qozonmoqchi va kattaroq martabaga erishmoqchi edi. Qosimbek buni sezib Boburga osoyishta gapirdi:
— Amirzodam, ortiqcha tahlikaga o‘rin yo‘q. Tezroq qo‘rg‘onga kirib, sodiq beklarni to‘playlik.
Sherimbek ot ustidagi Qosimbek bilan yerda turib so‘zlashishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Shoshib otiga mindi-da, shiddat bilan dedi:
— Siz hali ahvolni bilmaysiz, janob Qosimbek! Sodiq beklaringiz Xo‘jandni yog‘iyga topshirdi! Isfarani topshirdi! Marg‘ilonni topshirdi!
— Marg‘ilonni?! — seskanib so‘radi Bobur. — Qachon?
— Hozir xabar keldi! ?g‘iy mo‘ri malaxday yopirilib Quvaga yaqinlashdi! Endi navbat Andijonga. Sodiq beklar Andijonga qo‘shib Mirzomni ham yog‘iyga bersinlarmi? Yo‘q! Men tirik bo‘lsam, bunga yo‘l qo‘ymaymen!
Og‘ir musibat ustiga qo‘shilgan bu shum xabarlar Boburni juda esankiratib qo‘ydi. O‘zi kuni bilan ro‘za tutib, darmoni ketib borar, nihoyatda qattiq chanqaganligidan tili tanglayiga yopishib qolgandek tuyular edi. Uning tashna ko‘zlari qo‘rg‘on devori tagidagi xan-daqqa to‘ldirilgan qoramtir suvga tushdi. Turib qolgan shu qora suv ham unga allanechuk jozibali ko‘rindi. U quruqlashgan lablarini namsiz tili bilan yalab qo‘ydi.
Sherimbek dadil borib, Bobur mingan bo‘z otning oltin bezakli yuganidan oldi:
— Men sodiq tog‘oyingizmen, Mirzom, ijozat bering, sizni bu xatarlardan uzoqqa olib ketay!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:56:25

Bobur Sherimbek aytayotgan xatarlarni hozir uncha o‘ylamas va aniq his qilmas edi. Ammo uning qayg‘udan ezilgan ko‘ngli ham, tashnalikdan qiynalayotgan tani ham ko‘z oldidagi bekik va dim qo‘rg‘ondan ko‘ra, uzoqdagi daraxtzorlarni, keng, ochiq joylarni afzal ko‘rardi. Shuning uchun Sherimbek uning otini orqaga burayotganda Bobur qarshilik qilmadi. Qosimbek sarosima bo‘lib:
— Mirzom, volidangizning tayinlaganlari boshqa edi!— dedi.
— Volidalari bu yerdagi ahvolni bilmaganlar! — deb Boburning o‘rniga Sherimbek javob qildi. Ammo Qosimbek uning gapiga quloq solmay Boburga yondashdi:
— Xonim hazratlari bugun dafn marosimini o‘tkazib ertaga Andijonga kelurlar. Ulug‘ onangiz ham chorbog‘dan qo‘rg‘onga ko‘chmoqchi edilar. Ular sizni qayerdan topurlar?
Bobur endi sal xayolini yig‘ib, Sherimbekdan so‘radi:
— Qayoqqa bormoqchimiz?
Sherimbek Qosimbekka eshittirmaslikka tirishib, Boburning qulog‘iga shivirladi:
— Olatog‘ tomonlarga. O‘shga. Balki O‘zganga. Bobur buni Qosimbekdan sir tutishni istamay, sekin unga aytdi:
— O‘sh yo‘lida bo‘lurmiz. Onamga xabar bering.
— Men avval qo‘rg‘ondagi beklar bilan so‘zlashay, amirzodam! Ularning kayfiyatini bilay!
— Undan ko‘ra, Xo‘ja Abdullaga uchrang.
— Bu amringizni darhol bajo keltirurmen!
Qosimbek otini qo‘rg‘on darvozasi tomonga burdi. Bobur esa yonidagi ellikka yaqin otliq bilan qo‘rg‘ondan uzoqlashib keta boshladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:56:38

