Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404058 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 21:38:10

Mavlono Fazliddinni to‘lqinlantirgan zavq va quvonch Xonzoda begimga ham o‘tdi. Uning tovushida shodlik jarangi eshitildi:
— Rostdan, bu loyihalar menga qo‘shilib juda ko‘p balolarni boshdan kechirdi. Men qancha joyga borgan bo‘lsam, bular ham bisotlarimu javohirlarim orasida men bilan sargardon bo‘lib yurdi. Faqat oxirgi marta Qunduzdan Samarqandga jo‘naganimizda tog‘laru daryo¬lardan ko‘p yuk olib o‘tib bo‘lmadi. Sandiq¬larimdan bir qismi Qunduz qo‘rg‘onida qoldi. Shularning ichida bu loyiha ham qolgan ekan. Samarqandga borib ko‘p achindim. Yoz kelsa Qunduzga odam yuborib olib keltirmoqchi edim... Keyin haligi falokatlar bo‘ldi... Qunduzga qolgani yaxshi bo‘lgan ekan. Boshqa sandiqlarimning hammasi Hisorda fitnachi mo‘g‘ullarning ilkida qoldi... Mavlono, qarang-chi, hamma varaqlari joyidami?
Shunday deb, Xonzoda begim yuzidan harir pardasini boshi ustiga ko‘tarib qo‘ydi-yu, loyihalarga tikilib qaradi.
— Hammasi joyida! — dedi mavlono Fazliddin uning yuziga minnatdorona ko‘z tash-lab. — Samarqandda faqir sizning huzuringizga kirishga jur’at etolmagan edim.
— O‘zim sizni chorlamoqchi bo‘ldim. Ammo loyihalar Qunduzda qolganligi uchun andesha qildim...
Mavlono Fazliddin Andijonda Xonzoda begimning suratini ham chizganini, hozir loyihalar orasida o‘sha surat yo‘qligini begimga eslatgisi kelib:
— Balki... Suratlar yo‘qolib ketgandur? — dedi.
Xonzoda begimning yuziga nafis qizillik yugurdi:
— Hali ham musavvirlik qilmoqdamisiz, mavlono?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:38:24

— Hazrat begim, ko‘p yil mashq qilinmasa qo‘l musavvirlikdan chiqib qolar ekan... Hozir faqat me’morlik bilan mashg‘ulmen.
— Andijonda chizgan suratlaringizni men alohida saqlamoqdamen, — deb Xonzoda begim mavlononing o‘g‘liga iymanib ko‘z tashladi.
Bo‘y yetib qolgan bu yigit oldida o‘zlarining yoshlik muhabbatlarini eslatuvchi suratni Xonzoda begim ataylab olib chiqmaganini mavlono Fazliddin endi sezdi.
— Lutfan siz haqsiz, hazrat begim... O‘sha suratlar endi umrbod sizniki bo‘lg‘ay!
Buni juda istab turgan Xonzoda begim:
— Saxovatingizdan toabad minnatdormen! — dedi.
Mavlono Fazliddin qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, odob bilan bosh egdi. So‘ng gapni yana ochiq turgan eski lo¬yihalari ustiga burdi:
— Men endi bularni Hirotda o‘rgangan yangiliklarim bilan to‘ldirgaymen. Ana undan so‘ng bemalol amalga oshirsam bo‘lur... faqat... bu madrasayu qasrlar qaerga qurulmog‘i mumkin? Andijon... uzoqda qoldi. Kobulgami?
Xonzoda begim ma’yus bosh chayqadi:
— Kobul — biz orzu qilgandek qudratli davlat emas, mavlono. «Ulug‘ me’morlik obidalari qurmoq uchun ulkan davlatning qudratiga suyanmoq kerak» deganlar haq ekanlar. Nachora?..

