Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 404243 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 ... 78 B


shoir  24 Dekabr 2007, 23:22:37

Ular Panipat shahri bilan Jamna daryosining oralig‘idan to‘fang va to‘p otish uchun qulay bo‘lgan bir joyni topishdi-yu, yaqin-yiroqlardan olib kelingan barcha aravalarni yarim doira shaklida saf qildirishdi. Yetti yuzdan ortiq arava bir-biriga zanjirday mahkam tirkishlar* bilan bog‘landi. Aravalarning oldi va oralariga yoy o‘qi o‘tmaydigan temir qalqonlar o‘rnatildi. To‘fangandozlar va to‘pchilar shu qalqonlar ortiga bekinib o‘q otishni mashq qildilar.
Aravalar baland bir tepalikning etagiga — oldi nishab joyga keltirildi. Ular o‘z-o‘zlaridan yurib ketmasligi uchun g‘ildiraklarning tagiga yog‘och to‘siqlar tirab qo‘yildi.
Harbiy mashqlar o‘tkazilgan kuni Bobur aravalar ortidagi tepalikda otliq turib, g‘ildiraklar oldidagi yog‘och to‘siqlarni birvarakayiga olishni va barcha aravalarni barobar yurgizib ko‘rishni buyurdi.
Mulozimlar qatorida yurgan Tohir aravalar safining narigi chetiga ot choptirib borib, sarkardaning buyrug‘ini Mustafo to‘pchiga yetkazdi. Hamma piyodalar, to‘pchilar, zarbzan va barqzanlar* buyruqni bajarishga hozirlandilar. Hammaga ko‘rinadigan joyda turgan usta Aliqul:
— Aravalar surilsin! — deb qichqirdi.
Aravalar ba’zisi hadeganda o‘rnidan jilmadi, ba’zilari esa birdan tezlab ketdi. Aravalar safi egri-bugri bo‘la boshladi, ora-oraga bog‘langan tirkishlardan bir qanchasi uzildi, temir qalqonlar qulab tushdi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:22:49

— To‘xtang! — buyurdi Bobur. — Mashqni takrorlating, janob Aliqulbek, toki birorta tirkish uzilmasin, birorta qalqon ham qulamasin!
Odamlar terlab-pishib aravalarni yuqoriga sudrab chiqa boshladilar.
Bu og‘ir ishdan ba’zi navkarlar o‘zlarini chetga olsa, o‘nboshilar ayamay so‘kar, hatto urar edilar.
— Mashq paytida navkarni ayamang, — dedi Bobur Aliqulbekka. — Hozir ayasangiz jangda mag‘lub bo‘lib o‘lib ketur.
Bobur tepalikdan tushib, daryo tomonga yo‘l oldi. U yoqda  fil  o‘tolmaydigan  chuqur  xandaqlar  qazilgan, endi ba’zi joylarga shox-shabba bosib, ihota yasashmoqda edi.
Xizmati yuzasidan Boburga ergashib, uni qo‘riqlab yuradigan Tohir xandaqlar va shox-shabbalarga qarab o‘zicha o‘ylandi: «Shuncha tayyorgarliklarga yarasha yog‘iy to‘g‘rimizdan kelsa yaxshi-ya! Agar shaharni aylanib o‘tib orqadan kelsa hammasi behuda-da!»
Biroq shaharning narigi tomoniga borib kelgan chig‘dovullar u yoqdagi botqoqlik va changalzorlardan katta qo‘shin o‘tolmasligini aniqlab keldilar. O‘ng tomonda Jamna daryosi. Chapda Panipat shahrining aholisi tig‘iz mahallalari. Ibrohim Lodi bu mahallalarni qo‘shiniga toptatib, shahar oralab kelmas. Demak, uni faqat to‘g‘ridan kutish mumkin. Lekin salkam o‘n barobar katta kuch bilan kelayotgan yovga bu aravalaru xandaqlar turish berarmikin?

