Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 403928 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 ... 78 B


shoir  02 Yanvar 2008, 09:30:33

Humoyun voqeani hikoya qilar ekan, Bobur Gvalior viloyatida yuz yildan beri hokimlik qilib, juda katta boylik orttirgan roja Bikramadit’yaning hashamatli qasrini ko‘z oldiga keltirdi. Bikramadit’ya Ibrohim Lodiga bo‘ysunmasdan, u bilan uzoq vaqt urush qilgan, oxiri Gvaliorni Ibrohimga berib, o‘zi Shamsobod degan joyga ko‘chib ketgan va ko‘p o‘tmay vafot etgan edi. Panipatdagi g‘alabadan keyin Humoyun boshliq ilg‘orlar Dehlidan o‘tib borib ko‘p qasrlarni ishg‘ol qildilar. Shu qasrlardan birida o‘lib ketgan o‘sha rojaning bo‘y yetgan ikki qiz, bir o‘g‘li va ularning onalari yashab turgan edi.
Rojaning yigirma yoshlardagi o‘g‘li Humoyunni yaxshi qarshi oldi:
— Sizlarning dushmanlaringiz bo‘lgan Ibrohim Lodi bizning ham dushmanimiz edi, uning mag‘lub bo‘lganidan biz shodmiz, — dedi. — Endi ruxsat berin¬giz¬lar, biz Shamsoboddan ona yurtimiz Gvaliorga qaytib ketaylik.
Humoyun  ham  yosh  roja bilan iliq muomala qildi-yu, lekin Gvaliorga ko‘chib ketish uchun o‘zi ruxsat bera olmasligini, podshohni kutish kerakligini aytdi. O‘sha kecha Vays degan bir bek ellikkacha yigiti bilan rojaning qasrida tunadi. Humoyunning o‘zi qasrning hovlisidagi boqqa chodir tiktirib, kechasi chodirda uxlab yotganda ichkarida ko‘tarilgan to‘polonni eshitib uyg‘onib ketdi. Qo‘rchilarini yoniga olib, qasr ichiga chopib kirsa, Vays¬bekning yigitlaridan biri eshik oldida qonga belanib o‘lib yotibdi. Qandillarda shamlar yonib turibdi. Ikkinchi qavatning zinapoyasida turgan o‘n sakkiz yoshli go‘zal qiz chuvalib yotgan ipak sarisini titroq qo‘llari bilan olib, yalang‘och yelkasiga yopishga urinyapti. Rojaning o‘g‘lini besh-oltita navkarlar o‘rtaga olib, qo‘lidagi qilichini urib tushirishdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:30:41

Ma’lum bo‘lishicha, Vaysbek rojaning shu qizini yoqtirib qolib, navkarlari yordamida o‘z bo‘lmasiga kuch bilan olib keltirmoqchi bo‘lgan. Qizning akasi qilich yalang‘ochlab himoyaga chiqqan. Qizni ko‘tarib ket¬moq¬chi bo‘lgan navkarni qilich bilan urib yiqitgan. Endi buning qasdiga navkarlar yosh rojaning o‘zini o‘ldirmoq¬chi edilar.
Humoyun gap nimadaligini surishtirib bilgach, nav-karlarga:
— Rojani bo‘shating! — deb buyurdi. — O‘z singilla¬rini bunchalik mardona himoya qilgan yigit ehtiromga sazovor. Podshoh hazratlari bunday kishilar bilan yaxshi muomalada bo‘lishni buyurgan edilar. Farmoni oliyni unutgan shahvatparast Vaysbek hibsga olinsin! Qizni iliklamoqchi bo‘lgan navkarlar o‘n darra kaltaklansin!
Xos navkarlar bu buyruqni bajarmagunlaricha Humoyun ularning tepasidan ketmay turdi. Bu orada zinapoyadan yosh rojaning onasi qo‘lida kichkina sadaf quticha bilan tushib keldi. U oliy tabaqaning o‘qimishli ayollaridan edi, ko‘p tillarni bilardi, Humoyunga forschalab gapirdi:
— Shahzoda, mening bisotimdagi eng katta boyli¬gim— mana shu qutichaning ichida. Menga farzandlarim dunyoning hamma boyliklaridan azizroq. Siz o‘g‘limning jonini qaytarib bergandek bo‘ldingiz. Mana bu qutichadagi ulug‘ olmosni sizga peshkash qilaman!

