Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404495 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 78 B


shoir  01 Dekabr 2007, 20:59:01

Xo‘ja Abdullaning komil ishonch bilan aytgan bu so‘zlari Uzun Hasanni bir oz tahlikaga soldi. Agar ish Xo‘ja Abdulla aytganday bo‘lib chiqsa-yu, Bobur mirzo podshoh bo‘lsa... unda Uzun Hasanning bugungi ikkilanishlari qanday oqibatga olib keladi? Uning raqiblari bu ikkilanishlarni bo‘lajak podshohga aytib, dorug‘alik amalini tortib olishlari mumkin emasmi? Yo‘q, Uzun Hasan bunga yo‘l qo‘ymasligi kerak:
— Pirim, menga fotiha bering, Bobur mirzoning huzurlariga men o‘zim boray. Beklarning nomidan sadoqat izhor qilib, qo‘rg‘onga taklif etay!
— Niyatingiz tahsinga sazovor, janob Hasanbek. Ammo siz dorug‘asiz. Siz avval shahardagi g‘uluni bartaraf qiling, fitnaning uyasini toping, ana unda Bobur mirzoning inoyatlariga sazovor bo‘lg‘aysiz.
— Yana karomat qildingiz, pirim! Biz zudlik bilan bu ishga kirishurmiz!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:59:12

* * *

Yoz oftobi yeru ko‘kni shunday qizdirmoqdaki, ot tuyoqlaridan ko‘tarilgan chang yuzga alanga tillaridek tegadi. Havo dim. «G‘ir» etgan shamol yo‘q. Tuprog‘i bilqillab yotgan tor ko‘chadan o‘tayotganlarida Boburni ter bosdi. U benihoya chanqaganligidan og‘zi taxir bo‘lib ketgan edi. Kecha shu paytlarda Andijonsoy bo‘yida salqinlab yotgani esiga tushdi. Bundan bir necha soat oldingi hayoti, chorbog‘ning musaffo havosi, zilol suvli hovuz, salqin ko‘shk, betashvish damlar — hammasi birdan uzoq o‘tmishga aylangan edi. Nazarida, shiddatli bir quyun uni o‘sha mas’ud hayotdan yulib olib, allaqayoqlarga chirpirak qilib uchirib ketayotibdi. Ot tuyoqlaridan ko‘tarilgan chang unga mana shu quyunning changidek tuyuladi. Uni otasidan judo qilgan, pushti-panohidan ayirib, xavf-xatarlar komiga tortgan mash’um bir kuch go‘yo mana shu quyunning kuchi edi. Uni qo‘riqlab borayotgan ellik chog‘li otliqlar ham Boburga mana shu quyun ichida yurganday xira ko‘rinardi. Ro‘za tutib kuni bo‘yi tuz totmaganligidan uning boshi aylanmoqda edi. Atrofidagi otliqlar to‘g‘ri yurib borayotgan bo‘lsalar ham, Boburning nazarida ularning hammasini o‘sha quyun chirmab aylantirayotganday bo‘lardi.
O‘zgan yo‘li bilan borib Namozgohga yetganlarida uzoqda qorli tog‘lar ko‘rindi. Bobur tog‘ salqinini ko‘zi bilan his qilganday bo‘ldi va o‘sha yerga tezroq yetib borgisi kelib, otining biqiniga niqtadi. Qaqroq lablarini qiyinlik bilan ochib Sherimbekka:
— Tezroq! — dedi.
Sherimbek esa orqaga o‘girilib qarab:
— Chopar bor! — dedi. — To‘xtaylik.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:59:20

