Yor Husaynbek qilichini sug‘urib:
— Kim u? — deb o‘shqirdi-yu, Humoyun tomonga hamla qildi.
Hindubek ham qilichini sug‘urib oldinga chiqdi:
— Siz Yor Husaynbek bo‘lsangiz, bu oliy zot Bobur podshohning o‘g‘illari mirzo Humoyundirlar!
Yor Husaynbek bu gapga ishongisi kelmay Humoyunga ko‘zlarini olaytirib tikildi. U eng avval Humoyunning egnidagi arg‘uvoniy to‘nni tanidi. Yoqalariga durlar qadalgan bu to‘n — Boburniki edi. Humoyun Panipat jangi arafasida Ibrohim Lodining Hamidxon degan lashkarboshisi bilan olishib, uni yenggan, uch yuzdan ortiq odamini asir olib kelgan edi. Bobur o‘g‘lining bu jasoratiga qoyil bo‘lib, egnidagi shohona to‘nini o‘g‘liga kiydirgan, buni hamma beklar, shu jumladan, Yor Husaynbek ham ko‘rgan edi. O‘sha to‘n hozir ham Humoyunning egnida edi — uning xipcha gavdasiga bir oz katta kelib, yelkalari osilibroq turar edi.
— Amirzodam, men sizni tanimabmen! — Yor Hu-saynbek qo‘lida qilichi bilan bir qadam orqaga chekindi.
— Qilichni topshiring! — buyurdi Humoyun.
— Amirzodam, men hazrat otangizga sodiq xizmat qilgan beklardanmen!
— Ibodatxonada sug‘urilgan qilichni men podshoh hazratlariga eltib topshirishim kerak! — dedi Humo¬yun.— Siz yo‘lto‘sarlikdan tavba qilib, hazrati oliyning xizmatiga kirgan ekansiz. Bugun yana talonchilik ko‘chasiga qaytmishsiz. Podshoh hazratlari ziyoratgohlarda nojo‘ya harakat sodir bo‘lmasin deb, buyurmagan edilarmi? Nechun nazarni bunchalik past qildingiz, bek? Yog‘iy xazinalaridan barcha jangchilar o‘z ulushlarini olgaylar! Bu xazina sizga ham yetib ortgay! Ibrohim Lodining odamlari shu haykalning peshonasidagi yoqutga tegmagan ekanlar. Ular qilmagan pastkashlikni qilish bizga isnod emasmi? Oling qilichini! Mana bu nokas yigitlarni tutib hibsga elting! Toki boshqa yi¬gitlarimizga ibrat bo‘lsin!