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:30:50

— ... Voqeaning tafsili shu, — dedi Humoyun va otasiga «Bir navkarning o‘lgani-yu, Vaysbekning jazolangani uchun gap eshitmasmikinmen?» degandek termilib qaradi.
Bobur og‘ir tin oldi-yu:
— Alqissa, bu go‘zal olmos ham zo‘ravonligu xunrez¬lik balosini ko‘rib kelmishmi? — dedi.
— Hazratim, mendan xatolik o‘tgan bo‘lsa afv eting. Men o‘yladimki, o‘z or-nomuslarini shunday bebaho olmosdan ham ortiq qadrlaydigan odamlar g‘ayridin bo‘lsalar ham...
— Rost, bu mamlakatda shunday or-nomusli odamlar borligini o‘ylasam, mening ham ko‘nglim ko‘tarilur, o‘g‘lim! Ammo bizning nazari past beku navkarlarimiz zo‘ravonligu talonchilik bilan hind elini bizdan cho‘chitmoqdalar. Axir bizning maqsadimiz faqat mamlakat olmoq emas edi-ku. Biz Hindistonda katta davlat tuzish orzusini ko‘nglimizga tugib kelgan edik. Yagona qudratli davlat barpo etilishidan hind eli ham manfaatdor emasmi? Barcha o‘lkalar birlashsa, elning tinkasini quritgan ichki urushlar to‘xtamasmi? Ulus tin-chib, ilmu san’atning ravnaqi osonlashmagaymi? Buni sezgan hindistoniylardan Dilovarxon, Hindubek kabilar biz bilan hamkorlik qilmoqdalar. Biz endi butun hind elining  ko‘nglini  olmoqqa  intilmog‘imiz  darkor, o‘g‘lim!
— Hind elining ko‘nglini olmoq?! — taajjub bilan so‘radi Humoyun. — Qonli janglar vahimasidan qo‘rqib, shaharu qishloqlarini tashlab qochmoqda bo‘lgan ming-ming odamlarning ko‘nglini biz qandoq olg‘aymiz?

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:31:01

Bobur Panjobda yo‘lni adashtirib, fotihlarni xarob qilmoqchi bo‘lgan filbonni va boya «Ket, bosqinchi!» — deb qichqirib o‘zini olovga tashlagan kelinchakni esladi:
— Ha, bu juda mushkul muammo! — Bobur miz ustida turgan sadaf qutichani qo‘liga oldi. — Umidvormen, shoyad bu muammoni yechishga muyassar bo‘lsak. Axir mana sen bir qancha hindistoniylarning ko‘nglini olmishsen-ku. Dehliga kelgan kuning ibodat¬xonada bu elning muqaddas tuyg‘ularini himoya qilmishsen. Buning hammasiga loyiq mukofot mana shu olmosdir! Ol, haloling bo‘lsin!
— Hazratim, — deb Humoyun qutichani olmay qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi, — bu olmosni men sizga atab keltirdim.
Bobur sadaf qutichani yana miz ustiga qo‘ydi-yu, ovozi xiyol tovlanib:
— Sening  bu  saxovating  uchun  tangriga shukrlar qi¬lamen, — dedi. — Panipat jangida sen menga eng bi¬rinchi bo‘lib zafar keltirding, qo‘shinning ruhini ko‘ta¬rishga sababchi bo‘lding. Men hali bu xizmatlaringni ko‘nglimdagidek taqdirlaganim yo‘q.
— Lekin sizning avvalgi in’omlaringiz mening butun umrimga yetgulikdir, — deb Humoyun otasiga «Mubayyin»ni eslatgisi keldi. — Men ham sizga arzirlik bir armug‘on keltirish orzusida edim...
— Unday bo‘lsa, mayli, men bu armug‘oningni bir marta qabul qilay. Endi shu olmos menikimi?
— Sizniki!

