Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404397 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 21:07:55

Qizilqumda ko‘p yurib, uning pastu balandini biladigan, Ko‘li Malik* degan joyda otliq jang uchun eng qulay o‘rinlarni egallab yotgan Ubaydulla Sultonning qo‘shini yana to‘lg‘ama usulini ishlatib, Bobur qo‘shinining ikki qanotini bukdi-yu, orqasiga o‘tib oldi. To‘rt tomondan berilayotgan zarbalar ustiga besh ming xoinning birdan yov tomoniga o‘tib ketishi jang taqdirini bir necha soatdayoq hal qilib qo‘ydi.
Bobur Qizilqumda mag‘lubiyatga uchrab, qolgan-qutgan askarlari bilan Samarqandga, undan Hisorga chekinib borganda qarshisidan Shoh Ismoil yuborgan Najmi Soniy oltmish ming qizilbosh askari bilan tahdidli suratda chiqib keldi.
Og‘izda Najmi Soniy Boburga yordamga kelgan edi.
Biroq aslida u Boburga jazo bermoqchi edi. U qizilbosh qo‘shinlarining Samarqanddan tez qaytarib yuborilganidan norozi edi. Bobur Movarounnahrda mustaqil davlat tuzayotganini, uning shialarga yon bosishi — muvaqqat choraligini xufiyalar Shoh Ismoilga allaqachon yetkazgan edilar. Shoh Ismoil Movarounnahrga oid hamma ishlarni Najmi Soniyga ishonib topshirgan edi. Najmi Soniy shayboniyzodalarni bartaraf qilgandan keyin Boburni ham hokimiyatdan chetlatishi va Samarqand taxtiga boshqa ishonchli odamni o‘tqazib, Movarounnahrda qizilboshlar hokimiyatini uzil-kesil barqaror qilishi kerak edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:08:13

Bu reja qattiq sir tutilar, Bobur bilan ittifoq hozircha davom etar, ammo kalondimog‘ Najmi Soniy Boburni ham, uning o‘n mingtagina qolgan askarlarini ham nazar-pisand qilmasligi oshkora sezilar edi.
Boburni ikki tomondan chirmab kelgan ikki dahshatli qilich G‘ijduvonda bir-biriga zarb bilan urildi. Najmi Soniydan ixlosi qaytgan Bobur shayboniyzodalarning qo‘li baland kelayotganini sezdi-yu, qonli qilichlar orasidan chiqib, yana Hisor tomonga chekindi.
Bosqinchi qo‘shin sarkardasi Najmi Soniy G‘ijduvon jangida o‘ldirildi. Qizilboshlar tor-mor bo‘ldi, oltmish ming qo‘shinning bir qismi o‘ldi, bir qismi asir olindi, omon qolib qochganlarini esa g‘oliblar Amudaryogacha quvib bordilar va daryoga cho‘ktirib yubordilar.

________________
* K o‘ l i  M a l i k — hozir qurib qolgan. Buxoro oblastining Xayrobod degan joyida.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:09:26

7

Bundan bir yarim yil avval Xonzoda begim yolg‘iz o‘g‘ilchasi bilan Balxdan Qunduzga kelayotganda uning yuragini titratgan noma’lum xavf-xatarlar go‘yo mana shu og‘ir chekinish paytini kutib yotgan ekan.
Tun yarmidan oshgan edi. Boysun orqali Hisorning Qoratog‘iga chekinib kelgan Bobur yetti ming askar va ug‘rug‘i* bilan sayhon bir o‘tloqda tunamoqda edi. Xonzoda begim o‘g‘li va kanizi bilan uxlab yotgan o‘tov Boburning chodiriga yonma-yon edi.
Saharga yaqin birdan to‘polon ko‘tarildi. Xonzoda begim otlarning tasir-tusir qilib chopishi va itlarning asabiy hurishidan cho‘chib uyg‘ondi. G‘azabli tovushlar:
— Ur! Ur!
— Rofiziylarni ayamay qir! — deb qichqirar edi.
Xonzoda begim sapchib turdi. O‘tov to‘rida xira qorachiroq lipillab yonmoqda edi. Begim qattiq uxlab yotgan o‘g‘li Xurramshohni quchoqlab oyoqqa turg‘izdi.
— Yog‘iy bosdi! Yog‘iy! — deb, o‘g‘liga etigini kiydirib, to‘nining yengiga qo‘llarini tiqayotganda o‘tovning kigiziga allanarsa «tars» etib urildi. Yoy o‘qining charxlangan uchi kigizni kesib o‘tdi, lekin qanoti kigiz juniga o‘ralib turib qoldi. Qo‘rqib ketgan Xonzoda begim o‘g‘lini bag‘riga bosdi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:10:42