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:38:39

Mavlono Fazliddin oldida ochiq turgan tarhlarga g‘amgin ko‘z tikib:
— Ha, taqdir bizni notavon qilib yaratmishdir, — dedi. Ovozi keksalarnikidek g‘ijirlab eshitilganini o‘zi ham sezdi-yu, qo‘shib qo‘ydi: — Men endi qarib qoldim. Qirg‘inlar, to‘polonlar, fatoratlar bilan umrim o‘tdi. Lekin nahotki bu hammasi uzluksiz davom etaversa? Axir bir men emas, o‘nlab zakovatli olimlar, hunarpeshalar, shoirlar jaholat dovuli bilan Movarounnahru Xurosondan quvilmishlar. Ilgari qora kuchlar bizni Andijondan quvsalar, Samarqanddan panoh topar edik. Samarqand johillari kun bermasalar Hirotdan najot izlar edik. Endi Andijonu Samarqand ham, Buxoroyu Hirot ham — barchasi ko‘chmanchi sultonlaru diniy adovatlar dovulidan zir titramoqda. Dovul uchirgan xazonday vatanidan quvilgan qancha ma’rifatlik olimu san’atkorlar, qancha nodir iste’dodlar behuda hayf bo‘lib ketmoq¬dalar. Bizning vatandan ayrilishimiz — daryoning o‘zanini yo‘qotib, dashtu biyobonga toshib chiqib ketishiga o‘xshaydir. Amudaryo bir vaqtlar shu kuyga tushgan ekanu to o‘ziga yangi yo‘l solib, boshqa bir dengizga borib qo‘yilguncha u yoqdan-bu yoqqa bosh urib, toshib yurgan ekan. Biz ham umr bo‘yi u yoqdan-bu yoqqa bosh urib munosib o‘zanimizni topolmaymiz. Endi bu kajraftor falak hech bo‘lmasa farzandlarimizga rahm qilsin! Biz bo‘lmasak, bular o‘zlariga munosib o‘zan chopib, yangi bir madaniyat dengiziga borib quyil¬sinlar!
Umr bo‘yi o‘z ijodiy rejalarini amalga oshirolmay kuyib yurgan iste’dodning bu alamli nidosi Xonzoda begimni titratib yubordi.
— Mavlono, faqat siz emas, Bobur mirzo ham o‘zanini yo‘qotgan daryodek bezovtalar!
— Bilamen, taqdir ul hazratga ham o‘gaylik qilmishdir!

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:39:10

— Ammo Bobur mirzo sargardon bo‘lib yurgan iste’dodlar daryosini bir joyga yig‘moqchilar, nasib bo‘lsa, ilmu san’atning yangi bir dengizini barpo qilmoqchilar.
— Biz uchun so‘nggi umid hali ham Bobur mirzodirlar. Shuning uchun o‘g‘lim bilan Kobulga keldik.
— Qaerga joylashdilaringiz, mavlono?
— Jiyanim Tohirbeknikiga tushdik. O‘zi safarda ekan...
Ota-bola ikkovlari ham eski kiyim kiyishgan, rang-larini juda oldirib qo‘yishgan. Ularning moddiy jihatdan ham qiynalib yurganlarini sezgan Xonzoda begim yana o‘rnidan turib, ichkari xonaga kirib ketdi. Qabosining cho‘ntagidan kalit olib, tokchada turgan po‘lat sandiqni ochdi.
Inisi Bobur mirzo Xonzoda begimga eng nufuzli a’yon¬lari qatori ulufa tayinlagan edi. Har oyda xazinadan charm hamyonga solingan ming dinor oltin kelib turar edi. Xizmatkorlar begimga berilgan mulkning ekin-tikini bilan tirikchilik o‘tkazishardi. Begimning bir o‘ziga ko‘p pul ketmas, shuning uchun xazinadan kelgan oltin to‘la hamyonlarning anchasi po‘lat sandiqda taxlanib turar edi.
Xonzoda begim mavlono Fazliddinning kichikroq bir hovli va ot sotib olishi, kiyim-kechagi, uch-to‘rt oylik tirikchiligi uchun qancha pul ketishini chamalab ko‘rdi-da, ming dinorlik hamyonlaridan ikkitasini oldi. So‘ng ularni boyagi xizmatkorga berib, oltin barkashda ko‘tartirganicha ota-bolaning oldiga qaytib chiqdi.
Mavlono Fazliddin hamyonni ko‘rib, xijolat cheka boshladi. Xonzoda begimdan pul olish unga og‘ir edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 21:40:01