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:23:22

Bir vaqtlar Kobulda Andijon va Quvalarni eslasa yuragi eziladigan Tohir endi Kobulni eslasa yuragi sog‘inchdan orziqadi. Kobulda uning o‘n besh yil istiqomat qilgan uyi bor, xotini Robiya, madrasada o‘qiyotgan o‘g‘li Safarbek, yolg‘iz tog‘asi mavlono Fazliddin bor. Oldindagi jang tahlikasidan ko‘ngli bezovta bo‘lib yurgan Tohir: «Ishqilib o‘lim bo‘lmasin-da, — deydi o‘zicha. — Agar shu gal ham tirik qolsam, sipohiylikni bas qilardimda. Yosh ham ellikka borib qoldi. Qachongacha begona yurtlarda tentirab yuramen? Safarbek katta yigit bo‘lib qoldi, bu yil madrasani hatm qilib*, muhandis* bo‘ladi. Keyin boshini ikkita qilib qo‘ysam... Yo xudo! O‘g‘lim¬ning to‘yini ko‘rish menga nasib qilganmikin-a? Robiyani yana ko‘rarmikinman-a?»
Yurakka g‘ulg‘ula soluvchi bu iztirobli o‘ylarni ich¬kilik bir oz bosar edi. Tohir ko‘pdan beri beklar davrasida yurib, ko‘nglining chigalini ichkilik bilan tarqatishga anchagina odatlanib qolgan edi. Hindistonda uzum kam, shuning uchun chog‘ir tanqis, lekin mahva degan daraxtning bargidan olinadigan o‘tkir aroq uchrab turar edi.
Ibrohim Lodi bilan jang bo‘lishidan bir kun oldin Tohir shu aroqdan ko‘proq ichgan edi. Sahar palla badani tirishib uyg‘ondi. Og‘zi taxir, boshi lo‘qillab og‘riydi. U yoq-bu yoqqa ag‘darilib, yana uxlamoqchi bo‘lib ko‘rdi, lekin uxlay olmadi. Shunday keyin turib, sopol ko‘zaning tagida qolgan aroqdan uch-to‘rt qultum ichdi-da, sabuhiy qildi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:23:32

Shu payt birdan dovullar va naqoralar chalinib, hammani saflanishga chorlay boshladi.
Chig‘dovullar Ibrohim Lodining bostirib kelayotgani haqida xabar bergan edilar.
Sabuhiydan yana kayf qila boshlagan Tohir etigi bilan jibasini ancha vaqt imillab kiydi. Bir qulog‘i Samarqandda kesilgan Mamat so‘nggi yillarda Tohirning otboqariga aylangan, lekin eski qadrdonligi va bir-ikki yosh kattaligi tufayli goh uni koyib ham qo‘yar edi.
— Sahari mardondan ichib nima qilar edingiz, bek!— deb po‘ng‘illadi Mamat.
— Gapni ko‘paytirmay ko‘k otni tezroq keltiring!— buyurdi Tohir.
So‘nggi yillarda xiyla ozib, yuz-ko‘zlari avvalgidan ham ortiqroq bo‘rtib qolgan Mamat otlar bog‘langan tomonga chopib ketdi. Yov yaqinlashib kelayotgani haqidagi xabardan ko‘p odam jonsarak bo‘lib u yoqdan-bu yoqqa yugurmoqda edi.
Mamat kechasi yechilib ketgan ko‘k otni tutib olguncha ancha ovora bo‘ldi. Odatda ot kechasi egarlog‘liq qolsa, ayili, qorinbog‘i bo‘shatib qo‘yilardi. To‘polonda Mamat shoshilib ayilni mahkamlashni xayolidan qochirdi.
Tezroq Boburning huzuriga yetib borishi kerak bo‘lgan Tohir uzangini izlab o‘tirmadi-yu, otning bo‘ynidan olib, ustiga sakrab mindi. Shunda egar bir chayqaldi. Tohirning kayfi bo‘lmaganda ehtimol, egarning yaxshi urilmaganini tez sezgan bo‘lardi, otdan tushib ayilni mahkamlab olar edi. Lekin u egarda chayqalganini  sabuhiydan ko‘rdi-da, oyoq tirab, otni tez orqaga burdi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:23:48