Bu yil o‘n birga qadam qo‘ygan Xurramshohning bo‘yi onasining yelkasidan oshib qolgan edi. U uchi pastga osilib qolgan yoy o‘qiga qiziqib qarab turardi.
Tashqaridan Boburning sarosimali tovushi eshitildi:
— To‘fangandozlar qani? Xo‘ja Kalonbek! To‘fang otilsin! Qosimbek! Tohirbek! Haramga qarang! Bolalar tezroq olib chiqilsin! To‘fang!
O‘sha zamonning chaqmoqli miltig‘i bo‘lgan to‘fang yaqin bir joyda gumburlab otildi. Bobur qizilboshlar bilan ittifoq bo‘lib orttirgan bir narsasi — o‘sha davrning eng zamonaviy quroli bo‘lgan mana shu to‘fanglar edi. Hali juda kam tarqalgan to‘fanglar faqat Boburning xos navkarlarida bor edi.
Bir nechta to‘fangning ustma-ust otilgani eshitildi. Xonzoda  begim  endi  sal dadillanib, o‘g‘lining to‘ni ustidan bejirim xanjarchasi osilgan kamarini ham bog‘latdi.
Xurramshoh o‘tovning bir chetiga o‘ntacha yoy o‘qi solingan kichkina soqdog‘ini osib qo‘ygan edi. Onasining qo‘lidan chiqib shu soqdog‘ini yelkasiga osdi-da, kamonini qo‘liga oldi.
Onasini vahimaga solgan jang bolada qo‘rquv aralash maroq uyg‘otgan edi.  U kichikligidan  jangovar ruh bilan o‘sgan, tezroq katta bo‘lib, urushda botirliklar ko‘rsatgisi kelar edi. Samarqandda turgan paytlarida Xurramshoh Bobur tog‘asining Buxoro tomonda qilgan janglariga qatnashmoqchi bo‘lib, onasining oldidan qochib ham ketgan edi. Lekin Bobur uni bek atkasiga qo‘shib yo‘ldan qaytarib yuborgan edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:11:23

Xonzoda begimning Boburga qo‘ygan mehri o‘g‘liga ham yuqqan edi. Bolaga dars beradigan va harbiy mashq o‘rgatadigan kishilar hammasi Boburning ixlosmandlari edilar. Xurramshoh onasidan va murabbiylaridan Bobur haqida juda ko‘p yaxshi gaplar eshitar, o‘zi ham tog‘asini har ko‘rganda unga bolalarcha jo‘shqin bir mehr va ishonch bilan qarar edi. U tog‘asini og‘ir ahvollarga solayotgan shayboniyzodalarni — garchi o‘zining Shayboniyxonga o‘g‘il bo‘lishini bilsa ham — kun sayin yomon ko‘rib borar edi. Uning tasavvurida, hozir Bobur qarorgohiga hujum qilib kelgan, «Ur, qir!» deb qichqirayotganlar ham o‘sha ko‘chmanchi sultonlar edi. Xurramshoh soqdog‘ida bor o‘qlarini tog‘asining mana shu dushmanla¬riga qarab otgisi keldi-yu, o‘tov eshigini ochib chiqa boshladi.
— Hoy, shahzoda, to‘xtang!
Xonzoda begimning keksa kanizi yugurib borib bolani kamaridan tutdi-da, ichkariga tortdi. Bola qarshilik qilib kirmadi. Uni uzoqda bo‘lgan janglarga yubormagan edilar. Endi jang o‘zi Xurramshoh yotgan joyga yetib kelganda yana qo‘yishmaydimi?
— Qo‘yvoring meni! Hazrat tog‘oyimga ko‘mak beramen! Qo‘yvoring!
Bu orada Boburning xos navkarlari to‘fang ota-ota, yov otliqlarini ayollar va bolalar yotgan o‘tovlardan uzoq¬qa surib tashlagan edilar. Tohir Xonzoda begimning o‘tovi oldiga ikkita ot yetaklab keldi:
— Hazrat begim! Shahzoda! Tezroq chiqinglar!
Xonzoda begim sandiq va bo‘g‘chalariga qaradi.
— Ko‘ch-ko‘ronlar qolurmi?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:12:23