Xonzoda begim mavlono Fazliddinning kichikroq bir hovli va ot sotib olishi, kiyim-kechagi, uch-to‘rt oylik tirikchiligi uchun qancha pul ketishini chamalab ko‘rdi-da, ming dinorlik hamyonlaridan ikkitasini oldi. So‘ng ularni boyagi xizmatkorga berib, oltin barkashda ko‘tartirganicha ota-bolaning oldiga qaytib chiqdi.
Mavlono Fazliddin hamyonni ko‘rib, xijolat cheka boshladi. Xonzoda begimdan pul olish unga og‘ir edi.
— Mavlono, bu hamyonlar Bobur mirzoning xazinalaridan kelmishdir. O‘zlari bo‘lmaganliklari uchun ulufalarini men sizga topshirmoqchimen. Biri — o‘g‘lingiz Aloviddinga. Marhamat! Olingiz!
Aloviddin qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, endi birinchi marta og‘iz ochib gapirdi:
— Rahmat, hazrat begim, biz sizdan behad minnatdormiz!
Uning yoqimli tovushi va so‘zlarni mayin talaffuz qilishi mavlono Fazliddinning yigitlik paytini eslatar edi... Shu tufayli ota-bola ikkovi ham begimga benihoya aziz ko‘rinardi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:03:27

3

Amudaryo tomondan tog‘ oshib uchib kelgan turnalar Kobulning ustidan janub-sharq tomonga o‘tmoqda edilar. Arkning tillakori ayvonida Mohim begim bilan nonushta qilib o‘tirgan Bobur turnalarning qisqa va sirli tovush bilan «qurey»lashini eshitdi-yu, o‘rnidan turib, ayvon chetiga bordi va osmonning ovoz kelayotgan tomoniga tikildi... Ko‘kda egilib-chayqalib kelayotgan bir shoda qora marjonni ko‘zlari bilan qidirib topgandan keyin turnalarning tovushi unga go‘yo aniqroq eshitila boshladi.
Go‘zal va tiniq «qur-ey», «qur-ey»larda qandaydir horg‘inlik ohanglari borga o‘xshardi va turnalarning uzoq-uzoqlardan uchib kelayotgani esga tushar edi. Balki ular shu kelishda Andijonning ustidan uchib o‘tirgandirlar? Yoki Toshkent va Samarqand atroflaridagi so-kin suvlar bo‘yiga qo‘nib dam olgandirlar?
Bu o‘ydan Boburning qalbini alamli bir sog‘inch tuyg‘usi chulg‘ab oldi. Hatto shu turnalar ko‘rib kelayot-gan joylarni u endi borib ko‘rolmaydi. Ko‘li Malikda va G‘ijduvonda yengilib, Hisorda fitnachilar xiyonatidan abgor bo‘lib qaytganiga, mana, o‘n uch yil bo‘lyapti. Bobur shundan beri qaltis harbiy yurishlardan o‘zini tiyib yuribdi. Mo‘g‘ul beklarining xiyonatlarini Qunduzdayoq bila turib, yana o‘shalarga va qizilboshlarga tavakkalchilik bilan suyanib ish qilgani uning vataniga qaytadigan barcha yo‘llarini bekitib tashlagan edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:04:05