Anchadan beri boquvda yotib kuchi tanasiga sig‘may ketgan ko‘k bedov orqa oyoqlariga tikka turib, og‘zidan ko‘pik sochib, burildi. Shunda birdan egar og‘ib otning qorniga tushdi-yu, Tohir yelkasi bilan yerga gursillab yiqildi.
Mamat chopib kelib, bir qo‘li bilan otning jilovidan oldi va ikkinchi qo‘li bilan Tohirni suyab turg‘izdi. U Tohirni kayfi borligi uchun yiqildi deb o‘ylab kulib gapirdi:
— Tohirjon, bek bo‘ldingizu ichadigan hunar chig‘ardingiz-da! Bu sabilni ko‘p ichmang demaganmidim!
Tohir yumshoq yerga yiqilgani uchun hech qaeri lat yemadi. Lekin katta jang arafasida shunday ahmoqona yiqilishi unga mash’um bir falokatning xabarchisidek tuyuldi. U qahr bilan so‘kinib. Mamatga egarni ko‘rsatdi.
— Ayilni kim bo‘shatib qo‘ygan edi?
Mamat kechasi ot dam olsin deb bo‘shatib qo‘ygan ayilini ertalab mahkamlamaganini endi payqadi.
— To‘polonda esimdan chiqibdi-ya! Hey, men xomkalla!
Mamat endi o‘zidan kulib, ayilni torta boshladi. Tohirning aroqdan loyqalangan tasavvurida Mamat uni yiqitib, ustidan kulish uchun ayilni ataylab bo‘shatib qo‘yganday ko‘rindi. Ilgari ikkovi ham navkar bo‘lgan paytlarida Tohir bunday hazillarga kulib ketaverar edi. Lekin hozir...

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:24:09

— Sen mening bek bo‘lganimga baxilliging kelib shunday qilgansan! — deb u birdan Mamatni sensirab so‘ka boshladi: — Sen menga o‘lim tilaganingmi bu?
Tohir g‘azabdan titrab, belini paypasladi-yu, qamchisini qidirdi. Qamchi yerda yotar edi.
Gunoh qilgan navkarlarni so‘kish, urish beklar orasida keng tarqalgan odat edi. Bu odat Tohirga ham ozmi-ko‘pmi yuqqan edi. Lekin u o‘ttiz yillik qadrdoni Mamatga hali biror marta musht ko‘tarmagan edi.
Mamat yerda yotgan qamchinni olib Tohirga uzatdi:
— Mang, gunohim uchun qamchilang, lekin bunday gaplarni aytmang! Men sizga o‘lim tilaydigan baxillardan emasmen!
Mamat yana Tohirdan kulayotganday, o‘zini undan olijanobroq qilib ko‘rsatayotganday tuyuldi. Tohir:
— Shunday kunda yiqitganing — o‘lim tilaganing emasmi? — dediyu uning peshonasi aralash boshiga qulochkashlab musht urdi.
Mamat uch-to‘rt qadam nariga uchib ketdi va ko‘zi tinib yerga o‘tirib qoldi.
Peshona suyagi Tohirning qo‘liga toshday qattiq tegdi, bosh barmog‘i «qirs» etdi-yu, o‘tkir bir og‘riq miyasiga chiqib bordi.
«Boshmaldoq sindi-yov! — dedi Tohir ichida. — Qilich tutadigan o‘ng qo‘lning boshmaldog‘i.. Bunga ham mana shu sababchi!»
Bu o‘ydan uning g‘azabi yana bir darajada oshdi. O‘rnidan turishga intilayotgan Mamatni chap qo‘li bilan ham urib yerga yiqitdi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:24:18