— E, jon omon bo‘lsa, buyum topilur! Chiqing tezroq! Hazratim buyurdilar!
Xonzoda begim kanizi bilan chiqquncha Xurramshoh otlarning kichikroq ko‘ringan bittasiga minib oldi.
Osmonda shom yegan sakkiz kunlik oy bor edi. Shuning yorug‘ida oq o‘tovdan besh yashar Humoyunni bag‘riga bosib chiqqan Mohim begim ko‘rindi. Ot ustida turgan Qosimbek tez engashib bolani onasining qo‘lidan avaylab oldi-da, yelkalarini chakmani bilan o‘radi.
Begimning yonida o‘n yashar o‘g‘ilchasi Safarni qo‘lidan yetaklab kelayotgan Robiya ham bor edi. Tohir o‘g‘li bilan xotinini tez bir biyaga mingashtirdi.
Qosimbek boshliq ellik-oltmishta xos navkarlarga ayollar va bolalar mingan otlarni o‘rtaga olib, janub tomonga yo‘naldilar.
Uch tomonni yov halqasi o‘rab olgan, faqat janub tomon ochiqroq edi. To‘fang gumburlashi, yarador bo‘lganlarning dodlashi, otlarning pishqirishi va kishnashi orasidan kimlarningdir asabiy baqiriqlari eshitilardi:
— Hammamiz shu podshoning kasofatiga qoldik!
— Shialarga sotilib bizni xarob qildi!
— Yo‘qolsin Bobur!
— Urug‘ini qurit! Qir hammasini!
Xonzoda begim hech narsaga tushunolmay yonida borayotgan Qosimbekdan so‘radi:
— Bu qanaqa yog‘iy?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:13:26

— O‘zimizdan o‘t chiqdi, begim! Burnog‘i yil Qunduzda shayboniyzodalardan bizga qochib o‘tgan mo‘g‘ul beklari isyon ko‘tardi! Quzg‘unlar hazratimni uyquda tutib o‘ldirmoqchi ekanlar. Xayriyat, Tohirbekning qo‘rchilari payqab qolibdi!
— Falokat ustiga falokat!
— Ha, bular bizdan ikki barobar ko‘p. Hammasi oldindan tayyorlanib chiqqan! O‘rtada yuringlar, o‘rtada!
Shu payt isyonchi otliqlar janub tomonga ham chopib o‘tdilar. O‘sha tomondan Boburning ovozi eshitildi:
— Ustod Ali! To‘fangandozlarni oldinga boshlang! Oldinga!
To‘fanglardan otilgan o‘qlar jiba va dubulg‘alarni bemalol teshib o‘tar, shuning uchun fitnachilar to‘fang qarshisida turish berolmas edi. Bobur to‘fanglar va eng ishongan xos navkarlari yordamida yov halqasini janub tomondan yorib o‘tmoqchi, so‘ng Bobotog‘ning shar-qidagi Hisor qal’asiga yetib olmoqchi edi. Biroq fitnachi beklar uni qal’aga o‘tkazmoqchi emas edilar— ular bu mustahkam qo‘rg‘onni o‘zlari egallash maqsadida isyon ko‘targan edilar.
Uch-to‘rt marta o‘q otilgandan keyin to‘fanglarning quvurlari qizib ketib, ish bermay qo‘ydi. Yov saflari sharq tomonda sal siyraklashganini ko‘rgan Bobur Xo‘ja Kalonbek boshliq mingtacha navkarini o‘sha tomonga tashladi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:15:07