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:31:10

— Lekin taqdir menga dunyodagi barcha olmoslardan qimmatliroq bir mukofot bermishdir. Bu mukofot — mening sendek o‘g‘lim borligidir. Tojdor, taxtdor ota-o‘g‘illar orasida qandoq yomon baxilliklar, qandoq razil xunxo‘rliklar bo‘lganligi senga sir emas. Men istaymenki, bu balolar senu menga hech vaqt yovuq kelmasin. Xudodan tilagim shuki, mendan senga, sendan avlodla¬ringga saxovatu mardlik, fidokorligu olijanoblik meros bo‘lib qolsin. Bu fazilatlar bizni ulkan tog‘ silsilasidek doimo bir-birimizga bog‘lab tursin. Ana o‘shandagina biz Hindistonga kelib ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga yetishgaymiz.
— Siz aytgan ulug‘ maqsadlar uchun o‘g‘lingiz jonini berishga ham tayyor!
— Bunga mening ishonchim komil. Shuning uchun bu noyob olmosni men faqat senga munosib ko‘rurmen. Ol!
Humoyun endi o‘rnidan sakrab turdi-yu, sadaf qutichani ta’zim bilan otasining qo‘lidan olib, ko‘ziga surdi. Boburning boyagi behalovatligi va tushkun kayfi¬yati endi tarqab ketgan, ko‘nglida yana yaxshi istiqbolga ishonch tuyg‘usi mavj urar edi. U Humoyunga:
— O‘tir, — dedi-da, qarsak chalib savdarboshini chaqirdi: — Hindubekni chorlang. Xo‘ja Xalifa bilan birga kirsin.
Chaqirilganlar kelguncha Bobur Humoyunga Agradagi ahvol to‘g‘risida gapirib berdi:
— Qo‘rg‘onni Ibrohimning onasi, o‘g‘li, Malikdod Koroniy otliq vaziri mingdan ortiq xos askarlari bilan berkitib olmishlar. «So‘nggi odamimiz qolguncha jang qilurmiz» deb ahd qilmishlar. Bu ahdni bizning qo‘shin bir hamla bilan ko‘kka sovurmog‘i mumkin. Ammo yana xunrezlik bo‘lur, shahar buzilib, bizga kerakli qancha odamlar hayf ketur!

Qayd etilgan


shoir  02 Yanvar 2008, 09:31:18

Xo‘ja Xalifa va Hindubek tolorga ta’zim qilib kirishdi. Bobur ularni qarshisiga o‘tqazgach:
— Sizlar Agraga bizdan elchi  bo‘lib bormoqlaringiz kerak, — dedi. — Maqsad — qo‘rg‘onni jangsiz olish. Molu jonlari omon qolsin. Ibrohimning onasi Jamna bo‘yidan pargana* so‘ragan emish. Mayli, beraylik, Ibrohimning o‘g‘li arabcha-forscha o‘rgangan ilmlik o‘spirin emish, uni saroydagi obro‘li mulozimlarim qatoriga qo‘shay. Malikdod Koroniyni tadbirkor vazir deb eshitdim. Uni Hindiston muammolari bo‘yicha o‘zimga maslahatgo‘y qilib xizmatga olay. Borib, yaxshilab so‘zlashing. Yana qanday ma’qul tilaklari bo‘lsa qabul qilaylik. Xullas, qirg‘in bo‘lmasin, beva-bechora ko‘paymasin, deb shu yo‘lni tutmoqdamiz... Ya’ni, sizlarning vazifalaringiz — qal’a olish emas, balki qal’adagilarning ko‘nglini olishdir!
Og‘ir janglarning oldingi safida qon kechib yurgan Humoyun bilan Hindubek Boburning bu tadbiridan yengil tortishib, bir-birlariga mamnun qarab olishdi.

