— Zukko qizim, hazrat onang sendagi ajib bir qobiliyatni yaxshi payqabdir. Agar Gulining nasrga ishqi zo‘r bo‘lsa, — deb Bobur Mohim begimga qarab davom etdi, — «Voqoi’»ning osonroq boblaridan beray, xattot qizchamizga bir nusxa ko‘chirib bersin.
— Men ham sizdan shuni iltimos qilmoqchi edim. Guli turkiy tilni hazrat otalarining kitoblaridan o‘rgangani yaxshi. Men, ojizangiz, orzumandmenki, faqat Humoyundek o‘g‘illaringiz emas, Gulbadandek qizlaringiz ham tarixda sizga munosib nom qoldirsalar*.
Bu so‘zlarning samimiyligini butun vujudi bilan sezgan Bobur noxosdan to‘lqinlanib ketdi. Mohim begim kundoshi Dildor og‘achaning bir emas, ikki farzandini shunchalik mehr bilan tarbiyalashi va ularning kelajagiga shu darajada jon kuydirishi uchun qancha katta bardosh, tantilik, bag‘ri kenglik kerak bo‘lganikin? Bobur yoshi qirqdan oshgan sari kelajak avlod haqida ko‘p o‘ylar, farzandlar, ayniqsa, shu yoshda odamning ha¬yotida hal qiluvchi kuchlardan biriga aylanishini sezardi. Shu sababdan ham Mohim begimning birgina Humoyunni emas, mana, Hindol bilan Gulbadanni ham otalariga sadoqatli va mehr-oqibatli farzandlar qilib tarbiyalayotgani xotin kishining o‘z eriga qilishi mumkin bo‘lgan eng ulug‘ yaxshiligi ekanini hozir butun borlig‘i bilan his qildi. Bobur podshohlik udumiga yon berib, Mohim begimning ustiga yana ikki xotin olgan bo‘lsa ham Mohim buni bag‘rikenglik bilan kechirgani, yana o‘zini unga shunchalik fido qilayotgani — tengsiz bir muhabbat va sadoqatning nishonalari emasmi?
Bobur tez o‘rnidan turib, ko‘rpachada o‘ltirgan Mohim begimning ustiga engashdi-yu, sochidan, peshonasidan, yuzidan o‘pa boshladi.