Bir vaqtlar Kobulda Andijon va Quvalarni eslasa yuragi eziladigan Tohir endi Kobulni eslasa yuragi sog‘inchdan orziqadi. Kobulda uning o‘n besh yil istiqomat qilgan uyi bor, xotini Robiya, madrasada o‘qiyotgan o‘g‘li Safarbek, yolg‘iz tog‘asi mavlono Fazliddin bor. Oldindagi jang tahlikasidan ko‘ngli bezovta bo‘lib yurgan Tohir: «Ishqilib o‘lim bo‘lmasin-da, — deydi o‘zicha. — Agar shu gal ham tirik qolsam, sipohiylikni bas qilardimda. Yosh ham ellikka borib qoldi. Qachongacha begona yurtlarda tentirab yuramen? Safarbek katta yigit bo‘lib qoldi, bu yil madrasani hatm qilib*, muhandis* bo‘ladi. Keyin boshini ikkita qilib qo‘ysam... Yo xudo! O‘g‘lim¬ning to‘yini ko‘rish menga nasib qilganmikin-a? Robiyani yana ko‘rarmikinman-a?»
Yurakka g‘ulg‘ula soluvchi bu iztirobli o‘ylarni ich¬kilik bir oz bosar edi. Tohir ko‘pdan beri beklar davrasida yurib, ko‘nglining chigalini ichkilik bilan tarqatishga anchagina odatlanib qolgan edi. Hindistonda uzum kam, shuning uchun chog‘ir tanqis, lekin mahva degan daraxtning bargidan olinadigan o‘tkir aroq uchrab turar edi.
Ibrohim Lodi bilan jang bo‘lishidan bir kun oldin Tohir shu aroqdan ko‘proq ichgan edi. Sahar palla badani tirishib uyg‘ondi. Og‘zi taxir, boshi lo‘qillab og‘riydi. U yoq-bu yoqqa ag‘darilib, yana uxlamoqchi bo‘lib ko‘rdi, lekin uxlay olmadi. Shunday keyin turib, sopol ko‘zaning tagida qolgan aroqdan uch-to‘rt qultum ichdi-da, sabuhiy qildi.