__________________
* M u q a y y i m — javohirshunos zargar.
* K o‘ h i n u r — «nur tog‘i» demakdir. O‘sha zamonda bu olmos— odamzod topgan olmoslarning eng ulkani bo‘lgan. Olimlar Ko‘hinur olmosining 1304 yildan beri borligini aniqlaganlar. Hozir bu olmos Londonda saqlanadi.
* P a r g a n a — kichikroq viloyat.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:16:29

AGRA
YO HAYOT, YO MAMOT

1


Ibrohim Lodining onasi malika Bayda Panipat jangida o‘ldirilgan o‘g‘li uchun aza tutib, boshdan-oyoq oq kiyinib yurar edi. Oraga qo‘yilgan odamlar unga istagan parganasini berib, Agrani jangsiz topshirishga ko‘ndirdilar. Malika qo‘rg‘on darvozalarining kalitini Jamna bo‘yida Boburga topshirayotganda ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi.
Bobur bu salobatli kampirning keng peshonasi va bir-biriga qo‘shilgan qoshlarini qaerdadir ko‘rganday bo‘ldi. So‘ng birdan Panipat esiga tushdi. Jang tugagandan keyin bir bek minglab o‘liklar orasidan Ibrohim Lodining jasadini izlab topgan va boshini kesib olib, uzun nayzaga sanchib Boburga keltirib ko‘rsatgan edi. Endi qirq yoshlarga borgan Ibrohim Lodining keng peshonasi va payvasta qoshlari ham xuddi onasinikiga o‘xshar edi.
Boburga bir lahza shunday tuyuldiki, go‘yo Ibrohim Lodi to‘satdan tirilib, onasining qiyofasiga kirib kelgan. Bobur allanechuk sarosima bo‘lib:
— Malika, yig‘lamang, — dedi. — Bizdan yana qanday tilagingiz bo‘lsa ayting?
Malika Bayda ko‘z yoshini kafti bilan tez artdi:
— Menga boshqa ozor bermasalar bo‘ldi.
Bobur mulozimlari tomonga yuzlandi:
— Minba’d malikaga hech kim ozor bera ko‘rmasin, hamma uni mo‘’tabar onamizdek ehtirom qilsin!

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:16:51

Mulozimlar bu topshiriqni ta’zim bilan qabul qildilar. Malika ham bosh egib, minnatdorchilik bildirgan bo‘ldi. Ammo uning yig‘idan namlangan ko‘zlari po‘lat tig‘ning sovuq jilosini eslatib nafrat bilan yaltirab ketganini hech kim ko‘rmadi.
Malika Bayda o‘g‘lining kushandasini kechiradigan onalardan emas. Panipatdan mudhish xabar kelganda malika uchun osmon o‘pirilib yerga qulaganday bo‘lgan edi. U o‘g‘lini so‘nggi marta ko‘rishni istar, uning jasadini o‘z qo‘li bilan tuproqqa qo‘yib, qabrini quchoqlab yig‘lasa — ko‘ngli xiyol taskin topadiganga o‘xshar edi. Shuning uchun malika eng ishongan odamlarini Panipatga yuborib, Ibrohimning jasadini topib kelishni buyurgan edi.
Lekin Agra bilan Panipatning orasi uch-to‘rt kunlik yo‘l. To o‘lim xabari Agraga yetib kelguncha, so‘ng Agradan malika yuborgan odamlar Panipatga borguncha oradan bir haftacha o‘tgan, ungacha o‘liklarning bir qismi ko‘mdirilgan, bir qismi mechkay quzg‘unlar suyaklarigacha tozalab yeb ketgan edilar... Malika Bayda yuborgan odamlar sulton Ibrohimning jasadini topolmadilar, faqat jang kuni uning kallasini nayzaga sanchib Boburga eltib ko‘rsatganlari haqida xabar topib keldilar... O‘g‘lining jasadi qanday xor bo‘lganini eshitgan onaning qayg‘u-alamlari avvalgidan o‘n hissa oshdi. U hatto joynamoz  ustida  namoz o‘qib o‘tirganda ham: «Ibrohimjon, endi bu olamda sening qabring ham yo‘q, xudo menga jasadingni ham ko‘p ko‘rdi! — deb nola qilar: — Ilohim, senga o‘lim keltirgan Boburning o‘zi o‘lsin, bundan ming hissa ortiq xor bo‘lib o‘lsin!» — deb qarg‘ar edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:16:59