Andijon beklari yuborgan chopar Xo‘ja Abdullaning qo‘li bilan yozilgan maktubni Boburga topshirdi. Bobur o‘ram qilib yuborilgan maktubning ipak bog‘ichini uzib, yonida turgan No‘yon Ko‘kaldoshga berdi:
— O‘qing.
Maktubda Andijon beklarining Boburga sadoqat bildirganlari aytilgan edi. So‘z orasida yomon ovozalar tarqalayotgani, noma’lum fitnachilar «Bobur mirzo qo‘rqib qochdi», degan tuhmatni tarqatib, bunga elni ishontirmoqchi bo‘layotgani aytilgan edi.
— Men sizni ana o‘sha fitnachilardan ehtiyot qilgan edim, amirzodam! — dedi Sherimbek Boburga. — Hozir vaziyat yomon. Qo‘rg‘on — ig‘voning uyasi. Qo‘rg‘onga qaytmang, amirzodam! Sodiq beklar bo‘lsa ketingizdan kelsinlar!
«Ota yurtini tashlab qo‘rqib qochdi» — bu ovoza og‘izdan-og‘izga o‘tib shaharma-shahar, qishloqma-qishloq tarqab ketishi mumkin!
— Yo‘q! — dedi Bobur otini orqaga burib. — Men qochmoqchi emasmen!
— Amirzodam, bu hammasi ig‘vo!
— Men buning ig‘voligini isbot qilurmen! Qayting hammangiz. Qo‘rg‘onga qayting!
Bobur orqaga burgan otining yuganini bo‘shatdi-yu, sag‘risiga qamchi urdi. Ot chopib borayotganda ko‘kragiga shamol tegib, o‘zini bir oz yengil sezdi. Boyagi dahshatli quyun endi undan orqada — izma-iz yelib kelayotgan navkar va savdarlar orasida qolib ketganday bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 20:59:41

Ular oftob ufqqa yaqinlashgan paytda Andijon qo‘rg‘oniga kirib keldilar. Kechqurun gavjum bo‘ladigan ko‘chalar hozir allanechuk jimjit. Do‘konlar yopiq. Hammayoq huvillagan. Butun shahar xavf-xatardan qo‘rqib, biqinib turganga o‘xshardi.
Sherimbek oldinda borayotgan Boburni ehtiyot qilmoqchi bo‘lib, navkarlariga «qurshab boring» ishorasini qildi. O‘zi esa Boburning old tomoniga o‘ta boshladi. Atrofini otliqlar o‘rab ola boshlaganda Bobur yana quyunning ichiga tushib qolganday bo‘g‘ildi. Ko‘z o‘ngida yana otlar, odamlar chirpirak bo‘lib aylanishga tushdi. Bobur yutoqib oldinga intildi, otini qamchilab, navkarlar qurshovini yorib chiqqanda yuziga shabada tegib, xiyol yengillashdi. Sherimbek yana oldinga intilib, Boburga yondashmoqchi bo‘lganda No‘yon Ko‘kaldosh uning jilovidan mahkam ushladi:
— Bek janoblari, qo‘ying, amirzodam oldinda borsinlar. Fuqaro taxt vorisini ko‘rsin, ko‘ngli taskin topsin. Ana, tuynuklardan mo‘ralab turgan odamlar ig‘vogarlarning gapi yolg‘onligiga amin bo‘lsinlar!
— Fitnachilar biror teshikdan amirzodamni o‘qlasalar-chi?
— Niyatni yaxshi qiling!
Bobur boshliq otliqlar arkka yaqinlashganlarida ulkan darvozaning har ikki tavaqasi lang ochildi. Xo‘ja Abdulla va bir to‘da beklar, mulozimlar Boburga peshvoz chiqdilar. Bobur otdan tushib ustozi bilan ko‘rishar ekan, birdan ko‘ngli yumshab, ko‘zlariga yosh quyilib keldi. Xo‘ja Abdulla rangi o‘chgan, lablari titrayotgan Boburni bag‘riga bosib, tasalli bergisi keldi, ammo beklar va navkarlar oldida taxt vorisini quchoqlash odobsizlik sanalishini o‘ylab, o‘zini tutdi. U ham ko‘ziga yosh olib:
— Kulfatda qoldik, amirzodam, musibatda qoldik!— dedi. — Endi bizning pushti-panohimiz o‘zingizsiz!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 21:00:05