Turnalarning uzoqlashib so‘nib borayotgan tovushlari ta’sirida Boburning ko‘ngliga: «Endi tug‘ilib-o‘sgan yur¬tingga umrbod qaytolmaysan!» degan alamli o‘y keldi-yu, yuzi birdan tundlashdi. Orqasiga o‘girilib, savdarboshiga chog‘ir keltirishni buyurdi.
Mohim begim dasturxon yonidan Boburga tomon kelar ekan:
— Hazratim, ertalabdan chog‘ir? — deb taajjublandi. Hozir farzandlaringiz salomga kelurlar... Ana, mirzo Hindol atkalari bilan kelmoqdalar.
Boshiga kichkina ipak salla o‘ragan, murassa’ kamariga kichkina qilich taqilgan sakkiz yoshli mirzo Hindol ayvonning baland zinapoyasidan kattalarday qo‘l qovushtirib, ta’zim qilib chiqdi. Otasi buni ko‘rib beixtiyor jilmaydi. Hindolni yelkasidan quchib erkalatdi, keyin uni yoniga olib, zarbof ko‘rpacha ustiga o‘ltirdi.
— Qilich taqib olibsiz, amirzodam, jangga bormoq¬chimisiz? — deb hazillashdi.
Hindol katta-katta ko‘zlarini chaqnatib Mohim begimga bir qarab oldi. Mohim begim «Ayting!» deganday bosh irg‘adi. Shunda Hindol burro til bilan otasiga:
— Meni ham olib boring, — dedi.
— Qayerga?
— Hin... Hindistonga.
— Hindistonda nima qilmoqchisiz?
— Yo‘l... yo‘lbarsni ko‘ramen...
— Ana xolos! — deb Bobur kuldi. — Biz sizga Hindol ismni bersak, siz faqat Hind yo‘lbarsini tomosha qilmoq¬chisiz xolosmi?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:04:28

Bola qizarib:
— Yo‘q, — dedi va jajji qilichining sopini qisimiga oldi. — Agar yo‘lbars... «eyman» desa, men mana shu qilich bilan uni uramen!
Bobur Hindolni yana yelkasidan quchib erkalatdi:
— Barakallo! Unday bo‘lsa sizni Hindistonga albatta olib borurmiz...
Shu payt ayvon zinapoyasidan oltin ko‘zachada chog‘ir olib chiqayotgan sharbatchi ko‘rindi. Mohim unga qo‘li bilan «Qayting!» ishorasini qildi. Sharbatchi Boburga qo‘rqa-pisa ko‘z tashladi-da, uning o‘g‘li bilan ovunib, chog‘irni esidan chiqarganini sezdi va zinadan sekin qaytib tushib ketdi. Bobur Hindoldan xat-savodni qanchalik o‘rganganini, qanaqa she’rlar yod bilishini so‘radi.
— Men qur’on oyatlaridan yod bilurmen. Kulhu ollohu ahad...
— Hindolning she’rga unchalik ishi yo‘q, — deb izoh berdi Mohim begim. — Bunga o‘yin bo‘lsa, yoydan o‘q otsa, ot chopsa bas. Kitobga xushi yo‘q.
— Balki yoshi kichik bo‘lgani uchundur?
— Gulbadan bundan uch yosh kichik. Ammo savodi Hindoldan yaxshi. Hozir ko‘rursiz... Qizcha kitobga shunchalik o‘chki, taajjubdan yoqamni ushlaymen.
Bobur o‘ychan tovush bilan:
— Nahot Hindol o‘sha tog‘alariga tortsa? — dedi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:04:53