Orqadan yetib kelgan barvasta bir yigit oraga tushdi.
— Qo‘ying, bek og‘a, bir marta kechiring! Mamat og‘a siz uchun jonini beradi-ya! Ayilni men boshqatdan tortib beray! Mana, hozir, hozir...
Tohir ayili tortib bog‘langan otga minganda qattiq og‘riyotgan qo‘liga tikilib qaradi. Bosh barmog‘i shishib ketgan, qimirlatsa, og‘rig‘iga chidab bo‘lmas edi.
«Mendan omad ketdi!» o‘yladi Tohir mulozimlar to‘planayotgan tomonga ot choptirib borar ekan.
Uning ketidan ergashgan yigirmatacha otliq navkarlari orasida peshonasi g‘urra bo‘lgan, yuzi bo‘zday oqargan Mamat ham bor edi. Bek ming urib-so‘kkanda ham navkar uning ketidan qolmasligi kerak edi.

______________
* T i r k i sh — ho‘kizning xom terisidan eshilgan arqonsimon narsa.
* B a r q z a n — chaqmoq chaqib, miltiqning piltasini yondiradigan odam.
* X a t m  q i l i sh — tugatish.
* M u h a n d i s — injener.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:24:27

*  *  *

Jamna daryosining chap tomonidan chiqqan oftob nayza bo‘yi ko‘tarilganda yov qo‘shinining tig‘iz saflari aniq ko‘rina boshladi. Oxiri ufqqa borib taqalgan behisob ko‘p qo‘shinning har yer-har yeridan harbiy fillarning ulkan gavdalari cho‘qqilarga o‘xshab chiqib turardi. Eng katta oq filning ustida o‘tirgan Ibrohim Lodi atrofga xuddi tepalik ustidan qarayotgandek hammayoqni bahuzur ko‘rar edi.
Bobur bir-biriga bog‘lab tashlangan aravalar ortidagi tepalikda turib, yovning yaqinlashishini kutmoqda. Uning o‘ng qanotiga o‘g‘li Humoyun javobgar edi. Xo‘ja Kalonbek, Hindubek kabi eng sinalgan beklar barcha navkarlari bilan Humoyunning ixtiyoriga berilgan. Markazni to‘pchilar va to‘fangandozlar egallagan. Har ikki qanotning ikki chetida to‘lg‘ama uchun ajratilgan otliqlar tayyor turibdi. Ibrohimning harbiy fillar himo¬yasiga tayanib urushadigan qo‘shinida piyodalar ko‘pligi va saflar tig‘iz bo‘lishi ma’lum edi. Bunday hollarda Shayboniyxon tajribadan o‘tkazgan to‘lg‘ama usuli qo‘l kelishini Bobur yaxshi bilardi. U ham Shayboniyxonga o‘xshab to‘lg‘amaga ajratilgan askarlarga otlarning eng chopqirlarini saralab bergan edi.
Tohir ichki beklar va xos navkarlar bilan birga podshohdan orqada turibdi. Boburning ikki yonini aloqachi beklar, yasovullar va choparlar egallaganlar. Bobur ularga ish buyurar ekan, ovozi ichki bir kuch va ishonch bilan jaranglab eshitilardi. «Shu odamning panohida necha qirg‘inlardan omon chiqding, — dedi Tohir o‘ziga-o‘zi tasalli berib. — Bobur mirzo bor ekan, senga hech nima qilmaydi».