Mazidbek a’yonlar davrasidan bir-ikki qadam oldinga chiqdi. O‘zining Boburga bek atka ekanini bildirib qo‘ygisi kelib, Xo‘ja Abdullaning gapini og‘zidan oldi:
— Amirzodam, hamma beklar sizga sodiq xizmat qilishga tayyordurlar!
Bobur to‘planib turgan beklarga ko‘z tashlagan edi, ular hammasi Mazidbekning gapini tasdiqlab, qo‘llari ko‘kraklarida, ta’zim ado qilishdi. Bobur tovushi titrab:
— Minnatdormen, — dedi.
U yana otlanib ark darvozasidan kirayotganda orqadan Yoqubbek ham yetib kelib, beklar davrasiga qo‘shildi. U Bobur qaytganini eshitgan zahoti har qanday shubhadan xoli bo‘lish uchun darhol otlanib, sadoqat izhor qilishga shoshilgan edi. Xo‘ja Abdulla o‘ngda, Mazidbek chapda yurib Boburni ark to‘ridagi qishlik qasrga boshlab keldilar.
Ilgari poytaxt Andijondaligida taxt mana shu qasrga o‘rnatilgan edi. Keyin poytaxt Axsiga ko‘chirilgach, ustunlari o‘ymakorliklar bilan bezatilgan marmar zinapoyali bu qasr avvalgi hashamatidan mahrum bo‘lib, ko‘rimsizlashib qolgan edi. Bugun Bobur kelishidan oldin Xo‘ja Abdullaning farmoyishi bilan qasrning zinapoyalariga yana poyandoz to‘shaldi. Ilgari taxt qo‘yilgan shahnishinga turkman gilamlari va kimxob ko‘rpachalar solinib, maxsus joy hozirlandi.
Bobur binafsharang poyandozga qadam qo‘yganda quruqshab ketgan tomog‘ini ho‘llamoqchi bo‘lib yutindi. Ammo og‘zida nam yo‘qligidan tomog‘ini allanarsa qirib o‘tganday bo‘ldi. Bo‘lajak podshohga xizmat qilish uchun to‘plangan beklarning hech qaysisi Boburga hozir bir qultumgina suv kerakligini sezmas edi. Birda-yarim sezganlari ham shuncha odamning oldida yosh podshohning ro‘zasini ochirish musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi, deb bunday ishni qilishdan qo‘rqishar edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 21:00:12

Hamma o‘ltirgach, Xo‘ja Abdulla qur’on o‘qib, Axsida bugun dafn etilgan Umarshayx mirzoning arvohiga bag‘ishladi. Bir necha kishi:
— Iloho joylari jannatdan bo‘lsin! — deb qo‘ydi. Yana bir necha kishi Boburga yuzlanib ko‘ngil so‘radi.
— Muhtaram beklar, davlatxohlar! — deb gap boshladi Xo‘ja Abdulla. — Urush tashvishi bo‘lmaganda biz avval motam marosimini o‘tkazgan bo‘lur edik. Eshitishimizcha, Axsida hazrati oliyni hurmatlariga yarasha ma’raka o‘tkazib qabrga qo‘yganlar. Andijonga yog‘iy yaqin kelib qolgan shu og‘ir kunda bizning avvalin mashvaratimiz davlatni yangi podshohga topshirmoq xususida bo‘lgani ma’qul.
Mazidbekdan nariroqda semiz Yoqubbek o‘tirgan edi. U Xo‘ja Abdullaning so‘zlarini hammadan oldin ilib ketdi:
— Dono tadbirni o‘rtaga soldingiz, pirim. Bandangizning fikricha, Zahiriddin Muhammad Bobur mirzoni qonuniy podshoh atab, muborak nomlarini xutbaga qo‘shib o‘qitmoq kerak!
Bobur «yalt» etib Yoqubbekka qaradi. Uning ovozidagi mayinlik, yuzidagi hayajon, hatto old tishlari tushib ketgan og‘zining kemshikligi Boburga allanechuk yoqimli tuyuldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 21:00:24