Xos navkarlar qurshovida borayotgan Xurramshoh goho qilichlarning bir-biriga shaq-shuq urilganini eshitib qolardi. Bu tungi jang unga juda qo‘rqinchli tuyulsa ham u vahimani yengishga tirishardi. Tog‘asiga shunday paytda suiqasd qilgan xoinlarning hech bo‘lmasa bittasini soqdog‘idagi o‘qlari bilan otib yiqitgisi kelar edi.
Yov qurshovini yorib o‘tayotganlarida bolalar va ayollarni o‘rab borayotgan navkarlar ham jangga tushishga majbur bo‘ldilar. Shunda Xurramshoh ularning yoniga kirdi-yu, otining jilovini qo‘yib yuborib, kamonidan ustma-ust uchta o‘q otdi. Xonzoda begim tungi to‘polonda uni bir lahza ko‘zdan yo‘qotib qo‘ydi. Keyin bolaning navkarlar yonida o‘q otayotganini ko‘rib, otini unga tomon choptirdi. U o‘g‘liga yetib borgan ham ediki, qarshidan otilgan bir daydi o‘q bolaning o‘ng biqiniga «shart» etib sanchildi. Xurramshoh ingrab, kamonini qo‘lidan tushirib yubordi va egardan og‘ib tusha boshladi.
— Voy, bolam! — deb Xonzoda begim qichqirib o‘g‘liga tomon intildi.
Tohir ham shu yaqin joyda edi, otidan sirg‘alib tushayotgan Xurramshohni ushlab qoldi, so‘ng uni egari ustiga ko‘tarib o‘tqazdi.
Bola behush edi. Tohir bilan Xonzoda begim uni Boburning ovozi kelayotgan tomonga olib chopdilar. Bu tomonda yov qolmagan, Xo‘ja Kalonbekning navkarlari podshoh uchun yo‘l ochib, uning ketidan haram ahlini ham olib o‘ta boshlagan, orqadan ta’qib etishga uringan dushmanlarning esa yo‘lini to‘sgan edilar.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:16:45

Bobur Hisor qo‘rg‘onidan voz kechib, Vaxsh vodiysi tomonga yo‘l olganini sezgan fitnachilar uni boshqa ta’qib etmay, orqaga qaytdilar va shohona chodirlar ichida egasiz qolgan boyliklarni talashga tushdilar.
Tong yorishib qolgan edi. Bobur yarador jiyanini qo‘liga olar ekan, uning biqinidan issiq qon oqayotganini sezdi.
— Tabibni chaqiring! — qichqirdi u. — Tabib!
Podshohning xos tabibi bolani chakman ustiga yotqizib, yarasiga dori qo‘yib bog‘ladi. Xurramshoh hamon hushiga kelmas, faqat o‘qtin-o‘qtin ingrar edi.
Uning biqiniga sanchilgan o‘q o‘pka va qorin oralig‘idagi pardani yirtib, ichki a’zolariga yomon zarar yetkazgan edi. Tabib unga mumiyoyi asildan suv bilan ichirmoqchi bo‘ldi. Biroq behush bolaning tomog‘idan suv ham, dori ham o‘tmadi. Xonzoda begim buni ko‘rdi-yu, bolasini quchoqlab, qichqira boshladi:
— Xurramjon! Yolg‘izim! Xurramim!
Bolaning ko‘zlari ola-kula  bo‘lib bir ochildi, ke-yin qorachiqlari tepasiga qarab ketdi-yu, kipriklari yarim yumuq holda to‘xtab qoldi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:17:38

Bobur bolaning jon berganini sezdi-da, opasini quchoqlab, jasadning tepasidan olib ketmoqchi bo‘ldi. Lekin Xonzoda begim uning qo‘lidan yulqinib chiqdi. O‘g‘lining o‘lganiga ishongisi kelmas edi. U bolasini quchoqlab dast ko‘tardi-yu, dod solib, yana uni chaqira boshladi:
— Xurram! Xurramjon, qanisan? Qanisan, bolam! Bolam qani?!
Bobur ho‘ngrab yig‘lar ekan, bolani opasining qo‘lidan oldi-da, yana chakman ustiga yotqizdi. Qosimbek bolaning yarim ochiq qolgan ko‘zlarini yummoqchi bo‘lib, qoshlarini siladi, kipriklarini yotqizishga urinib ko‘rdi. Lekin kipriklar yotmadi, murg‘ak ko‘zlar yarim ochiqligicha qoldi. Xonzoda begim o‘g‘lining o‘lganiga endi ishondi-yu, o‘zining chakkalariga musht urib yig‘ladi:
— Seni bu yerlarga olib kelmay onang o‘lsin, bolam! Seni asrab qololmagan onaginang o‘lsin!!!
Bobur opasining musht bo‘lib tugilgan qo‘llarini ikki qo‘liga oldi-da, yuzini yuziga qaratdi.
— Qarg‘ash kerak bo‘lsa meni qarg‘ang! — dedi. — Siz yana mening kasofatimga qoldingiz! Ajalda adolat bo‘lsa bu begunoh boladan avval men gunohkorni olsin edi! Buni ikki qilich orasiga men olib kirdim! Sizlarni dinu mazhab balosiga men giriftor qildim!

Qayd etilgan