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:24:36

Daryo bilan shahar oralig‘ini to‘ldirib vahimali qora bulutga o‘xshab kelayotgan Ibrohim Lodining qo‘shini qarshisida harakatsiz tek turib kutish og‘ir edi. Ko‘pchilik bek va navkarlar fursatni boy berib qo‘yayotgandek sabrsizlanishar, lekin Bobur:
— Hech kim buyruqsiz qo‘zg‘almasin! — deb hammani qattiq tutib turardi.
Ibrohim Lodi Boburning qo‘zg‘almasdan kutib turganini, ikki orada yuzlab aravalardan yasalgan mustahkam  devor  va  chuqur  xandaqlar  borligini ko‘rdi-yu, qo‘shinini to‘xtatdi. Lashkarboshilarni chaqirib, asosiy zarbani yovning o‘ng qanotiga berish va shahar tomondan aylanib o‘tish haqida buyruq berdi. Biroq yuz ming qo‘shinga to yangi buyruqni tarqatib, uni shahar tomonga burguncha ancha vaqt o‘tdi.
Bobur darhol mana shu vaqtdan foydalandi. Uning buyrug‘i bilan to‘lg‘amaga ajratilgan ikki ming otliq joyidan qo‘zg‘aldi. Chopqir otlar yov qo‘shinining ikki qa¬notiga tegmay o‘tdi-yu, bexavotir kelayotgan orqadagi otliqlar va piyodalarga hamla qildi.
Humoyun boshliq to‘rt ming otliq o‘ng tomondan yovning yo‘lini to‘sib chiqdi. Chap qanot ham jangga tushdi. Markazdagi aravalarning ora-orasidan to‘plar ustma-ust o‘q yog‘dira boshladilar.
To‘rt tomondan yashin tezligida birvarakayiga qilingan hamlani tepadan kuzatib turgan Tohir Boburning sarkardalik tajribasiga o‘zicha qoyil bo‘lib qo‘ydi. U harbiy san’atni faqat do‘stlaridan emas, dushmanlaridan ham o‘rgangan edi. Bobur to‘p va miltiq ishlatishning ahamiyatini birinchi marta ittifoqdosh Shoh Ismoilga qarab bilgan bo‘lsa, to‘lg‘ama ishlatishda ashaddiy yovlari Shayboniyxon va Ubaydullaxonning tajribasini o‘zlashtirgan edi. U achchiq mag‘lubiyatlar jarayonida orttirgan barcha harbiy tajribalarini bugun go‘yo yagona bir mushtga tugib, maydonga ustalik bilan tashladi-yu, tashabbusni darhol qo‘lga oldi.

Qayd etilgan


shoir  24 Dekabr 2007, 23:24:57

Boburning butun rejasi — yov qo‘shinini to‘rt tomondan o‘rab olishga va qanotlarini ichkariga qayirib tashlashga qaratilgan edi. Lekin o‘rab olingan yov Bobur qo‘shiniga nisbatan yetti-sakkiz barobar ko‘p edi, chopqir otlar bahaybat fillarning bir zarbasidan yumalab yiqilib ketardi. Shu sababli Ibrohim Lodi askarlari hali o‘ngda, hali so‘lda Bobur qo‘shinining halqasini yorib chiqardi. Bobur yonida turgan aloqachi beklar va yaso-vullarni ketma-ket jang maydoniga choptirar, yovning qo‘li baland kela boshlagan qanotlarga markazdan ko‘mak yubortirar edi. U markazni yovga ataylab ochiq qoldirmoqda edi, chunki hali harakatsiz turgan aravalar va to‘fanglar markazga qo‘yilgan edi.
Ikki tomondan va orqadan ustma-ust zarba berilavergandan keyin Ibrohim Lodining asosiy kuchlari va harbiy fillari markazga tashlandilar. Shunda Bobur aravalarning g‘ildiraklari tagidagi yog‘ochlarni olishni buyurdi.
Yetti yuz arava joyidan qo‘zg‘alib yov qo‘shinining ro‘parasidan chiqdi. Aravalar ustidan to‘plar, ora-oradan esa to‘fanglar yaqin kelib qolgan yovga o‘q ota boshladi. To‘plarning gumburlashi, miltiqlarning qarsillashi, borut tutuni, har qanday qalqonni teshib o‘tadigan olovli o‘qlar zarbasi va yana buning hammasi behisob aravalar shakliga kirib o‘z-o‘zidan yurib kelayotgani yov qo‘shinini dahshatga keltirdi. Fillar yarador bo‘lib bo‘kira boshladi. Filbonlar talvasaga tushib, fillarni orqaga burdilar. Orqada esa g‘uj-g‘uj otliqlaru piyodalar bir-biriga aralashib ketgan edi. Itar-itar, ur-sur boshlandi. Yaralanib quturgan fillar otliqlarni yiqitib, piyodalarni  bosib yanchib o‘ta boshladi.

Qayd etilgan