Ikkinchi piyoladan keyin vujudiga mayin bir iliqlik taraldi, boyagi sovuq izg‘irin xayolidan uzoqlashganday bo‘ldi-yu, Mohimga ko‘nglini ochib gapirgisi keldi.
— Bu amirlar, elchilar, ittifoqdoshlaru yog‘iylar, yana yuz xil davlat ishlari qalbimni yuz bo‘lak qilib, yuz tomonga tortadir, Mohim! Goho mening ko‘nglim ham parchalanib ketgan, o‘zaro urushlarda azob tortayotgan mamlakat kabi alg‘ov-dalg‘ov bo‘ladir! Hayotimda go‘yo shunday bir qutb borki, unga barcha amirlaru elchilar, chopqinlaru urushlar to‘planmishdir. Bu qutbda men sovuqqonlikka o‘rganmishmen, chunki siyosat bobida odamlarga xuddi shatranj taxtasi ustidagi piyodayu sipohiylarga qilgan shafqatsiz muomalani qilmasang, ularni aqlu farosat, hisobu kitob bilan idora etmasang, murodga yetolmassen. Ammo bu shafqatsiz siyosatning sovuq izg‘irinidan o‘zim to‘ng‘ib keturmen. So‘ng may ichib, isingim kelur. Bu sovuq qutbda she’r yozishga ham hafsalam qolmas!
— O‘shal noxush qutb o‘trusida boshqa iliq makoningiz yo‘qmi, hazratim?
— Bugun... mana hozir yana bir marta payqadimkim... men uchun olamda eng iliq qutb — Siz, Humoyun, Gulbadan... Sizlar bilan bo‘lganda tuyg‘ularim jo‘shib, ijod qilgim kelur.
— Undoq bo‘lsa, doim biz bilan birga bo‘ling! Bundan biz ham behad baxtiyor bo‘lurmiz!
— Qani edi!.. Ammo buning uchun men davlat ishlaridan butunlay voz kechmog‘im kerak.