Yoqubbekning eng nufuzli va qaysar mo‘g‘ul beklaridan ekanligini hamma bilardi. Faqat uning bundan bir necha soat oldin Boburga qarshi fitna uyushtirib yurgani o‘tirganlar uchun sir edi. Endi Yoqubbek mana shu sirni yaxshiroq bekitish uchun Boburga hammadan ortiq sadoqat bildirmoqda edi. Uning shu sir ochilib qolishidan iztirobga tushib, dardli va hayajonli ko‘zlar bilan Boburga qarashi, undan najot kutganday bo‘lib hayajonlanishi o‘zi qiynalib o‘tirgan Boburga g‘alati ta’sir qildi. Yoqubbek birinchi bo‘lib Boburni podshoh deb atagani yosh o‘spirinning o‘rtanib turgan qalbiga go‘yo sarin bir shabada bo‘lib tegdi. Qachondir bir vaqt taxtga chiqish va shu yurgan hamma beklarga bosh bo‘lib, g‘olibona janglar qilish Boburning eng kuchli orzularidan edi. Yoqubbekdan keyin gapirgan beklar ham birin-ketin Boburni podshoh deb tan olar ekanlar, uning mana shu orzusi bulut orasidan chiqqan to‘lin oyday charaqlab yuzaga chiqdi-yu, ko‘nglini birdan yorishtirib yubordi. Boshiga tushgan musibat ham, ichini kuydirayotgan tashnalik ham xayolidan uzoqlashdi.
Shu payt eshikdan shahar dorug‘asi Uzun Hasan ta’zim qilib kirdi.
— Amirzodam! — dedi u entikib. — Qulingizni avf eting, sizni kutib ololmadim. Men Andijonda nomunosib gaplar tarqatgan fitnachilarni ovlash bilan band edim. Alhol bir fitnachi arbobni tutib keltirdim.
Bobur beixtiyor oldinga intilib:
— Qaysi arbob? — dedi. — Kim u? Keltiring!
— Bajonidil, amirzodam! — deb Uzun Hasan shoshilib orqasiga qaytdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 21:00:42

Hamma ko‘zlar ochiq eshikka qadaldi. Yoqubbekning rangi «quv» o‘chdi. Nahotki Ahmad Tan-bal qo‘lga tushgan bo‘lsa? Unda sir ochiladi. Yoqubbek sarosima ko‘zlar bilan darchani qidirib topdi. Darcha u o‘tirgan joydan ancha uzoq. Darchadan narida arkning o‘n paxsalik baland devori bor. Yo‘q, bu yerdan qochib qutulib bo‘lmaydi! Yoqubbekni titroq bosdi...
Shu payt eshikdan narida yo‘g‘on bir ovoz:
— Qo‘limni yeching, men gunohkor emasmen! — degani eshitildi. Tovushidan Ahmad Tanbalga o‘xshamaydi.
Oq shohi yaktak kiygan yo‘g‘on gavdalik bo‘ydor kishini ikki navkar ikki tomonidan mahkam tutib olib kirdi.
— E, bu — Darvesh gov-ku! — dedi Yoqubbek birdan yengil tortib.
Andijon miroblarining boshlig‘i bo‘lgan bu odam gardani juda go‘shtdor bo‘lganligi uchun ho‘kizga o‘xshab bo‘ynini bir oz oldinga egib yurar, shuning uchun or-qavoratdan uni «gov», deb atashar edi. Andijon Qo‘rg‘oniga to‘qqiz ariq suv kirsa ham, bog‘-rog‘larning ko‘pligidan yoz oylarida suv yetishmaydi, amaldorlar oddiy fuqaroning navbatini ham olishga intilishardi. Shunday paytlarda Darvesh gov ko‘pincha fuqaroning tomonini olar, beklarga navbati kelmaguncha suv bermas edi. «Bek bo‘lsang, o‘zingga, xudoning oldida hamma bandasi barobar!» — deb tap tortmay gapirganini ko‘p odam eshitgan. Shu sababli beklar Darvesh govni yomon ko‘rishar, ayniqsa dorug‘a Uzun Hasan ko‘pdan beri unga kek saqlab yurardi.