3

Qo‘rg‘on ichidan darvozaxonaning tomiga chiqib olgan yapasqi bir navkar devor kungurasi orasidan ularni kuzatib turgan edi. Qosimbek Mirzo darvozasidan shitob bilan kirayotganda bu navkar ham tomdan sekin tushdi-yu, devor oldiga bog‘lab qo‘yilgan otni minib, xo‘jayini Ahmad Tanbal kutib turgan joyga qarab ketdi.
Mevalari g‘arq pishgan katta bog‘ning to‘rida marmar gumbazlik hammom bor edi. Bog‘ egasi Yoqubbek yozning issiq kunlarida shu hammomning mehmonxonaga o‘xshatib bezatilgan salqin bir xonasida dam olar edi. Asl gilamlar to‘shalgan bu xonaning to‘rida hozir Ahmad Tanbal o‘tiribdi. U kumush bilan bezatilgan qimiz kadidan jiyda gulli piyolaga qimiz quyib, sipqordi. So‘ng sarg‘ish mo‘ylovini kafti bilan artar ekan:
— Tangrim meni kechirsin, bugun ro‘zani buzdim,— dedi. — Yo‘lda tashnalikdan tilim tanglayimga yopishib qoldi. Hushimdan ketib otdan yiqiladigan holatga keldim.
— Bugun sizga ravo, — dedi Yoqubbek. — Zarurast— ma’zurast. Mushkul ishga bel bog‘labsiz. Agar kushoyishi koringizni berib, taxt Jahongir mirzog‘a o‘tsa, siz uning eng ishongan rahnamosi bo‘lursiz.
Ahmad Tanbal bu nurli istiqbolni ko‘z oldiga keltirib, bir entikdi. Oldingi tishlaridan ikkitasi tushib ketgan semiz Yoqubbek unga sinovchan nazar bilan qarab turardi. Yoqubbekning nigohida «Mening bu xatarli ishga nechun bosh qo‘shayotganimni unutmasmikansen?» degan ma’no bor edi. Ahmad Tanbal sergaklandi:
— Bek janoblari, siz bilan biz asli mo‘g‘ul* urug‘idanmiz. Barloslarning Farg‘ona viloyatida shuncha vaqt hukm surganlari yetar. Endi navbat bizniki. Men sizni mo‘g‘ul beklarining eng ulug‘i deb bilurmen. Tangri omad berib, agar men taxt vorisiga rahnamo bo‘lsam, o‘shanda ham menga siz rahnamolik qilg‘aysiz!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:56:51

— Inshoollo! — deb Yoqubbek mamnun yuz bilan kalta soqolini silab qo‘ydi. — Qani, Ahmadbek, chan-qoq bosilgandan so‘ng ochlik bilinadir. Yaxna go‘shtdin totining.
Ahmad Tanbal chinni lagandagi go‘shtga endi qo‘l uzatganda eshik sekin ochildi. Ahmad Tanbal laganni bir chetga surib, eshikka qadalib qaradi. Boyagi yapasqi navkar xo‘jayinining tinchini buzgani uchun uzr so‘raganday bo‘sag‘adan narida turib, ta’zim qildi:
— Bek janoblari, sevinchi bering! — dedi. — Bobur mirzo qo‘rg‘onga kirmay qaytib ketdilar.
— Ayni muddao!
Ahmad Tanbal uchun bu chindan ham quvonchli xabar edi. Charm hamyonidan bitta oltin tanga olib, bo‘sag‘a oldiga tashladi. Yapasqi navkar tangani shosha-pisha olib, ikki bukilib rahmat aytdi. So‘ng Ahmad Tanbalning ishorasi bilan eshikni sekin yopib, orqaga chekindi.
Axsidan Andijonga kelib to‘g‘ri Yoqubbeknikiga tushgan Ahmad Tanbal podshohning o‘limi haqidagi xabarni eng avval Sherim tog‘oyiga yetkazdirgan edi. Uning hovliqma fe’lini qo‘zg‘atib, o‘zi panada qolish uchun imzosiz xatni kabutar yordamida osmondan tushirtirgan edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:57:29

— Maslahatingiz bilan tuzilgan reja sharofatli chiqdi!— dedi Ahmad Tanbal uy egasiga mamnun ko‘z tashlab.
— Ha, Sherimbek endi jiyanini xavf-xatardan yaxshilab «xalos qilur». Uning eng nufuzli bekiga aylanish uchun Olatog‘dan ham oshur.
— Endi biz Boburning xatardan qo‘rqib qochganini xaloyiqning qulog‘iga yetkazmog‘imiz kerak. Bobur shunday paytda ota yurti Andijonni tashlab ketganini xalq bilsin, undan ixlosi qaytsin. Ana undan so‘ng Jahongir mirzoning taxtga o‘tirishiga hech bir monelik qolmas.
Yoqubbek soqolini tutamiga olib, bir lahza o‘ylanib turdi-yu:
— Ovoza tarqatishning eng afzal joyi bozor, — dedi.— Mening savdogar mijozlarim bor.
— Ammo ovoza bizdan chiqqanini hech kim bilmasligi zarur!
— Xotirjam bo‘lsinlar, janob Ahmadbek. Sir saqlashga qodirmiz...

