Bobur orqaroqda kelayotgan Tohirga o‘girilib qaradi:
— Rahnamoni chorlang, bek!
Yo‘l boshlovchi La’l Chand oldinda fil minib bormoqda edi. Tohir uni chaqirib kelganda Bobur mingan saman ot fildan hurkib asabiy pishqirdi. La’l Chand fili¬ni to‘xtatib, uning qulog‘iga bir nima degan edi, fil xartumini yuqoriga cho‘zib, pastga tushirib qo‘ydi.
La’l Chand kaftlarini bir-biriga qo‘yib, ko‘zi aralash peshonasiga tekkizdi-da, Bobur-ga ta’zim qildi. Bobur unga forscha gapirdi:
— Bu yo‘l bizga to‘g‘ri kelmadi. Boshqa yo‘l topish kerak.
— Hazrat oliylari, boshqa yo‘llarni suv bosgan. Bu yer Panjob. Beshta daryomiz bor. Hammasi toshgan.
— Panjobda aravalar o‘tadigan yo‘l ko‘p deb eshitganmiz. Bu yo‘lda aravalar tiqilib, yurolmay qoldi. Biz adashdikmi?
— Adashganimiz yo‘q, hazratim. Aravalar qaerda tiqildi?.. Ruxsat bering, fil bilan chiqaray. Bugun yursak, ertaga yaxshi yo‘llarga chiqamiz. Laxo‘r yaqin.
— Filni boshlab boring, aravalarni chiqarib bersin, — dedi Bobur usta Aliqulga. Kichkina jussali ozg‘in La’l Chand tog‘day baland qora filga yana uning xartumi yordamida mindi. So‘ng filning supraday katta quloqla¬riga tizzalari bilan niqtab, qo‘lidagi uchi qayrilgan temir xilla — kajak yordamida uni o‘ngu so‘lga yo‘naltirib, to‘p ortilgan aravalarga qarab ketdi.
Tuyalar tortolmay qolgan aravalarni fil birpasda balchiqdan chiqarib berdi.