Boburning bu so‘zlarida qanchalik murakkab ma’no borligini faqat Mohim begim tushunardi. Chunki Hindol Mohim begimdan emas Boburning kichik xotini Dildor og‘achadan tug‘ilgan edi. Shariat beradigan ruxsat bo‘yicha Bobur ham uch xotinlik bo‘lib olgan, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bu berahm odat Mohim begimni qanchalik ezmasin, alamini ichiga yutib chidab kelar edi. Boburning ikkinchi xotini Gulruh begimdan Mirzo Komron va Mirzo Askariy otliq ikki o‘g‘il tug‘ildi. Bular Humoyundan keyingi taxt vorislari edilar. Gulruh begim shu sababli Mohim begimga kundoshlarcha sovuq muomala qilar edi. Uch xotin Kobulning uch chekkasida har biri alohida ko‘shkda tursa ham bir-birlarining ahvollaridan xabardor edilar. Dildor og‘acha besh yilda ikki qiz tug‘di. Mohim begim esa uch marta farzand dog‘ini boshdan kechirdi. Uning Humoyundan keyin tuqqan ikki o‘g‘il, bir qizi birin-ketin o‘lib ketdi. Keyin umuman bo‘yida bo‘lmay qoldi. Buning hammasidan Mohim begim juda qattiq kuyib yurganini sezgan Bobur unga qanday tasalli berishni bilmas edi. Bir kuni mana shu ayvonda o‘tirganlarida Mohim begimning o‘zi: «Dildor og‘acha yana homilador emishlar, — deb qoldi.— Men kuyib ado bo‘ldim. Endi Dildor og‘acha shu gal o‘g‘il tug‘sa ham, qiz tug‘sa ham, agar menga bersangiz o‘z farzandimdek tarbiyalab o‘stirar edim».
Dildor og‘acha o‘z farzandini kundoshiga ishonib topshirishini tasavvur qilib bo‘lmas edi. Lekin Mohim begim Humoyunni qanchalik yaxshi tarbiyalaganini hamma bilar, uning yana farzand o‘stirish ishtiyoqi zo‘rligini Bobur ham sezar edi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 22:05:31

Dildor og‘acha Kobulning Bog‘i Yo‘ng‘ichqasida mana shu Hindolni tuqqanida Boburning maxsus farmoni bilan uch kunlik chaqaloqni arkda turadigan Mohim begimning tarbiyasiga keltirib berdilar.
Bu bolani to‘qqiz oy qalbi tagida ko‘tarib yurgan Dildor og‘acha: «O‘g‘limdan tiriklay judo bo‘ldim», deb ancha vaqt yig‘lab-siqtab yurdi. Bobur unga:
«Azaldan udum shundoq, — deb vaj ko‘rsatdi. Podshoh oilasida o‘g‘illarni katta xotin tarbiyat etmog‘i kerak. Mohim Humoyunni qandoq voyaga yetkazdi, ko‘rdingmi? Hozir Badaxshonda eng obro‘lik hokim! Xudo xohlasa, Mohim Hindolni ham shundoq voyaga yetkizgusidir!»
Mohim begim Hindolni o‘z farzandidan ham ziyoda tarbiya qilayotgani Boburga ma’lum edi-yu, lekin bola¬ning tog‘a avlodlari johil va ma’rifatsiz odamlar edi. Dildor og‘acha Hisor va Samarqandda ko‘p yomon ishlar qilgan Sulton Mahmud mirzoning avlodlaridan edi. Shayboniyxon tomonidan o‘ldirilgan Sulton Ali mirzoga ham xeshligi bor edi. Bobur Samarqandda so‘nggi gal g‘alaba bilan borganda va qizilboshlar bilan may ichib yurgan kunlarida Dildor og‘achaning husnini, xususan, dutor chalib ashula aytgandagi shirin ovozini yoqtirib qolib, kayf ustida uni haramiga olgan edi. Buning hammasidan xabardor bo‘lgan Mohim begim Boburning «Hindol ma’rifatsiz tog‘alariga tortmasin, tag‘in!» degan hadigini tarqatishga intildi:
— Hazratim, Humoyunning ko‘p fazilatlari Hindolda ham bor. Qalbi to‘la mehr.

Qayd etilgan