Malikaning kanizlari va xizmatkorlari ko‘cha-ko‘ydan unga taskin beradigan gaplar topib kelishardi. Boburning askarlari yem-xashakdan qiynalib, dehqonlarning ekinlarini otlariga yedirgan ekan, dehqonlar g‘alayon ko‘tarib, navkarlardan bir qanchasini bolta va panshaxalar bilan urib o‘ldiribdi. Fotihlarni Hindistonning issiqlari ham juda qiynab qo‘ygan emish. Salqin tog‘ havolariga o‘rgangan ot va odamlar bu yerning ayovsiz issig‘iga bardosh berolmay o‘layotgan emish. Vabo va qora bezgak ham ularning saflarini siyraklashtirib qo‘yayotgan emish...
Malika ovozalarning qanchalik rostligini Bobur saroyida xizmatda yurgan nevarasi Bahodirdan surishtirib bilmoqchi bo‘ldi. Bahodir hafta-o‘n kunda kelavermagach, malika «uni saroydan chiqarishmasa kerak», deb o‘yladi-yu, kanizini podshoh mahkamasiga yubordi. «Men betobman, nevaramga ruxsat bersinlar, meni kelib ko‘rib ketsin», degan ma’noda maktub yubordi.
O‘n yetti yoshli Bahodir forschani va sanskritni yaxshi bilar, Bobur uchun zarur bo‘lgan ba’zi hujjatlarni tarjima qilar edi. Saroyda boshqa tarjimonlar  ham  bor  edi. Bahodirga ko‘p ish buyurishmas edi-yu, lekin uni o‘zicha erkin ham qo‘yishmasdi. Bobur uni qattiq qo‘riqlab yurishni buyurgan edi. Bu qo‘riqchilar Bahodirni tashqi xatarlardan ehtiyot qilib yurganday ko‘rinsalar ham, aslida ular shahzodani «Ibrohim tarafdorlari tomondan uyushtirilishi mumkin bo‘lgan biron fitnaga bosh qo‘shmasin» deb sinchiklab kuzatishardi. Shu sababli Bahodirni saroydan ko‘p chiqarishmasdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Yanvar 2008, 19:17:17

Biroq eshik og‘a Muhammad Do‘lday malika Baydaning «Kasalman, nevaram kelib ketsin» degan mazmundagi xatini olgach, Boburning «Malikani mo‘’tabar onamizday ehtirom qiling» degan buyrug‘ini esladi-yu, Bahodirga javob berdi. Faqat uning yoniga avvalgidan ikki barobar ko‘proq navkar qo‘shdi-da, shu bugunoq qaytib kelishni tayinladi.
Nevarasi kelganda malika Bayda daryo bo‘yidagi marmar ko‘shkning nimqorong‘i ichki xonasida xastalarday  shiftga  tikilib  yotgan edi. Yo‘lda issiqdan terlab-pishib kirgan nevarasiga yonidan joy ko‘rsatdi-yu, majolsiz bir ahvolda o‘rnidan turib o‘tirdi. Nevarasining  bo‘g‘riqqan yuzlariga qarab hol-ahvol so‘rashdi. Yoz bu yil har yilgidan ham issiq kelganini aytdi.
— Fotihlar issiqqa bardosh berolmay o‘layotgani rostmi? — deb so‘radi.
— Birda-yarim o‘layotganlari bor, — dedi Bahodir.
— «Hindistonda turmaymiz, salqin joylarga qaytib ketamiz» deyayotganlari-chi?
— Podshohlari ketgani qo‘ygaymi? Ko‘pchilik uning izmidan chiqmas ekan. O‘zi ham juda gapga usta notiq odam ekan. «Ketamiz», deb yurganlarni saroyga to‘plab, shunday bir gaplashdiki, hammasi jim bo‘lib qoldi.
— Sen otangning qotilini... maqtayapsanmi?
Bahodir eshikka xavotirli ko‘z tashlab qo‘ydi. U o‘zi bilan birga kelgan hamrohlaridan xavotirda edi. Buni sezgan malika ovozini pasaytirib so‘radi:
— Ketingga odam qo‘yganlarmi?

Qayd etilgan