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 21:00:50

Qo‘li bog‘log‘liq Darvesh gov Boburga va undan beriroqda o‘tirgan Xo‘ja Abdullaga bosh egib,  ta’zim qildi-yu:
— Adolat qiling, amirzodam! — dedi. — Men fitnachi emasmen, ustod! Bozorda bir yapasqi navkar menga aytdi. «Podshoh Axsida mast bo‘lib jardan yiqilib o‘libdir. Bobur mirzo yog‘iydan qo‘rqib Olatog‘ tomonga qochibdir», dedi.
Boburning g‘ashi kelib:
— Bo‘hton bu! — dedi.
— Bo‘htonligini men keyin bildim, amirzodam, meni avf qiling! — deb Darvesh gov bir-ikki qadam beriga kelib, qo‘li orqasiga bog‘langan holicha tiz cho‘kdi: — Tuhmatligiga bu yerda muborak yuzingizni ko‘rib amin bo‘ldim. Ammo bozorda xaloyiq vahimaga tushib to‘s-to‘polon bo‘lib qochganda o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Bir odamni to‘xtatib: «Shundoq gaplarni eshitdim, nahotki rost bo‘lsa?» deb so‘rayotganimda dorug‘a janoblarining xufiyalari gapimni eshitib turgan ekanlar...
— Yo‘q, sen gap so‘rash bahonasi bilan bu qabih ovozani tarqatib yurganingda qo‘lga tushding! — dedi Uzun Hasan.
— Kalomulloni bering, qasam ichamen!
— Kalomulloni ham xor qilmoqchi bu qasamxo‘r! — dedi Yoqubbek Boburga yuzlanib: — Amirzodam, agar bu mardak sadoqatli qulingiz bo‘lganda yomon ovoza tarqatgan o‘sha navkarni qo‘lidan tutib dorug‘aga topshirmasmidi? Vaholanki, bu o‘zi o‘sha ovozani boshqalarga aytgan, ya’ni ig‘vo tarqatgan. Buni hozir o‘z tilidan ham eshitdik!

Qayd etilgan


shoir  01 Dekabr 2007, 21:01:24

Darvesh gov hangu mang bo‘lib:
— Yo alhazar! — dedi.
Yoqubbek Boburga boyagidek muloyim ko‘z tashlab, kemshik og‘zini sodiq bir tabassum bilan ochdi:
— Amirzodam, sizning rahmatlik otangiz Darvesh govni miroblarga sardor qilib qo‘ygan edilar. Otangizning inoyati bilan shunday martabaga erishgan bu gov endi hazrati oliyni muqaddas ramazon oyida mast bo‘lib yiqilgan desa-ya! Bu qanday noinsoflik!
Boburning yosh qalbi bu mash’um ig‘voga qarshi g‘azab tuyg‘usiga to‘lib bormoqda edi. «Aldash uchun bola yaxshi!» o‘ylandi Yoqubbek umid bilan. Ig‘vo tarqatgan bu odam o‘zining aybini jon-dili bilan Darvesh govga ag‘darib, Boburni bunga ishontirishga butun kuchini sarflamoqda edi. Bu ishda Yoqubbek yolg‘iz emas edi, beklarning ko‘pchiligi Darvesh govni aybdor deb bilmoqda edilar.
— Ig‘vo tarqatganini o‘zi bo‘yniga oldi! — dedi Yoqubbek.
— Tilidan tutilmishdir, jazosini berish darkor!— deb Ali Do‘stbek nomli badqovoq ko‘sa bir kishi Yoqubbekning tarafini oldi.
O‘ychan o‘tirgan Qosimbek boya Sherimbek tog‘oyining imzosiz xat keltirgan kabutar haqidagi gapini esladi-yu:
— Balki yana taftish o‘tkazish lozimdir? — dedi.
Unga Mazidbek e’tiroz qildi:
— Ortiqcha taftishlarga fursat qani? Yog‘iy Mar-g‘ilonni olib, Andijonga bostirib kelur. Qonli urush paytida elni vahimaga tushirgan, podshohning martabasiga raxna solmoqchi bo‘lgan ig‘vogarlarga rahm qilinmaydir!

Qayd etilgan