_______________
* Bu yerda gap o‘zbeklashgan mo‘g‘ullar haqida boradi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:58:28

* * *

Andijon aholisi dushman qo‘shinlari yaqinlashib kelayotganini eshitib, shu kunlarda juda xavfsirab yurar edi. Shuning ustiga: «Podshoh jardan yiqilib o‘lganmish, shaharni bugun yog‘iy bosar emish, Bobur mirzo qo‘rqib qochganmish», degan ovoza tarqaldi. Andijon rastalaridagi va timning tagidagi do‘konlar savdo eng qizib turgan paytda birin-ketin yopila boshladi. Haligi ovozaning qayerdan chiqqanini hech kim aniq bilmas edi-yu, lekin xaloyiq unga bir-biridan vahimali tafsilotlar qo‘shar edi. Nihoyat, «Axsini ham yog‘iy bosganmish, yog‘iy podshoni jardan tashlab o‘ldirganmish», degan gaplar ham paydo bo‘ldi. Xaloyiq orasida yuradigan xufiyalar dahshatli mishmishlarni shahar hokimi — dorug‘aga yetkazish uchun arkka tomon shoshildilar.
Bu orada Qosimbek Bobur mirzoning ustozi Xo‘ja Abdullani uyidan qidirib topgan, ular ikkovlashib arkdagi beklar oldiga chiqishgan edi. Xo‘ja Abdulla ham, beklar ham podshohning o‘limidan mutlaqo bexabar edilar. Bu xabarni Qosimbekdan eshitganlaridan keyin, urush xatari ko‘zlariga yanada tahlikali ko‘rindi, yomon o‘zgarishlar bo‘lishini sezishib, sarosima bo‘lib qolishdi. Shuning ustiga bozorda dallol bo‘lib yuradigan ishonch-li bir xufiya kelib, xunuk ovozalardan hammayoq to‘polon bo‘lib ketganini aytib berdi-yu, Uzun Hasan nomli novcha dorug‘a esankirab qoldi.
— Bizdan omad ketdi, janoblar! — dedi yig‘lamsirab.— Tashqarida g‘anim. Ichkarida to‘polon. Bobur mirzo qo‘rg‘onga kirmay ketganlari bejiz emas!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:58:40

— Biz ham jon saqlash uchun har qayonga tarqab qochsakmikin? — kinoya bilan so‘radi Xo‘ja Abdulla.
O‘zi ham, soqol-mo‘ylovi ham qop-qora Xo‘ja Abdulla katta olim bo‘lishidan tashqari, Andijon beklarining eng nufuzli piri hisoblanar edi. Bobur mirzo ham uni o‘ziga murshid sanab qo‘l bergan edi. Shuning uchun Uzun Hasan Xo‘ja Abdullaning kinoyasiga qarshi keskin javob bera olmadi.
— Pirim, Bobur mirzo uzoqlashmasdan qaytarish zarur! — dedi Qosimbek.
— Bobur mirzoning ko‘ngillari menga ayon, — dedi Xo‘ja Abdulla. — U oliy zot qo‘rqib qochgan emaslar. Beklarning sadoqatini bilmoq uchun shunday qilganlar. Bozordagi ovoza — fitnaning belgisi. Agar fitna bo‘lmasa, podshohning qazo qilganini bizdan oldin bo-zordagilar qanday bilmishlar?
Uzun Hasan o‘zining aqli yetmagan bu mantiqli fikr-ga tan berdi. Boburning ko‘nglida nima borligini Xo‘ja Abdulla shu yerda turib bilganiga qoyil bo‘ldi. Xo‘ja Abdulla uning ko‘ziga chinakam avliyo bo‘lib ko‘rindi:
— Pirimga hammasi ayon bo‘lgan ekan! — dedi u chuqur e’tiqod bilan. — Endi pirim nima desalar biz shunga shaymiz!
— Menga ayon bo‘lgani shuki, — dedi Xo‘ja Abdulla ovozini pasaytirib, — agar bir tan-bir jon bo‘lib, Bobur mirzoga xizmat qilsak, hammamiz omon qolurmiz, hech qaysimizning bir mo‘yimiz kam bo‘lmag‘ay!

Qayd etilgan